XotirAI logotipiXotirAI
🧬 8-sinf · Odam va uning salomatligi · 39-§.

Nerv sistemasining tuzilishi

Mavzular

Nerv sistemasining ahamiyati

Nerv sistemasi organizmni boshqaradi va barcha hujayralar, to‘qimalar va organlar ishini o‘zaro muvofiqlashib ishlashini ta’minlaydi. Nerv sistemasining bu xususiyati tufayli organizm bir butun, yaxlit sistema sifatida faoliyat ko‘rsatadi.

Nerv sistemasi tashqi va ichki muhit ta’sirlarini qabul qiladi va ularga javob beradi. Odamni kasb-hunar o‘rganishi, ilm olishi, fikrlashi, eslab qolishi, quvonchi, qayg‘usi va boshqa ruhiy hissiyotlari, tuyg‘ulari ham nerv sistemasi bilan bog‘liq.

Nerv to‘qimasi va neyron

Nerv to‘qimasi nerv hujayralari — neyronlar (63-rasm) va ularni o‘rab turadigan mayda yo‘ldosh neyrogliya hujayralardan iborat. Neyronlar — nerv sistemasining tuzilishi va funksional birligi hisoblanadi. Ular tashqi va ichki muhit ta’sirini nerv impulslariga aylantirish, uzatish va tahlil qilish xususiyatiga ega.

63-rasm. Neyronning tuzilishi: 1 – neyron tanasi, 2 – dendritlar, 3 – miyelin qobiq, 4 – akson, 5 – akson uchi.
63-rasm. Neyronning tuzilishi: 1 – neyron tanasi, 2 – dendritlar, 3 – miyelin qobiq, 4 – akson, 5 – akson uchi.

Neyrogliya hujayralar neyronlarga nisbatan 10 baravar ko‘p bo‘lib, oziqlanish, tayanch va himoya funksiyasini bajaradi, neyronlarning o‘sishi va rivojlanishini ta’minlaydi.

Akson va dendrit

Neyronning tanasi, bitta uzun o‘simtasi — aksoni (yun. aksos — o‘simta) va shoxlangan kalta o‘simtalari — dendritlari bo‘ladi (yun. dendron — daraxt). Dendritlar orqali nerv impulslari nerv hujayrasi tanasiga uzatiladi. Har bir nerv hujayrasida bitta akson va bir nechta dendrit bo‘ladi.

Akson bir necha o‘nlab santimetrga yetishi mumkin. Akson orqali nerv impulslari organlarga uzatiladi.

Sinaps va mediator

Markaziy nerv sistemasida neyronlar o‘zaro tutashuv hosil qiladi. Bunda bir neyronning aksoni ikkinchi neyron tanasi yoki dendritlari bilan tutashadi. Bunday tutashuv joylari sinaps (yun. sinapto — tutashish) deyiladi. Bitta neyron tanasida 1200–1800 ta sinaps bo‘ladi.

Sinaps ikki qavat membranadan va ular orasidagi tirqishdan iborat. Nerv impulslari ta’sirida sinaps teshigiga ozroq suyuqlik — mediator ajralib chiqadi. Mediator ta’sirida ikkinchi hujayra tanasida qo‘zg‘alish paydo bo‘ladi. Shu tariqa nerv qo‘zg‘alishi bir neyrondan ikkinchisiga o‘tkaziladi.

Miyelin va sezuvchi neyronlar

Akson oqish yog‘simon moddadan iborat miyelin qobiq bilan qoplangan. Miyelinli ana shunday o‘simtalar to‘plami bosh miya va orqa miyaning oqish moddasini hosil qiladi. Neyronlarning kalta o‘simtalarida oqish qobiq bo‘lmasdan, ularning to‘plami kulrang tusga ega bo‘ladi.

Neyronlar tuzilishi va funksiyasiga ko‘ra sezuvchi, harakatlantiruvchi va oraliq neyronlarga ajratiladi. Sezuvchi neyronlar nerv signallarini sezgi organlaridan bosh va orqa miyaga uzatadi. Ularning tanasi nerv gangliylarida (yun. ganglion — tugun) joylashadi. Nerv tugunlari markaziy nerv sistemasidan tashqarida joylashgan nerv tanalari to‘plamidan iborat.

Harakatlantiruvchi va oraliq neyronlar

Harakatlantiruvchi neyronlar nerv impulslarini markaziy nerv sistemasidan organlarga va muskullarga o‘tkazadi.

Oraliq neyronlar yoki interneyronlar (yun. interior — ichki) markaziy nerv sistemasida sezuvchi va harakatlantiruvchi neyronlar oralig‘ida joylashgan. Sinapslar yordamida qo‘zg‘alish oraliq neyron orqali sezuvchi neyrondan harakatlantiruvchi neyronga o‘tkaziladi. Oraliq neyronlar tanasi va o‘simtalari markaziy nerv sistemasidan chetga chiqmaydi.

Nervlar

Markaziy nerv sistemasi nervlar orqali barcha organlar bilan bog‘langan (64-rasm). Nervlar neyronlarning umumiy qobiq bilan o‘ralgan uzun o‘simtalaridan iborat. Sezuvchi, harakatlantiruvchi va aralash nervlar bo‘ladi.

64-rasm. Nerv sistemasi tuzilishining umumiy sxemasi: 1 – bosh miya, 2 – orqa miya, 3 – periferik nervlar, 4 – nerv uchlari.
64-rasm. Nerv sistemasi tuzilishining umumiy sxemasi: 1 – bosh miya, 2 – orqa miya, 3 – periferik nervlar, 4 – nerv uchlari.

Nerv sistemasining bo‘limlari

Nerv sistemasi joylashuviga ko‘ra markaziy va periferik bo‘limlarga ajraladi. Markaziy bo‘lim bosh va orqa miyadan, periferik bo‘lim ulardan ketuvchi nervlar va nerv tugunlaridan iborat. Nerv sistemasi funksiyasiga binoan somatik (yun. soma — tana) va avtonom (yun. avtonomiya — o‘zini boshqarish), ya’ni vegetativ bo‘limlarga ajratiladi (65-rasm).

65-rasm. Vegetativ (avtonom) nerv sistemasi: 1 – parasimpatik nervlar, 2 – simpatik nervlar.
65-rasm. Vegetativ (avtonom) nerv sistemasi: 1 – parasimpatik nervlar, 2 – simpatik nervlar.

Somatik nervlar skelet muskullari, sezgi organlari ishini boshqaradi. Somatik nerv sistemasi orqali odam o‘z organlari faoliyatini boshqarishi, ya’ni ularni harakatlantirishi yoki harakatini to‘xtatishi mumkin.

Vegetativ nerv sistemasi

Vegetativ nerv sistemasi ichki organlar faoliyatini boshqaradi. Avtonom nerv sistemasi mustaqil bo‘lib, bizning ixtiyorimizga bo‘ysunmaydi. Uning ishi o‘z-o‘zidan boshqariladi. Masalan, odam o‘z xohishi bilan ovqat hazm bo‘lishini, siydik ajralishini yoki qon aylanishini to‘xtatolmaydi.

Vegetativ nerv sistemasi simpatik va parasimpatik qismlarga bo‘linadi. Simpatik nervlar orqa miyaning ko‘krak va bel qismidan, parasimpatik nervlar bosh miyaning quyi qismidan va orqa miyaning dumg‘aza qismidan chiqadi. Simpatik va parasimpatik nervlar barcha ichki organlarga boradi. Ular organlarga qarama-qarshi ta’sir ko‘rsatadi.

Masalan, simpatik nervlar yurak urishini kuchaytiradi, qon bosimini oshiradi, ichak muskullari qisqarishini pasaytiradi, nafas olishni yengillashtiradi, ter ajralishini kuchaytiradi. Parasimpatik nervlar bu jarayonlarga aks ta’sir ko‘rsatadi.

Bilimingizni sinang

Nerv to‘qimasida neyrogliya hujayralari neyronlarga nisbatan necha baravar ko‘p?
  1. 10 baravar
  2. 5 baravar
  3. 100 baravar
  4. 2 baravar

To‘g‘ri javob: 10 baravar. Neyrogliya hujayralar neyronlardan 10 baravar ko‘p bo‘lib, oziqlanish, tayanch va himoya vazifasini bajaradi.

Nerv sistemasining tuzilishi va funksional birligi hisoblangan hujayra qaysi?
  1. Nerv tuguni
  2. Sinaps
  3. Neyrogliya hujayrasi
  4. Neyron

To‘g‘ri javob: Neyron. Nerv sistemasining tuzilishi va funksional birligi neyron hisoblanadi.

