XotirAI logotipiXotirAI
🧬 8-sinf · Odam va uning salomatligi · 28-§.

Ovqat hazm qilishning boshqarilishi

Mavzular

Hazm o‘rganish metodlari

Oshqozonda ovqat hazm bo‘lishini o‘rganish metodlari. Ovqat hazm qilish organlari ishlashini kuzatib bo‘lmaydi. Shu sababdan uzoq davr davomida hazm qilish jarayonlari hayvonlarni yorib ko‘rish orqali o‘rganib kelingan. XIX asr o‘rtalarida rus olimi V.A. Basov itlar oshqozoniga fistula qo‘yish orqali oshqozon shirasi ajratib olish metodini yaratdi. Lekin bu usulda olingan oshqozon shirasi ovqat bilan aralash bo‘lganligi uning tarkibini batafsil o‘rganishga imkon bermasdi.

Pavlov metodi

Rus olimi I.P. Pavlov ovqat bilan aralashmagan toza oshqozon shirasi olish metodini ishlab chiqdi. U yaratgan metod oshqozon shirasi tarkibi va miqdorini aniqlash hamda organizmda shira ajralishini boshqarishni o‘rganishga imkon yaratdi. U oshqozonga ovqat tushib, shiraga aralashmasligi uchun qizilo‘ngachni kesib fistula qo‘yadi. Oshqozonning kesilgan uchlarini tashqariga chiqarib, teriga tikib qo‘ydi. Og‘izga tushgan ovqat qizilo‘ngach orqali yana tashqariga chiqib turgan, toza oshqozon shirasi esa fistula orqali toma boshlagan. Ana shu yo‘l bilan I.P. Pavlov oshqozon shirasi faqat ovqat yeganda emas, balki ovqatni ko‘rganda, hidini sezganda yoki ovqatlanish bilan bog‘liq boshqa sabablar, masalan, chiroq yoqilganda ham ajralishini tushuntirib berdi.

Klinik tekshiruv metodlari

Shifoxonalarda oshqozon va ichak shirasini tekshirish, hazm qilish organlari faoliyatini o‘rganishda zondlash, rentgenoskopiya, endoskopiya metodlaridan foydalaniladi. Rentgenoskopiya metodidan foydalanilganida bemorga rentgen nurlarini o‘tkazmaydigan moddadan tayyorlangan bo‘tqa ichiriladi. So‘ngra rentgen ekranida hazm qilish nayi har xil qismlarining chegarasi aniqlab olinadi. Hazm qilish organlari endoskopiya orqali tekshiriladigan organga maxsus optik asbob — endoskop kiritiladi. Mazkur metod orqali hazm qilish organlari va bezlarning sekret chiqarish yo‘lida paydo bo‘lgan kasalliklarni aniqlab olish mumkin. So‘ngi yillarda ichki organlar va to‘qimalarda paydo bo‘ladigan kasalliklarga tashxis qo‘yishda ultratovush, kompyuter tomografiyasidan keng miqyosda foydalanilmoqda.

Ovqatlanish gigiyenasi

Ovqatlanish gigiyenasi. Ishtaha ovqatning xilma-xilligi, ko‘rinishi, hidi va ta’miga, ovqat tayyorlanadigan va tortiladigan idishlarning ko‘rinishiga hamda odamning kayfiyatiga bog‘liq. Dasturxon yaxshi bezatilib, ovqat chiroyli idishlarga did bilan suzilganida, ishtaha ovqat yemasdan oldin ochiladi. Har xil ziravorlar, tuzlangan va achchiq salatlar hamda sabzavotlar ishtahani qo‘zg‘atadi. Ovqatlanayotgan paytda qattiq shovqin, kitob o‘qish, ko‘ngilga yoqmagan voqea va narsalarni eslash esa ishtahani bo‘g‘adi, ovqat hazm bo‘lishini qiyinlashtiradi.

Shoshilmasdan, me’yorida ovqatlanish ovqat yaxshi hazm bo‘lishining asosiy shartidir. Ko‘p yeyilganida ham ovqat yaxshi aralashmasligi sababli odam bo‘kib qoladi. Shuning uchun bir kunda 3–4 marta oz-ozdan ovqat yeyish kerak.

Nerv orqali boshqarilish

Ovqat hazm qilishning nerv orqali boshqarilishi. Tilda va og‘izning shilliq pardasida ovqatning ta’mini sezadigan retseptorlar joylashgan. Ovqat mazasi ta’sirida hosil bo‘lgan qo‘zg‘alish sezuvchi nervlar orqali bosh miyadagi ovqat hazm qilish markaziga uzatiladi. U yerdan qo‘zg‘alish so‘lak va oshqozon devori bezlariga kelib, so‘lak va oshqozon shirasi ajralishiga ta’sir etadi. So‘lak va oshqozon shirasi odam ovqatni ko‘rganda, uning hidini sezganda, hatto ovqat to‘g‘risida o‘ylaganda yoki eshitganda ham ajraladi. I.P. Pavlov odam ovqatni ko‘rganda va uning hidini sezganda ajraladigan shirani so‘lak shirasi deb atagan.

Gumoral boshqarilish

Ovqat hazm qilishning gumoral boshqarilishi. Gipofiz bezidan ajraladigan gormonlarning ba’zilari ovqat hazm qilish bezlari ishini kuchaytiradi, qalqonsimon bezning tiroksin gormoni esa bu bezlar ishini susaytiradi. Bundan tashqari, ovqat hazm qilish shartli reflekslar orqali ham boshqariladi. Bu reflekslarning markazi bosh miya katta yarimsharlarining po‘stloq qismida joylashgan.

Issiq haroratning ta’siri

Yuqori haroratning ovqat hazm bo‘lishiga ta’siri. Tashqi muhitning issiq harorati ovqat hazm qilish organlari faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Yoz faslida so‘lak bezlari, oshqozon-ichak shilliq pardasi ostida joylashgan mayda bezlarning ish faoliyati sezilarli pasayadi. Bu bezlardan so‘lak va shira ajralishi ham kamayadi. Jigar ham kamroq o‘t suyuqligi ishlab chiqara boshlaydi. Oshqozon va ichak muskullarining peristaltik va mayatniksimon harakati sekinlashadi.

Shu sababdan issiq yoz kunlari odamning ishtahasi bo‘g‘iladi: yog‘li, go‘shtli, qovurilgan ovqatlarning hazm bo‘lishi og‘irlashadi, qorin dam bo‘ladi. Yoz kunlari odam organizmi suv va suyuq ovqatlar, meva va ko‘katlarni ko‘proq talab qiladi. Kaloriyaga boy yog‘li ovqatlar kamroq iste’mol qilinganligidan yoz kunlari odam tez charchaydi, uning ish qobiliyati pasayadi.

Bilimingizni sinang

XIX asr o‘rtalarida rus olimi V.A. Basov oshqozon shirasini ajratib olish uchun qanday metod yaratdi?
  1. Rentgen nurlarini o‘tkazish
  2. Itlar oshqozoniga fistula qo‘yish
  3. Optik asbob kiritish
  4. Qizilo‘ngachni kesib, fistula qo‘yish

To‘g‘ri javob: Itlar oshqozoniga fistula qo‘yish. Basov itlar oshqozoniga fistula qo‘yish orqali shira ajratib olish metodini yaratdi.

Rentgenoskopiya metodida hazm qilish nayi qismlari chegarasini aniqlash uchun bemorga nima ichiriladi?
  1. Fermentlar eritmasi
  2. Ultratovush o‘tkazuvchi suyuqlik
  3. Xlorid kislota aralashmasi
  4. Rentgen nurlarini o‘tkazmaydigan moddadan tayyorlangan bo‘tqa

To‘g‘ri javob: Rentgen nurlarini o‘tkazmaydigan moddadan tayyorlangan bo‘tqa. Bemorga rentgen nurini o‘tkazmaydigan modda bo‘tqasi ichiriladi, shunda ekranda nay qismlari chegarasi ko‘rinadi.

Endoskopiya metodida tekshiriladigan organga nima kiritiladi?
  1. Ultratovush datchigi
  2. Maxsus optik asbob — endoskop
  3. Oshqozon shirasi ajratuvchi fistula
  4. Rentgen nurini o‘tkazmaydigan bo‘tqa

To‘g‘ri javob: Maxsus optik asbob — endoskop. Endoskopiyada organga maxsus optik asbob — endoskop kiritiladi.

Gigiyena qoidalariga ko‘ra, bir kunda necha marta oz-ozdan ovqat yeyish kerak?
  1. 3–4 marta
  2. 1–2 marta
  3. 7–8 marta
  4. 5–6 marta

To‘g‘ri javob: 3–4 marta. Bir kunda 3–4 marta oz-ozdan ovqat yeyish kerak.

Ko‘p yeyilganda odam nima sababdan bo‘kib qoladi?
  1. Ovqat yaxshi aralashmasligi sababli
  2. So‘lak ko‘p ajralib ketgani uchun
  3. Ovqat juda tez hazm bo‘lib ketgani uchun
  4. Ichak muskullari haddan tashqari tez qisqargani uchun

To‘g‘ri javob: Ovqat yaxshi aralashmasligi sababli. Ko‘p yeyilganda ovqat yaxshi aralashmaydi va odam bo‘kib qoladi.

Nima uchun issiq yoz kunlari yog‘li, go‘shtli, qovurilgan ovqatlarning hazm bo‘lishi og‘irlashadi?
  1. So‘lak bezlari shira ajratishni kuchaytiradi
  2. Jigar o‘t suyuqligini ko‘proq ishlab chiqaradi
  3. Oshqozon va ichak muskullarining harakati tezlashadi
  4. Hazm bezlari faoliyati pasayib, shira ajralishi va ichak harakati kamayadi

To‘g‘ri javob: Hazm bezlari faoliyati pasayib, shira ajralishi va ichak harakati kamayadi. Issiqda hazm bezlari ishi pasayadi, shira va o‘t suyuqligi kamayadi, peristaltika sekinlashadi.

Basov va Pavlov metodlarini solishtiring. Qaysi javob to‘g‘ri?
  1. Basov itlar oshqozoniga fistula qo‘ygan, shira ovqat bilan aralash; Pavlov qizilo‘ngachni kesib, toza shira olgan
  2. Ikkalasi ham hazm organlarini rentgen nurlari bilan tekshirgan
  3. Ikkalasida ham shira ovqat bilan aralash bo‘lgan
  4. Basov qizilo‘ngachni kesgan, toza shira olgan; Pavlov shira ovqat bilan aralash bo‘lgan

To‘g‘ri javob: Basov itlar oshqozoniga fistula qo‘ygan, shira ovqat bilan aralash; Pavlov qizilo‘ngachni kesib, toza shira olgan. Basov metodida shira ovqat bilan aralash edi, Pavlov esa qizilo‘ngachni kesib toza shira oldi.

Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Pavlov tajribasida toza oshqozon shirasi fistula orqali toma boshlagan. II. Pavlov oshqozon shirasi faqat ovqat yeganda ajralishini ko‘rsatgan. III. Pavlov chiroq yoqilganda ham shira ajralishini tushuntirib bergan.
  1. I va II
  2. II va III
  3. I va III
  4. I, II va III

To‘g‘ri javob: I va III. II noto‘g‘ri: shira ovqatni ko‘rganda, hidini sezganda va boshqa sabablarda ham ajraladi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiOvqat hazm qilish sistemasi organlarining tuzilishi va funksiyasiKeyingi →Oshqozon-ichak kasalliklari va ularning oldini olish