XotirAI logotipiXotirAI
🧬 8-sinf · Odam va uning salomatligi · 30-§.

Moddalar va energiya almashinuvining ahamiyati

Mavzular

Moddalar almashinuvi

Moddalar almashinuvi. Organizm bilan atrof-muhit o‘rtasida to‘xtovsiz moddalar va energiya almashinuvi sodir bo‘lib turadi. Moddalar almashinuvi – tashqi muhitdan suv, turli xil mineral tuzlar va oziq moddalar (oqsillar, karbonsuvlar, yog‘lar) organizmga o‘tib, almashinuv mahsulotlarini tashqi muhitga chiqarilib turishidan, energiya almashinuvi esa hujayrada organik moddalar parchalanib, energiya hosil bo‘lishidan iborat. Bu energiya organizmning harakatlanishi, o‘sishi va rivojlanishi uchun sarf bo‘ladi.

Metabolizm

Metabolizm deb ataladigan bu jarayonlar tirik organizmlarda moddalar va energiyaning o‘zgarishi hamda ular bilan atrof-muhit o‘rtasida moddalar va energiya almashinuvidan iborat bo‘lib, tiriklikning eng muhim xossasi, ya’ni tirik materiyani notirik materiyadan farq qiladigan asosiy belgi hisoblanadi.

Moddalarning qonga o‘tishidan boshlab oxirgi parchalanish mahsulotlari hosil bo‘lishigacha sodir bo‘ladigan kimyoviy jarayonlar, asosan, hujayra ichida kechadi. Moddalar va energiya almashinuvi asosini o‘zaro chambarchas bog‘langan, biri ikkinchisisiz sodir bo‘lmaydigan, lekin bir-biriga qarama-qarshi yo‘nalgan fermentativ jarayonlar tashkil etadi. Bu jarayonlar assimilatsiya–anabolizm va dissimilatsiya–katabolizm deyiladi.

Assimilatsiya va dissimilatsiya

Assimilatsiya jarayonida hazm qilingan oziq moddalar tarkibidagi birmuncha oddiy birikmalardan (masalan, aminokislotalardan) murakkab birikmalar (oqsillar) sintezlanadi. Assimilatsiyani plastik almashinuv ham deyiladi.

Dissimilatsiya yirik organik molekulalarning fermentlar ta’sirida parchalanib, ko‘p miqdorda kimyoviy energiyaning ajralib chiqishidan iborat. Hosil bo‘lgan energiya hisobidan ATF (adenozintrifosfat kislota) va boshqa energiya saqlovchi birikmalar sintez bo‘lib, hujayrada energiya jamg‘ariladi. Bu energiya organizmda sodir bo‘ladigan barcha hayotiy jarayonlar: muskullarning qisqarishi, nerv impulslarining o‘tkazilishi, tana haroratining doimiy saqlanishi, organik moddalarning sintezlanishi va so‘rilishi, sekret ishlab chiqarish, hujayra membranasida ionlar potensialini saqlab turish va boshqalarda sarf bo‘ladi. Dissimilatsiya energiya almashinuvi ham deyiladi.

Almashinuvning 5 bosqichi

Shunday qilib, moddalar va energiya almashinuvi natijasida ovqat bilan organizmga tushadigan oziq moddalar organizmning o‘zi uchun zarur bo‘lgan moddalarga aylanadi, so‘ngra bu moddalar qurilish materiali sifatida foydalaniladi yoki zaxirada saqlanadi.

Organizmda sodir bo‘ladigan moddalar va energiya almashinuvini shartli ravishda ketma-ket keladigan 5 bosqichga bo‘lish mumkin:

Assimilatsiya va dissimilatsiya birga

Assimilatsiya (biosintez) va dissimilatsiya (parchalanish) reaksiyalari hujayralarda bir vaqtning o‘zida sodir bo‘lib turadi. Dissimilatsiya jarayonida ajralib chiqadigan energiya hisobidan ATF va boshqa katta energiyali birikmalar sintez bo‘ladi. Bu energiya mexanik, kimyoviy, issiqlik energiyasi shaklida barcha jarayonlarda sarf qilinadi.

Shunday qilib, moddalar almashinuvi tashqi muhitdan moddalarning organizmga o‘tishidan boshlab parchalanish mahsulotlarining organizmdan chiqarib yuborilishigacha bo‘lgan murakkab jarayonlar zanjiridan iborat.

Suv almashinuvi

Suv va mineral moddalar almashinuvi. Moddalar almashinuvi suv va mineral moddalarning almashinuvini ham o‘z ichiga oladi. Suv barcha to‘qimalar va hujayralar tarkibiga kiradi. O‘rta yoshdagi odamlar tanasining 60–70 % ga yaqini suvdan iborat. Yosh organizmda esa suv ancha ko‘proq, masalan, chaqaloqlarda 80 % ga yaqin bo‘ladi.

Suv – organizm ichki muhitining asosiy tarkibiy qismi hisoblanadi. Hujayralardagi barcha kimyoviy reaksiyalar suv muhitida amalga oshadi. Suv moddalar almashinuvi jarayonlarida qatnashadi. Moddalar almashinuvi mahsulotlari suv orqali tashiladi. Tana haroratining boshqarilishida ham suv katta ahamiyatga ega. Issiq havoda suv ter bezlari orqali bug‘lanib, tana haroratining oshib ketishiga yo‘l qo‘ymaydi.

Mineral tuzlar

Mineral tuzlar organizm ichki muhiti tarkibining turg‘unligini saqlaydi. Osh tuzi to‘qimalardagi suvni tutib turish uchun zarur. Bu tuz kamayib ketganida organizm tez suvsizlanib qoladi. Kalsiy tuzlari qonning ivishida ishtirok etadi va suyak to‘qimasi tarkibiga kiradi. Shu sababdan o‘sayotgan yosh organizm uchun kalsiy zarur bo‘ladi. Ovqat tarkibida ko‘pchilik tuzlar yetarli, faqat osh tuzi yetishmaydi. Shu sababdan ovqatga tuz solinadi.

Bilimingizni sinang

Assimilatsiya jarayonida aminokislotalardan qanday murakkab birikmalar sintezlanadi?
  1. Yog‘ kislotalari
  2. Oqsillar
  3. Glikogen
  4. Karbonat angidrid

To‘g‘ri javob: Oqsillar. Assimilatsiyada oddiy birikmalar (aminokislotalar)dan murakkab birikmalar – oqsillar sintezlanadi.

Chaqaloqlar tanasining qancha qismi suvdan iborat?
  1. 80 % ga yaqin
  2. 50 % ga yaqin
  3. 40 % ga yaqin
  4. 60–70 % ga yaqin

To‘g‘ri javob: 80 % ga yaqin. Chaqaloqlarda suv 80 % ga yaqin; o‘rta yoshdagilarda 60–70 %.

Osh tuzi organizmda kamayib ketsa, nima sodir bo‘ladi?
  1. Qonning ivishi tezlashadi
  2. Organizm tez suvsizlanib qoladi
  3. Tana harorati keskin ko‘tariladi
  4. Suyak to‘qimasi tez o‘sadi

To‘g‘ri javob: Organizm tez suvsizlanib qoladi. Osh tuzi to‘qimalardagi suvni tutib turadi, kamayganida organizm tez suvsizlanadi.

Moddalar va energiyaning o‘zgarishi hamda ular bilan atrof-muhit o‘rtasidagi almashinuvdan iborat jarayonlar majmui nima deyiladi?
  1. Metabolizm
  2. Assimilatsiya
  3. Gomeostaz
  4. Dissimilatsiya

To‘g‘ri javob: Metabolizm. Bu jarayonlar majmui metabolizm deyiladi; u tirik materiyani notirik materiyadan farqlovchi asosiy belgi.

Dissimilatsiyada ajralgan kimyoviy energiya hujayrada qanday jamg‘ariladi?
  1. Karbonat angidrid to‘planishi orqali
  2. ATF va boshqa energiya saqlovchi birikmalar sintezlanishi orqali
  3. Murakkab oqsillar sintezlanishi orqali
  4. Glukozaning suvga aylanishi orqali

To‘g‘ri javob: ATF va boshqa energiya saqlovchi birikmalar sintezlanishi orqali. Ajralgan energiya hisobidan ATF va boshqa energiya saqlovchi birikmalar sintez bo‘lib, energiya jamg‘ariladi.

Issiq havoda tana harorati nima sababdan oshib ketmaydi?
  1. Yog‘ qatlami issiqlikni tezroq o‘tkazadi
  2. Suv ter bezlari orqali bug‘lanadi
  3. Kalsiy tuzlari tana haroratini pasaytiradi
  4. Osh tuzi ter bilan to‘liq chiqib ketadi

To‘g‘ri javob: Suv ter bezlari orqali bug‘lanadi. Issiq havoda suv ter bezlari orqali bug‘lanib, tana haroratining oshib ketishiga yo‘l qo‘ymaydi.

Nima sababdan ovqatga tuz solinadi?
  1. Ovqatda kalsiy tuzlari yetishmaydi
  2. Ovqat tarkibida osh tuzi yetarli bo‘lmaydi
  3. Osh tuzi vitaminlarni parchalanishdan saqlaydi
  4. Tuz ovqat hazm bo‘lishini sekinlashtiradi

To‘g‘ri javob: Ovqat tarkibida osh tuzi yetarli bo‘lmaydi. Ovqatdagi ko‘pchilik tuzlar yetarli, faqat osh tuzi yetishmaydi, shu uchun ovqatga tuz solinadi.

Suv moddalar almashinuvida qanday vazifani bajaradi?
  1. Suyak to‘qimasini hosil qiladi
  2. Almashinuv mahsulotlarini tashiydi
  3. Energiyani ATF shaklida jamg‘aradi
  4. Qonning ivishini ta’minlaydi

To‘g‘ri javob: Almashinuv mahsulotlarini tashiydi. Moddalar almashinuvi mahsulotlari suv orqali tashiladi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiOshqozon-ichak kasalliklari va ularning oldini olishKeyingi →Oqsillar, karbonsuvlar va yog‘lar almashinuvi