XotirAI logotipiXotirAI
🧬 8-sinf · Odam va uning salomatligi · 21-§.

Qon aylanish organlari ishining boshqarilishi

Mavzular

Yurak ishining boshqarilishi

Yurak ishining boshqarilishi. Odam tanasidagi organlar va to‘qimalarning qon bilan ta’minlanishi yurak qisqarishining soni va kuchiga bog‘liq. Yurakning ishi nerv va gumoral yo‘l bilan boshqariladi. Yurakka markaziy nerv sistemasidan simpatik va parasimpatik nervlar keladi. Simpatik nervlar yurakning qisqarish kuchini va tezligini oshiradi. Parasimpatik nervlar, aksincha, yurak qisqarishini kuchsizlantiradi va sekinlashtiradi.

Yurak ishining gumoral boshqarilishi buyrakusti bezi gormoni adrenalin, kalsiy va kaliy tuzlari bilan bog‘liq. Adrenalin va kalsiy tuzlari yurak qisqarishini kuchaytiradi, kaliy yurak ishiga aks ta’sir ko‘rsatadi.

Jismoniy ish paytida yurak

Nerv va gumoral boshqarilish tufayli yurakning ishi boshqa organlar faoliyatiga muvofiqlashadi. Masalan, odam jismoniy ish bajarayotganida simpatik nervlar orqali nerv impulslari yurakka boradi. Buyrakusti bezining adrenalin ishlab chiqarishi kuchayib, yurakning qisqarish kuchi va qisqarish tezligi oshadi. Qon tomirlariga ko‘proq qon haydaladi. Natijada muskullar kislorod va oziq moddalar bilan ko‘proq ta’minlanadi.

Qonning qayta taqsimlanishi

Organizmda qonning qayta taqsimlanishi. Organlar faoliyatining kuchayishi yoki pasayishi bilan ularning kislorod va oziq moddalarga talabi ham ortadi yoki kamayadi. Bu esa qonning organizmda qayta taqsimlanishiga olib keladi. Simpatik nervlar ta’sirida qon tomirlari torayib, qon oqishi kamayadi. Buyrakusti bezining adrenalin gormoni ham simpatik nervlar singari ta’sir ko‘rsatadi. Parasimpatik nervlar esa qon tomirlarini kengaytirib, qon oqishini ko‘paytiradi.

Yurak-qon tomir kasalliklari

Yurak va qon tomirlari kasalliklari. Yurak va qon tomirlari kasalliklaridan miokard infarkti (qon aylanishining ishdan chiqishi tufayli yurak muskullarining yemirilishi), gipertoniya (arteriyalarda qon bosimining oshib ketishi), insult (bosh miyaga qon quyilishi), ateroskleroz (qon tomiri devorining qalinlashib, uning nayining torayib qolishi) ko‘proq uchraydi. Kasalliklarining kelib chiqishi kam harakatlanish, ortiqcha semirish, chekish, spirtli ichimliklar iste’mol qilish va psixik zo‘riqish bilan bog‘liq.

Chekish va alkogol zarari

Yurak-qon tomir sistemasiga, ayniqsa, alkogol va tamaki zahari — nikotin katta ta’sir ko‘rsatadi. Alkogol yurak muskullari qisqarish kuchini pasaytirib, nafas olishni qiyinlashtiradi. Chekish qon tomirlari devori qalinlashib, mo‘rtlashib qolishiga sabab bo‘ladi. Yetarli kislorod va oziq moddalar bilan ta’minlanmagan yurak muskullari kuchsizlanib qoladi. Yurak ishining buzilib, organlarning qon bilan ta’minlanishining izdan chiqishi organizmning immun sistemasini ham kuchsizlantiradi. Tekshirishlarning ko‘rsatishicha, har bir chekilgan sigaretadan so‘ng qon tomiri 30 minut davomida siqilgan holatda turadi (42-rasm). Shu sababdan kashandalar qon tomiri doimo toraygan holatda bo‘ladi. Qon tomirlarining siqilib qolishi oqsoqlanish va yurganda qattiq og‘riq paydo bo‘lishiga, oqibatda nogironlikka olib keladi.

42-rasm. Chekish ta’sirida qon tomirlarining torayishi (qo‘lning teplovizor orqali olingan surati): a – chekishgacha, b, d – bitta sigareta chekilgandan so‘ng (b) 7 va (d) 17 minut o‘tgach.
42-rasm. Chekish ta’sirida qon tomirlarining torayishi (qo‘lning teplovizor orqali olingan surati): a – chekishgacha, b, d – bitta sigareta chekilgandan so‘ng (b) 7 va (d) 17 minut o‘tgach.

Kasalliklarning oldini olish

Yurak va qon tomirlari kasalliklarining oldini olishda yuqorida ko‘rsatilgan zararli odatlarni bartaraf etish bilan birga jismoniy mehnat, mashq qilish va sport bilan shug‘ullanish orqali yurakni chiniqtirish ham katta ahamiyatga ega. Muttasil jismoniy mashqlar (yurish, yugurish, gimnastika va boshqalar) yurak muskullariga qon oqib kelishini kuchaytirib, ularni kislorod va oziq moddalar bilan ta’minlanishini yaxshilaydi.

Bilimingizni sinang

Yurak qisqarishining kuchini va tezligini oshiradigan nervlar qaysilar?
  1. Simpatik nervlar
  2. Ko‘ruv nervlari
  3. Uch shoxli nervlar
  4. Parasimpatik nervlar

To‘g‘ri javob: Simpatik nervlar. Simpatik nervlar yurak qisqarishining kuchini va tezligini oshiradi.

Quyidagilardan qaysi biri yurak va qon tomirlari kasalliklarining kelib chiqishi bilan bog‘liq omil hisoblanadi?
  1. Muttasil yugurish
  2. Sport bilan muntazam shug‘ullanish
  3. Gimnastika bilan shug‘ullanish
  4. Kam harakatlanish

To‘g‘ri javob: Kam harakatlanish. Kasalliklar kam harakatlanish, semirish, chekish, alkogol va psixik zo‘riqish bilan bog‘liq.

Har bir chekilgan sigaretadan so‘ng qon tomiri qancha vaqt davomida siqilgan holatda turadi?
  1. 10 minut
  2. 1 soat
  3. 30 minut
  4. 2 soat

To‘g‘ri javob: 30 minut. Har bir sigaretadan so‘ng qon tomiri 30 minut siqilgan holatda turadi, shu sababli kashandalarda tomirlar doim toraygan.

Jismoniy ish bajarilganda yurak qisqarishining kuchi va tezligi oshishiga qaysi omillar sabab bo‘ladi?
  1. Parasimpatik nervlar impulslari va kaliy tuzlari ta’siri
  2. Parasimpatik nervlar ta’siri va adrenalin kamayishi
  3. Simpatik nervlar impulslari va buyrakusti bezi adrenalini ishlab chiqarilishining kuchayishi
  4. Simpatik nervlar tormozlanishi va kalsiy tuzlari kamayishi

To‘g‘ri javob: Simpatik nervlar impulslari va buyrakusti bezi adrenalini ishlab chiqarilishining kuchayishi. Simpatik nervlar impulslari va adrenalin yurak qisqarishini kuchaytiradi, muskullar ko‘proq kislorod oladi.

Chekish yurak muskullarining kuchsizlanishiga qanday olib keladi?
  1. Yurak muskullari qisqarish tezligi doimiy oshib, charchamaydi
  2. Qon tomirlari kengayib, yurak muskullariga kislorod ortiqcha kiradi
  3. Qon tomirlari devori yupqalashib kengayadi, yurakka qon haddan ortiq oqib keladi
  4. Qon tomirlari devori qalinlashib, mo‘rtlashadi; yurak muskullari kislorod va oziq moddalarni yetarli olmaydi

To‘g‘ri javob: Qon tomirlari devori qalinlashib, mo‘rtlashadi; yurak muskullari kislorod va oziq moddalarni yetarli olmaydi. Tomir devori qalinlashib, mo‘rtlashgach yurak muskullari ta’minoti buziladi va ular kuchsizlanadi.

Kashandalarda qon tomirlarining doimiy siqilib qolishi qanday oqibatga olib keladi?
  1. Immun sistemaning kuchayishiga
  2. Yurganda yengillik paydo bo‘lishiga
  3. Qon bosimining doimiy pasayishiga
  4. Oqsoqlanish va yurganda qattiq og‘riq paydo bo‘lishiga, oqibatda nogironlikka

To‘g‘ri javob: Oqsoqlanish va yurganda qattiq og‘riq paydo bo‘lishiga, oqibatda nogironlikka. Tomirlarning siqilishi oqsoqlanish, yurganda og‘riq va nogironlikka olib keladi.

Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Adrenalin va kalsiy tuzlari yurak qisqarishini kuchaytiradi; II. Kaliy yurak ishiga aks ta’sir ko‘rsatadi; III. Parasimpatik nervlar yurak qisqarishini kuchaytiradi.
  1. I va II
  2. II va III
  3. I va III
  4. I, II va III

To‘g‘ri javob: I va II. Parasimpatik nervlar yurak qisqarishini kuchsizlantiradi; III hukm noto‘g‘ri.

Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Miokard infarkti — bosh miyaga qon quyilishi; II. Gipertoniya — arteriyalarda qon bosimining oshib ketishi; III. Ateroskleroz — qon tomiri devorining qalinlashib, nayining torayib qolishi.
  1. Faqat II
  2. I va II
  3. I va III
  4. II va III

To‘g‘ri javob: II va III. Bosh miyaga qon quyilishi insult; miokard infarkti esa yurak muskullarining yemirilishi. I hukm noto‘g‘ri.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiQonning qon tomirlari bo‘ylab oqishiKeyingi →Tomirlardan qon ketganida birinchi yordam ko‘rsatish