Nafas olishning boshqarilishi, nafas olish organlari kasalliklari
Mavzular
Nafas olishning nerv boshqarilishi
Nafas olishning nerv boshqarilishi. Nafas olish va nafas chiqarish harakatlarini bosh miyaning uzunchoq miya bo‘limida joylashgan nafas olish markazi boshqarib turadi. Nafas olish markazida muntazam hosil bo‘lib turadigan nerv impulslari nervlar orqali nafas olish muskullariga boradi. Muskullar qisqarishi hisobiga ko‘krak qafasi kengayib, nafas olish yoki nafas chiqarish sodir bo‘ladi.
Odam o‘z ixtiyoriga ko‘ra nafas olish harakatlari tezligi va chuqurligini o‘zgartirishi, ya’ni nafas olishni tezlashtirishi yoki sekinlashtirishi, nafas olishni to‘xtatib turishi, chuqurlashtirishi yoki yuza nafas olishi mumkin. Nafas olish va nafas chiqarish harakatlarining ixtiyoriy boshqarilishi bosh miya katta yarimsharlarining po‘stloq qismi bilan bog‘liq.
Karbonat angidridning ta’siri
Nafas olish uzunchoq miyada joylashgan nerv markazi tomonidan ham boshqarib turiladi. Bu markazning hujayralari undan oqib o‘tadigan qondagi karbonat angidrid miqdoriga o‘ta sezgir bo‘ladi. Shu sababdan yaxshi shamollatilmagan xonada o‘tirgan kishida nafas olish chastotasi tezligi 2 baravar va hatto undan ham ko‘proq oshib ketishi mumkin. Chunki bino ichidagi havoda karbonat angidrid gazining ortishi qonda ham bu gaz miqdorining ortishiga olib keladi. Bunday qon nafas olish markazidan oqib o‘tayotganida undagi karbonat angidrid ta’sirida markaziy nerv hujayralarida qo‘zg‘alish sodir bo‘ladi. Nerv impulslari muskullarga borib, nafas olish tezligini oshiradi va nafas olishni chuqurlashtiradi. Bu hol karbonat angidrid gazining qondan chiqarib tashlanishiga imkon beradi.
Nafas olish reflekslari
Nafas olish reflekslari nerv yoyi nafas olish markazi orqali o‘tadi. Organizmning fiziologik holati jismoniy ish, uyqu, tana haroratining o‘zgarishi bilan nafas olish tezligi va chuqurligi reflektor tarzda o‘zgarib turadi. Eng sodda nafas olish reflekslariga misol qilib yo‘talish va aksirishni ko‘rsatish mumkin. Burunga chang yoki o‘tkir hidli moddalar tushganida burun bo‘shlig‘i shilliq pardasida joylashgan retseptorlarda hosil bo‘lgan nerv impulslari nafas olish markaziga va undan nafas chiqarish muskullariga uzatiladi. Muskullar kuchli qisqarib, ko‘krak qafasi keskin siqilishi tufayli havo o‘pkadan burun teshiklari orqali otilib chiqadi. Natijada himoya refleksi, ya’ni aksirish sodir bo‘ladi. Aksirganda burun bo‘shlig‘iga tushib qolgan zarrachalar chiqib ketadi. Tumov bo‘lganda ham burun bo‘shlig‘ida to‘planib qolgan shilimshiq aksirish refleksini paydo qiladi.
Yo‘talish nafas yo‘lining quyi qismlari — hiqildoq, kekirdak, bronxlardagi retseptorlarda paydo bo‘ladigan qo‘zg‘alishlar bilan bog‘liq.
Gumoral boshqarilish, rinit
Nafas olishning gumoral boshqarilishi. Yaxshi shamollatilmagan xonada o‘tirgan yoki jismoniy mehnat qilayotgan odam qonida karbonat angidrid miqdori ortadi. Karbonat angidrid ta’sirida nafas olish markazida qo‘zg‘alishlar kuchayadi. Qo‘zg‘alishlar nervlar orqali nafas olish muskullariga tarqalib, nafas olishni tezlashtiradi va chuqurlashtiradi.
Nafas olish organlari kasalliklari. Nafas olinadigan havoda chang zarralari bilan birga kasallik tug‘diradigan mikroorganizmlar mavjud. Ular nafas olish yo‘llari shilliq pardasida tez ko‘payib, rinit, gripp, angina, difteriya, o‘pka sili kabi infeksiyali kasalliklarga sabab bo‘lishi mumkin.
Rinit — burun shilliq pardasi yallig‘lanishi keng tarqalgan. Bemorning burnidan suv oqadi, burni orqali nafas olishi qiyinlashib, tez-tez aksa uradi.
Gripp
Gripp kasalligini viruslar paydo qiladi. Gripp virusi bemorning burnidan oqib turadigan shilliq moddada, yo‘talganida ajralib chiqadigan balg‘ami va tupugida bo‘ladi. Bemor aksirganida va yo‘talganida ko‘zga ko‘rinmas millionlab tomchi zarralari havoga tarqaladi. Infeksiya havo orqali sog‘lom odam nafas yo‘llariga tushganida gripp yuqishi mumkin.
Gripp juda tez tarqaladigan tomchi infeksiyali kasallik hisoblanadi. Shu sababdan kasal odamning ishga borishi, odamlar to‘planadigan joylar, korxonalar, o‘quv muassasalarida bo‘lishi va mashg‘ulotlarda qatnashishiga ruxsat etilmaydi. Gripp bilan kasallangan odam boshqalar bilan gaplashganida og‘zi va burnini to‘rt qavat dokadan tikilgan bog‘ich bilan yopib olishi kerak.
O‘pka sili
O‘pka sili. Kasallikni sil tayoqchalari qo‘zg‘atadi. Infeksiya ko‘pincha o‘pkani zararlaydi. Bunda bemorning qo‘ltig‘i ostidagi va bo‘ynidagi limfa bezlari biroz yiriklashadi, u yo‘talganida balg‘am chiqadi. Sil tayoqchalari bemorning so‘lagi va balg‘amida ko‘p bo‘ladi. Infeksiya nafas olingan havoda, sochiq, idish, kiyim va bemor foydalangan boshqa buyumlarda bo‘lishi yoki u yo‘talganida havoga o‘tib, boshqalarga yuqishi mumkin. Nam, quyosh nuri tushmaydigan joylarda sil mikroblari uzoq vaqt davomida o‘z hayotchanligini yo‘qotmaydi. Yaxshi ovqatlanmaslik organizm immun sistemasi ishini pasaytirib, uni kasallikka qarshiligini kamaytiradi.
Allergiya kasalliklari
Allergiya kasalliklari. Organizmning atrof-muhitdagi ayrim moddalarga ta’sirchanligining keskin oshib ketishi allergiyaga sabab bo‘ladi. Allergiyaga gul changi yoki uy changi dimog‘ga urganida, yoki har xil hidli moddalar ta’sirida paydo bo‘ladigan nafas siqish (astma), ayrim ovqatlar ta’sirida paydo bo‘ladigan eshakyemi misol bo‘ladi. Allergik kasalliklarning oldini olish uchun allergiya paydo qiluvchi moddalarning organizmga tushishiga yo‘l qo‘ymaslik, organizmni chiniqtirish lozim.
Chekishning ta’siri
Chekishning nafas olish organlariga ta’siri. Tamaki tutuni tarkibida nikotin, is gazi, sinil, sionid kislota, benzopiren, qurum kabi organizm uchun juda zararli uch mingdan ortiq zaharli moddalar bor. Chekishda bu moddalar og‘iz bo‘shlig‘i, nafas yo‘llari va o‘pka alveolalari shilliq pardasiga o‘tib, ularni yallig‘lantiradi (50-rasm). Natijada shilliq parda himoya funksiyasi pasayadi, o‘pka alveolalari va qon tomirlari elastikligi kamayishi va o‘pkaning hajmi kichrayishi tufayli qonning harakatlanishi qiyinlashadi. Bundan tashqari, tutun tarkibidagi is gazi gemoglobin bilan birikib, qonning kislorod tashishiga to‘sqinlik qiladi.

Tamaki tarkibidagi moddalar saraton kasalligini paydo qilishi aniqlangan. Jahon Sog‘liqni Saqlash Tashkiloti ma’lumotlariga qaraganda har yili Yer yuzi aholisidan 2,5 millionga yaqini chekish tufayli hayotdan ko‘z yumadi.
Bilimingizni sinang
Nima uchun yaxshi shamollatilmagan xonada o‘tirgan kishida nafas olish chastotasi tezlashadi?
- Havo namligi ortib, nafas muskullari bo‘shashadi
- Qonda karbonat angidrid ortib, nafas markazi hujayralarini qo‘zg‘atadi
- Qonda azot kamayib, o‘pka alveolalari kengayadi
- Havodagi kislorod ortib, qonda kislorod ko‘payadi
To‘g‘ri javob: Qonda karbonat angidrid ortib, nafas markazi hujayralarini qo‘zg‘atadi. Bino havosida karbonat angidrid ortishi qondagi miqdorini oshiradi, u nafas markazi hujayralarini qo‘zg‘atib nafasni tezlashtiradi.
Yaxshi shamollatilmagan xonada o‘tirgan kishida nafas olish chastotasi tezligi qanchaga oshib ketishi mumkin?
- Taxminan 1,5 baravar, undan ortiq emas
- Atigi 10–15 % ga
- 2 baravar va hatto undan ham ko‘proq
- Deyarli o‘zgarmaydi
To‘g‘ri javob: 2 baravar va hatto undan ham ko‘proq. Karbonat angidrid ta’sirida nafas olish tezligi 2 baravar va undan ham ko‘proq oshishi mumkin.
Kasallikni uning xususiyati bilan moslang: 1) Gripp; 2) O‘pka sili; 3) Eshakyemi. a) Qo‘zg‘atuvchisi sil tayoqchalari; b) Ayrim ovqatlar ta’sirida paydo bo‘ladigan allergiya; c) Qo‘zg‘atuvchisi viruslar.
- 1-a, 2-b, 3-c
- 1-b, 2-c, 3-a
- 1-c, 2-b, 3-a
- 1-c, 2-a, 3-b
To‘g‘ri javob: 1-c, 2-a, 3-b. Gripp — viruslar, o‘pka sili — sil tayoqchalari qo‘zg‘atadi, eshakyemi esa ayrim ovqatlarga allergiya.
Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Gripp kasalligini viruslar paydo qiladi. II. Gripp tomchi infeksiyali kasallik hisoblanadi. III. Gripp bilan kasallangan odam og‘zi va burnini olti qavat dokadan tikilgan bog‘ich bilan yopishi kerak.
- I va II
- II va III
- I va III
- I, II va III
To‘g‘ri javob: I va II. III noto‘g‘ri: bog‘ich to‘rt qavat dokadan tikiladi.
Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Sil tayoqchalari bemorning faqat qonida bo‘ladi. II. Nam, quyosh nuri tushmaydigan joylarda sil mikroblari uzoq vaqt hayotchanligini yo‘qotmaydi. III. Yaxshi ovqatlanmaslik organizmning kasallikka qarshiligini kamaytiradi.
- I va II
- II va III
- I va III
- I, II va III
To‘g‘ri javob: II va III. I noto‘g‘ri: sil tayoqchalari bemorning so‘lagi va balg‘amida ko‘p bo‘ladi.
Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Tamaki tutunida uch mingdan ortiq zaharli modda bor. II. Tutundagi is gazi gemoglobin bilan birikib, qonning kislorod tashishiga to‘sqinlik qiladi. III. Chekishda o‘pka alveolalari va qon tomirlari elastikligi oshadi.
- II va III
- I va III
- I va II
- I, II va III
To‘g‘ri javob: I va II. III noto‘g‘ri: chekishda alveolalar va qon tomirlari elastikligi kamayadi.
Aksirganda burun bo‘shlig‘iga tushgan zarrachalar qanday mexanizm tufayli tashqariga chiqib ketadi?
- Nafas chiqarish muskullari kuchli qisqarib, ko‘krak qafasi keskin siqiladi
- Diafragma bo‘shashib, ko‘krak qafasi birdan kengayadi
- Hiqildoqusti tog‘ayi yopilib, havo og‘izdan sekin chiqadi
- Nafas markazi faoliyatini to‘xtatib, havo o‘z-o‘zidan chiqadi
To‘g‘ri javob: Nafas chiqarish muskullari kuchli qisqarib, ko‘krak qafasi keskin siqiladi. Muskullar kuchli qisqarib, ko‘krak qafasi keskin siqiladi va havo burun teshiklari orqali otilib chiqadi.
Nima uchun gripp bilan kasallangan odamning ishga borishi va odamlar to‘planadigan joylarda bo‘lishiga ruxsat etilmaydi?
- Gripp allergik kasallik bo‘lib, bemor chang tarqatadi
- Gripp juda tez tarqaladigan tomchi infeksiyali kasallik
- Gripp yuqumsiz kasallik bo‘lib, bemor tez charchaydi
- Gripp faqat idish-tovoq orqali yuqadigan bakterial kasallik
To‘g‘ri javob: Gripp juda tez tarqaladigan tomchi infeksiyali kasallik. Gripp tomchi infeksiya bo‘lib, aksirish va yo‘talish orqali havo bilan juda tez tarqaladi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash