Tomirlardan qon ketganida birinchi yordam ko‘rsatish
Mavzular
Qon ketishining ta’siri
Qon ketishining organizmga ta’siri. Odam tomirlari bo‘ylab 5 litrga yaqin qon oqib turadi. Qon tomirlari jarohatlanib, ko‘p qon yo‘qotilganida qon bosimi pasayib ketadi. Miya, yurak va barcha organlarning kislorod bilan ta’minlanishi izdan chiqib, odam hayoti uchun jiddiy xavf tug‘iladi. Odam 2–2,5 litrdan ko‘proq qon yo‘qotganida halok bo‘ladi. Ayniqsa, arteriyalar va yirik venalardan qon ketishi juda xavfli bo‘lib, o‘z vaqtida chora ko‘rilmaganida o‘limga olib kelishi mumkin.
Kapillardan qon ketishi
Kapillarlardan qon ketishi. Kapillarlardan qon ketishi nisbatan ko‘p uchrab turadi. Terining kuchsiz jarohat olishi kapillarlardan qon ketishiga sabab bo‘ladi. Jarohatlangan kapillarlardan qon sekin oqib turadi. Shuning uchun qon ketishini to‘xtatish uncha qiyinchilik tug‘dirmaydi. Kapillardan qon ketganida shikastlangan joy yuvilib, yod eritmasi bilan zararsizlantiriladi. So‘ngra toza bint bilan bog‘lab qo‘yiladi.
Burundan qon ketishi
Ba’zan burun devoridagi mayda kapillarlar jarohatlanib, burundan asta-sekin qon keta boshlaydi. Bunday hollarda burun ehtiyotlik bilan sovuq suvda bir necha marta chayiladi. Bemorning burni ustiga sovuq suvda ho‘llangan sochiq qo‘yiladi. Sovuq suv kapillarlar nayini toraytirib, qon oqishini sekinlashtiradi. Burundan qon ketishi sababini aniqlash uchun shifokorga murojaat qilish lozim.
Venalardan qon ketishi
Venalardan qon ketishi. Ko‘pchilik venalardagi qon bosimi va qonning oqish tezligi kapillardagiga nisbatan birmuncha yuqori bo‘ladi. Qon ketishi kapillarlarga nisbatan qon oqishi kuchliroq bo‘lgan venalarda sodir bo‘ladi. Shu sababdan shikastlangan joyda qon ivishidan hosil bo‘ladigan qon laxtasi yuvilib ketib, odam qisqa vaqt ichida ko‘p qon yo‘qotishi mumkin. Kichikroq venalar shikastlanganida shikastlangan tomir siqib bog‘lanib, bemor shifoxonaga jo‘natiladi. Yirik venalar shikastlanganida ham arteriyalar shikastlanganida ko‘riladigan tadbirlar qo‘llaniladi.
Arteriyadan qon ketishi
Arteriyalardan qon ketishi. Arteriyalarda bosim yuqori bo‘lganidan qon jarohatlangan tomirdan favvora bo‘lib otilib chiqa boshlaydi. Shuning uchun arteriyalardan qon ketishi hayot uchun juda katta xavf tug‘diradi. Arteriyalardan qon ketishini to‘xtatish uchun qon tomiri jarohatlangan joydan yuqoriroqdan barmoq bilan bosib turib, bu joyga rezina, bint yoki boshqa materialdan qovuzloq qo‘yiladi. Teri shikastlanmasligi uchun qovuzloq ostiga bint yoki boshqa mato o‘raladi. Mato orasiga tayoqcha kiritilib, qovuzloq qon to‘xtaguncha buraladi (44-rasm). So‘ngra tayoqcha bint bilan qovuzloqqa o‘raladi va jarohatlangan joy bog‘lab qo‘yiladi. Bemor tezda shifoxonaga jo‘natiladi.

Qovuzloq muddati va bukish
Qovuzloq 2 soatdan ortiq turmasligi lozim. Aks holda qo‘l yoki oyoqning qovuzloqdan pastki qismidagi to‘qimalar jonsizlanib, ishdan chiqishi mumkin. Shuning uchun 2 soat o‘tgandan so‘ng qovuzloq jonsizlanib qolgan qon tomiri jonlanguncha biroz bo‘shatib turilib, keyin yana siqib bog‘lab qo‘yiladi.
Qo‘l yoki oyoq arteriyalaridan qon ketishini qo‘l yoki oyoqni qattiq bukish orqali ham to‘xtatish mumkin. Buning uchun bukiladigan bo‘g‘inga yumaloqlangan bint yoki paxta joylanib, oyoq yoki qo‘l bukilgan holatda bog‘lab qo‘yiladi.
Ichki qon ketishi
Ichki qon ketishi juda xavfli bo‘lib, qorin va ko‘krak bo‘shlig‘i, oshqozon, ichak, bosh qutisi yoki boshqa organlar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Ichki organlarga qon ketishida kishining rangi oqaradi, yuza nafas oladi, tomir urishi sekinlashadi va kuchsizlanadi. Bunday hollarda zudlik bilan tez tibbiy yordam chaqirish zarur. Shifokor kelgunicha bemorni yotqizilgan yoki o‘tirgan holatda tamoman tinch qoldirish lozim. Qon ketishi gumon qilingan joy (qorin, ko‘krak yoki bosh) ustiga muz, qor yoki sovuq suv solingan polietilen xalta qo‘yiladi.
Bilimingizni sinang
Odam tomirlari bo‘ylab taxminan qancha qon oqib turadi?
- 8 litrga yaqin
- 10 litrga yaqin
- 3 litrga yaqin
- 5 litrga yaqin
To‘g‘ri javob: 5 litrga yaqin. Odam tomirlari bo‘ylab 5 litrga yaqin qon oqib turadi.
Odam qancha miqdordan ko‘proq qon yo‘qotganida halok bo‘ladi?
- 4–4,5 litr
- 2–2,5 litr
- 1–1,5 litr
- 0,5–1 litr
To‘g‘ri javob: 2–2,5 litr. Odam 2–2,5 litrdan ko‘proq qon yo‘qotganida halok bo‘ladi.
Arteriyadan qon ketishini to‘xtatish uchun qo‘yilgan qovuzloq ko‘pi bilan qancha vaqt turishi mumkin?
- 5 soat
- 2 soat
- 30 minut
- 1 soat
To‘g‘ri javob: 2 soat. Qovuzloq 2 soatdan ortiq turmasligi lozim, aks holda pastki qism to‘qimalari jonsizlanadi.
Arteriyadan qon ketganida qovuzloq jarohatlangan joyga nisbatan qayerga qo‘yiladi?
- Jarohatlangan joyga nisbatan istalgan joyga
- Jarohatlangan joydan pastroqqa
- Aynan jarohatlangan joy ustiga
- Jarohatlangan joydan yuqoriroqqa
To‘g‘ri javob: Jarohatlangan joydan yuqoriroqqa. Qovuzloq tomir jarohatlangan joydan yuqoriroqqa qo‘yiladi.
Kapillardan qon ketganida shikastlangan joy yuvilgandan so‘ng nima bilan zararsizlantiriladi?
- Yod eritmasi bilan
- Sirka eritmasi bilan
- Qaynoq suv bilan
- Osh tuzi eritmasi bilan
To‘g‘ri javob: Yod eritmasi bilan. Kapillardan qon ketganda joy yuvilib, yod eritmasi bilan zararsizlantiriladi va toza bint bilan bog‘lanadi.
Nima uchun arteriyalardan qon ketishi hayot uchun juda katta xavf tug‘diradi?
- Arteriyalarda qon sekin oqadi
- Arteriyalar teriga yaqin bo‘lgani uchun tez shikastlanadi
- Arteriyalarda bosim past bo‘lgani uchun qon ivimaydi
- Arteriyalarda bosim yuqori bo‘lgani uchun qon tomirdan favvora bo‘lib otilib chiqadi
To‘g‘ri javob: Arteriyalarda bosim yuqori bo‘lgani uchun qon tomirdan favvora bo‘lib otilib chiqadi. Arteriyalarda bosim yuqori, qon favvora bo‘lib otilib chiqadi va tez ko‘p yo‘qotiladi.
Kapillar va venalardan qon ketishining farqi qaysi javobda to‘g‘ri ko‘rsatilgan?
- Kapillardan qon sekin oqadi; venalarda bosim va tezlik yuqoriroq bo‘lib, qon laxtasi yuvilib ketishi mumkin
- Venalarda bosim kapillardagidan past, tezlik ham past bo‘ladi
- Ikkalasida ham qon laxtasi doim yuvilib ketadi
- Kapillardan qon favvora bo‘lib otiladi; venalarda qon sekin oqadi
To‘g‘ri javob: Kapillardan qon sekin oqadi; venalarda bosim va tezlik yuqoriroq bo‘lib, qon laxtasi yuvilib ketishi mumkin. Kapillarlarda bosim past, qon sekin oqadi; ko‘pchilik venalarda bosim va tezlik yuqoriroq, laxta yuvilib ketishi mumkin.
Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Ichki organlarga qon ketishida tomir urishi sekinlashadi va kuchsizlanadi; II. Ichki qon ketishida bemorni harakatlantirib turish lozim; III. Qon ketishi gumon qilingan joyga muz solingan polietilen xalta qo‘yiladi.
- Faqat I
- I va II
- II va III
- I va III
To‘g‘ri javob: I va III. Ichki qon ketishida bemor tamoman tinch qoldiriladi; II hukm noto‘g‘ri.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash