XotirAI logotipiXotirAI
🧬 8-sinf · Odam va uning salomatligi · 26-§.

Ovqat hazm qilish sistemasi organlari

Mavzular

Hazm qilish va uning organlari

Ovqat hazm qilish sistemasi organlari. Oziq moddalarining tishlar yordamida maydalanishi, ichakda fermentlar ta’sirida parchalanishi va ichak devori orqali qonga so‘rilishiga hazm qilish deyiladi. Ovqat hazm qilish sistemasi organlari og‘iz bo‘shlig‘i, halqum, qizilo‘ngach, oshqozon, ingichka ichak, yo‘g‘on ichak va to‘g‘ri ichakdan iborat (51-rasm).

51-rasm. Ovqat hazm qilish sistemasining tuzilishi: 1 – og‘iz, 2 – halqum, 3 – jigar, 4 – o‘t pufagi, 5 – chuvalchangsimon o‘simta, 6 – so‘lak bezlari, 7 – qizilo‘ngach, 8 – oshqozon, 9 – oshqozonosti bezi, 10 – ingichka ichak, 11 – yo‘g‘on ichak, 12 – to‘g‘ri ichak.
51-rasm. Ovqat hazm qilish sistemasining tuzilishi: 1 – og‘iz, 2 – halqum, 3 – jigar, 4 – o‘t pufagi, 5 – chuvalchangsimon o‘simta, 6 – so‘lak bezlari, 7 – qizilo‘ngach, 8 – oshqozon, 9 – oshqozonosti bezi, 10 – ingichka ichak, 11 – yo‘g‘on ichak, 12 – to‘g‘ri ichak.

Og‘iz bo‘shlig‘i

Og‘iz bo‘shlig‘i — ovqat hazm qilish kanalining boshlang‘ich qismi. Unda tishlar va til joylashgan. Til ovqatning ta’mini aniqlash, uni aralashtirish va tomoq tomonga surish, tishlar esa ovqatni maydalash funksiyasini bajaradi. Og‘iz bo‘shlig‘iga tilosti, jag‘osti va quloqoldi so‘lak bezlarining yo‘li ochiladi. Bundan tashqari, og‘iz bo‘shlig‘i va tilning shilliq pardasida juda ko‘p mayda so‘lak bezlari joylashgan.

Tishlarning tuzilishi

Tishlarning tuzilishi. Tishlar yuqori va pastki jag‘larda joylashgan. Funksiyasiga binoan kurak, qoziq, katta va kichik oziq tishlar bo‘ladi (52-rasm). Tishlar jag‘lardagi tish alveolalarida joylashgan. Odatda, odamda 32 ta doimiy tishlar, yosh bolalarda 20 ta sut tishlari bor. Tishning milkdan chiqib turadigan koronkasi, milk ichidagi bo‘yinchasi, jag‘ chuqurchasi — alveolasi ichida joylashgan ildizchasi bor (53-rasm). Tish ildizining uchki qismida joylashgan teshikcha orqali tish bo‘shlig‘i — pulpaga qon tomirlari va nervlar kiradi.

52-rasm. Og‘iz bo‘shlig‘ida tishlarning joylashuvi: 1 – kurak tishlar, 2 – oziq tish, 3 – kichik oziq tishlar, 4 – katta qoziq tishlar, 5 – bodomcha bezi, 6 – tilcha, 7 – tanglay, 8 – halqum, 9 – til, 10 – pastki lab.
52-rasm. Og‘iz bo‘shlig‘ida tishlarning joylashuvi: 1 – kurak tishlar, 2 – oziq tish, 3 – kichik oziq tishlar, 4 – katta qoziq tishlar, 5 – bodomcha bezi, 6 – tilcha, 7 – tanglay, 8 – halqum, 9 – til, 10 – pastki lab.
53-rasm. Tishning tuzilishi: 1 – emal, 2 – dentin, 3 – pulpa, 4 – koronka, 5 – milk, 6 – ildiz, 7 – jag‘ suyagi.
53-rasm. Tishning tuzilishi: 1 – emal, 2 – dentin, 3 – pulpa, 4 – koronka, 5 – milk, 6 – ildiz, 7 – jag‘ suyagi.

Tish to‘qimalari va turlari

Tishlar bir ildizli (kurak, kichik qoziq tishlar), ikki va uch ildizli (katta oziq tishlar) bo‘ladi. Tish ildizi tish chuqurchasiga periodont orqali mustahkam birikkan. Tish dentindan iborat koronkasi emal, ildizi — sement bilan qoplangan. Emal 96–97 % mineral (fosfor va kalsiy, biroz ftor) tuzlardan, dentin 28 % organik va 72 % mineral (fosfor, kalsiy, magniy, ftorli kaliy)dan iborat. Sementning tarkibi suyakka o‘xshaydi. Koronkasi shakliga binoan kurak, qoziq, kichik va katta oziq tishlar bo‘ladi. Kurak tishlar koronkasi ponasimon, ildizi bitta, qoziq tishlar koronkasi ikki qirrali bo‘ladi. Kichik oziq tishlar koronkasi chaynash yuzasida bo‘rtiqlar bo‘ladi. Katta oziq tishlar koronkasi kubsimon, chaynash yuzasida bir necha bo‘rtig‘i, ikki yoki uchta ildizi bor.

Tishlarning turlari va joylashishi

Kurak tishlar yuqori va pastki jag‘larning oldingi qismida 4 tadan joylashgan. Ular keskir uchli bo‘lib, ovqatni tishlab, uzib olish va oziq moddalarini qirib olishga yordam beradi. Kurak tishlardan keyin jag‘larning har tomonida bittadan o‘tkir uchli yassi qoziq tishlar joylashgan. Qoziq tishlar yordamida qattiq ovqat moddalari uzib olinadi va maydalanadi. Qoziq tishlardan keyin jag‘larning har tomonida 2 tadan kichik oziq va 3 tadan katta oziq tishlar joylashgan. Oziq tishlar yordamida ovqat chaynalib, maydalanadi.

Tish almashinuvi va gigiyena

Yangi tug‘ilgan chaqaloqning tishlari bo‘lmaydi. Taxminan 6 oylikdan boshlab uning birinchi sut tishlari paydo bo‘ladi. 7–8 yoshlardan boshlab sut tishlari doimiy tishlar bilan almashina boshlaydi. 10–12 yoshga kelib tishlar almashinishi tugallanadi. Aql tishlari 18 yoshdan keyin chiqadi.

Tishlar sog‘lom bo‘lishi uchun bir qancha gigiyena qoidalariga rioya qilish zarur. Xususan, tishlarda yong‘oq yoki danaklar chaqish, suyak yoki qattiq konfetlarni chaynash, issiq ovqatdan so‘ng birdaniga sovuq suv ichish yoki muzqaymoq yeyish mumkin emas. Tishlar oralig‘ida qoladigan ovqat qoldiqlari mikroblarning rivojlanishi uchun qulay muhit hisoblanadi. Ovqat qoldiqlaridan tozalash uchun har kuni uyquga yotishdan oldin tishlarni yuvish, ovqatdan so‘ng og‘izni iliq suv bilan chayish zarur. Tish cho‘tkasini sovun bilan yuvib, qaynoq suvda chayib turish lozim. Gigiyena qoidalariga rioya qilinmaganida emal yemirilib, tish kasallanadi.

So‘lak va uning ta’siri

Ovqatning og‘iz bo‘shlig‘ida o‘zgarishi. Og‘iz bo‘shlig‘ida ovqat tishlar yordamida chaynaladi, so‘lak bilan aralashtirilib, hazm qilishga tayyorlanadi.

So‘lak bezlari sutka davomida 0,5 litrdan 2 litrgacha so‘lak ishlab chiqaradi. So‘lak ishqoriy reaksiyaga ega bo‘lib, uning tarkibida murakkab uglevodlarni parchalaydigan amilaza fermenti hamda og‘iz bo‘shlig‘i shilliq pardasi zararlanganida uni tiklaydigan lizotsim moddasi bo‘ladi.

So‘lak ajralishi va yutish

So‘lak ajralishi reflektor tarzda boshqariladi. Ovqat tarkibidagi moddalar til va og‘iz bo‘shlig‘i devori retseptorlarida qo‘zg‘alish paydo qiladi. Qo‘zg‘alish retseptorlardan uzunchoq miyada joylashgan so‘lak ajratish markaziga, u yerdan so‘lak bezlariga uzatiladi. Bezlar so‘lak ishlab chiqara boshlaydi. So‘lak ovqatni ko‘rganda, uning hidi ta’sirida va hatto ovqat to‘g‘risida o‘ylaganda ham ajralishi mumkin. Chaynalib, so‘lak bilan aralashtirilgan ovqat luqmasi til yordamida halqumga, undan qizilo‘ngachga o‘tkaziladi (54-rasm). Ovqat yutilayotganida hiqildoq yo‘lini hiqildoqusti tog‘ayi yopadi. Qizilo‘ngach devoridagi muskullarning qisqarishi natijasida ovqat oshqozon tomonga suriladi. Qizilo‘ngach devorida joylashgan bezlar ishlab chiqaradigan shilimshiq modda ovqat luqmasining siljishiga yordam beradi.

54-rasm. Ovqatning yutilishi sxemasi: 1 – burun bo‘shlig‘i, 2 – halqum, 3 – ovqat luqmasi, 4 – hiqildoqusti tog‘ayi, 5 – qizilo‘ngach, 6 – kekirdak.
54-rasm. Ovqatning yutilishi sxemasi: 1 – burun bo‘shlig‘i, 2 – halqum, 3 – ovqat luqmasi, 4 – hiqildoqusti tog‘ayi, 5 – qizilo‘ngach, 6 – kekirdak.

Bilimingizni sinang

Oziq moddalarining tishlar yordamida maydalanishi, ichakda fermentlar ta’sirida parchalanishi va ichak devori orqali qonga so‘rilishiga nima deyiladi?
  1. Modda almashinuvi
  2. Assimilyatsiya
  3. Fermentatsiya
  4. Hazm qilish

To‘g‘ri javob: Hazm qilish. Bu jarayonlar majmuasi hazm qilish deyiladi.

Og‘iz bo‘shlig‘iga yo‘llari ochiladigan yirik so‘lak bezlari qaysilar?
  1. Tilosti, jag‘osti va qalqonsimon
  2. Tilosti, jag‘osti va quloqoldi
  3. Jag‘osti, quloqoldi va qovoqosti
  4. Tilosti, quloqoldi va oshqozonosti

To‘g‘ri javob: Tilosti, jag‘osti va quloqoldi. Og‘iz bo‘shlig‘iga tilosti, jag‘osti va quloqoldi so‘lak bezlarining yo‘li ochiladi.

Odamda doimiy tishlar va sut tishlari soni mos ravishda nechta?
  1. 20 va 32
  2. 28 va 24
  3. 32 va 20
  4. 32 va 24

To‘g‘ri javob: 32 va 20. Odamda 32 ta doimiy tish, yosh bolalarda 20 ta sut tishi bo‘ladi.

Tish bo‘shlig‘i — pulpaga qon tomirlari va nervlar qayerdagi teshikcha orqali kiradi?
  1. Tish ildizining uchki qismidagi
  2. Tish emalining ichki devoridagi
  3. Tish bo‘yinchasining milk chetidagi
  4. Tish koronkasining chaynash yuzasidagi

To‘g‘ri javob: Tish ildizining uchki qismidagi. Qon tomirlari va nervlar tish ildizining uchki qismidagi teshikcha orqali pulpaga kiradi.

Tish ildizini qoplab turadigan, tarkibi suyakka o‘xshash to‘qima qanday ataladi?
  1. Emal
  2. Dentin
  3. Sement
  4. Periodont

To‘g‘ri javob: Sement. Tish ildizi sement bilan qoplangan; sementning tarkibi suyakka o‘xshaydi.

Emal va dentin tarkibini solishtiring. Qaysi javob to‘g‘ri?
  1. Emalda mineral tuzlar 72 %, dentinda 96–97 %
  2. Emalda 28 % organik modda, dentinda 96–97 % mineral
  3. Ikkalasida ham mineral tuzlar 72 % ni tashkil qiladi
  4. Emalda mineral tuzlar 96–97 %, dentinda 72 %

To‘g‘ri javob: Emalda mineral tuzlar 96–97 %, dentinda 72 %. Emal 96–97 % mineral tuzdan, dentin 28 % organik va 72 % mineral moddadan iborat.

Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Kurak tishlar ovqatni tishlab, uzib olishga yordam beradi. II. Qoziq tishlar jag‘ning oldingi qismida, kurak tishlardan oldin joylashgan. III. Jag‘larning har tomonida 2 tadan kichik oziq va 3 tadan katta oziq tishlar bor.
  1. I va II
  2. II va III
  3. I, II va III
  4. I va III

To‘g‘ri javob: I va III. II noto‘g‘ri: qoziq tishlar kurak tishlardan keyin joylashgan.

Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. So‘lak bezlari sutka davomida 0,5 litrdan 2 litrgacha so‘lak ishlab chiqaradi. II. So‘lak kislotali reaksiyaga ega. III. So‘lak ajratish markazi uzunchoq miyada joylashgan.
  1. I va III
  2. II va III
  3. I va II
  4. I, II va III

To‘g‘ri javob: I va III. II noto‘g‘ri: so‘lak ishqoriy reaksiyaga ega.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiNafas olishning boshqarilishi, nafas olish organlari kasalliklariKeyingi →Ovqat hazm qilish sistemasi organlarining tuzilishi va funksiyasi