Vitaminlar va ularning ahamiyati
Mavzular
Vitaminlar nima
Vitaminlar (lot. vita – hayot va amin, hayot aminlari) – tirik organizmda juda muhim biokimyoviy va fiziologik funksiyalarni bajaradigan yuqori molekulali birikmalar. Vitaminlar lotin alifbosidagi A, B, C, D, E va boshqa bosh harflar orqali ifodalanadi.
Vitaminlarni o‘rganishga rus olimi N.I. Lunin asos solgan. Bu terminni 1912-yilda polyak olimi K. Funk taklif etgan. Organizmda vitamin yetishmasligi avitaminoz deyiladi.
Vitaminlarning vazifasi va manbai
Vitaminlar organizmda sodir bo‘ladigan kimyoviy reaksiyalarni kuchaytiradi va oziq moddalar o‘zlashtirilishiga ta’sir ko‘rsatadi. Fermentlar tarkibiga kirib, ularning normal funksiyasi va faolligini ta’minlaydi. Organizmda vitamin yetishmaganida moddalar almashinuvi izdan chiqib, odamning mehnat qobiliyati, yuqumli kasalliklarga chidamliligi pasayadi. Vitaminlar organizmga juda kam miqdorda (sutkada bir necha mkg dan bir necha mg gacha) kerak. Ular organizmda sintezlanmaydi yoki juda kam sintezlanadi.
Odam organizmi vitaminlarni, asosan, o‘simlik va hayvon mahsulotlaridan oladi. Organizmda ayrim vitaminlarning hosil bo‘lishida ichakda yashovchi mikroorganizmlar katta ahamiyatga ega. O‘simliklarda vitamin hosil qiluvchi moddalar – provitaminlar (masalan, karotinoidlar) bor. Odam va hayvonlar organizmida ulardan vitaminlar hosil bo‘ladi.
A vitamini
A vitamini, asosan, baliq yog‘i, sariyog‘, sut, tuxum sarig‘i, baliq ikrasi va boshqa hayvon mahsulotlarida mavjud. O‘simliklardan sabzi, ismaloq, pomidor, o‘rik va qizil garmdorida bu vitaminni hosil qiladigan karotin moddasi bo‘ladi. A vitamini organizmning o‘sishi va rivojlanishiga ta’sir ko‘rsatadi. Bu vitamin yetishmaganida ko‘pincha shabko‘rlik paydo bo‘ladi. Bolalar ovqatida A vitamini yetishmaganida ularning bo‘yi va sochlari yaxshi o‘smaydi, tishlarining shakllanishi buziladi. O‘pka va ichakning jarohatlanishi kuzatiladi.
C vitamini
C vitamini oqsillar va karbonsuvlar almashinuviga ta’sir qiladi. Bu vitamin na’matak, qora smorodina, limon, apelsin, piyoz, sarimsoq, ko‘pchilik o‘simliklar mevasi va o‘simliklarning yashil qismi, ayniqsa novdasida hamda ko‘katlarda mavjud. Organizmda C vitamini yetishmaganida singa kasalligi paydo bo‘ladi. Bu kasallikda odamning tish milklari qonaydi, og‘zining shilliq pardasiga mayda yaralar toshadi, tishlari tushib ketadi va bo‘g‘imlari og‘riydi. Kamqonlik paydo bo‘ladi hamda immuniteti keskin pasayib ketadi.
B guruhi vitaminlari
B vitaminlari guruhi. Bu guruhga B1, B2, B12 kiradi. B1 vitamini uglevodlar almashinuviga ta’sir qiladi. Shuning uchun bu vitamin yetishmaganida karbonsuvlar jadal almashinadigan organ va to‘qimalar (yurak, nerv sistemasi, muskullar) ishi buziladi.
B1 vitamini boshoqli va dukkakli ekinlar donida va tuxum sarig‘ida, oz miqdorda ayrim sabzavot va mevalarda, ya’ni ismaloq, sabzi, karam, piyoz va olma mevasida bo‘ladi. Ovqatda B1 vitamini yetishmaganida beri-beri kasalligi kelib chiqadi. Bu kasallikda tomir tortishib, ko‘krak qafasi, diafragma va qo‘l-oyoq muskullari shol bo‘lib qoladi. Ilgari bu kasallik Tinch okean orollarida yashovchi, ko‘p guruch iste’mol qiladigan xalqlar orasida keng tarqalgan edi.
B12 vitamini
B12 vitamini biologik o‘ta faol modda. Metionin aminokislotasi, nuklein kislotalar sintezi, qon hosil bo‘lishida ishtirok etadi. Bu vitamin tanqisligi, odatda, oshqozon-ichak kasalliklari ta’sirida uning ichak orqali so‘rilishining buzilishi natijasida kelib chiqadi. B12 vitamini, asosan hayvon mahsulotlari bilan organizmga tushadi, bakteriyalar ishtirokida odam ichagida ham oz miqdorda sintezlanadi. Bu vitamindan tibbiyot, chorvachilik va parrandachilikda keng foydalaniladi. B1, B12 kabi bir qancha vitaminlar yetishmasa kamqonlik paydo bo‘ladi.
D vitamini
D vitamini organizmda kalsiy va fosfor almashinuvi, umuman suyaklanish jarayonida katta ahamiyatga ega. Bu vitamin yetishmaganida, organizmda kalsiy va fosfor almashinuvi buzilishi oqibatida bolalarda raxit kasalligi paydo bo‘ladi. Raxit bilan og‘rigan bolaning suyaklari to‘g‘ri shakllanmaydi, oyoqlari qiyshiq o‘sadi, qorni kattalashadi. Baliq yog‘i, jigar, sariyog‘, baliq ikrasi, tuxum D vitaminiga boy bo‘ladi. Quyosh nuri ta’sirida odam terisida D vitamini sintezlanadi. Shuning uchun yosh bolalarni ertalab va kechqurunlari ochiq havoda sayr qildirish lozim.
Vitaminlarni saqlab qolish
Oziq moddalarda vitaminlarni saqlab qolish. Oziq-ovqat mahsulotlarida vitaminlarning saqlanib qolinishi ularning saqlanish sharoiti va muddati, ovqat tayyorlash texnologiyasi bilan bevosita bog‘liq. A, B1, B2 vitaminlari har qanday ta’sirga chidamsiz bo‘ladi. A vitamini ovqat pishirish, mahsulotlarni quritish davomida parchalanib ketadi. A vitamini pishirilgan sabzida xom sabziga nisbatan ikki marta kamayadi.
C vitamini issiqlik ta’sirida va ochiq havoda oson yemiriladi. Shu sababdan sabzavotlarni bevosita ovqatga solishdan oldin tozalash, ko‘p qaynatmaslik, qopqoqni yopib pishirish lozim. C vitamini metall idishlarda ham tez parchalanadi. Shu sababdan sabzavotlar faqat emalli idishlarda pishiriladi. Sabzavotli ovqat pishgandan so‘ng tezda iste’mol qilinadi.
Vitaminlar manbai
Odam har kuni ovqat bilan vitaminlarni zarur miqdorda qabul qilishi kerak. Olma, sabzi va boshqa sabzavotlar, ko‘katlar qish faslida vitaminlarning asosiy manbai hisoblanadi (58-rasm). Oziq moddalarda vitaminlar yetishmaganida shifokor tavsiyasi bilan vitaminli preparatlardan foydalanish mumkin. Lekin vitaminlarni keragidan ortiq iste’mol qilish ham salbiy oqibatlarga olib keladi.

Bilimingizni sinang
Vitamin terminini 1912-yilda kim taklif etgan?
- K. Funk
- I.I. Mechnikov
- N.I. Lunin
- I.P. Pavlov
To‘g‘ri javob: K. Funk. Bu terminni 1912-yilda polyak olimi K. Funk taklif etgan.
Vitaminlarni o‘rganishga kim asos solgan?
- I.P. Pavlov
- I.I. Mechnikov
- N.I. Lunin
- K. Funk
To‘g‘ri javob: N.I. Lunin. Vitaminlarni o‘rganishga rus olimi N.I. Lunin asos solgan.
Organizmda vitamin yetishmasligi qanday ataladi?
- Avitaminoz
- Metabolizm
- Provitamin
- Dissimilatsiya
To‘g‘ri javob: Avitaminoz. Vitamin yetishmasligi avitaminoz deyiladi.
Ilgari beri-beri kasalligi qaysi xalqlar orasida keng tarqalgan edi?
- Tog‘li hududlarda yashovchi, ko‘p go‘sht iste’mol qiladigan xalqlar orasida
- Tinch okean orollarida yashovchi, ko‘p guruch iste’mol qiladigan xalqlar orasida
- Shimoliy dengiz bo‘yida yashovchi, ko‘p baliq iste’mol qiladigan xalqlar orasida
- Cho‘l zonasida yashovchi, ko‘p sut iste’mol qiladigan xalqlar orasida
To‘g‘ri javob: Tinch okean orollarida yashovchi, ko‘p guruch iste’mol qiladigan xalqlar orasida. Beri-beri ilgari Tinch okean orollarida, ko‘p guruch iste’mol qiladigan xalqlar orasida keng tarqalgan.
Quyidagi qatorlarning qaysi birida A vitamini hosil qiladigan karotin moddasi bo‘lgan o‘simliklar berilgan?
- Sabzi, ismaloq, pomidor
- Jigar, baliq ikrasi, tuxum sarig‘i
- Na’matak, limon, qora smorodina
- Baliq yog‘i, sariyog‘, sut
To‘g‘ri javob: Sabzi, ismaloq, pomidor. Karotin sabzi, ismaloq, pomidor, o‘rik va qizil garmdorida bor; qolganlari boshqa vitamin yoki hayvon mahsulotlari.
O‘simliklarda bo‘lib, odam va hayvonlar organizmida vitaminlar hosil bo‘ladigan moddalar nima deyiladi?
- Fermentlar
- Avitaminozlar
- Provitaminlar
- Gormonlar
To‘g‘ri javob: Provitaminlar. Vitamin hosil qiluvchi moddalar provitaminlar deyiladi (masalan, karotinoidlar).
Organizmda vitamin yetishmaganida nima sodir bo‘ladi?
- Moddalar almashinuvi izdan chiqadi
- Fermentlar faolligi oshadi
- Moddalar almashinuvi tezlashadi
- Yuqumli kasalliklarga chidamlilik oshadi
To‘g‘ri javob: Moddalar almashinuvi izdan chiqadi. Vitamin yetishmaganida moddalar almashinuvi izdan chiqib, mehnat qobiliyati va chidamlilik pasayadi.
Nima uchun yosh bolalarni ertalab va kechqurunlari ochiq havoda sayr qildirish lozim?
- Ochiq havoda B12 vitamini ichakda ko‘paya boshlaydi
- Quyosh nuri ta’sirida terida D vitamini sintezlanadi
- Quyosh nuri ta’sirida terida C vitamini sintezlanadi
- Quyosh nuri ta’sirida A vitamini ovqatdan tezroq so‘rilib ketadi
To‘g‘ri javob: Quyosh nuri ta’sirida terida D vitamini sintezlanadi. Quyosh nuri ta’sirida odam terisida D vitamini sintezlanadi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash