XotirAI logotipiXotirAI
🧬 8-sinf · Odam va uning salomatligi · 33-§.

Organizmda energiya sarfi

Mavzular

Organizmda energiyaning o‘zgarishi

Organizmda energiyaning o‘zgarishi. Organizmda sodir bo‘lib turadigan barcha jarayonlar (masalan, moddalar almashinuvi, tana haroratini saqlash, harakatlanish, organlarning ishlashi) uchun energiya zarur. Bir kecha-kunduzda tana massasi 70 kg bo‘lgan odam taxminan 2500 kkal energiya sarflaydi. Bu energiyani organizm ovqat tarkibidagi organik birikmalardan oladi. Hujayralarda muttasil sodir bo‘ladigan bir guruh o‘zgarishlar natijasida organizm energiya bilan to‘ldiriladi. Boshqa guruh o‘zgarishlarda energiya sarf bo‘ladi.

Energiya turlari

Hujayralarda energiya organik moddalarda kimyoviy bog‘lar shaklida saqlanadi. Organik birikmalar parchalanganida ulardagi kimyoviy energiya elektr, mexanik yoki issiqlik energiyasiga aylanadi. Nerv impulslarining elektr energiyasi axborotni nerv tolalari bo‘ylab o‘tkazilishini, mexanik energiya skelet muskullari, yurak, diafragmaning qisqarishini ta’minlaydi. Barcha turdagi energiyalar issiqlik energiyasiga aylanadi. Issiqlikning bir qismi tana harorati doimiyligini saqlash uchun sarflanadi, ortiqcha qismi esa teri orqali atrof-muhitga tarqalib ketadi.

Energiya sarfi va mehnat turi

Organizmda energiya sarfi. Organizmda sarflangan energiyaning o‘rni ovqatlanish orqali to‘ldirib turiladi. Energiya sarfi mehnat turiga bog‘liq (jadvalga qarang). Mehnat og‘irlashgan sayin energiya sarfi ham oshib boradi. Har xil ish bilan shug‘ullanadigan kishilarning bir kecha-kunduzda sarflaydigan energiyasini aniqlash orqali shu energiyani qoplash uchun zarur bo‘lgan ovqat miqdorini ko‘rsatish mumkin. Organizmning oziq moddalar va energiyaga bo‘lgan ehtiyoji odamning yoshi, jinsi va mehnat tarziga bog‘liq. Bolalarda muskul qisqarishiga katta yoshdagi odamlarga nisbatan kam energiya sarflanadi.

O‘quvchilar va 18–40 yoshli odamlarning bir sutkada sarflaydigan energiya miqdori (kkal):

Kaloriya va energetik qiymat

Organizmda energiya sarfi kaloriya yoki joul (J) birligida (1 kaloriya 4,2 J ga teng) hisoblanadi. 1 kaloriya 1 g suvni 1 °C ga isitish uchun sarf bo‘ladigan energiyaga teng. Organizmda 1 g karbonsuv yoki oqsil parchalanganida 4,1 kkal (kilokaloriya), 1 g yog‘ parchalanganida 9,3 kkal energiya hosil bo‘ladi.

Ovqatlanish me’yori

Ovqatlanish me’yori. Mehnat qobiliyatini saqlab qolish va sog‘lom bo‘lish uchun bir sutka davomida yeyiladigan ovqat shu vaqt davomida sarflangan energiya o‘rnini to‘ldirishi lozim. Shu sababdan har xil kasbda mehnat qiladigan kishilar uchun ovqatlanish me’yori ishlab chiqiladi. Ovqatlanish me’yorini belgilash uchun oziq-ovqat mahsulotlarining energetik qiymati aniqlanadi. Ovqatlanish ratsionini belgilashda organizmning turli xil oziq moddalar: karbonsuvlar, oqsillar, yog‘lar, vitaminlar va mineral tuzlarga ehtiyoji hisobga olinadi.

Katta yoshli odam bir sutkada 100–120 g oqsil, 80–110 g yog‘ (shundan 30 g o‘simlik yog‘i), 450–500 g karbonsuv iste’mol qilishi lozim. Ovqatlanish me’yori organizmning energiyaga talabini qondirish bilan birga nobud bo‘ladigan hujayralar o‘rniga yangi hujayralarning hosil bo‘lishiga va odamning to‘laqonli mehnat qilishiga imkon beradi, organizmning infeksiyali kasalliklarga qarshiligini ta’minlaydi.

To‘g‘ri ovqatlanish va semirish

To‘g‘ri ovqatlanish – salomatlik garovi hisoblanadi. Hech qaysi mahsulot organizmning barcha moddalarga talabini qondirolmaydi. Shu sababdan ovqatlanish me’yorlashgan, ya’ni unda oqsilli mahsulotlar bilan birga yetarli miqdorda karbonsuvlar, o‘simlik va hayvon yog‘lari, vitaminlar, mineral tuzlar ham bo‘lishi zarur. O‘simliklar tarkibidagi kletchatka ichak va oshqozon devori muskullarining qisqarishiga yordam beradi.

Semirish – moddalar almashinuvi, yurak-qon tomirlari va harakat organlari ishining buzilishi bilan bog‘liq. O‘lim semirish dardiga uchragan kishilar orasida boshqalarga nisbatan ikki baravar ko‘p bo‘ladi. Aniqlangan semirish yog‘li, tez hazm bo‘ladigan konditer mahsulotining ko‘p iste’mol qilinishi, ya’ni organizmga ovqat bilan kiradigan energiya qiymati sarf bo‘lgan energiyaga nisbatan ko‘p bo‘lishi natijasida kelib chiqadi. Semirishning oldini olish uchun sport va jismoniy mehnat bilan ko‘proq shug‘ullanish, ovqatlanish me’yori va rejimiga amal qilish zarur.

Ovqatlanish rejimi

Ovqatlanish rejimi bir sutkalik ovqatlanish soni va vaqtini hamda ovqat ratsionini aniqlab berishdan iborat. Sutkasiga 4 marta ovqatlanish maqsadga muvofiq, chunki shunday qilinganda ovqat hazm qilish sistemasi bir maromda ishlaydi. O‘rta yoshli aqliy va yengil jismoniy mehnat bilan shug‘ullanadigan kishilar sutkalik ovqat ratsionining 25–30 % ini ertalabki nonushtada, 35–40 % ini tushlikda, 15 % ini ikkinchi tushlikda va 20–25 % ini kechki ovqatlanishda yeydi.

Maktab o‘quvchisining ovqatlanishi

Maktab o‘quvchisining ovqatlanish rejimi. O‘sayotgan organizm uchun oqsillar juda zarur. Shu sababdan o‘quvchi ertalab darsdan oldin go‘shtli, baliqli, tvorogli yoki sutli ovqatlar yeyishi lozim. Oqsilga boy ovqat o‘quvchining aqliy va jismoniy faoliyatini oshiradi. Soat 11 da bo‘ladigan ikkinchi nonushta buterbrod yoki bulochka bilan choy yoki kofedan iborat bo‘ladi. Tushlik maktab oshxonasi yoki uyda soat 15–16 da qilinadi. Tushlik suyuq ovqat (sho‘rva), go‘sht yoki baliq solingan garnirli quyuq ovqat, kompot, meva yoki meva sharbatlaridan iborat bo‘ladi. Kechki ovqat uyquga yotishdan 2 soat oldin yeyiladi. Unda o‘quvchi sut yoki sabzavotli taomlar yeyishi kerak.

Bolalarning to‘g‘ri ovqatlanmasligi, ular ovqati tarkibida hayvon yog‘i, tez hazm bo‘ladigan karbonsuvlar (non, shirinliklar)ning ko‘p bo‘lishi, o‘simlik yog‘i, sut, sut mahsulotlari, sabzavot va mevalarning yetarli bo‘lmasligi organizmda yog‘ almashinuvining izdan chiqishiga, yurak va qon tomirlari kasalliklariga olib keladi. O‘sayotgan yosh bolalar organizmiga och yurish katta ziyon yetkazadi. Ayniqsa, bolalarni ertalab shoshib ovqatlanishi yoki nonushta qilmasdan maktabga borishi, o‘tirmasdan, kitob o‘qib yoki televizor tomosha qilib ovqatlanishi mumkin emas.

Oziq moddalar miqdori jadvali

Turli yoshdagi odamlar sutkalik ovqat ratsionidagi oziq moddalarning miqdori (2-jadval):

2-jadval. Turli yoshdagi odamlar sutkalik ovqat ratsionidagi oziq moddalarning miqdori (yosh bo‘yicha oqsil, yog‘, uglevod, g va energiya, kkal).
2-jadval. Turli yoshdagi odamlar sutkalik ovqat ratsionidagi oziq moddalarning miqdori (yosh bo‘yicha oqsil, yog‘, uglevod, g va energiya, kkal).

Bilimingizni sinang

Tana massasi 70 kg bo‘lgan odam bir kecha-kunduzda taxminan qancha energiya sarflaydi?
  1. 1500 kkal
  2. 3000 kkal
  3. 2000 kkal
  4. 2500 kkal

To‘g‘ri javob: 2500 kkal. Tana massasi 70 kg bo‘lgan odam sutkasiga taxminan 2500 kkal energiya sarflaydi.

Energiya birliklari orasidagi qaysi nisbat to‘g‘ri?
  1. 1 kaloriya 4,1 J ga teng
  2. 1 kaloriya 9,3 J ga teng
  3. 1 kaloriya 2,4 J ga teng
  4. 1 kaloriya 4,2 J ga teng

To‘g‘ri javob: 1 kaloriya 4,2 J ga teng. Kaloriya joulga o‘tkazilganda 1 kaloriya 4,2 J ga teng bo‘ladi.

Organizmda 1 g yog‘ parchalanganida qancha energiya hosil bo‘ladi?
  1. 5,6 kkal
  2. 4,1 kkal
  3. 7,2 kkal
  4. 9,3 kkal

To‘g‘ri javob: 9,3 kkal. 1 g yog‘ parchalanganida 9,3 kkal, karbonsuv va oqsilda esa 4,1 kkal energiya hosil bo‘ladi.

1 kaloriya qanday miqdordagi energiyaga teng?
  1. 1 g suvni 10 °C ga isitish uchun sarflanadigan energiyaga
  2. 1 g suvni 1 °C ga isitish uchun sarflanadigan energiyaga
  3. 1 g yog‘ning parchalanishida hosil bo‘ladigan energiyaga
  4. 1 kg suvni 1 °C ga isitish uchun sarflanadigan energiyaga

To‘g‘ri javob: 1 g suvni 1 °C ga isitish uchun sarflanadigan energiyaga. Kaloriya – 1 g suvni 1 °C ga isitish uchun sarf bo‘ladigan energiya miqdori.

16–18 yoshdagilarning sutkalik ovqat ratsionida yog‘ miqdori qancha bo‘lishi kerak?
  1. 80–90 g
  2. 90–100 g
  3. 100–110 g
  4. 110–120 g

To‘g‘ri javob: 100–110 g. 16–18 yoshda yog‘ 100–110 g, oqsil 100–120 g, uglevod 400–500 g bo‘lishi kerak.

Organizmning oziq moddalar va energiyaga bo‘lgan ehtiyoji qaysi omillarga bog‘liq?
  1. yoshi, jinsi va mehnat tarziga
  2. jinsi, tana harorati va uyqu davomiyligiga
  3. qon guruhi, yoshi va ovqatlanish soniga
  4. bo‘yi, vazni va yashash joyiga

To‘g‘ri javob: yoshi, jinsi va mehnat tarziga. Ehtiyoj odamning yoshi, jinsi va mehnat tarziga bog‘liq.

Ovqatlanish me’yorini belgilash uchun avvalo nima aniqlanadi?
  1. ovqat hazm bo‘lish davomiyligi
  2. odamning tana massasi va bo‘yi nisbati
  3. oziq-ovqat mahsulotlarining energetik qiymati
  4. oziq-ovqat mahsulotlarining saqlanish muddati

To‘g‘ri javob: oziq-ovqat mahsulotlarining energetik qiymati. Me’yor belgilashda mahsulotlarning energetik qiymati aniqlanadi.

Muskul qisqarishiga sarflanadigan energiya miqdori bolalar va katta yoshdagi odamlarda qanday farq qiladi?
  1. Bolalarda katta yoshdagilarga nisbatan ko‘p sarflanadi
  2. Ikkala guruhda ham bir xil miqdorda sarflanadi
  3. Bolalarda katta yoshdagilarga nisbatan kam sarflanadi
  4. Bolalarda muskul qisqarishiga energiya sarflanmaydi

To‘g‘ri javob: Bolalarda katta yoshdagilarga nisbatan kam sarflanadi. Bolalarda muskul qisqarishiga katta yoshdagilarga qaraganda kam energiya sarflanadi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiVitaminlar va ularning ahamiyatiKeyingi →Terining tuzilishi va funksiyasi