XotirAI logotipiXotirAI
🧬 8-sinf · Odam va uning salomatligi · 43-§.

Bosh miya katta yarimsharlarining tuzilishi

Mavzular

Yarimsharlar va po‘stloq qavati

Bosh miya o‘ng va chap yarimshardan iborat bo‘lib, ular qadoqsimon tana yordamida bir-biri bilan tutashib turadi. Bosh miya yarimsharlari ikki qavatdan iborat: 1) kulrang moddadan tashkil topgan tashqi po‘stloq qavat; 2) oq moddadan tashkil topgan ichki qavat.

Bosh miya katta yarimsharlari po‘stloq qavatining qalinligi 2,5–3,0 mm bo‘ladi. Po‘stloq tekis bo‘lmasdan, pushta va egatlardan iborat. Miya po‘stlog‘ining bunday tuzilishi nihoyatda ko‘p miqdorda nerv hujayralari joylashuviga imkon beradi. Binobarin, miya po‘stlog‘ida 14–16 mlrd hujayralar joylashgan.

Pushtalar, egatlar va bo‘limlar

Qizig‘i shundaki, miya po‘stlog‘i pushtalarining soni barcha odamda deyarli bir xil, lekin ularning tuzilishi bamisoli qo‘l kafti chiziqlari singari xilma-xil bo‘ladi. Agar miya po‘stlog‘ining pushta va egatlari yozib tekislansa, uning umumiy sathi 1468–1670 cm² ni tashkil qiladi.

Miya katta yarimsharlari peshana, chakka, tepa, ensa qismlariga bo‘linadi (69-rasm). Bosh miya katta yarimsharlari po‘stlog‘i mikroskopda tekshirilganda, undagi nerv hujayralari olti qavat bo‘lib joylashganligi aniqlangan.

69-rasm. Bosh miya katta yarimsharlari po‘stlog‘i bo‘limlari: 1 – peshana bo‘limi, 2 – tepa bo‘limi, 3 – ensa bo‘limi, 4 – chakka bo‘limi, 5 – markazoldi egati, 6 – markaziy egat, 7 – markazorti egati, 8 – yon egat, 9 – miyacha, 10 – miya dastasi.
69-rasm. Bosh miya katta yarimsharlari po‘stlog‘i bo‘limlari: 1 – peshana bo‘limi, 2 – tepa bo‘limi, 3 – ensa bo‘limi, 4 – chakka bo‘limi, 5 – markazoldi egati, 6 – markaziy egat, 7 – markazorti egati, 8 – yon egat, 9 – miyacha, 10 – miya dastasi.

Po‘stloq zonalari: sezish

Bosh miya katta yarimsharlari po‘stlog‘ining turli qismlarida joylashgan nerv hujayralarining po‘stloq sathi funksiyasiga ko‘ra uchta zonaga bo‘linadi: sezish, harakat va assotsiativ zonalar.

Sezish zonalarida joylashgan nerv hujayralari to‘plami odam tanasining barcha sezgi organlarining oliy markazi hisoblanadi. Bu markazlar teri, ko‘rish, eshitish, hid va ta’m bilish kabi sezgi organlari retseptorlaridan impuls qabul qiladi.

70-rasm. Bosh miya yarimsharlari po‘stlog‘ida oliy nerv markazlarining joylashuvi: 1 – hid bilish, 2 – sezish, 3 – harakatlanish, tuyg‘u, 4 – eshitish, 5 – nutq, 6 – hisoblash, 7 – o‘qish, 8 – ko‘rish, 9 – harakatlanish, tuyg‘u, 10 – ohang, musiqa, 11 – chamalash, 12 – geometrik obrazlarni sezish.
70-rasm. Bosh miya yarimsharlari po‘stlog‘ida oliy nerv markazlarining joylashuvi: 1 – hid bilish, 2 – sezish, 3 – harakatlanish, tuyg‘u, 4 – eshitish, 5 – nutq, 6 – hisoblash, 7 – o‘qish, 8 – ko‘rish, 9 – harakatlanish, tuyg‘u, 10 – ohang, musiqa, 11 – chamalash, 12 – geometrik obrazlarni sezish.

Harakat va assotsiativ zonalar

Bosh miya katta yarimsharlari po‘stlog‘ining harakat zonalaridagi nerv hujayralari to‘plami muskullar, paylar, bo‘g‘imlar, suyaklarning retseptorlaridan impuls qabul qilib, odam tanasining barcha qismlari harakatini boshqaruvchi oliy nerv markazi vazifasini bajaradi.

Assotsiativ zonalarning nerv hujayralari odam tanasining to‘qima va organlari bilan nerv yo‘llari orqali bog‘lanmagan, ular miya po‘stlog‘ining turli qismlaridagi nerv hujayralarini bir-biri bilan bog‘laydi. Bu zonalar sezgi va harakatlanish organlaridan kelgan ta’sirni analiz va sintez qiladi.

Oliy nerv faoliyati va markazlar

Bosh miya katta yarimsharlarining po‘stloq qismi odam oliy nerv faoliyatining fiziologik asosi hisoblanadi. Odamning fikrlashi, ongi, o‘zlashtirishi, eslab qolishi, boshqalar bilan muomala qilishi, madaniyati, bilim olishi, hunar o‘rganishi, murakkab harakatlarni bajarishi miya po‘stlog‘ining faoliyatidir.

Miya po‘stlog‘ining turli qismlarida har xil funksiyalarni boshqaruvchi nerv markazlari joylashgan. Chunonchi, po‘stloqning ensa qismida ko‘rish, chakka qismida eshitish, peshana qismining ostki ichkari sohasida hid bilish, tepa qismidagi oldingi markaziy pushtasida harakat, orqa markaziy pushtasida tana terisining sezgi markazlari joylashgan.

Bilimingizni sinang

Bosh miya katta yarimsharlari po‘stloq qavatining qalinligi qancha?
  1. 1,5–2,0 sm
  2. 2,5–3,0 mm
  3. 8–10 mm
  4. 0,5–1,0 mm

To‘g‘ri javob: 2,5–3,0 mm. Po‘stloq qavat qalinligi 2,5–3,0 mm.

Miya po‘stlog‘ining pushta va egatlardan iborat bo‘lishi qanday ahamiyatga ega?
  1. Nihoyatda ko‘p miqdorda nerv hujayralari joylashishiga imkon beradi
  2. Po‘stloq qalinligini 1 sm gacha oshiradi
  3. Po‘stloqni oq moddadan tuzilgan qiladi
  4. Yarimsharlarni bir-biridan ajratib turadi

To‘g‘ri javob: Nihoyatda ko‘p miqdorda nerv hujayralari joylashishiga imkon beradi. Pushta va egatlar po‘stloq sathini kattalashtirib, juda ko‘p nerv hujayralari joylashishini ta’minlaydi.

Miya po‘stlog‘ida jami nechta nerv hujayralari joylashgan?
  1. 100 mlrd
  2. 1–2 mlrd
  3. 1468–1670 mlrd
  4. 14–16 mlrd

To‘g‘ri javob: 14–16 mlrd. Miya po‘stlog‘ida 14–16 mlrd hujayralar joylashgan.

Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Po‘stloq pushtalarining soni har bir odamda keskin farq qiladi. II. Po‘stloq pushta va egatlari yozib tekislansa, uning umumiy sathi 1468–1670 cm² bo‘ladi. III. Katta yarimsharlar peshana, chakka, tepa va ensa qismlariga bo‘linadi.
  1. I va II
  2. I va III
  3. II va III
  4. I, II va III

To‘g‘ri javob: II va III. Pushtalar soni deyarli hamma odamda bir xil, shuning uchun I noto‘g‘ri.

Po‘stloq zonalarini vazifasiga moslang: 1) sezish zonalari; 2) harakat zonalari; 3) assotsiativ zonalar. a) po‘stloqning turli qismlaridagi nerv hujayralarini bir-biri bilan bog‘laydi; b) sezgi organlari retseptorlaridan impuls qabul qiladigan oliy markaz; c) muskullar, paylar, bo‘g‘imlar retseptorlaridan impuls qabul qilib, tana harakatini boshqaradi.
  1. 1-a, 2-b, 3-c
  2. 1-c, 2-b, 3-a
  3. 1-b, 2-c, 3-a
  4. 1-b, 2-a, 3-c

To‘g‘ri javob: 1-b, 2-c, 3-a. Sezish zonasi sezgi organlari markazi, harakat zonasi harakat boshqaruvchisi, assotsiativ zona po‘stloq hujayralarini bog‘lovchi.

Assotsiativ zonalarning nerv hujayralari qanday vazifani bajaradi?
  1. Yarimsharlarni qadoqsimon tana bilan tutashtiradi
  2. Sezgi va harakatlanish organlaridan kelgan ta’sirni analiz va sintez qiladi
  3. Sezgi organlari retseptorlaridan bevosita impuls qabul qiladi
  4. Tana organlari bilan nerv yo‘llari orqali bevosita bog‘lanib, ularni harakatlantiradi

To‘g‘ri javob: Sezgi va harakatlanish organlaridan kelgan ta’sirni analiz va sintez qiladi. Assotsiativ zonalar tana organlari bilan bog‘lanmagan, po‘stloq hujayralarini bog‘lab, kelgan ta’sirlarni analiz va sintez qiladi.

Po‘stloq qismlarini ularda joylashgan markazga moslang: 1) ensa qismi; 2) chakka qismi; 3) peshana qismining ostki ichkari sohasi. a) hid bilish; b) ko‘rish; c) eshitish.
  1. 1-b, 2-c, 3-a
  2. 1-c, 2-b, 3-a
  3. 1-b, 2-a, 3-c
  4. 1-a, 2-c, 3-b

To‘g‘ri javob: 1-b, 2-c, 3-a. Ensada ko‘rish, chakkada eshitish, peshananing ostki ichkari sohasida hid bilish markazi joylashgan.

Po‘stloqning tepa qismidagi oldingi markaziy pushtada qaysi markaz joylashgan?
  1. Tana terisining sezgi markazi
  2. Ko‘rish markazi
  3. Harakat markazi
  4. Eshitish markazi

To‘g‘ri javob: Harakat markazi. Oldingi markaziy pushtada harakat, orqa markaziy pushtada tana terisining sezgi markazi joylashgan.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiBosh miyaning tuzilishi va funksiyasiKeyingi →Nerv sistemasi kasalliklari va ularning oldini olish