XotirAI logotipiXotirAI
🧬 8-sinf · Odam va uning salomatligi · 51-§.

Nerv faoliyati tiplari, nerv sistemasi gigiyenasi

Mavzular

Oliy nerv faoliyati tiplari

Odamlarda bosh miya yarimsharlari nerv markazlarining qo‘zg‘aluvchanligi va tormozlanish kuchi, ularning tarqalish tezligi bir xil bo‘lmaydi. Shuning uchun ular aynan bir xildagi voqea va hodisaga turli nuqtayi nazardan qarashadi. Odamning faolligi, harakatchanligi, barcha his-tuyg‘ularining majmuyi uning temperamentini tashkil etadi.

Bundan 2500 yil oldin Gippokrat taklif etgan klassifikatsiyasiga asosan odamlar xolerik (muvozanatlashmagan, oson qo‘zg‘aluvchan), sangvinik (muvozanatlashgan, optimist), oson qo‘zg‘aluvchan, ya’ni flegmatiklar (muvozanatlashgan) va melanxolik (muvozanatlashmagan) tiplarga ajratiladi.

I.P. Pavlov odam nerv sistemasini kuchli va kuchsiz tiplarga ajratgan. U kuchli tipni muvozanatlashmagan va muvozanatlashgan tiplarga, muvozanatlashgan tipni harakatchan va harakatsiz tiplarga ajratgan.

Xolerik va sangvinik

Kuchli, muvozanatlashmagan (xolerik) tipdagi odamlar kuchli ta’sirchan, xulq-atvori murakkab bo‘ladi. Ular serharakat, urushqoq, tez o‘rtoqlashadigan va urushib qoladigan, arzimas narsaga xafa bo‘ladigan, vaqti xush bo‘lganida o‘z-o‘zidan kuladigan, o‘zicha ashula xirgoyi qilib yuradigan bo‘lishadi.

Kuchli muvozanatlashgan, harakatchan (sangvinik) tipdagilar hozirjavob, vaziyatni tez baholaydigan, xushchaqchaq va xushmuomala bo‘ladi.

Flegmatik va melanxolik

Kuchli, muvozanatlashgan, kamharakat (flegmatik) tipdagilar yuvosh va vazmin bo‘lishadi. Ular har bir ishni o‘ylab, oxirigacha bajarishadi. I.P. Pavlov bunday odamlarni «hayot zahmatkashlari» deb atagan.

Kuchsiz, muvozanatlashmagan, melanxolik tipdagi odam kamharakat, uning xatti-harakati ishonchsiz, his-tuyg‘usi chuqur va turg‘un, lekin tashqi tomondan ko‘zga tashlanmaydi. Ular nozik ishlarni qoyil qilib bajarishadi.

Temperament va uning o‘zgarishi

Nerv sistemasi ota-onadan irsiylanadigan belgi bo‘lib, atrof-muhit va tarbiya orqali o‘zgaradi. Temperament «sof holatda» kam uchraydi. Masalan, flegmatikda xolerikka o‘xshash achchiqlanishni, xolerikda har xil sabablar ta’sirida nerv sistemasining chuqur tormozlanishini kuzatish mumkin. Temperament yaxshi yoki yomon bo‘lmaydi. Atoqli kishilar orasida barcha tip vakillari uchraydi.

Nevroz

Nerv sistemasi faoliyatiga odam yashaydigan va mehnat qiladigan muhit sharoiti katta ta’sir qiladi. Og‘ir aqliy mehnat, oiladagi urush va janjallar, ishxonadagi kelishmovchiliklar odamning nerv sistemasiga ta’sir etib, uning kayfiyatini buzadi. Agar bunday ta’sir uzoq vaqt davom etadigan bo‘lsa, odamni nevrozga olib kelishi mumkin.

Nevroz — nerv sistemasi oliy nerv faoliyatining buzilishi bilan bog‘liq og‘ir ruhiy xastalik. Kasallik ruhiy shikastlanish oqibatida paydo bo‘ladi. Qayg‘u, ranjish, qo‘rquv, qiyinchiliklar tufayli kelib chiqadigan umidsizlik hissiyotlari nevroz sababchisi bo‘ladi. Bemor serjahl, o‘zidan va boshqalardan norozi bo‘lib yuradi. Agar davolanmasa kasallik yana ham og‘irlashadi.

Bolalarda nevroz

Bolani go‘daklikdan qattiqqo‘llik bilan tarbiyalash, tahqirlash, uning qiziqishi va erkini mensimaslik, unda qo‘rqoqlik, jur’atsizlik, o‘ziga ishonmaslikni keltirib chiqaradi. Bu hol uning o‘z tengqurlariga qo‘shilishiga xalaqit berib, nevrozga olib keladi.

Bolaga ortiqcha mehribonlik, uning har qanday istagini bajo keltirish, o‘rinsiz maqtashlar, ya’ni arzanda qilib o‘stirish ham nevrozga olib keladi. Bunday bola o‘z shaxsiga bino qo‘ygan, lekin irodasiz, mehnat va qiyinchiliklarga ko‘nikmagan, injiq bo‘lib o‘sadi.

Nevrozning oldini olish uchun bolani to‘g‘ri tarbiyalash, uni chiniqtirish, sport va badantarbiya bilan shug‘ullantirish, aqliy va jismoniy mehnatni birga olib borish, mehnat qilish va dam olish rejimiga rioya etish lozim.

Alkogolning ta’siri

Alkogol barcha organlarga, ayniqsa, yarimsharlar po‘stlog‘iga kuchli ta’sir qiladi. Alkogol markaziy nerv sistemasida qo‘zg‘alish va tormozlanish holatlarining bir me’yorda kechishini izdan chiqaradi, shartli reflekslar hosil bo‘lishini sekinlashtiradi, bosh miyaning ayrim qismlarini qo‘zg‘atib, kayfiyatni ko‘taradi. Lekin miya po‘stlog‘i quyi markazlari ishini buzadi. Shuning uchun ichgan odam tortinmasdan o‘zi qilmagan ishlarga qo‘l uradi, ko‘p gapiradi.

Alkogolning ko‘p miqdori oliy nerv faoliyatini izdan chiqarib, qo‘l, oyoq, til, ko‘z harakatlari aniqligini buzadi. Odam gandiraklab, tili g‘uldurab qoladi. Alkogolning muntazam iste’mol qilinishi alkogolizmga olib keladi.

Giyohvandlikning ta’siri

Giyohvandlikning oliy nerv faoliyatiga ta’siri. Narkotik moddalar dastlab xursandchilik va xotirjamlik hissini uyg‘otib, kayf qildiradi. Keyinroq organizm bu moddalarga ko‘nikib qolishi oqibatida giyohvandlik kelib chiqadi. Narkotik moddalarni muntazam iste’mol qilish organizmni zaharlaydi.

Giyohvandlikda dastlab tajanglik, xotira buzilishi kuzatiladi. Keyinchalik chuqur jismoniy o‘zgarishlar: yurakdagi o‘zgarishlar, og‘iz qurishi, terlash, qo‘l va oyoq titrashi, ko‘z qorachig‘ining kengayishi kabi holatlar paydo bo‘ladi.

Bilimingizni sinang

Odamning faolligi, harakatchanligi va barcha his-tuyg‘ularining majmuyi nima deb ataladi?
  1. Qobiliyat
  2. Xarakter
  3. Temperament
  4. Irodaviy sifat

To‘g‘ri javob: Temperament. Faollik, harakatchanlik va his-tuyg‘ularning majmuyi odamning temperamentini tashkil etadi.

Odamlarni xolerik, sangvinik, flegmatik va melanxolik tiplarga ajratuvchi Gippokrat klassifikatsiyasi necha yil oldin taklif etilgan?
  1. 2500 yil oldin
  2. 3000 yil oldin
  3. 1500 yil oldin
  4. 2000 yil oldin

To‘g‘ri javob: 2500 yil oldin. Gippokrat klassifikatsiyasi bundan 2500 yil oldin taklif etilgan.

Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. I.P. Pavlov odam nerv sistemasini kuchli va kuchsiz tiplarga ajratgan; II. Kuchli tip muvozanatlashmagan va muvozanatlashgan tiplarga bo‘lingan; III. Muvozanatlashmagan tip harakatchan va harakatsiz tiplarga bo‘lingan.
  1. I va II
  2. II va III
  3. I va III
  4. I, II va III

To‘g‘ri javob: I va II. Harakatchan va harakatsiz tiplarga muvozanatlashgan tip ajratilgan, muvozanatlashmagan tip emas, shuning uchun III noto‘g‘ri.

Temperament tipini uning xususiyati bilan moslang: 1) xolerik; 2) sangvinik; 3) flegmatik; a) hozirjavob, vaziyatni tez baholaydigan; b) serharakat, urushqoq; c) yuvosh va vazmin.
  1. 1-a, 2-b, 3-c
  2. 1-c, 2-a, 3-b
  3. 1-b, 2-c, 3-a
  4. 1-b, 2-a, 3-c

To‘g‘ri javob: 1-b, 2-a, 3-c. Xolerik serharakat va urushqoq, sangvinik hozirjavob, flegmatik yuvosh va vazmin bo‘ladi.

I.P. Pavlov har bir ishni o‘ylab, oxirigacha bajaradigan, yuvosh va vazmin odamlarni «hayot zahmatkashlari» deb atagan. Bular qaysi tipdagi odamlar?
  1. Melanxolik
  2. Xolerik
  3. Sangvinik
  4. Flegmatik

To‘g‘ri javob: Flegmatik. «Hayot zahmatkashlari» deb Pavlov kuchli, muvozanatlashgan, kamharakat flegmatiklarni atagan.

Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Nerv sistemasi ota-onadan irsiylanadi va atrof-muhit hamda tarbiya orqali o‘zgaradi; II. Temperament yomon bo‘lishi mumkin, yaxshi bo‘lmaydi; III. Atoqli kishilar orasida barcha tip vakillari uchraydi.
  1. I va II
  2. II va III
  3. I va III
  4. I, II va III

To‘g‘ri javob: I va III. Temperament yaxshi ham, yomon ham bo‘lmaydi, shuning uchun II noto‘g‘ri.

Flegmatik va melanxolik tipdagi odamlarning qanday umumiy belgisi bor?
  1. Ikkalasi ham muvozanatlashgan
  2. Ikkalasi ham kamharakat
  3. Ikkalasi ham kuchli nerv sistemasiga ega
  4. Ikkalasi ham muvozanatlashmagan

To‘g‘ri javob: Ikkalasi ham kamharakat. Flegmatik kuchli va muvozanatlashgan, melanxolik kuchsiz va muvozanatlashmagan; ikkalasi ham kamharakat.

Nevroz — nerv sistemasi oliy nerv faoliyatining buzilishi bilan bog‘liq og‘ir ruhiy xastalik. U qaysi holat oqibatida paydo bo‘ladi?
  1. Vitamin yetishmasligi
  2. Ruhiy shikastlanish
  3. Irsiy mutatsiya
  4. Mikroblar bilan zararlanish

To‘g‘ri javob: Ruhiy shikastlanish. Nevroz ruhiy shikastlanish, jumladan qayg‘u, qo‘rquv va umidsizlik oqibatida kelib chiqadi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiUyqu va uning ahamiyatiKeyingi →Sezgi organlarining ahamiyati