Oqsillar, karbonsuvlar va yog‘lar almashinuvi
Mavzular
Oqsillar almashinuvi
Oqsillar almashinuvi. Oqsillar organizmda xilma-xil funksiyani bajaradi. Ular hujayraning asosiy qurilish materiali, hujayra organoidlari ham oqsillardan iborat. Hujayrada sodir bo‘ladigan ko‘pchilik jarayonlar oqsillar bilan bog‘liq. Oqsillar orqali kislorod to‘qimalarga olib boriladi; karbonat angidrid to‘qimalardan olib ketiladi. Hujayrada boradigan barcha kimyoviy reaksiyalarni oqsillar katalizlaydi. Immunitet hosil bo‘lishi, muskullarning qisqarishi va fermentli jarayonlar oqsillar bilan bog‘liq.
Oqsillarning parchalanishi va energiyasi
Oqsillar tarkibiga 20 xil aminokislotalar kiradi. Ularning o‘zaro kombinatsiyasi natijasida xilma-xil oqsil molekulalari hosil bo‘ladi. Oqsillar ko‘pchilik o‘simlik va hayvon mahsulotlarida bo‘ladi. Ovqat hazm qilish naylarida oqsillar aminokislotalarga parchalanib, qonga o‘tadi. Hujayralarda aminokislotalardan organizm uchun zarur bo‘lgan oqsillar sintez bo‘ladi. 1 g oqsil oksidlanib parchalanganda 4,1 kkal energiya hosil bo‘ladi.
Karbonsuvlar almashinuvi
Karbonsuv (uglevod)lar almashinuvi. Uglevodlar miya, muskul va boshqa hujayralar uchun energiya manbai hisoblanadi. Ular parchalanganida karbonat angidrid va suv hosil bo‘lib, ko‘p miqdorda energiya ajralib chiqadi.
Uglevodlar oddiy va murakkab bo‘ladi. Murakkab uglevodlar o‘nlab yoki yuzlab oddiy uglevodlar (masalan, glukoza)dan tashkil topgan. Murakkab uglevodlar ichakda oddiy uglevodlar (masalan, kraxmal glukoza)ga parchalanib, qonga so‘riladi.
Insulin, glukagon va glikogen
Oshqozonosti bezi gormoni insulin qondagi ortiqcha glukozani hayvon kraxmali – glikogenga aylantiradi. Glikogen jigar va muskullarda zaxira holida to‘planadi. 1 g uglevod kislorod ta’sirida parchalanganda 4,1 kkal energiya ajratadi.
Qonda glukoza yetishmaganida glikogen oshqozonosti bezi ishlab chiqaradigan boshqa bir gormon – glukagon ta’sirida glukozagacha parchalanadi. Ana shu tarzda qonda glukoza miqdori doimiy (0,1–0,12 %) saqlanadi.
Qandli diabet
Oshqozonosti bezi insulinni kam ishlab chiqara boshlaganida qonda glukoza ko‘payib, qandli diabet kasalligi paydo bo‘ladi. Bu kasallikda qonda glukoza ko‘payib, uning bir qismi siydik orqali tashqariga chiqariladi. Shu sababdan kasallik qandli diabet deyiladi. Bu kasallikda qandni kamaytirish uchun qonga insulin yuboriladi. Sun’iy insulin sintez qilish kashf qilinguncha qandli diabet xavfli kasallik hisoblangan. Hozir diabet bilan og‘rigan bemor qoniga muntazam insulin yuborish, ular ovqatida karbonsuvli mahsulotlarning kam bo‘lishi tavsiya etiladi. Ko‘pchilik o‘simlik mahsulotlari, ayniqsa, donlar, kartoshka va mevalar tarkibida uglevodlar ko‘p bo‘ladi.
Yog‘lar almashinuvi
Yog‘lar almashinuvi. Yog‘lar organizm uchun energiya manbai bo‘lib, zaxira oziq holda teriosti biriktiruvchi to‘qimasi va ichki organlar atrofida to‘planadi. Yog‘lar parchalanganida karbonsuv va oqsillarga nisbatan ikki baravar ko‘proq energiya ajralib chiqadi. Bundan tashqari, yog‘lar hujayra va uning organoidlari membranasi tarkibiga kiradi. Yog‘ issiqlikni yaxshi o‘tkazmaydi. Shu sababdan teri ostidagi yog‘ qatlami tana harorati doimiyligini saqlashda ahamiyatga ega. Biriktiruvchi to‘qimada to‘planadigan yog‘lar organlarni mexanik ta’sirdan himoya qiladi. 1 g yog‘ organizmda kislorod ta’sirida oksidlanib, 9,3 kkal energiya ajratadi.
Yog‘larning hazmi va almashinmaydigan yog‘lar
Ovqat hazm qilish naylarida yog‘lar yog‘ kislotalari va glitseringa parchalanib, limfaga, undan qonga o‘tadi. O‘simlik moylarida hayvon yog‘larida uchramaydigan, ya’ni almashinib bo‘lmaydigan yog‘lar mavjud. Shu sababdan ovqatda hayvon yog‘lari bilan bir qatorda, o‘simlik moylari ham bo‘lishi lozim. Organizmda yog‘larning ko‘pchilik qismi zaxira sifatida to‘planadi. Zaxira yog‘lardan oziq tanqisligi paydo bo‘lganida yoki ko‘proq energiya sarflanishi zarur bo‘lib qolganda foydalaniladi.
Moddalarning bir-biriga aylanishi
Organizmda organik birikmalarning o‘zgarishi. Organizmda boradigan moddalar almashinuvi jarayonlari o‘zaro chambarchas bog‘langan. Oqsillar va yog‘lar uglevodlarga, uglevodlar yog‘larga aylanishi mumkin. O‘z navbatida, yog‘lar ham uglevodlar manbai bo‘lishi, uglevodlar tanqisligi esa yog‘lar va oqsillar hisobidan to‘ldirilishi mumkin. Shu tariqa organizmda biror modda yetishmaganida bu modda boshqa moddalar hisobidan hosil bo‘lishi mumkin.
Ammo organizmda oqsil yetishmasligini boshqa moddalar hisobidan to‘ldirib bo‘lmaydi. Chunki oqsillar faqat aminokislotalardan hosil bo‘ladi. Organizmda esa hamma aminokislotalar sintez bo‘lavermaydi. O‘simlik oqsillarida odam organizmi uchun zarur bo‘lgan aminokislotalar bo‘lmaydi. Yosh organizmning o‘sishi va rivojlanishi uchun uning ovqatida aminokislotalarga boy bo‘lgan hayvon mahsulotlari – go‘sht, baliq, sut bo‘lishi lozim.
Bilimingizni sinang
Oqsillar tarkibiga necha xil aminokislota kiradi?
- 10
- 40
- 20
- 30
To‘g‘ri javob: 20. Oqsillar tarkibiga 20 xil aminokislota kiradi.
Insulin qondagi ortiqcha glukozani qanday moddaga aylantiradi?
- Yog‘ kislotalariga
- Glikogenga
- Kraxmalga
- Glukagonga
To‘g‘ri javob: Glikogenga. Insulin ortiqcha glukozani hayvon kraxmali – glikogenga aylantiradi.
Qonda glukoza miqdori doimiy ravishda qanday me’yorda saqlanadi?
- 10–12 %
- 1–1,2 %
- 0,1–0,12 %
- 0,01–0,02 %
To‘g‘ri javob: 0,1–0,12 %. Qonda glukoza miqdori doimiy 0,1–0,12 % saqlanadi.
Zaxira yog‘lar organizmda asosan qayerda to‘planadi?
- Jigar va muskullarda
- Teriosti biriktiruvchi to‘qimasida va ichki organlar atrofida
- Qon plazmasida
- Oshqozonosti bezida
To‘g‘ri javob: Teriosti biriktiruvchi to‘qimasida va ichki organlar atrofida. Zaxira yog‘lar teriosti biriktiruvchi to‘qimada va ichki organlar atrofida to‘planadi; glikogen esa jigar va muskullarda.
Ovqatda hayvon yog‘lari bilan birga o‘simlik moylari ham bo‘lishi nima sababdan lozim?
- O‘simlik moylarida almashinib bo‘lmaydigan yog‘lar mavjud
- O‘simlik moylari oqsillarga aylanadi
- Hayvon yog‘larida energiya umuman bo‘lmaydi
- O‘simlik moylari glikogen hosil qiladi
To‘g‘ri javob: O‘simlik moylarida almashinib bo‘lmaydigan yog‘lar mavjud. O‘simlik moylarida hayvon yog‘larida uchramaydigan, almashinmaydigan yog‘lar bor.
Qandli diabet nima sababdan paydo bo‘ladi?
- Qonda glukoza miqdori kamayib ketadi
- Oshqozonosti bezi glukagonni ko‘p ishlab chiqaradi
- Jigar glikogenni ko‘p to‘playdi
- Oshqozonosti bezi insulinni kam ishlab chiqaradi
To‘g‘ri javob: Oshqozonosti bezi insulinni kam ishlab chiqaradi. Insulin kam ishlab chiqarilsa, qonda glukoza ko‘payib, qandli diabet paydo bo‘ladi.
Organizmda oqsil yetishmasligini boshqa moddalar hisobidan to‘ldirib bo‘lmaydi. Buning sababi qaysi?
- Oqsillar zaxira holida teriosti to‘qimasida to‘planadi
- Oqsillar yog‘ kislotalari va glitserindan sintezlanadi
- Oqsillar faqat glukozadan hosil bo‘ladi, aminokislotalar esa kerak emas
- Oqsillar faqat aminokislotalardan hosil bo‘ladi, hamma aminokislotalar esa sintezlanavermaydi
To‘g‘ri javob: Oqsillar faqat aminokislotalardan hosil bo‘ladi, hamma aminokislotalar esa sintezlanavermaydi. Oqsillar faqat aminokislotalardan hosil bo‘ladi, organizmda esa hamma aminokislotalar sintez bo‘lavermaydi.
Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Glikogen jigar va muskullarda zaxira holida to‘planadi; II. Murakkab uglevodlar ichakda oddiy uglevodlargacha parchalanib, qonga so‘riladi; III. Yog‘lar parchalanganda karbonsuv va oqsillarga nisbatan uch baravar ko‘proq energiya ajraladi.
- Faqat II
- I va III
- II va III
- I va II
To‘g‘ri javob: I va II. III hukm noto‘g‘ri: yog‘lar parchalanganda karbonsuv va oqsillarga nisbatan ikki baravar ko‘proq energiya ajraladi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash