Sezgi organlarining ahamiyati
Mavzular
Sezgi organlari haqida umumiy ma’lumot
Markaziy nerv sistemasiga tashqi va ichki muhitda sodir bo‘lib turadigan barcha jarayonlar to‘g‘risida axborot kelib turadi. Bu axborot sezgi organlari orqali qabul qilinadi. Har bir sezgi organi faqat muayyan turdagi ta’sirot idrok etilishini ta’minlaydi. Masalan, ko‘z yorug‘likdan, quloq tovushdan ta’sirlanadi.
Sezgi organlarida joylashgan retseptorlar tashqi va ichki muhitdan keladigan ta’sirni nerv impulslariga aylantiradi. Retseptorlarning har biri muayyan ta’sirni qabul qilib, nerv signallariga aylantiradi (78-rasm). Retseptorlar o‘z ta’sirlovchisiga juda sezgir bo‘ladi. Masalan, ko‘z retseptorlari bir kvant yorug‘likda ham ko‘rish sezgisini hosil qiladi. Quloqning nog‘ora pardasi tovush vodorod atomidan o‘n marta kichik masofaga siljiganida ham retseptorlarda tovush signallari hosil bo‘ladi. Hidli moddaning bir necha molekulasi hid bilish retseptorlarida qo‘zg‘alish paydo qiladi.

Sezgining hosil bo‘lishi
Sezgi organlari tashqi muhit ta’sirini qabul qilishga ixtisoslashgan. Sezgi hosil bo‘lishi bosh miya yarimsharlari po‘stlog‘idagi nerv markazlari bilan bog‘liq. Sezgi organlari organlar faoliyatini nazorat qilib va boshqarib turadi. Masalan, odam svetoforning qizil chirog‘iga to‘xtaydi, tanish ovozni eshitib, o‘girilib qaraydi, gaz hidini sezganida oshxonadan xabar oladi.
Sensor sistema – analizator
Nerv impulslari sezgi organlarida joylashgan retseptorlardan sezuvchi neyronlar orqali markaziy nerv sistemasiga uzatiladi. Nerv impulslari ta’sirida yarimsharlar po‘stlog‘idagi neyronlarning qo‘zg‘alishi sezgi tuyg‘usini hosil qiladi.
Retseptorlar, qo‘zg‘alishni nerv markaziga o‘tkazadigan nerv yo‘li va yarimsharlar po‘stlog‘ining maxsus zonasi sensor sistemani (lot. sensus – sezgi) hosil qiladi. Bunday sistemani I.P. Pavlov analizatorlar deb atagan (79-rasm). Shunday qilib, analizatorlar atrof-muhitda va organizmda sodir bo‘ladigan hodisalarni qabul qilib, tahlil qilishga ixtisoslashgan nerv tuzilmalaridan iborat.

Ichki analizatorlar va oliy markazlar
Ichki analizatorlar organizm ichki muhiti, muvozanat saqlash, tayanch-harakat apparati, qon bosimini nazorat qiladi. Markaziy nerv sistemasi analizatorlar orqali organizmda va undan tashqarida yuz berayotgan jarayonlar haqida aniq axborot oladi. Ana shu asosda organlar va to‘qimalarga buyruq beradi.
Bosh miya yarimsharlari po‘stloq qismida analizatorlarning oliy markazlari joylashgan. Masalan, ensa zonasida ko‘rish, tepada – teri orqali sezish, chakkada – eshitish markazlari bor.
Analizatorlarning o‘zaro bog‘liqligi
Bosh miya katta yarimsharlari po‘stlog‘idagi assotsiativ zonalar barcha analizatorlarni o‘zaro bog‘lab turadi. Sezgi organlaridan chiqadigan nerv yo‘llari orqa miya, bosh miya stvoli va oraliq miyada kesishib, kontakt (tutashuv) hosil qiladi. Barcha analizatorlar funksional jihatdan o‘zaro chambarchas bog‘langan. Shu tufayli tashqi muhitda yuz berayotgan hodisalar to‘g‘risida umumlashgan yaxlit tasavvur hosil qilamiz. Masalan, osmonda bulut paydo bo‘lishi (ko‘rish analizatori), havoning sovishi (teri analizatori), momaqaldiroq gumburlashidan (eshitish analizatori) tezda yomg‘ir yog‘ishi to‘g‘risida xulosa chiqaramiz, yomg‘ir yog‘ishini kutib o‘tirmasdan, o‘zimizni panaga olamiz.
Analizatorlarning o‘rnini bosishi
Analizatorlardan birining funksiyasi buzilganida boshqalarining sezgirligi kuchayadi. Masalan, ko‘zi ojiz odam boshqalarga nisbatan yaxshiroq eshitadi, harorat va bosimga sezgirroq bo‘ladi. U qog‘ozga o‘yib yozilgan harflarni bemalol o‘qiydi, qog‘oz pullarning qiymatini aniq aytib beradi, har qanday odamni oyoq tovushidan tanib oladi.
Bilimingizni sinang
Sensor sistema qaysi tuzilmalardan tashkil topgan?
- Sezuvchi neyronlar, oraliq miya va miya ko‘prigi
- Retseptorlar, orqa miya va miyacha
- Harakatlantiruvchi neyronlar, nerv yo‘li va ishchi organ
- Retseptorlar, nerv yo‘li va yarimsharlar po‘stlog‘ining maxsus zonasi
To‘g‘ri javob: Retseptorlar, nerv yo‘li va yarimsharlar po‘stlog‘ining maxsus zonasi. Sensor sistemani retseptorlar, qo‘zg‘alishni o‘tkazuvchi nerv yo‘li va po‘stloqning maxsus zonasi hosil qiladi.
I.P. Pavlov sensor sistemani qanday atagan?
- Analizatorlar
- Refleks yoyi
- Assotsiativ zonalar
- Retseptorlar
To‘g‘ri javob: Analizatorlar. Sensor sistemani I.P. Pavlov analizatorlar deb atagan.
Analizatorlarning oliy markazini po‘stloq zonasi bilan moslang: 1) ensa zonasi; 2) tepa zonasi; 3) chakka zonasi; a) eshitish markazi; b) ko‘rish markazi; c) teri orqali sezish markazi.
- 1-a, 2-b, 3-c
- 1-c, 2-a, 3-b
- 1-b, 2-c, 3-a
- 1-b, 2-a, 3-c
To‘g‘ri javob: 1-b, 2-c, 3-a. Ensada ko‘rish, tepada teri orqali sezish, chakkada eshitish markazlari joylashgan.
Ichki analizatorlar organizmdagi qaysi ko‘rsatkich va jarayonlarni nazorat qiladi?
- Ichki muhit, muvozanat saqlash, tayanch-harakat apparati, qon bosimini
- Yorug‘lik, tovush, hid va ta’m sezishni
- Teri harorati, og‘riq va bosimni sezishni
- Nafas olish ritmi, ovqat hazm bo‘lishi va ayirishni
To‘g‘ri javob: Ichki muhit, muvozanat saqlash, tayanch-harakat apparati, qon bosimini. Ichki analizatorlar ichki muhit, muvozanat, tayanch-harakat apparati va qon bosimini nazorat qiladi.
Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Har bir sezgi organi faqat muayyan turdagi ta’sirotni idrok etadi; II. Sezgi hosil bo‘lishi oraliq miya nerv markazlari bilan bog‘liq; III. Assotsiativ zonalar barcha analizatorlarni o‘zaro bog‘laydi.
- I va II
- II va III
- I va III
- I, II va III
To‘g‘ri javob: I va III. Sezgi hosil bo‘lishi bosh miya yarimsharlari po‘stlog‘idagi nerv markazlari bilan bog‘liq, shuning uchun II noto‘g‘ri.
Ko‘rish analizatori funksiyasi buzilgan (ko‘zi ojiz) odamda qanday o‘zgarish kuzatiladi?
- Harorat va bosimga sezgirligi susayadi
- Eshitishi yaxshilanadi, harorat va bosimga sezgirligi ortadi
- Eshitish sezgirligi pasayadi
- Hid bilish va teri sezgisi yo‘qoladi
To‘g‘ri javob: Eshitishi yaxshilanadi, harorat va bosimga sezgirligi ortadi. Bir analizator buzilganda boshqalarining sezgirligi kuchayadi: ko‘zi ojiz odam yaxshiroq eshitadi va haroratga sezgirroq bo‘ladi.
Nima uchun tashqi muhitda yuz berayotgan hodisalar haqida umumlashgan yaxlit tasavvur hosil qilamiz?
- Chunki retseptorlar faqat bitta ta’sirotni qabul qiladi
- Chunki hamma ta’sirot orqa miyada tahlil qilinadi
- Chunki sezgi organlari bir xil tuzilishga ega
- Chunki analizatorlar funksional jihatdan o‘zaro chambarchas bog‘langan
To‘g‘ri javob: Chunki analizatorlar funksional jihatdan o‘zaro chambarchas bog‘langan. Analizatorlar funksional jihatdan bog‘langan, shu tufayli hodisalar haqida yaxlit tasavvur hosil bo‘ladi.
Ko‘z retseptorlari eng kamida qancha yorug‘likda ham ko‘rish sezgisini hosil qiladi?
- O‘n kvant
- Bir kvant
- Yuz kvant
- Bir necha ming kvant
To‘g‘ri javob: Bir kvant. Ko‘z retseptorlari juda sezgir: bir kvant yorug‘likda ham ko‘rish sezgisini hosil qiladi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash