Ovqat hazm qilish sistemasi organlarining tuzilishi va funksiyasi
Mavzular
Oshqozonning tuzilishi
Oshqozon. Oshqozon qorin bo‘shlig‘ining yuqori qismida, diafragma ostida joylashgan. Uning sig‘im hajmi katta yoshdagi odamlarda 2 litrdan 2,5 litrgacha. Oshqozon devorining shilliq pardasida oshqozon shirasi ajratib chiqaradigan juda ko‘p mayda bezlar joylashgan (55-rasm). Oshqozonning yuqori – kardial, pastki – pilorik va chap tomonga kengaygan tanasi bor.
Oshqozon shirasi
Oshqozon shirasi tarkibida shilimshiq modda, fermentlar va xlorid kislota bo‘ladi. Shilimshiq modda oshqozon devorini mexanik shikastlanishdan va fermentlar ta’siridan himoya qiladi. Fermentlar ovqat tarkibidagi oqsillar va yog‘larni parchalaydi. Xlorid kislota mikroblarni zararsizlantiradi va oshqozon shirasi fermentlari ishini faollashtiradi. Ovqat 4–8 soatdan so‘ng ingichka ichakka o‘tkaziladi.
Oshqozonosti bezi
Oshqozonosti bezi aralash sekretsiya bezi bo‘lib, uning Langergans orolchasi deb ataladigan kichik qismi ichki sekretsiya bezi funksiyasini bajaradi. Qolgan qismi esa o‘n ikki barmoq ichak bo‘shlig‘iga hazm shirasi ishlab chiqaradi. Uning shirasi tarkibida ichakdagi oqsillar, yog‘lar va karbonsuvlarni parchalovchi fermentlar bo‘ladi (55-rasm).

Jigar
Jigar. Jigar qorin bo‘shlig‘i yuqori qismida, o‘ng tomonda, qovurg‘a yoyi ostida joylashgan. Jigar hujayralari o‘t suyuqligi ishlab chiqaradi. Bu suyuqlik o‘t pufagida to‘planib, maxsus naycha orqali o‘n ikki barmoq ichak bo‘shlig‘iga chiqariladi. O‘t suyuqligi yog‘larni emulsiyalab, hazm bo‘lishini tezlashtiradi. Bundan tashqari, jigar organizmni turli xil zaharli moddalardan himoya qiladi. Jigar qonni filtrlab, oziq moddalar bilan qonga so‘riladigan zaharli moddalardan tozalaydi.
Ingichka ichakning tuzilishi
Ingichka ichak. Ingichka ichak odam bo‘yidan 3–4 marta uzun bo‘ladi. Uning oldingi qismi o‘n ikki barmoqli ichak deyiladi. O‘n ikki barmoq ichakning uzunligi 12 ta qo‘l barmoqlari kengligi – 25–30 cm ga yaqin keladi. Uning diametri ichakning boshqa qismlariga nisbatan kengroq. O‘n ikki barmoq ichakka oshqozonosti bezi va jigarning o‘t yo‘li ochiladi. Ingichka ichakning yo‘g‘on ichakka o‘tadigan qismida kalta ko‘richak joylashgan. Uning keyingi qismida ingichka chuvalchangsimon o‘simta — appendiks osilib turadi.
Ingichka ichakning shilliq pardasida joylashgan juda ko‘p mayda bezlar ichak shirasi ishlab chiqaradi. Ichak shirasi tarkibida oqsillar, yog‘lar va karbonsuvlarni parchalovchi fermentlar bo‘ladi.
Vorsinkalar va so‘rilish
Ingichka ichakning ichki yuzasida mayda tukchalar vorsinkalar joylashgan (56-rasm). Vorsinkalar devori bir qavat epiteliy hujayralardan iborat. Ichki qismida qon va limfa tomirlari bo‘ladi. Fermentlar ta’sirida parchalangan oziq moddalar vorsinkalar devoridan qon va limfaga so‘riladi.

Ingichka ichak shilliq pardasida va ayniqsa, ko‘richakning chuvalchangsimon o‘simtasida ko‘plab limfa tugunlari joylashgan. Limfa tugunlarida organizm immun sistemasining tarkibiy qismi hisoblangan antitelolar ishlab chiqariladi.
Yo‘g‘on ichakning funksiyasi
Yo‘g‘on ichakning funksiyasi. Ovqatning hazm bo‘lmagan qismi ingichka ichakdan yo‘g‘on ichakka o‘tadi. Yo‘g‘on ichak devorida shilimshiq modda ishlab chiqaradigan bezlar ko‘p bo‘ladi. Ichakning bu qismida ko‘plab bakteriyalar yashaydi. Ular ishtirokida K vitamini sintezlanadi, ovqat qoldig‘idagi ayrim moddalar parchalanadi. Yo‘g‘on ichakda ovqat qoldig‘idan suvning asosiy qismi qonga shimilib, axlat massasi hosil bo‘ladi.
Bilimingizni sinang
Katta yoshdagi odamda oshqozonning sig‘im hajmi qancha?
- 2–2,5 litr
- 0,5–1 litr
- 3–3,5 litr
- 1–1,5 litr
To‘g‘ri javob: 2–2,5 litr. Oshqozon sig‘imi katta yoshdagi odamlarda 2 litrdan 2,5 litrgacha.
Oshqozonosti bezining qaysi qismi ichki sekretsiya bezi funksiyasini bajaradi?
- Bezning ichki devoridagi vorsinkalar
- Langergans orolchasi
- Bezning hazm shirasi ishlab chiqaradigan asosiy qismi
- O‘t pufagi bilan tutashgan qismi
To‘g‘ri javob: Langergans orolchasi. Bezning Langergans orolchasi deb ataladigan kichik qismi ichki sekretsiya bezi vazifasini bajaradi.
O‘n ikki barmoq ichak bo‘shlig‘iga qaysi organlarning yo‘llari ochiladi?
- Jag‘osti so‘lak bezi va jigarning o‘t yo‘li
- Oshqozon bezlari va ko‘richak
- Qizilo‘ngach bezlari va oshqozonosti bezi
- Oshqozonosti bezi va jigarning o‘t yo‘li
To‘g‘ri javob: Oshqozonosti bezi va jigarning o‘t yo‘li. O‘n ikki barmoq ichakka oshqozonosti bezi va jigarning o‘t yo‘li ochiladi.
Ingichka ichakning uzunligi odam bo‘yiga nisbatan qanday?
- Odam bo‘yidan 1–2 marta uzun
- Odam bo‘yidan 3–4 marta uzun
- Odam bo‘yidan 5–6 marta uzun
- Odam bo‘yi bilan teng
To‘g‘ri javob: Odam bo‘yidan 3–4 marta uzun. Ingichka ichak odam bo‘yidan 3–4 marta uzun bo‘ladi.
Jigarda hosil bo‘ladigan o‘t suyuqligi ovqat hazm bo‘lishida qanday vazifani bajaradi?
- Mikroblarni zararsizlantiradi va fermentlarni faollashtiradi
- Oqsillarni aminokislotalargacha parchalaydi
- Oziq moddalarni qon va limfaga so‘rilishini ta’minlaydi
- Yog‘larni emulsiyalab, hazm bo‘lishini tezlashtiradi
To‘g‘ri javob: Yog‘larni emulsiyalab, hazm bo‘lishini tezlashtiradi. O‘t suyuqligi yog‘larni emulsiyalab, ularning hazm bo‘lishini tezlashtiradi.
Oshqozon shirasi tarkibidagi xlorid kislota qanday vazifani bajaradi?
- Oshqozon devorini mexanik shikastlanishdan himoya qiladi
- Karbonsuvlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri qonga so‘rilishiga yordam beradi
- Mikroblarni zararsizlantiradi, fermentlar ishini faollashtiradi
- Yog‘larni emulsiyalaydi
To‘g‘ri javob: Mikroblarni zararsizlantiradi, fermentlar ishini faollashtiradi. Xlorid kislota mikroblarni zararsizlantiradi va oshqozon shirasi fermentlarini faollashtiradi; himoya vazifasini shilimshiq modda bajaradi.
Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Jigar qorin bo‘shlig‘ining yuqori qismida, o‘ng tomonda joylashgan. II. Oshqozon qorin bo‘shlig‘ining pastki qismida joylashgan. III. Jigar qonni zaharli moddalardan tozalaydi.
- I va II
- II va III
- I, II va III
- I va III
To‘g‘ri javob: I va III. II noto‘g‘ri: oshqozon qorin bo‘shlig‘ining yuqori qismida, diafragma ostida joylashgan.
Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Vorsinkalar devori bir qavat epiteliy hujayralardan iborat. II. Ko‘richakning chuvalchangsimon o‘simtasida ko‘plab limfa tugunlari joylashgan. III. Limfa tugunlarida gormonlar ishlab chiqariladi.
- I va III
- I va II
- II va III
- I, II va III
To‘g‘ri javob: I va II. III noto‘g‘ri: limfa tugunlarida immun sistemasining tarkibiy qismi — antitelolar ishlab chiqariladi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash