Nafas olish organlarining tuzilishi
Mavzular
Nafas olishning mohiyati
Nafas olish odamning tashqi muhitdan kislorod olib, karbonat angidrid chiqarishidan iborat. Kislorod ta’sirida hujayralardagi organik moddalar suv va karbonat angidridgacha parchalanib, ko‘p miqdorda energiya ajralib chiqadi. Suv va karbonat angidrid ayirish va nafas olish organlari orqali chiqarib yuboriladi, energiya esa organlarning ishlashi, hujayraning ko‘payishi va o‘sishi uchun sarf bo‘ladi.
Nafas olish sistemasi havo o‘tkazuvchi yo‘llar (burun bo‘shlig‘i, halqum, hiqildoq, kekirdak, bronxlar) va gaz almashinuv organi — o‘pkadan iborat (45-rasm).

Burun bo‘shlig‘i
Burun bo‘shlig‘i suyak va tog‘ay to‘siq bilan chap va o‘ng qismga ajralgan. Bo‘shliq devoridagi ilonizi yo‘llar uning yuzasini kengaytiradi. Burun bo‘shlig‘i devori shilliq parda bilan qoplangan. Shilliq pardada juda ko‘p tuklar, bezlar, kapillar qon tomirlari va nerv tolalari bo‘ladi. Tuklar nafas olinayotgan havodagi chang zarrachalarini tutib qoladi. Bezlar ishlab chiqaradigan shilimshiq modda esa mikroblarni zararsizlantiradi. Nafas olinganda burun bo‘shlig‘idan o‘tayotgan havo namlanadi va iliydi.
Hiqildoq va ovoz hosil bo‘lishi
Hiqildoq. Havo burun bo‘shlig‘idan halqum orqali hiqildoqqa o‘tadi. Hiqildoq devori muskullar va bir necha tog‘aydan iborat. Yutinish paytida hiqildoq yo‘lini hiqildoqusti tog‘ayi berkitadi. Hiqildoqning ichki devorida joylashgan tog‘aylar o‘rtasida ovoz paylari joylashgan. Paylar orasidagi teshik ovoz teshigi deyiladi. Nafas chiqarilganida ovoz teshiklaridan o‘tadigan havo ovoz paylarini tebratib tovush hosil qiladi. Ovoz teshigi odam gapirmasdan turganida keng ochilgan, pichirlashib gaplashayotganida — yarim ochiq, baland ovozda gaplashayotganida yoki ashula aytayotganida deyarli yopiq bo‘ladi. O‘pkadan chiqayotgan havo ovoz paylariga tegib, ularni tebratganida ovoz paydo bo‘ladi (46-rasm).

Ovozning balandligi ovoz paylarining uzunligiga bog‘liq. Ovoz paylari qancha kalta bo‘lsa, ularning tebranish soni ham shuncha ko‘p, ya’ni ovoz tembri baland bo‘ladi. Ayollar va bolalarning ovoz paylari erkaklarnikiga nisbatan kalta, tebranishlar soni ko‘p, ovoz tembri esa baland bo‘ladi.
Ovozning ma’noli nutqqa aylanishi
Odamning ovoz paylari bir sekundda 80 dan 10 000 martagacha tebranishi mumkin. Ovoz lablar, til va pastki jag‘ holatining o‘zgarishi ta’sirida og‘iz, hiqildoq, burun bo‘shliqlarida ma’noli nutqqa aylanadi. Har bir odamning o‘ziga xos ovozi og‘iz bo‘shlig‘i, burun bo‘shlig‘i, halqum hamda g‘ovak kalla suyaklari, g‘alvirsimon suyaklari (peshana, yuqori jag‘)ning tuzilishi bilan bog‘liq. Ovoz orqali kishi o‘z his-tuyg‘ularini ifoda qiladi. Ovoz paylari o‘smirlik davrida o‘g‘il bolalarda qiz bolalarga nisbatan ko‘proq o‘sganidan, ularning ovozi do‘rillab qoladi.
Baland ovozda gapirish ovoz paylarini zo‘riqtiradi, shuning uchun baland ovozda gapiradigan odamning ovozi dag‘allashadi yoki yo‘qolib qoladi. Pichirlashib gaplashganida ovoz paylari zo‘riqmaydi. Nafas yo‘llarining surunkali shamollashi, chekish va spirtli ichimliklarni tez-tez iste’mol qilish ham ovoz paylarining zararlanishiga sabab bo‘ladi. Ko‘p chekadigan va ichadigan odamning ovozi bo‘g‘iq chiqadi.
Kekirdak va bronxlar
Kekirdak hiqildoqning davomi bo‘lib, uning oldingi devori yarim halqa tog‘aydan, orqa devori qizilo‘ngachga yopishib turadigan yumshoq to‘qimadan iborat. Yumshoq to‘qima yutilgan ovqatni qizilo‘ngachdan o‘tishiga xalaqit bermaydi. Kekirdak ikkita bronxga ajralib, o‘pkaga kiradi. Bronxlar ham kekirdakka o‘xshash yarimhalqa naydan iborat.
O‘pkalar va alveolalar
O‘pkalar. Bronxlar o‘pkalarga kirgandan so‘ng ko‘p marta ketma-ket shoxlanib, ingichka naychalarni hosil qiladi. Naychalar uchi yupqa devorli mayda xaltachalar — alveolalar bilan tugaydi. Alveolalar devori bir qavat epiteliy hujayralaridan iborat bo‘lib, mayda kapillarlar to‘ri bilan qoplangan.
O‘pkalar ko‘krak bo‘shlig‘ini to‘ldirib turadi. Ikkala o‘pkada 750 mln atrofida alveolalar bo‘ladi. Ularning umumiy yuzasi 100 m² ga teng keladi. O‘pkalar biriktiruvchi to‘qimadan iborat ikki qavat plevra bilan qoplangan. Plevralarning sirtqi qavati ko‘krak qafasi devorini ichki tomondan qoplab oladi. Uning ostidagi ichki plevra pardasi esa o‘pkani o‘rab turadi.
Nafas olish harakatlari
Nafas olish harakatlari. O‘pkadagi havoning muntazam almashinib turishi nafas olish va nafas chiqarish tufayli amalga oshadi. Nafas olish va nafas chiqarishning almashinib turishi uzunchoq miyada joylashgan nafas olish markazi tomonidan boshqarib turiladi. Nafas olish markazida ritmik paydo bo‘lib turadigan nerv impulslari nervlar orqali qovurg‘alar oralig‘i va diafragma muskullariga uzatiladi. Nerv impulslari ta’sirida bu muskullar qisqarib, nafas olish yoki nafas chiqarish sodir bo‘ladi.
Nafas olishda tashqi qovurg‘alararo va ko‘krak diafragmasi muskullari qisqarib, qovurg‘alar ko‘tarilishi tufayli ko‘krak qafasi kengayib, undagi bosim havo bosimiga nisbatan pasayib ketadi (47-rasm). Ko‘krak qafasi bilan birga o‘pka ham kengayib, alveolalardagi bosim pasayishi bilan havosi o‘pkaga so‘rib olinadi.

Nafas chiqarish va nafas tezligi
So‘ngra tashqi qovurg‘alararo va diafragma muskullari bo‘shashib, ichki qovurg‘alararo muskullari qisqaradi. Qovurg‘alar pastga tortilib, diafragma pardasi qorin bo‘shlig‘iga osilib tushadi. Ko‘krak qafasining hajmi kichrayib, undagi bosim atmosfera bosimidan yuqori bo‘lib qoladi. Havo alveolalaridan nafas yo‘llariga siqib chiqariladi, ya’ni nafas chiqarish sodir bo‘ladi.
Nafas olish va nafas chiqarish shu tariqa almashinib turadi. Odam tinch o‘tirganida bir minutda 16–18 marta nafas olib, nafas chiqaradi. Harakatlanganda yoki jismoniy mehnat bilan shug‘ullanganda nafas olish tezlashadi.
Bilimingizni sinang
Ikkala o‘pkadagi alveolalarning umumiy soni taxminan qancha?
- 750 mln atrofida
- 75 mln atrofida
- 1500 mln atrofida
- 250 mln atrofida
To‘g‘ri javob: 750 mln atrofida. Ikkala o‘pkada 750 mln atrofida alveolalar bo‘ladi.
Alveolalarning umumiy yuzasi taxminan qancha?
- 500 m²
- 10 m²
- 40 m²
- 100 m²
To‘g‘ri javob: 100 m². Alveolalarning umumiy yuzasi 100 m² ga teng.
Odam tinch o‘tirganida bir minutda necha marta nafas olib, nafas chiqaradi?
- 12–14 marta
- 26–28 marta
- 16–18 marta
- 8–10 marta
To‘g‘ri javob: 16–18 marta. Tinch o‘tirgan odam bir minutda 16–18 marta nafas olib chiqaradi.
Odamning ovoz paylari bir sekundda necha martagacha tebranishi mumkin?
- 800 dan 20 000 martagacha
- 8000 dan 80 000 martagacha
- 80 dan 10 000 martagacha
- 8 dan 100 martagacha
To‘g‘ri javob: 80 dan 10 000 martagacha. Ovoz paylari bir sekundda 80 dan 10 000 martagacha tebranadi.
Alveolalar devori qanday tuzilgan?
- Bir qavat epiteliy hujayralaridan iborat bo‘lib, mayda kapillarlar to‘ri bilan qoplangan
- Ikki qavat plevradan iborat bo‘lib, shilliq parda bilan qoplangan
- Ko‘p qavat tog‘aydan iborat bo‘lib, tuklar bilan qoplangan
- Muskul to‘qimasidan iborat bo‘lib, ovoz paylari bilan qoplangan
To‘g‘ri javob: Bir qavat epiteliy hujayralaridan iborat bo‘lib, mayda kapillarlar to‘ri bilan qoplangan. Alveolalar devori bir qavat epiteliy hujayralaridan iborat va kapillarlar to‘ri bilan qoplangan.
Ayollar va bolalarning ovoz tembri erkaklarnikiga nisbatan nima uchun baland bo‘ladi?
- Ovoz paylari uzun, tebranishlar soni ko‘p
- Ovoz paylari kalta, tebranishlar soni ko‘p
- Ovoz paylari uzunroq, tebranishlar soni kam
- Ovoz paylari kalta, tebranishlar soni kam
To‘g‘ri javob: Ovoz paylari kalta, tebranishlar soni ko‘p. Ovoz paylari qancha kalta bo‘lsa, tebranishlar soni shuncha ko‘p va ovoz tembri baland bo‘ladi.
Nafas olishda havo o‘pkaga nima sababli so‘rib olinadi?
- Ko‘krak qafasi kengayib, undagi bosim havo bosimiga nisbatan pasayadi
- Qovurg‘alar pastga tortilib, o‘pka hajmi kichrayadi
- Diafragma qorin bo‘shlig‘iga osilib tushadi va ichki qovurg‘alararo muskullar qisqaradi
- Ko‘krak qafasi kichrayib, undagi bosim atmosfera bosimidan yuqori bo‘ladi
To‘g‘ri javob: Ko‘krak qafasi kengayib, undagi bosim havo bosimiga nisbatan pasayadi. Tashqi qovurg‘alararo va diafragma muskullari qisqarib, ko‘krak qafasi kengayadi, bosim pasayadi va havo kiradi.
Burun bo‘shlig‘i shilliq pardasidagi bezlar ishlab chiqaradigan shilimshiq modda qanday vazifani bajaradi?
- Havoni quritadi
- Ovoz paylarini tebratadi
- Chang zarrachalarini tutib qoladi
- Mikroblarni zararsizlantiradi
To‘g‘ri javob: Mikroblarni zararsizlantiradi. Bezlar shilimshiq modda ishlab chiqaradi, u mikroblarni zararsizlantiradi; changni esa tuklar tutadi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash