XotirAI logotipiXotirAI
🧬 8-sinf · Odam va uning salomatligi · 46-§.

Shartli reflekslarning hosil bo‘lishi va tormozlanishi

Mavzular

Pavlov tajribasi

Shartli reflekslarning hosil bo‘lishi. I.P. Pavlov shartli reflekslar hosil bo‘lishini itlarda tajriba orqali ko‘rsatib bergan. Tajribada it harakatlanmasligi uchun maxsus dastgohga joylashtirilgan (72-rasm).

72-rasm. Itda shartli reflekslar hosil qilish: 1 – qo‘ng‘iroq, 2 – ovqat soladigan idish, 3 – so‘lak ajralishini ko‘rsatadigan asbob.
72-rasm. Itda shartli reflekslar hosil qilish: 1 – qo‘ng‘iroq, 2 – ovqat soladigan idish, 3 – so‘lak ajralishini ko‘rsatadigan asbob.

Itga ovqat berilganda unda reflektor tarzda so‘lak ajrala boshlagan, ya’ni shartsiz refleks paydo bo‘lgan. Shartli refleks hosil qilish uchun itga ovqat berishdan yarim minut oldin elektr chirog‘i yoqib qo‘yilgan. Bu ish bir necha marta takrorlangach, chiroq yoqilganida ovqat bo‘lmasa ham itda so‘lak ajrala boshlagan.

Tajribada ovqat berilishi so‘lak ajralishi uchun shartsiz ta’sirlovchi, chiroqning yoqilishi so‘lak ajralishi uchun signal, ya’ni shartli ta’sirlovchi bo‘ladi.

Shartli reflekslar xususiyati

Shartli reflekslar shartsiz reflekslar asosida muayyan shartli ta’sirlovchi ta’sirida hosil bo‘ladi. Ularning hosil bo‘lishi bosh miya katta yarimsharlari po‘stlog‘i bilan bog‘liq. Har bir organizmning o‘ziga xos bo‘lgan shartli reflekslari muhit sharoiti ta’sirida o‘zgarib turadi.

Ovqatlanish shartli reflekslari faqat ovqatni ko‘rganda emas, balki ovqat to‘g‘risida o‘ylaganda ham hosil bo‘ladi. Masalan, limonning ta’mini tatib ko‘rgan odamning xayoliga limon kelganida so‘lak ajrala boshlaydi.

Hayot davomida har qanday odamga xos bo‘lgan xatti-harakatlar va ko‘nikmalar, chunonchi, bilim olish, kasb o‘rganish, o‘qish, yozish kabi faoliyatlar ham shartli reflekslarga misol bo‘ladi.

Tormozlanish turlari. Induksion

Shartli reflekslarning tormozlanishi. Miya yarimsharlari po‘stlog‘ida paydo bo‘lgan shartli reflekslar turli sabablarga binoan tormozlangan holatga o‘tishi, ya’ni so‘nishi mumkin. Shartli reflekslarning tormozlanishi tashqi va ichki bo‘ladi. Tashqi tormozlanish ham induksion va himoyalanuvchi tormozlanishga ajratiladi.

Induksion tormozlanish shartli refleks hosil qilgan ta’sirlovchiga nisbatan kuchliroq yoki notanish ta’sirlovchining nerv markaziga ta’sirida paydo bo‘ladi. Masalan, chiroq yoqilganida itda hosil bo‘lgan ovqatlanish refleksi qo‘ng‘iroqning baland ovozi ta’sirida so‘nadi.

Tormozlanish ovqatlanayotgan it boshqa it ovozini eshitganida paydo bo‘ladigan chamalash refleksi ta’sirida ham sodir bo‘ladi. Odamda ham ovqatning hidi, ko‘rinishi va mazasiga nisbatan hosil bo‘lgan ovqatlanish shartli refleksi kuchli shovqin-suron yoki xunuk xabar ta’sirida so‘nishi, ya’ni so‘lak va oshqozon shirasi ajralishi to‘xtashi mumkin.

Himoyalovchi tormozlanish

Himoyalovchi tormozlanish nerv markazlari hujayralaridagi energiya sarfi bilan bog‘liq. Energiya kamaygan sari nerv hujayralari charchab, tormozlangan holatga o‘tadi.

Bunday tormozlanish organizmni zo‘riqib kasallanishdan, hujayra va to‘qimalarni yemirilishdan saqlab qoladi.

Ichki (so‘nuvchi) tormozlanish

Ichki shartli, ya’ni so‘nuvchi tormozlanish. Shartli reflekslar shartsiz reflekslar asosida hosil bo‘ladi. Ular mustahkamlanib turilmasa asta-sekin so‘nadi. Masalan, agar chiroq yoqilganidan so‘ng itga ovqat berilmasa va bu hol bir necha marta takrorlanadigan bo‘lsa, chiroqning yoqilishi itda so‘lak ajralishi refleksini paydo qilmaydi.

Xuddi shuningdek, odamning bilim, hunar o‘rganishi muayyan qo‘zg‘atuvchilar ta’sirida hosil qilinadigan shartli reflekslar, ya’ni bosh miya yarimsharlar nerv markazlari o‘rtasida paydo bo‘ladigan xilma-xil bog‘lanishlar bilan bog‘liq. Agar o‘rganilgan bilim takrorlanib turilmasa esdan chiqadi, ya’ni nerv markazlari o‘rtasidagi bog‘lanishlar uziladi.

So‘nishning foydasi, chamalash

Lekin bu bog‘lanishlar yo‘qolsa ham, ularning izi qoladi. Shu sababdan esdan chiqqan bilim yoki hunar takrorlanganida yana esga keladi. So‘nuvchi tormozlanish tufayli odam o‘rgangan bilimlar unutilsa ham uning hayoti uchun zarur bo‘lgan qismi esda saqlab qolinadi.

So‘nuvchi tormozlanish tufayli chekish, spirtli ichimliklar, narkotik moddalar iste’mol qilish kabi zararli odatlar so‘nib, odam ulardan xalos bo‘ladi.

Shartsiz va shartli reflekslar notanish ta’sirlovchi – chamalash refleksini hosil qiladi. Chamalash refleksi boshqa organlarda qo‘zg‘alishni paydo qiladi, oldingi qo‘zg‘algan markazlar tormozlanish holatiga o‘tadi. Masalan, quloqlarini ding qiladi, boshini burib qaraydi. It bosh miyasidagi ovqatlanish markazi tormozlanib, so‘lak ajralishi to‘xtaydi.

Bilimingizni sinang

Pavlov tajribasida itda so‘lak ajralishi uchun shartli ta’sirlovchi (signal) vazifasini nima bajargan?
  1. Itning dastgohga joylashtirilishi
  2. Itga ovqat berilishi
  3. Itning ovqat hidini sezishi
  4. Elektr chirog‘ining yoqilishi

To‘g‘ri javob: Elektr chirog‘ining yoqilishi. Ovqat berilishi shartsiz ta’sirlovchi, chiroqning yoqilishi esa shartli ta’sirlovchi bo‘lgan.

Shartli reflekslar qanday asosda va qaysi bo‘lim ishtirokida hosil bo‘ladi?
  1. Tuban nerv faoliyati asosida, oraliq miya ishtirokida
  2. Shartsiz reflekslar asosida, uzunchoq miya ishtirokida
  3. Shartsiz reflekslar asosida, katta yarimsharlar po‘stlog‘i ishtirokida
  4. Instinktlar asosida, orqa miya ishtirokida

To‘g‘ri javob: Shartsiz reflekslar asosida, katta yarimsharlar po‘stlog‘i ishtirokida. Shartli reflekslar shartsiz reflekslar asosida hosil bo‘ladi va katta yarimsharlar po‘stlog‘i bilan bog‘liq.

Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Ovqatlanish shartli reflekslari ovqat to‘g‘risida o‘ylaganda ham hosil bo‘ladi; II. O‘qish va yozish kabi ko‘nikmalar ham shartli reflekslarga misol bo‘ladi; III. Shartli reflekslar muhit sharoiti ta’sirida o‘zgarmasdan qoladi.
  1. I va III
  2. II va III
  3. I va II
  4. Faqat III

To‘g‘ri javob: I va II. III hukm noto‘g‘ri: shartli reflekslar muhit sharoiti ta’sirida o‘zgarib turadi.

Tashqi tormozlanish qaysi ikki turga ajratiladi?
  1. Ichki va induksion
  2. So‘nuvchi va himoyalanuvchi
  3. So‘nuvchi va induksion
  4. Induksion va himoyalanuvchi

To‘g‘ri javob: Induksion va himoyalanuvchi. Tashqi tormozlanish induksion va himoyalanuvchi turlarga bo‘linadi; so‘nuvchi tormozlanish ichki hisoblanadi.

Induksion va himoyalovchi tormozlanishning umumiy belgisi qaysi?
  1. Ikkalasi ham tashqi tormozlanishning turlari hisoblanadi
  2. Ikkalasi ham ichki tormozlanish turlari hisoblanadi
  3. Ikkalasi ham ta’sirlovchi mustahkamlanmaganida paydo bo‘ladi
  4. Ikkalasi ham nerv hujayralaridagi energiya kamayishi tufayli yuzaga keladi

To‘g‘ri javob: Ikkalasi ham tashqi tormozlanishning turlari hisoblanadi. Ikkala tormozlanish ham tashqi tormozlanishning turlari; so‘nuvchi tormozlanish esa ichki hisoblanadi.

Tormozlanish turlari va ularning belgilarini moslang: 1) induksion tormozlanish; 2) himoyalovchi tormozlanish; 3) so‘nuvchi tormozlanish; a) nerv hujayralarida energiya kamayishi bilan bog‘liq; b) shartli refleks mustahkamlanmaganda yuzaga keladi; c) kuchliroq yoki notanish ta’sirlovchi ta’siridan paydo bo‘ladi
  1. 1-a, 2-b, 3-c
  2. 1-b, 2-c, 3-a
  3. 1-c, 2-a, 3-b
  4. 1-c, 2-b, 3-a

To‘g‘ri javob: 1-c, 2-a, 3-b. Induksion – kuchli/notanish ta’sirlovchi, himoyalovchi – energiya sarfi, so‘nuvchi – mustahkamlanmaslik.

Himoyalovchi tormozlanish organizm uchun qanday ahamiyatga ega?
  1. Zararli odatlarni so‘ndirib, odamni ulardan xalos qiladi
  2. Esdan chiqqan bilimlarning takrorlanganda tiklanishini ta’minlaydi
  3. Organizmni zo‘riqib kasallanishdan, hujayra va to‘qimalarni yemirilishdan saqlaydi
  4. Notanish ta’sirlovchini anglab olishga yordam beradi

To‘g‘ri javob: Organizmni zo‘riqib kasallanishdan, hujayra va to‘qimalarni yemirilishdan saqlaydi. Himoyalovchi tormozlanish charchagan nerv hujayralarini tormozlab, organizm va to‘qimalarni yemirilishdan asraydi.

Chiroq yoqilgach itga ovqat berilmasa va bu bir necha marta takrorlansa, chiroqqa nisbatan so‘lak ajralish refleksi nima uchun yo‘qoladi?
  1. Nerv hujayralarida energiya sarfi ortgani uchun
  2. Shartli refleks shartsiz ta’sirlovchi bilan mustahkamlanmagani uchun
  3. Itning ovqatlanish markazi butunlay yemirilgani uchun
  4. Kuchli notanish ta’sirlovchi ta’sir qilgani uchun

To‘g‘ri javob: Shartli refleks shartsiz ta’sirlovchi bilan mustahkamlanmagani uchun. Mustahkamlanmagan shartli refleks so‘nadi (ichki, so‘nuvchi tormozlanish).

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiOliy nerv faoliyati, shartli va shartsiz reflekslarKeyingi →Aql-idrok, tafakkur, so‘z va nutq