XotirAI logotipiXotirAI
🧬 8-sinf · Odam va uning salomatligi · 42-§.

Bosh miyaning tuzilishi va funksiyasi

Mavzular

Bosh miyaning vazni va neyronlari

Bosh miya nerv sistemasining markaziy bo‘limi organizmning barcha funksiyalarini boshqarib turadi. Odam organizmining oliy nerv faoliyati ham bosh miyaning funksiyasi bilan bog‘liq.

Bosh miyaning vazni katta yoshda 1020–1970 g, yangi tug‘ilgan chaqaloqlarda — 450 g keladi. Keksalikda miya vazni biroz kamayadi. 20 yoshgacha odam miyasi hajmi 3,5–4 marta, tana vazni esa 20 marta ortadi. Miyaning og‘irligi nervlarning miyelin qobiq bilan qoplanishi, qobiqning qalinlashuvi va nerv hujayralarining yiriklashuvi hisobidan ortadi. Bosh miya 100 mlrd. dan ortiq neyronlardan iborat.

Bosh miyaning tuzilishi

Bosh miya kalla qutisi ichida joylashgan bo‘lib, u ikki qismdan: bosh miyaning stvoli (ustun) va bosh miya katta yarimsharlaridan iborat. Bosh miyaning stvol qismi uzunchoq miya, miya ko‘prigi, miyacha, o‘rta miya, oraliq miyadan iborat (67-rasm).

67-rasm. Bosh miya bo‘limlari: 1 – katta yarimsharlar, 2 – oraliq miya, 3 – o‘rta miya, 4 – ko‘prik, 5 – uzunchoq miya, 6 – miyacha, 7 – qadoq tana.
67-rasm. Bosh miya bo‘limlari: 1 – katta yarimsharlar, 2 – oraliq miya, 3 – o‘rta miya, 4 – ko‘prik, 5 – uzunchoq miya, 6 – miyacha, 7 – qadoq tana.

Bosh miyaning uzunchoq miya, o‘rta miya, oraliq miya bo‘limlarida kulrang modda ayrim donachalar shaklida oq modda ichida joylashgan. Miyacha, miya ko‘prigi va miya katta yarimsharlarida esa kulrang modda oq moddani o‘rab turadigan po‘stloq hosil qiladi.

Oq va kulrang modda

Bosh miya ham oq va kulrang moddadan iborat. Oq modda bosh miyani orqa miya bilan va miya bo‘limlarini o‘zaro tutashtiruvchi nerv yo‘llarini hosil qiladi. Nerv yo‘llari tufayli nerv sistemasining hamma qismi bir butun sistema sifatida muvofiqlashgan holda ishlaydi.

Bosh miya kulrang moddasi oq moddasi ichida to‘p-to‘p bo‘lib, alohida donachalar (yadrolar) shaklida joylashgan. Bundan tashqari, kulrang modda bosh miya katta yarimsharlari va miyachani sirtdan qoplab turadigan po‘stloqni hosil qiladi. Bosh miyaning kulrang moddasi reflektorlik funksiyasini bajaradi.

Uzunchoq miya va miya ko‘prigi

Uzunchoq miya. Uzunchoq miya va ko‘prikcha orqa miyaning davomi bo‘lib, reflektorlik va o‘tkazuvchanlik funksiyasini amalga oshiradi. Ularning kulrang moddasida nafas olish, yurak ishini boshqarish, hazm qilish, himoya (ko‘zni ochib-yumish, aksa urish, yo‘talish) markazlari joylashgan.

Varoliyev ko‘prigi uzunchoq miya bilan o‘rta miya oralig‘ida joylashgan. Unda ko‘z soqqasi va yuz muskullarini harakatlantiruvchi markazlar bo‘ladi. Ko‘prik orqali uzunchoq miyadan bosh miyaning boshqa bo‘limlariga nerv impulslari o‘tkaziladi.

O‘rta miya va miya sopi

O‘rta miya miya oyoqchalari, to‘rt tepalik va tepaliklar orasida joylashgan suv yo‘lidan iborat. O‘rta miya skelet muskullari tonusi (tarangligi), qo‘l barmoqlarining nozik harakatlari, ko‘rish, eshitish va chamalash reflekslarini boshqaradi. Chamalash reflekslari tufayli odam boshi va tanasini tovush kelayotgan yoki yorug‘lik tushayotgan tomonga buradi.

Uzunchoq miya, ko‘prikcha va o‘rta miya miya sopini hosil qiladi. Miya sopidan 12 juft kalla-miya nervlari chiqadi. Ular miyani boshdagi sezgi organlari, bezlar va muskullar bilan bog‘laydi. Ulardan bir jufti — adashgan nervlar miyani yurak, o‘pka, oshqozon va boshqa ichki organlar bilan bog‘laydi.

Oraliq miya

Oraliq miya o‘rta miya ustida joylashgan. Uning kulrang moddasi ichki organlar ishini muvofiqlashtirib turadi. Moddalar almashinuvi, to‘yish, och qolish, chanqash, tana harorati doimiyligi boshqarilishi oraliq miya bilan bog‘liq.

Oraliq miya orqali yarimsharlar po‘stlog‘iga eshitish, ko‘rish, ta’m bilish, teri va boshqa retseptorlardan nerv impulslari kelib turadi.

Miyacha

Miyacha uzunchoq miya ustida joylashgan ikkita yarimsharlardan iborat. Nervlar orqali boshqa miya bo‘limlari va orqa miya bilan bog‘langan. Miyacha harakat va skelet muskullari tonusini boshqaradi. Muskullar tonusi pasayib, tana muvozanati buziladi, harakat aniqligi yo‘qoladi.

Miyachasi shikastlangan odam yurganda gandiraklaydi, beo‘xshov chayqalib harakatlanadi, barmoqlarining titrashi tufayli yozuvi aniq bo‘lmaydi va ignaga ip o‘tkazolmaydi (68-rasm).

68-rasm. Miyachasi zararlangan odamning xatti-harakatlari: 1 – miyacha, 2 – burun uchiga tegishda barmoqning titrashi, 3 – chayqalib yurish, 4 – muvozanatning buzilishi, 5 – yozuvning buzilishi.
68-rasm. Miyachasi zararlangan odamning xatti-harakatlari: 1 – miyacha, 2 – burun uchiga tegishda barmoqning titrashi, 3 – chayqalib yurish, 4 – muvozanatning buzilishi, 5 – yozuvning buzilishi.
68-rasm. Miyachasi zararlangan odamning xatti-harakatlari: 1 – miyacha, 2 – burun uchiga tegishda barmoqning titrashi, 3 – chayqalib yurish, 4 – muvozanatning buzilishi, 5 – yozuvning buzilishi.
68-rasm. Miyachasi zararlangan odamning xatti-harakatlari: 1 – miyacha, 2 – burun uchiga tegishda barmoqning titrashi, 3 – chayqalib yurish, 4 – muvozanatning buzilishi, 5 – yozuvning buzilishi.

Bilimingizni sinang

Yangi tug‘ilgan chaqaloqda bosh miyaning vazni taxminan qancha bo‘ladi?
  1. 200 g
  2. 1020 g
  3. 450 g
  4. 1970 g

To‘g‘ri javob: 450 g. Chaqaloqda bosh miya vazni 450 g, katta yoshda esa 1020–1970 g.

Bolalik davrida bosh miya og‘irligi qaysi omillar hisobidan ortadi?
  1. Neyronlar sonining ikki baravar ko‘payishi hisobidan
  2. Nervlarning miyelin qobiq bilan qoplanishi, qobiqning qalinlashuvi va nerv hujayralarining yiriklashuvi hisobidan
  3. Neyrogliya hujayralarining kamayishi hisobidan
  4. Kulrang moddaning oq moddaga aylanishi hisobidan

To‘g‘ri javob: Nervlarning miyelin qobiq bilan qoplanishi, qobiqning qalinlashuvi va nerv hujayralarining yiriklashuvi hisobidan. Miya og‘irligi miyelin qobiqning hosil bo‘lishi va qalinlashishi hamda hujayralar yiriklashuvi tufayli ortadi.

Bosh miya bo‘limlarini ular bilan bog‘liq vazifaga moslang: 1) Varoliyev ko‘prigi; 2) o‘rta miya; 3) oraliq miya. a) chamalash reflekslarini boshqaradi; b) ko‘z soqqasi va yuz muskullarini harakatlantiruvchi markazlar bor; c) to‘yish, och qolish, chanqash va tana harorati doimiyligini boshqarishda ishtirok etadi.
  1. 1-a, 2-b, 3-c
  2. 1-b, 2-a, 3-c
  3. 1-c, 2-a, 3-b
  4. 1-b, 2-c, 3-a

To‘g‘ri javob: 1-b, 2-a, 3-c. Ko‘prikda ko‘z va yuz muskullari markazlari, o‘rta miyada chamalash reflekslari, oraliq miyada moddalar almashinuvi va harorat boshqariladi.

Chamalash reflekslari tufayli odam qanday harakat qiladi?
  1. Boshi va tanasini tovush kelayotgan yoki yorug‘lik tushayotgan tomonga buradi
  2. Tovush kelganda ko‘zini yumib, nafasini to‘xtatadi
  3. Yorug‘likda ko‘z qorachig‘ini kengaytiradi
  4. Tovush eshitganda barmoqlarini titratadi

To‘g‘ri javob: Boshi va tanasini tovush kelayotgan yoki yorug‘lik tushayotgan tomonga buradi. Chamalash reflekslari odamni tovush yoki yorug‘lik manbaiga qarab burilishga undaydi; ular o‘rta miyada boshqariladi.

Miya sopidan necha juft kalla-miya nervlari chiqadi?
  1. 8 juft
  2. 24 juft
  3. 12 juft
  4. 31 juft

To‘g‘ri javob: 12 juft. Uzunchoq miya, ko‘prikcha va o‘rta miya hosil qilgan miya sopidan 12 juft kalla-miya nervlari chiqadi.

Kalla-miya nervlaridan biri bo‘lgan adashgan nerv miyani qaysi organlar bilan bog‘laydi?
  1. Yuz va til muskullari bilan
  2. Qo‘l va oyoq skelet muskullari bilan
  3. Yurak, o‘pka, oshqozon va boshqa ichki organlar bilan
  4. Ko‘z va quloq bilan

To‘g‘ri javob: Yurak, o‘pka, oshqozon va boshqa ichki organlar bilan. Adashgan nerv miyani yurak, o‘pka, oshqozon va boshqa ichki organlar bilan bog‘laydi.

Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Oraliq miya kulrang moddasi ichki organlar ishini muvofiqlashtirib turadi. II. Yarimsharlar po‘stlog‘iga ko‘rish, eshitish, ta’m bilish impulslari oraliq miya orqali keladi. III. Tana harorati doimiyligi boshqarilishi miyacha bilan bog‘liq.
  1. II va III
  2. I va III
  3. Faqat II
  4. I va II

To‘g‘ri javob: I va II. Tana harorati oraliq miya bilan bog‘liq, miyacha esa harakat va muskullar tonusini boshqaradi; III noto‘g‘ri.

Miyachasi shikastlangan odamda qanday belgilar kuzatiladi?
  1. Ovqat hazm qilish va chanqash hissi yo‘qoladi
  2. Nafas olish va yurak urishi to‘xtaydi
  3. Yurganda gandiraklaydi, barmoqlari titrab, ignaga ip o‘tkaza olmaydi
  4. Ko‘rish va eshitish markazlari ishdan chiqadi

To‘g‘ri javob: Yurganda gandiraklaydi, barmoqlari titrab, ignaga ip o‘tkaza olmaydi. Miyacha harakat va muskullar tonusini boshqaradi; shikastlanganda muvozanat va harakat aniqligi buziladi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiOrqa miyaning tuzilishi va funksiyasiKeyingi →Bosh miya katta yarimsharlarining tuzilishi