XotirAI logotipiXotirAI
🧬 8-sinf · Odam va uning salomatligi · 34-§.

Terining tuzilishi va funksiyasi

Mavzular

Terining ahamiyati

Terining ahamiyati. Teri tanani tashqi tomondan qoplab turadi va himoya, termoregulatsiya, nafas olish, ayirish, tuyg‘u funksiyasini bajaradi. Teri organizmni ortiqcha suv yo‘qotishdan va mexanik ta’sirdan saqlaydi, kasallik tug‘diruvchi mikroorganizmlardan himoya qiladi. Teri bezlari ter va yog‘ ishlab chiqaradi. Mo‘tadil sharoitda ter bezlari orqali bir sutkada 500 ml suv va unda erigan almashinuv mahsulotlari – mineral tuzlar ajraladi.

Terining boshqa funksiyalari

Teri ultrabinafsha nurlar ta’sirida D vitaminini sintezlaydi, organizmda gaz almashinuvida ishtirok etadi. Organizm uchun zarur bo‘lgan kislorodning 1 % i teri orqali o‘tadi, moddalar almashinuvida hosil bo‘ladigan karbonat angidridning 2 % i teri orqali chiqib ketadi. Katta yoshdagi odam terisining umumiy sathi 1,5–2 m² ga yetadi. Terida bosim, og‘riq va haroratga sezgir retseptorlar joylashgan.

Epidermis

Terining tuzilishi. Teri tashqi epidermis, o‘rta chin teri (derma) va teriosti yog‘ qavatlaridan iborat (59-rasm). Terining sirtqi qavati tig‘iz joylashgan, epidermis hujayralardan iborat. Hujayralar teriga suv va mikroorganizmlar o‘tishiga to‘sqinlik qiladi. Bu hujayralar yemirilib, yangilanib turadi va hujayralar teri sirtiga yaqinlashgan sayin muguzlanib boradi. Epidermisning hujayralari 7–11 kunda to‘liq almashadi.

59-rasm. Terining tuzilishi: 1 – soch, 2 – yog‘ bezlari, 3 – muskul tolalari, 4 – ter bezlari, 5 – epidermis, 6 – chin teri, 7 – teri retseptorlari, 8 – teriosti kletchatkasi, 9 – arteriya, 10 – yog‘ to‘qimasi, 11 – vena.
59-rasm. Terining tuzilishi: 1 – soch, 2 – yog‘ bezlari, 3 – muskul tolalari, 4 – ter bezlari, 5 – epidermis, 6 – chin teri, 7 – teri retseptorlari, 8 – teriosti kletchatkasi, 9 – arteriya, 10 – yog‘ to‘qimasi, 11 – vena.

Derma – chin teri

Derma – chin teri qavatida qon va limfa tomirlari, nerv tolalari, yog‘ va ter bezlari, soch va tirnoqlarning ildizi joylashgan. Derma ustki so‘rg‘ichli va ostki to‘rsimon qavatlardan iborat. Epidermis ostida joylashgan so‘rg‘ichli qavat g‘ovak tolali shakllanmagan biriktiruvchi to‘qimaning epidermisga botib kirishidan hosil bo‘lgan. So‘rg‘ichlar va ular orasidagi egatchalar barmoq, kaft, tovon va boshqa joylarda har bir odamning o‘ziga xos murakkab chiziqlarini hosil qiladi. Teri relyefidan kriminalistikada odam shaxsini aniqlashda foydalaniladi.

Derma qavatlari va gipoderma

So‘rg‘ichli qavatda joylashgan muskul hujayralari soch piyozchasiga tutashgan. Muskullar qisqarganida terida ‘g‘oz po‘st’ paydo bo‘ladi. To‘rsimon qavatdagi kollagen tolalar to‘r hosil qiladi. Bu qavatda soch ildizlari, ter va yog‘ bezlari joylashgan. To‘rsimon qavatning kollagen tolalari orasi yog‘ to‘qimasidan iborat. Yog‘ qavati termoregulatsiyada katta ahamiyatga ega va u organizmning yog‘ deposi ham hisoblanadi.

Teriosti gipoderma qavati. Gipoderma g‘ovak tolali biriktiruvchi to‘qimadan iborat. Uning tolalari oralig‘i yog‘ bo‘lakchalari bilan to‘lgan. Qovoqda yog‘ bo‘lakchalari bo‘lmaydi. Yog‘ bo‘lakchalari orasida ko‘p miqdorda qon tomirlari va nervlar joylashgan. Bu qavat ayollarda nisbatan qalinroq rivojlangan. Odatda, yosh o‘tgan sayin terining yog‘ qavati qalinlashib boradi. Jismoniy mehnat, sport bilan shug‘ullanish organizmda yog‘ to‘planishining oldini oladi.

Bilimingizni sinang

Mo‘tadil sharoitda ter bezlari orqali bir sutkada qancha suv ajraladi?
  1. 300 ml
  2. 100 ml
  3. 500 ml
  4. 1000 ml

To‘g‘ri javob: 500 ml. Mo‘tadil sharoitda ter bezlari sutkasiga 500 ml suv ajratadi.

Epidermis hujayralari qancha vaqtda to‘liq almashadi?
  1. 3–5 kunda
  2. 7–11 kunda
  3. 1–3 kunda
  4. 20–30 kunda

To‘g‘ri javob: 7–11 kunda. Epidermis hujayralari 7–11 kunda to‘liq almashadi.

Teri qavatlarini xususiyati bilan moslang: 1) epidermis; 2) derma; 3) gipoderma. a) hujayralari teri sirtiga yaqinlashgan sayin muguzlanadi; b) qon va limfa tomirlari, nerv tolalari, ter bezlari joylashgan; c) g‘ovak tolali biriktiruvchi to‘qima, tolalari oralig‘i yog‘ bo‘lakchalari bilan to‘lgan.
  1. 1-b, 2-a, 3-c
  2. 1-c, 2-b, 3-a
  3. 1-a, 2-b, 3-c
  4. 1-a, 2-c, 3-b

To‘g‘ri javob: 1-a, 2-b, 3-c. Epidermis muguzlanadi, derma tomirlar va bezlarga boy, gipoderma yog‘ bo‘lakchalarini saqlaydi.

Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Organizm uchun zarur kislorodning 10 % i teri orqali o‘tadi; II. Karbonat angidridning 2 % i teri orqali chiqib ketadi; III. Katta yoshdagi odam terisining umumiy sathi 1,5–2 m² ga yetadi.
  1. Faqat II
  2. I va II
  3. I va III
  4. II va III

To‘g‘ri javob: II va III. I noto‘g‘ri: kislorodning 1 % i teri orqali o‘tadi.

Teri relyefidagi so‘rg‘ich va egatchalar hosil qiladigan chiziqlardan kriminalistikada nima maqsadda foydalaniladi?
  1. odam yoshini aniqlashda
  2. odam shaxsini aniqlashda
  3. kasallik turini aniqlashda
  4. qon guruhini aniqlashda

To‘g‘ri javob: odam shaxsini aniqlashda. Chiziqlar har bir odamda o‘ziga xos bo‘lgani uchun shaxsni aniqlashda ishlatiladi.

Teriosti gipoderma qavatida yog‘ bo‘lakchalari qaysi joyda bo‘lmaydi?
  1. kaftda
  2. qovoqda
  3. tovonda
  4. qorinda

To‘g‘ri javob: qovoqda. Qovoqda yog‘ bo‘lakchalari bo‘lmaydi.

Dermaning so‘rg‘ichli va to‘rsimon qavatlari haqida qaysi javob to‘g‘ri?
  1. So‘rg‘ichli: soch ildizlari va ter bezlari joylashgan; to‘rsimon: muskullar soch piyozchasiga tutashgan
  2. Ikkala qavatda ham kollagen tolalar to‘r hosil qiladi
  3. So‘rg‘ichli: muskullar soch piyozchasiga tutashgan; to‘rsimon: kollagen tolalar to‘r hosil qiladi
  4. So‘rg‘ichli: kollagen tolalar to‘r hosil qiladi; to‘rsimon: muskullar soch piyozchasiga tutashgan

To‘g‘ri javob: So‘rg‘ichli: muskullar soch piyozchasiga tutashgan; to‘rsimon: kollagen tolalar to‘r hosil qiladi. Muskullar so‘rg‘ichli qavatda, kollagen to‘r va bezlar to‘rsimon qavatda.

Rasmda 6 raqami bilan ko‘rsatilgan qism (tuzilma, bosqich) qaysi?
  1. chin teri
  2. yog‘ to‘qimasi
  3. teri retseptorlari
  4. ter bezlari

To‘g‘ri javob: chin teri. 59-rasm. Terining tuzilishi: 1 – soch, 2 – yog‘ bezlari, 3 – muskul tolalari, 4 – ter bezlari, 5 – epidermis, 6 – chin teri, 7 – teri retseptorlari, 8 – teriosti kletchatkasi, 9 – arteriya, 10 – yog‘

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiOrganizmda energiya sarfiKeyingi →Ter bezlari va teri hosilalari