Neyronning aksoni va dendritlari haqida qaysi javob to‘g‘ri?
  1. Har bir neyronda bir nechta akson va bitta dendrit bo‘ladi
  2. Akson shoxlangan kalta o‘simta bo‘lib, impulsni tanaga uzatadi
  3. Dendrit bitta uzun o‘simta bo‘lib, impulsni organlarga uzatadi
  4. Akson bitta uzun o‘simta bo‘lib, impulsni organlarga uzatadi; dendritlar shoxlangan kalta o‘simtalar

To‘g‘ri javob: Akson bitta uzun o‘simta bo‘lib, impulsni organlarga uzatadi; dendritlar shoxlangan kalta o‘simtalar. Neyronda bitta uzun akson va bir nechta shoxlangan kalta dendrit bo‘ladi; akson organlarga, dendrit tanaga uzatadi.

Markaziy nerv sistemasida bitta neyron tanasida o‘rtacha nechta sinaps bo‘ladi?
  1. 120–180 ta
  2. 12–18 ta
  3. 1200–1800 ta
  4. 12 000–18 000 ta

To‘g‘ri javob: 1200–1800 ta. Bitta neyron tanasida 1200–1800 ta sinaps bo‘ladi.

Sinapsda nerv qo‘zg‘alishi bir neyrondan ikkinchisiga qanday o‘tkaziladi?
  1. Sinaps teshigiga mediator ajraladi va u ikkinchi hujayra tanasida qo‘zg‘alish paydo qiladi
  2. Akson ikkinchi neyron tanasiga bevosita qo‘shilib ketadi
  3. Dendritlar miyelin qobiq orqali impulsni uzatadi
  4. Neyrogliya hujayralari impulsni olib o‘tadi

To‘g‘ri javob: Sinaps teshigiga mediator ajraladi va u ikkinchi hujayra tanasida qo‘zg‘alish paydo qiladi. Impuls ta’sirida sinaps teshigiga mediator ajraladi va u ikkinchi hujayrada qo‘zg‘alish chaqiradi.

Bosh va orqa miyaning oqish moddasini nima hosil qiladi?
  1. Neyrogliya hujayralari to‘plami
  2. Neyronlarning kalta o‘simtalari to‘plami
  3. Miyelinli o‘simtalar to‘plami
  4. Neyronlar tanasi to‘plami

To‘g‘ri javob: Miyelinli o‘simtalar to‘plami. Oq modda miyelin qobig‘li o‘simtalardan iborat; kalta o‘simtalarda oqish qobiq bo‘lmay, ular kulrang tusga ega.

Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Sezuvchi neyronlarning tanasi nerv gangliylarida joylashadi. II. Oraliq neyronlar tanasi va o‘simtalari markaziy nerv sistemasidan chetga chiqmaydi. III. Harakatlantiruvchi neyronlar signallarni sezgi organlaridan bosh va orqa miyaga uzatadi.
  1. I va III
  2. II va III
  3. I, II va III
  4. I va II

To‘g‘ri javob: I va II. III noto‘g‘ri: signallarni sezgi organlaridan miyaga sezuvchi neyronlar uzatadi.

Neyron turlarini vazifasiga moslang: 1) sezuvchi neyronlar; 2) harakatlantiruvchi neyronlar; 3) oraliq neyronlar. a) impulslarni markaziy nerv sistemasidan organlar va muskullarga o‘tkazadi; b) signallarni sezgi organlaridan bosh va orqa miyaga uzatadi; c) markaziy nerv sistemasida sezuvchi va harakatlantiruvchi neyronlar oralig‘ida joylashadi.
  1. 1-a, 2-b, 3-c
  2. 1-b, 2-c, 3-a
  3. 1-c, 2-a, 3-b
  4. 1-b, 2-a, 3-c

To‘g‘ri javob: 1-b, 2-a, 3-c. Sezuvchi neyronlar signalni miyaga uzatadi, harakatlantiruvchilar organlarga o‘tkazadi, oraliqlari ular orasida joylashadi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiSiydik ajratish organlarining funksiyasiKeyingi →Orqa miyaning tuzilishi va funksiyasi