Hissiyot va uning boshqarilishi
Mavzular
Hissiyot tushunchasi
Odam ko‘pincha o‘zi ko‘rgan, eshitgan voqea va hodisalarga nisbatan befarq bo‘lib qololmaydi, balki xursandchilik, xafa bo‘lish, ruhlanish yoki g‘amginlik holatlari orqali o‘z munosabatini bildiradi.
Hissiyot, ya’ni his-tuyg‘u odamning atrof-muhitga va o‘ziga bo‘lgan munosabatlarning ifodalanishidan iborat.
Hissiyot tili
Odamning ichki kechinmalari uning yurish-turishi, tovush balandligi, so‘zlash ohangining o‘zgarishi, imo-ishora, mimika orqali ifodalanadi.
His-tuyg‘ular ijobiy (qoniqish, hayajonlanish, xursandchilik, xush ko‘rish) va salbiy (g‘azablanish, qo‘rquv, qayg‘u, jirkanish) bo‘ladi.
Hissiyot odamlarning millati, tili va tarbiyasiga bog‘liq bo‘lmasdan, bir xilda namoyon bo‘ladi. Odamning yurish-turishi, gapining ohangi, tanasi va yuzining holatiga qarab, uning his-tuyg‘usi to‘g‘risida tasavvurga ega bo‘lish mumkin.
Hissiyotning o‘xshashligi
Hissiyot qon aylanish, nafas olish va boshqa organlar ishining faollashuvi bilan birga namoyon bo‘ladi.
Barcha odamlarda hissiyot o‘xshash bo‘lgani singari, his-tuyg‘uga ichki organlar reaksiyasi ham o‘xshashdir. Shuning uchun «qo‘rqqanidan eti jimirlab ketdi», «tepa sochi tikka bo‘ldi», «lavlagidek qizarib ketdi», «yuragi qinidan chiqayozdi» degan iboralar barcha millatlar tilida bir xil ma’noni anglatadi.
Hissiyotning ahamiyati
Hissiyot bilan bog‘liq jarayonlar organlar faoliyatini va organizm kuchini o‘zgartiradi, uni yangi o‘zgargan sharoitga tayyorlaydi. His-tuyg‘uda paydo bo‘ladigan ifodali harakatlar zo‘riqishni kamaytiradi. Ifodali xatti-harakatlar hissiyot tili hisoblanadi.
Hissiyotning ifodalanishiga qarab biz birovlarning his-tuyg‘usi, g‘am-g‘ussasini tushunib, uning holiga achinamiz. Shu tariqa ifodali xatti-harakat odamlarning o‘zaro munosabat vositasiga aylanadi. O‘z navbatida, ifodali xatti-harakatning o‘zi ham javob his-tuyg‘usini paydo qiladi.
Aktyor mimika, intonatsiya, ifodali xatti-harakatlari orqali obraz yaratish, uning ichki dunyosini ochib berish bilan birga, o‘z qahramonining kechinmalarini tomoshabinlarga ham o‘tkazib, ularda ham achinish hissiyotini paydo qiladi.
Hissiyotni boshqarish
Ifodali xatti-harakatlar orqali boshqalarning his-tuyg‘usiga ta’sir qilish va ularning his-tuyg‘usini boshqarish mumkin. Masalan, bolaning har qanday ifodali his-tuyg‘usi katta yoshdagi kishilarga ta’sir ko‘rsatadi va ular bolaning istagini bajarishadi. Buni tushungan bola o‘z his-tuyg‘usini yanada kuchliroq namoyon qila boshlaydi. Buning natijasida kelgusida o‘z his-tuyg‘usini jilovlay olmaydigan inson tarbiyalanib chiqadi.
Ifodali xatti-harakat odamning ixtiyoriga bo‘ysunadi. Odam o‘z his-tuyg‘ularini to‘xtatib turishga, ya’ni hissiyotga berilmasdan, o‘zini qo‘lga olishni o‘rganishi lozim. Odamdagi bu xususiyatlar uning yaxshi tarbiya ko‘rganligini va yuksak madaniyatli ekanligini bildiradi.
His-tuyg‘uning tarbiyadagi o‘rni
His-tuyg‘u odamning o‘z ota-onasi va yaqinlariga munosabatini hamda odamda oila, el-yurt, Vatan tuyg‘usini tarbiyalashda katta ahamiyatga ega. His-tuyg‘u odamning dunyoqarashini shakllantirishning asosiy vositasi hisoblanadi.
His-tuyg‘ular oila va maktabda beriladigan tarbiya va bilimlar orqali shakllanib boradi. Ta’lim va tarbiyasida nuqson ko‘p bo‘lgan bolaning his-tuyg‘ulari muqim bo‘lmaydi. Bunday bolalar g‘arazli maqsadlarni ko‘zlagan kishilar va giyohvandlar ta’siriga tushib qolishi mumkin.
His-tuyg‘uning boshqarilishi
His-tuyg‘uning paydo bo‘lishi bosh miya katta yarimsharlari va oraliq miya bilan bog‘liq. His-tuyg‘uning shakllanishida miya po‘stlog‘ining chakka va peshana bo‘limlarining ahamiyati katta. Nerv markazlari va biologik faol moddalar hissiyotni kuchaytirishi yoki tormozlashi mumkin.
Yarimsharlar po‘stlog‘ining peshana va chakka bo‘limlari hissiyotning ixtiyoriy boshqarilishini ta’minlaydi. Po‘stloqning peshana qismi hissiyotni tormozlaydi yoki faollashtiradi, ya’ni uni boshqaradi. Po‘stloqning bu qismi zararlangan bemorlar o‘z his-tuyg‘ularini ixtiyoriy boshqara olmaydi. Ular bolalardek quvnoqlik holatidan osongina agressiv holatga o‘tib qolishadi. Tajribada oraliq miyaning hissiyot markaziga kuchsiz elektr toki ta’sir qilinganida uyqudagi mushuk sakrab turgan, tanasini bukib, quloqlarini osiltirib olgan va junini hurpaytirib, hujum qilishga shaylangan (76–77-rasmlar).

Hissiyotning boshqarilishida ichki sekretsiya bezlari ajratib chiqaradigan biologik faol moddalar, ayniqsa adrenalin katta ahamiyatga ega.
Bilimingizni sinang
Qaysi qatorda faqat salbiy his-tuyg‘ular keltirilgan?
- Qoniqish, xursandchilik, xush ko‘rish, qayg‘u
- G‘azablanish, qo‘rquv, qayg‘u, jirkanish
- Xursandchilik, hayajonlanish, g‘azablanish
- Qoniqish, qo‘rquv, qayg‘u, xush ko‘rish
To‘g‘ri javob: G‘azablanish, qo‘rquv, qayg‘u, jirkanish. Salbiy his-tuyg‘ular: g‘azablanish, qo‘rquv, qayg‘u, jirkanish.
Hissiyot bilan bog‘liq jarayonlar organizmni nimaga tayyorlaydi?
- Shartli reflekslarning so‘nishiga
- Uzoq muddatli uyquga
- Bilimlarni esda saqlashga
- Yangi o‘zgargan sharoitga
To‘g‘ri javob: Yangi o‘zgargan sharoitga. Hissiyot organlar faoliyati va organizm kuchini o‘zgartirib, uni yangi sharoitga tayyorlaydi.
Ifodali xatti-harakat nima uchun odamlarning o‘zaro munosabat vositasiga aylanadi?
- U faqat aktyorlarda rivojlangan bo‘ladi
- U odamning ixtiyoriga umuman bo‘ysunmaydi
- Hissiyot ifodasiga qarab birovning his-tuyg‘usini tushunib, uning holiga achinamiz
- U shartsiz refleks sifatida har doim bir xil qaytariladi
To‘g‘ri javob: Hissiyot ifodasiga qarab birovning his-tuyg‘usini tushunib, uning holiga achinamiz. Hissiyot ifodasiga qarab boshqaning g‘am-g‘ussasini tushunamiz, shu tariqa u munosabat vositasiga aylanadi.
Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Ifodali xatti-harakat odamning ixtiyoriga bo‘ysunadi; II. Po‘stloqning peshana qismi hissiyotni tormozlaydi yoki faollashtiradi; III. His-tuyg‘uning paydo bo‘lishi faqat uzunchoq miya bilan bog‘liq.
- Faqat III
- I va III
- I va II
- II va III
To‘g‘ri javob: I va II. III noto‘g‘ri: his-tuyg‘u katta yarimsharlar va oraliq miya bilan bog‘liq.
Hissiyotni boshqarishdagi tuzilmalar va ularning belgilarini moslang: 1) po‘stloqning peshana qismi; 2) oraliq miyaning hissiyot markazi; 3) adrenalin; a) kuchsiz elektr toki ta’sirida mushukni hujumga shaylantirgan; b) ichki sekretsiya bezlari ajratadigan biologik faol modda; c) hissiyotni tormozlaydi yoki faollashtiradi
- 1-a, 2-c, 3-b
- 1-c, 2-a, 3-b
- 1-c, 2-b, 3-a
- 1-b, 2-a, 3-c
To‘g‘ri javob: 1-c, 2-a, 3-b. Peshana qism hissiyotni boshqaradi; oraliq miya markazi tokda mushukni hujumga shaylagan; adrenalin – bez moddasi.
Bola ifodali his-tuyg‘usi orqali kattalarga o‘z istagini bajartira olishini tushunsa, bu kelgusida qanday insonning tarbiyalanishiga olib keladi?
- Faqat salbiy his-tuyg‘ularni his qiladigan
- Hissiyotga umuman berilmaydigan
- O‘z his-tuyg‘usini jilovlay olmaydigan
- Hissiyotlari muvozanatli va madaniyatli
To‘g‘ri javob: O‘z his-tuyg‘usini jilovlay olmaydigan. Bola his-tuyg‘usini kuchaytirib boraveradi va oqibatda o‘zini jilovlay olmaydigan inson bo‘lib yetishadi.
Po‘stloqning peshana qismi zararlangan bemorlarda qanday o‘zgarish kuzatiladi?
- Hech qanday his-tuyg‘u sezmay qoladilar
- Faqat qayg‘u va qo‘rquvni his qiladilar
- Nafas olishi va yurak urishi to‘xtaydi
- Hissiyotini ixtiyoriy boshqara olmaydi, quvnoqlikdan osongina agressiv holatga o‘tadi
To‘g‘ri javob: Hissiyotini ixtiyoriy boshqara olmaydi, quvnoqlikdan osongina agressiv holatga o‘tadi. Peshana qism zararlanganda hissiyotni ixtiyoriy boshqarish buziladi.
Oraliq miyaning hissiyot markaziga kuchsiz elektr toki ta’sir qilinganda uyqudagi mushuk qanday holatga kelgan?
- Uyg‘onib, tinchlanib yana uxlab qolgan
- Ovqat izlab, so‘lak ajrata boshlagan
- Qimirlamay yotib, nafasi to‘xtagan
- Sakrab turib, tanasini bukib, junini hurpaytirib, hujumga shaylangan
To‘g‘ri javob: Sakrab turib, tanasini bukib, junini hurpaytirib, hujumga shaylangan. Mushuk sakrab turib, junini hurpaytirib, hujum qilishga shaylangan.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash