XotirAI logotipiXotirAI
🧬 8-sinf · Odam va uning salomatligi · 35-§.

Ter bezlari va teri hosilalari

Mavzular

Ter bezlari

Ter bezlari. Terining derma qavatida ter va yog‘ bezlari joylashgan. Ter bezlari ayniqsa kaft, tovon, peshanada ko‘p bo‘ladi. Bezlar nayga o‘xshash bo‘lib, derma qavatida joylashgan qismi kalavasimon chigalni hosil qiladi, uchki qismi teri yuzasiga ochiladi. Terida 2–2,5 mln. ga yaqin ter bezlari bo‘ladi.

Ter tarkibi 98–99 % suv, qolgan qismi moddalar almashinuvi mahsulotlari – mochevina, siydik kislota, natriy xlorid, kaliy va boshqalardan iborat. Ter ajralishi termoregulatsiya (tana harorati bir me’yorda saqlanishining boshqarilishi)da katta ahamiyatga ega. Ter orqali ko‘p miqdorda zararli mahsulotlar (mochevina, siydik kislota) organizmdan chiqib ketadi.

Yog‘ bezlari tuzilishi

Yog‘ bezlari terining o‘rta qavatida joylashgan, ular faqat qo‘l va oyoq kaftida bo‘lmaydi. Bosh, peshana, chakka, ko‘krak va tana orqasida ko‘p bo‘ladi. Bezlar sutka davomida 20 g gacha yog‘simon modda ajratadi.

Bezlar alveolalar va kalta chiqarish nayidan iborat. Nay soch xaltasiga yoki teri sirtiga ochiladi. Bezlar sekreti soch va terini yog‘lab, elastik qiladi, terini shilinishdan saqlaydi. Yog‘ bezlari sekreti tarkibida xolesterin efirlari, yog‘ kislotalar, oqsil, gormonlar va boshqa moddalar bo‘ladi.

Yog‘ pardaning himoyasi

Teri sirtida hosil bo‘ladigan yupqa yog‘ parda terini elastik qiladi va terini qurib qolishdan saqlaydi. Yog‘ ter tarkibidagi kislota bilan aralashib, teri sirtida kislotali muhit hosil qiladi. Bu muhit teriga tushgan mikroorganizmlarni zararsizlantirish xususiyatiga ega.

Yog‘ bezlari funksiyasi endokrin sistema holatiga bog‘liq. Balog‘atga yetish davrida jinsiy bezlar funksiyasi kuchayishi bilan yog‘ bezlari ko‘p sekret ajrata boshlaydi.

Yog‘ bezlari buzilishi

Yog‘ ko‘p ishlab chiqarilganida bezlarning teshikchalari kengayib, teri apelsin po‘chog‘iga o‘xshab yaltirab turadi. Bunda teriga oq yoki qora husnbuzarlar toshishi, boshda qasmoq yig‘ilishi (seboreya) mumkin.

Yog‘ moddasi ter tarkibidagi kislota ta’sirida parchalanib, ishqoriy muhit hosil qiladi. Bunday holatda yallig‘lantiruvchi mikroorganizmlarning ko‘payishi uchun sharoit tug‘iladi.

Yog‘ bezlari funksiyasi pasayganida teri quruqlashib, uning tarangligi yo‘qoladi, terida mayda ajinlar paydo bo‘ladi.

Sochlar

Teri hosilalari soch va tirnoqlardan iborat. Sochlar, ya’ni tuklar qo‘l, oyoq kafti, lablarda bo‘lmaydi, bosh va yuzda qalin o‘sadi. Sochning bo‘lishi hamda qalinligi jins va yoshga bog‘liq ikkilamchi jinsiy belgi hisoblanadi.

Sochning teri sirtiga chiqib turgan qismi soch o‘qi, terida joylashgan qismi ildizi deyiladi. Soch ildizi soch xaltasi ichida joylashgan. Xaltaga sochni ko‘taruvchi muskullar birikkan, unga yog‘ bezlari nayi ochiladi. Muskullar qisqarib, sochni ko‘taradi va yog‘ bezlari sochni yog‘lab turadi.

Soch o‘sishi va rangi

Soch ildizi kengayib, soch piyozchasini hosil qiladi. Piyozcha hisobidan soch o‘sadi. Teri epiteliysida sochga rang beruvchi pigment va havo pufakchalari bo‘ladi. Yosh o‘tishi bilan pufakchalar yiriklashib, pigment sintezi to‘xtaydi, soch oqara boshlaydi. Sochlar 2–3 oydan 2–3 yil davomida almashinib turadi.

Tirnoqlar

Tirnoqlar barmoq uchki qismini himoya qilib turadigan muguz plastinka bo‘lib, ildiz va tanadan iborat. Ildiz hujayralari hisobidan tirnoq har kuni 0,1–0,2 cm o‘sadi. Tirnoq biroz bo‘rtib chiqqan, silliq, tiniq va rangsiz bo‘ladi.

Bilimingizni sinang

Terida ter bezlarining umumiy soni taxminan qancha bo‘ladi?
  1. 5–6 mln
  2. 2–2,5 mln
  3. 200–250 ming
  4. 20–25 mln

To‘g‘ri javob: 2–2,5 mln. Terida 2–2,5 mln ga yaqin ter bezlari bo‘ladi.

Ter tarkibining qancha qismini suv tashkil qiladi?
  1. 88–89 %
  2. 98–99 %
  3. 78–79 %
  4. 68–69 %

To‘g‘ri javob: 98–99 %. Ter tarkibi 98–99 % suvdan iborat.

Ter va yog‘ aralashmasidan teri sirtida hosil bo‘ladigan kislotali muhit qanday xususiyatga ega?
  1. teriga tushgan mikroorganizmlarning ko‘payishiga yordam beradi
  2. teri orqali kislorod o‘tishini to‘xtatadi
  3. teriga tushgan mikroorganizmlarni zararsizlantiradi
  4. terini ultrabinafsha nurlardan to‘liq to‘sib qo‘yadi

To‘g‘ri javob: teriga tushgan mikroorganizmlarni zararsizlantiradi. Kislotali muhit mikroorganizmlarni zararsizlantiradi.

Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Yog‘ ko‘p ishlab chiqarilganda bezlarning teshikchalari kengayib, teri yaltirab turadi; II. Yog‘ bezlari funksiyasi pasayganda teri quruqlashib, tarangligi yo‘qoladi; III. Yog‘ moddasi ter kislotasi ta’sirida parchalanib, kislotali muhit hosil qiladi.
  1. Faqat III
  2. I va III
  3. I va II
  4. II va III

To‘g‘ri javob: I va II. III noto‘g‘ri: parchalanganda ishqoriy muhit hosil bo‘ladi.

Soch qismlarini xususiyati bilan moslang: 1) soch o‘qi; 2) soch ildizi; 3) soch piyozchasi. a) o‘sishi shu qism hisobiga bo‘ladi; b) teri sirtiga chiqib turgan qism; c) soch xaltasi ichida joylashgan.
  1. 1-c, 2-b, 3-a
  2. 1-a, 2-c, 3-b
  3. 1-b, 2-a, 3-c
  4. 1-b, 2-c, 3-a

To‘g‘ri javob: 1-b, 2-c, 3-a. Soch o‘qi tashqarida, ildiz xalta ichida, o‘sish piyozcha hisobiga.

Ter va yog‘ bezlarining tuzilishi haqida qaysi javob to‘g‘ri?
  1. Ter bezi alveolalar va kalta nayidan iborat; yog‘ bezi kalavasimon chigal hosil qiladi
  2. Ikkala bez ham alveolalar va kalta chiqarish nayidan iborat
  3. Ikkala bez ham kalavasimon chigal hosil qilib, teri yuzasiga ochiladi
  4. Ter bezi kalavasimon chigal hosil qiladi; yog‘ bezi alveolalar va kalta nayidan iborat

To‘g‘ri javob: Ter bezi kalavasimon chigal hosil qiladi; yog‘ bezi alveolalar va kalta nayidan iborat. Ter bezi kalavasimon chigal, yog‘ bezi alveola va kalta nayga ega.

Tirnoq ildiz hujayralari hisobidan har kuni qancha o‘sadi?
  1. 0,01–0,02 cm
  2. 0,5–0,6 cm
  3. 0,1–0,2 cm
  4. 1–2 cm

To‘g‘ri javob: 0,1–0,2 cm. Tirnoq har kuni 0,1–0,2 cm o‘sadi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiTerining tuzilishi va funksiyasiKeyingi →Teri gigiyenasi, teri shikastlanganda birinchi yordam ko‘rsatish