XotirAI logotipiXotirAI
🧬 8-sinf · Odam va uning salomatligi · 24-§.

O‘pkalar va to‘qimalarda gazlar almashinuvi

Mavzular

O‘pkaning tiriklik sig‘imi

Tinch holatda odam bir marta nafas olganida va nafas chiqarganida 500 ml havo oladi va shuncha havo chiqaradi. Havoning bu miqdori nafas havosi deyiladi. Odam chuqur nafas olganida o‘pkaga yana 1500 ml havo kiradi. Bu qo‘shimcha havo deyiladi. Odam tinch nafas chiqargandan so‘ng chuqur nafas chiqarganida yana 1500 ml havo chiqarishi mumkin. Bu zaxiradagi havo deyiladi. O‘pkadan chiqadigan havoning eng ko‘p miqdori, ya’ni nafas, rezerv nafas olish va nafas chiqarish havosi birgalikda o‘pkaning tiriklik sig‘imini tashkil etadi. Odatda, o‘pkaning tiriklik sig‘imi 3500 ml ga teng bo‘ladi.

Spirometr, qoldiq havo, ventilatsiya

O‘pkaning tiriklik sig‘imi spirometr yordamida o‘lchanadi. Sport bilan shug‘ullanadigan jismoniy sog‘lom odam o‘pkasining tiriklik sig‘imi 7000–7500 ml ga yetadi. Ayollar o‘pkasining tiriklik sig‘imi erkaklarnikiga nisbatan kam bo‘ladi. Odam chuqur nafas chiqarganidan so‘ng ham uning o‘pkasida yana 1200 ml ga yaqin havo qoladi. Bu qoldiq havo deyiladi. Uni o‘pkadan chiqarib bo‘lmaydi. Shuning uchun o‘pka suvdan yengil bo‘lib, cho‘kmaydi.

Odam tinch holatda 1 minut davomida 8–9 litr havo olib, shuncha havo chiqaradi. Bu miqdor o‘pkaning minutlik nafas hajmi, ya’ni o‘pka ventilatsiyasi hisoblanadi.

O‘pkaning tiriklik sig‘imi organizmning jismoniy rivojlanishi va mashq qilishi bilan bog‘liq bo‘lib, odam tug‘ilganidan so‘ng voyaga yetgunicha 45 martagacha ortadi.

Havo tarkibi va gaz almashinuvi sababi

O‘pkalarda gazlar almashinuvi. Nafas olinganda o‘pkaga o‘tadigan havo tarkibida 20,94 % kislorod, 79,3 % azot, 0,03 % karbonat angidrid, juda oz suv bug‘lari va inert gazlar bo‘ladi. Nafas chiqarilayotganida o‘pkadan chiqqan havoda kislorod kamayib 16,3 % ni, karbonat angidrid miqdori ortib 4 % ni, azot 79,7 % ni tashkil etadi, suv bug‘lari miqdori ham ortadi. Lekin boshqa gazlar miqdori o‘zgarmaydi. Nafas chiqarilgan havoda kislorod miqdori kamayib, karbonat angidrid miqdorining ortishi o‘pka alveolalari bilan qon o‘rtasidagi gazlar almashinuviga bog‘liq (48-rasm).

48-rasm. O‘pka (a) va to‘qimalarda (b) gaz almashinuvi sxemasi: 1 – vena qoni, 2 – arteriya qoni, 3 – hujayralar, 4 – o‘pka pufakchasi (alveola), 5 – kapillar.
48-rasm. O‘pka (a) va to‘qimalarda (b) gaz almashinuvi sxemasi: 1 – vena qoni, 2 – arteriya qoni, 3 – hujayralar, 4 – o‘pka pufakchasi (alveola), 5 – kapillar.

O‘pkada gazlar almashinuvi

O‘pka alveolalariga kirgan havodagi kislorod konsentratsiyasi alveolalardagiga nisbatan yuqori, karbonat angidrid esa, aksincha, past bo‘lishi tufayli karbonat angidrid kapillarlardagi qondan alveolalar bo‘shlig‘iga, kislorod esa, aksincha, alveolalardan qonga o‘tadi. Karbonat angidrid nafas yo‘llari orqali o‘pkadan chiqib ketadi. Kislorod esa eritrotsitlardagi gemoglobin bilan birikib, yurakning chap bo‘lmasiga o‘tadi. O‘pkada gazlar almashinuvi natijasida vena qoni karbonat angidriddan xalos bo‘lib, kislorod bilan boyiydi, ya’ni oksidlanadi. Buning natijasida vena qoni arteriya qoniga aylanadi.

To‘qimalarda gazlar almashinuvi

Kislorod bilan to‘yingan qon chap yurak qorinchasidan chiqadigan arteriyalar orqali organlarga boradi. Organlardagi kapillarlar qonni to‘qimalarga yetkazib beradi. To‘qima suyuqligida kislorod konsentratsiyasi qondagiga nisbatan past, karbonat angidrid konsentratsiyasi esa yuqori bo‘ladi. Shuning uchun kapillarlar devori orqali kislorod qondan to‘qima suyuqligiga, karbonat angidrid gazi esa hujayralardan qonga o‘tadi. To‘qimalardagi gazlar almashinuvi tufayli qonda kislorod miqdori kamayib, karbonat angidrid miqdori ortadi, ya’ni arteriya qoni vena qoniga aylanadi.

Sun’iy nafas oldirish

Sun’iy nafas oldirish. Odam suvga cho‘kkanida, is gazidan zaharlanganida, uni elektr toki yoki yashin urganida nafas olish markazlarining ishi buzilib, nafas olish to‘xtab qolishi mumkin. Bunday hollarda birinchi yordam berish sun’iy nafas oldirishdan iborat bo‘ladi.

Suvga cho‘kkan odamni sun’iy nafas oldirish uchun uning o‘pkasi va nafas yo‘llariga o‘tgan suvni tezroq chiqarib yuborish lozim. Buning uchun qutqaruvchi odam bitta oyoqda cho‘kkalagan holda ikkinchi oyog‘i soni ustiga suvga cho‘kkan odamni qorni bilan yotqizadi (49-rasm). Uning boshi va tanasining oldingi qismi pastga osilib turadi. Qutqaruvchi uning og‘zini ochib, orqasiga qo‘li bilan urib, nafas yo‘llaridagi suvni chiqaradi. Shundan so‘ng cho‘kkan odam yotqiziladi. Qutqaruvchi uning og‘zi yoki burni orqali havo puflaydi. Puflash bir minutda taxminan 16 marta takrorlanadi.

49-rasm. Cho‘kkan odamga birinchi yordam ko‘rsatish: a – nafas yo‘lidan suvni chiqarish; b – sun’iy nafas oldirish.
49-rasm. Cho‘kkan odamga birinchi yordam ko‘rsatish: a – nafas yo‘lidan suvni chiqarish; b – sun’iy nafas oldirish.

Tiklanish belgilari va is gazi

Cho‘kkan odamning ko‘z qorachig‘i torayib, terisiga qizillik yugurishi va tomir urishining tiklanishi uning o‘ziga kelganidan darak beradi. Shundan so‘ng bemorga issiq choy beriladi. Uni ko‘rpaga o‘rab, shifoxonaga yuboriladi.

Is gazi gemoglobinga kislorodga nisbatan 300 marta tezroq birikadi. Shuning uchun havoda oz miqdorda bo‘lganida ham is gazi gemoglobinga birikib olib, kislorodning qonga o‘tishiga to‘sqinlik qiladi. Buning oqibatida organizmda kislorod tanqisligi vujudga kelib, organlar va to‘qimalarning faoliyati buziladi, ya’ni is gazidan zaharlanish sodir bo‘ladi. Zaharlangan odamning boshi og‘riydi, ko‘ngli aynaydi. U hushidan ketishi, hatto o‘lib qolishi mumkin.

Bilimingizni sinang

Odam chuqur nafas olganida o‘pkaga tinch nafasdan tashqari yana qancha havo kiradi va bu havo nima deyiladi?
  1. 1500 ml, qo‘shimcha havo
  2. 1200 ml, qoldiq havo
  3. 3500 ml, tiriklik sig‘imi
  4. 500 ml, nafas havosi

To‘g‘ri javob: 1500 ml, qo‘shimcha havo. Chuqur nafas olinganda kiradigan qo‘shimcha 1500 ml havo qo‘shimcha havo deyiladi.

Sport bilan shug‘ullanadigan jismoniy sog‘lom odam o‘pkasining tiriklik sig‘imi qancha ml ga yetadi?
  1. 5500–6000 ml
  2. 4500–5000 ml
  3. 7000–7500 ml
  4. 3500–4000 ml

To‘g‘ri javob: 7000–7500 ml. Sportchi o‘pkasining tiriklik sig‘imi 7000–7500 ml ga yetadi.

Nafas chiqarilayotgan havoda karbonat angidrid miqdori taxminan qancha foizni tashkil etadi?
  1. 0,03 %
  2. 16,3 %
  3. 4 %
  4. 20,94 %

To‘g‘ri javob: 4 %. Chiqarilgan havoda karbonat angidrid ortib 4 % ni tashkil etadi (kirgan havoda 0,03 %).

Is gazi gemoglobinga kislorodga nisbatan necha marta tezroq birikadi?
  1. 3 marta
  2. 3000 marta
  3. 300 marta
  4. 30 marta

To‘g‘ri javob: 300 marta. Is gazi gemoglobinga kislorodga nisbatan 300 marta tezroq birikadi.

Nima uchun odam o‘pkasi suvdan yengil bo‘lib, cho‘kmaydi?
  1. Undagi tiriklik sig‘imi doim 3500 ml bo‘ladi
  2. Unda qoldiq havo bor va uni o‘pkadan chiqarib bo‘lmaydi
  3. U faqat yengil to‘qimadan iborat bo‘ladi
  4. Unda suv bug‘lari ko‘p bo‘ladi

To‘g‘ri javob: Unda qoldiq havo bor va uni o‘pkadan chiqarib bo‘lmaydi. Qoldiq havoni o‘pkadan chiqarib bo‘lmaydi, shu sababli o‘pka suvdan yengil.

To‘qimalarda kislorod nima sababli qondan to‘qima suyuqligiga o‘tadi?
  1. To‘qima suyuqligida karbonat angidrid konsentratsiyasi qondagidan past bo‘ladi
  2. Qon va to‘qima suyuqligida kislorod konsentratsiyasi teng bo‘ladi
  3. To‘qima suyuqligida kislorod konsentratsiyasi qondagiga nisbatan past, karbonat angidrid esa yuqori bo‘ladi
  4. To‘qima suyuqligida kislorod konsentratsiyasi qondagidan yuqori bo‘ladi

To‘g‘ri javob: To‘qima suyuqligida kislorod konsentratsiyasi qondagiga nisbatan past, karbonat angidrid esa yuqori bo‘ladi. Konsentratsiya farqi tufayli kislorod qondan to‘qima suyuqligiga, karbonat angidrid esa hujayralardan qonga o‘tadi.

Is gazi bilan zaharlanganda organizmda kislorod tanqisligi nima sababli vujudga keladi?
  1. Is gazi gemoglobinga birikib olib, kislorodning qonga o‘tishiga to‘sqinlik qiladi
  2. Is gazi nafas olish markazlarini yemirib tashlaydi
  3. Is gazi alveolalar devorini qalinlashtiradi
  4. Is gazi qon bosimini keskin pasaytiradi

To‘g‘ri javob: Is gazi gemoglobinga birikib olib, kislorodning qonga o‘tishiga to‘sqinlik qiladi. Is gazi gemoglobinga kislorodga nisbatan tez birikib, kislorod tashishga to‘sqinlik qiladi.

O‘pkada va to‘qimalarda gazlar almashinuvi natijasida qon qanday o‘zgaradi?
  1. Ikkala holda ham vena qoni arteriya qoniga aylanadi
  2. O‘pkada vena qoni arteriya qoniga, to‘qimalarda arteriya qoni vena qoniga aylanadi
  3. Ikkala holda ham arteriya qoni vena qoniga aylanadi
  4. O‘pkada arteriya qoni vena qoniga, to‘qimalarda vena qoni arteriya qoniga aylanadi

To‘g‘ri javob: O‘pkada vena qoni arteriya qoniga, to‘qimalarda arteriya qoni vena qoniga aylanadi. O‘pkada qon kislorodga boyib arteriya qoniga, to‘qimalarda kislorodini berib vena qoniga aylanadi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiNafas olish organlarining tuzilishiKeyingi →Nafas olishning boshqarilishi, nafas olish organlari kasalliklari