Siydik ajratish organlarining tuzilishi
Mavzular
Siydik ajratish ahamiyati
Siydik ajratishning ahamiyati. Moddalar almashinuvi natijasida organizmda hosil bo‘ladigan qoldiq moddalar va almashinuv mahsulotlari ichak, o‘pka, ter va yog‘ bezlari hamda buyrak orqali chiqarib yuboriladi. Ichak orqali hazm bo‘lmagan ovqat qoldiqlari, tuzlar, o‘t pigmentlari va xolesterin, o‘pka orqali suv va karbonat angidrid, ter bezlari orqali suv va karbonat angidrid, tuzlar va azotli moddalar almashinuvi mahsulotlari chiqariladi.
Ammo moddalar almashinuvi mahsulotlarini organizmdan chiqarishda siydik ajratish sistemasi asosiy ahamiyatga ega. Organizmda hosil bo‘ladigan moddalar almashinuvi mahsulotlarining 75 % dan ko‘prog‘i siydik bilan chiqarib yuboriladi. Shu tariqa siydik ajratish organlari organizmda osmotik bosim doimiyligi, suv va tuzlar balansini saqlash, ya’ni gomeostazni ta’minlash funksiyasini bajaradi.
Sistema organlari va buyrak
Siydik ajratish sistemasi organlariga buyrak, siydik yo‘li, qovuq, siydik chiqarish nayi kiradi (60-rasm).
Buyrakning tuzilishi. Buyrak – bir juft loviyasimon organ. Uning sirti silliq, och qo‘ng‘ir tusda bo‘ladi. Har bir buyrakning vazni o‘rtacha 150 g keladi. Buyraklar tananing bel sohasida, umurtqa pog‘onasining ikki yonida joylashgan.
Buyrak darvozasi va bo‘shlig‘i
Buyrakning ichki tomoni botiqroq bo‘ladi. Botiq tomonida joylashgan chuqurchasi – buyrak darvozasi orqali buyrakka arteriya va vena qon tomirlari, nervlar va limfa o‘tadi. Buyrak darvozasi buyrak ichi bo‘shlig‘i bilan tutashgan. Bo‘shliqda yupqa devorli ko‘p sonli kosachalar va buyrak jomi joylashgan.
Sirtdan buyrak biriktiruvchi silliq to‘qimadan iborat kapsula bilan o‘ralgan. Buyrak jomi va kosachalarni yog‘ kletchatka o‘rab turadi.
Buyrak kesmasi
Buyrak kesmasida uning tashqi qoramtir buyrak po‘stlog‘i va oqish ichki buyrak mag‘zi qavatlari ko‘zga tashlanadi. Mag‘iz qavat konussimon oqish piramidalardan iborat. Po‘stloqning qoramtir moddasi ana shu piramidalar asosini va ularning oralig‘ini to‘ldirib turadigan buyrak ustunchalarini hosil qiladi.
Piramidalarning buyrak bo‘shlig‘iga o‘girilgan uchki qismi kosachalar ichiga botib kiradigan so‘rg‘ichlarni hosil qiladi. So‘rg‘ichlarning uchki qismiga so‘rg‘ich naychalari yo‘li ochiladi. Naychalar orqali kosachalarga siydik oqib keladi. Kosachalar o‘zaro qo‘shilib, yagona siydik jomiga ochiladi (61-rasm).

Jom va siydik yo‘li
Buyrak jomi buyrakning ichki mag‘iz qismida joylashgan. Buyrak jomi asta-sekin torayib, siydik yo‘liga o‘tadi. Buyrak kosasi va buyrak jomi devori shilimshiq parda bilan qoplangan. Jom devorida muskullar bo‘ladi.
Siydik yo‘li diametri 6–8 mm va uzunligi 25–30 cm keladigan ikkita silindr shaklidagi naydan iborat. Naylar qorin bo‘shlig‘i orqa devori bo‘ylab joylashgan, chanoq sohasida qovuq bilan tutashgan.
Nefron – buyrak birligi
Nefronlar. Buyrak juda ko‘p nefronlardan iborat. Nefron buyrakning tuzilish va funksional birligi hisoblanadi. Har bir nefronning uzunligi 50–55 mm, barcha nefronlarning uzunligi 100 km ga yetadi. Ikkala buyrakda 2–2,5 mln nefron bo‘ladi.
Har bir nefron Shumlyanskiy-Baumen kapsulasi, uning ichida joylashgan mayda qon tomirlari – Malpigi chigali, kapsuladan boshlanadigan birlamchi ilonizi naychalar, Genle halqasi va uchki ikkilamchi ilonizi naychalardan iborat (62-rasm).

Nefronning joylashishi
Nefronlar kapsulasi, birlamchi va ikkilamchi naychalar buyrakning po‘stloq qismida, Genle halqasi uning mag‘iz qismida joylashgan. Nefronlarning ikkilamchi ilonizi naychalari buyrakning yig‘uvchi naychalariga ochiladi. Yig‘uvchi naychalar buyrak po‘stlog‘idan boshlanib, buyrak mag‘iz qismidagi piramidalar so‘rg‘ichlariga tutashadi. So‘rg‘ichlar buyrakning kichik kosachalariga ochiladi.
Buyrak kapsulasi tashqi va ichki devori oralig‘i bo‘shlig‘i nefron naychalariga tutashgan. Kapsula ichki devori qon tomirlari devoriga yopishgan. Bu devorlar orqali kapillarlardagi qondan kapsula devorlari orasidagi tirqishga birlamchi siydik filtrlanib o‘tadi.
Buyrakda qon aylanishi
Nefronlarning tuzilishi va funksiyasi buyrak qon aylanish sistemasi tuzilishiga mos keladi. Buyrak arteriyasi buyrak darvozasidan o‘tgach, ketma-ket ko‘p marta shoxlanib, kapillarlar chigalini hosil qiladi. Chigal kapillarlari qayta tutashib, arteriolalarni hosil qiladi. Arteriolalar kapsuladan chiqib, yana kapillarlarga ajralib, ikkilamchi ilonizi naychalarni o‘rab oladi.
Ular esa ketma-ket tutashib, dastlab kichikroq, so‘ngra yirikroq venalarni hosil qiladi. Shunday qilib, buyrakda qon tomirlari ikki marta kapillarlar chigalini hosil qiladi. Birlamchi kapillarlar chigali buyrak kapsulasi ichida joylashgan, ikkilamchi chigal esa nefron naychalarini o‘rab oladi.
Siydik pufagi
Siydik pufagida siydik to‘planadi. Uning hajmi 500–700 cm³ gacha yetadi. U kichik chanoq bo‘shlig‘ida qov suyagining orqasida joylashgan. To‘lgan siydik pufagi tuxumsimon bo‘lib, uning ko‘tarilgan cho‘qqisi, oldinga yo‘nalgan tanasi va tubi farq qilinadi. Tubining orqa devoriga 2 ta siydik yo‘li ochiladi va undan siydik chiqarish kanali boshlanadi.
Devorining ichi shilliq, o‘rtasi muskul va tashqi qavati biriktiruvchi to‘qimadan tuzilgan. Shilliq qavatda juda ko‘p burmalar bo‘lib, siydik pufagi to‘lishi bilan ular yoyiladi. Siydik chiqarish yo‘lining teshigi atrofida halqasimon muskullar bo‘lib, ular sfinkter hosil qiladi. Sfinkter siydik yig‘ilishida qisqarib, siydik chiqarilganda bo‘shashadi.
Bilimingizni sinang
Moddalar almashinuvi mahsulotlarining qancha qismi siydik bilan chiqarib yuboriladi?
- 50 % ga yaqini
- 95 % dan ko‘prog‘i
- 25 % ga yaqini
- 75 % dan ko‘prog‘i
To‘g‘ri javob: 75 % dan ko‘prog‘i. Almashinuv mahsulotlarining 75 % dan ko‘prog‘i siydik bilan chiqariladi.
Siydik ajratish organlari osmotik bosim doimiyligi va suv-tuzlar balansini saqlab, organizmda nimani ta’minlaydi?
- gomeostazni
- muskul qisqarishini
- fotosintezni
- nafas olishni
To‘g‘ri javob: gomeostazni. Osmotik bosim va suv-tuz balansini saqlash gomeostazni ta’minlaydi.
Quyidagilarni joylashuvi bilan moslang: 1) Shumlyanskiy-Baumen kapsulasi; 2) Genle halqasi; 3) yig‘uvchi naychalar. a) buyrak po‘stlog‘i; b) buyrak mag‘zi; c) po‘stloqdan boshlanib, piramidalar so‘rg‘ichlariga tutashadi.
- 1-b, 2-a, 3-c
- 1-a, 2-c, 3-b
- 1-a, 2-b, 3-c
- 1-c, 2-a, 3-b
To‘g‘ri javob: 1-a, 2-b, 3-c. Kapsula po‘stloqda, Genle halqasi mag‘izda, yig‘uvchi naychalar po‘stloqdan so‘rg‘ichlargacha.
Har bir buyrakning vazni o‘rtacha qancha keladi?
- 300 g
- 150 g
- 50 g
- 100 g
To‘g‘ri javob: 150 g. Buyrakning o‘rtacha vazni 150 g.
Buyrak darvozasi orqali buyrakka nimalar o‘tadi?
- faqat siydik va birlamchi filtrat
- o‘t suyuqligi va hazm shirasi
- arteriya va vena qon tomirlari, nervlar va limfa
- faqat arteriya qon tomirlari
To‘g‘ri javob: arteriya va vena qon tomirlari, nervlar va limfa. Darvoza orqali arteriya, vena, nervlar va limfa o‘tadi.
Siydik yo‘lining o‘lchamlari qaysi javobda to‘g‘ri berilgan?
- diametri 6–8 mm, uzunligi 25–30 cm
- diametri 2–3 mm, uzunligi 10–15 cm
- diametri 6–8 cm, uzunligi 25–30 mm
- diametri 16–18 mm, uzunligi 50–55 cm
To‘g‘ri javob: diametri 6–8 mm, uzunligi 25–30 cm. Siydik yo‘li diametri 6–8 mm, uzunligi 25–30 cm.
Ikkala buyrakda nefronlar soni qancha bo‘ladi?
- 20–25 mln
- 20–25 ming
- 2–2,5 mln
- 200–250 ming
To‘g‘ri javob: 2–2,5 mln. Ikkala buyrakda 2–2,5 mln nefron bo‘ladi.
Birlamchi siydik nima orqali qayerga filtrlanib o‘tadi?
- buyrak jomidan siydik pufagiga
- Genle halqasidan yig‘uvchi naychalarga
- kapillarlardagi qondan kapsula devorlari orasidagi tirqishga
- kapsula tirqishidan kapillarlardagi qonga
To‘g‘ri javob: kapillarlardagi qondan kapsula devorlari orasidagi tirqishga. Birlamchi siydik kapillarlar qonidan kapsula devorlari orasidagi tirqishga filtrlanadi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash