XotirAI logotipiXotirAI
🧬 8-sinf · Odam va uning salomatligi · 53-§.

Ko‘rish analizatorlari

Mavzular

Ko‘rishning ahamiyati

Ko‘rish orqali biz tevarak-atrofdagi narsalar va hodisalarni payqaymiz, ularning harakatini va o‘zgarishini kuzatamiz, shakli, rangi, o‘lchami va turgan joyini bilib olamiz. Insonning o‘qishi, yozishi, rasm chizishi, tomosha qilishi, transport vositalarini haydashi, ilm olishi, hunar o‘rganishi va boshqa barcha faoliyati ko‘rish bilan bog‘liq. Odam tashqi dunyodan oladigan axborotning deyarli 90 % ini ko‘z orqali qabul qiladi.

Ko‘z soqqasi va oqsil parda

Ko‘z – yorug‘lik ta’sirini sezadigan ko‘rish organi bo‘lib, ko‘rish analizatorining periferik qismi hisoblanadi. Ko‘rish organi ko‘z soqqasi va qo‘shimcha organlar: qovoqlar, kipriklar, ko‘z muskullari va yosh bezlaridan iborat (80-rasm).

80-rasm. Ko‘zning tashqi ko‘rinishi: 1 – kipriklar, 2 – ko‘z oqi, 3 – ko‘z yoshi bezi, 4 – kamalak parda, 5 – yuqori va pastki qovoqlar, 6 – qorachiq, 7 – shoxsimon parda.
80-rasm. Ko‘zning tashqi ko‘rinishi: 1 – kipriklar, 2 – ko‘z oqi, 3 – ko‘z yoshi bezi, 4 – kamalak parda, 5 – yuqori va pastki qovoqlar, 6 – qorachiq, 7 – shoxsimon parda.

Ko‘z soqqasi sharsimon shaklda bo‘lib, ko‘z kosasi ichida joylashgan. Ko‘z kosasi ichki yuzasidan ko‘z soqqasi sirtiga ko‘zni harakatlantiruvchi muskullar chiqadi. Ko‘z soqqasi tig‘iz oqsil parda bilan qoplangan (81-rasm). Oqsil parda ko‘zni mexanik va kimyoviy ta’sirdan, mikroorganizmlar va begona moddalardan himoya qiladi. Oqsil pardaning ko‘z oldida joylashgan qismi shaffof bo‘lib, shoxsimon parda, qolgan qismi esa sklera deyiladi. Shoxsimon parda yorug‘likni yaxshi o‘tkazadi. Xira oqish rangli sklera yorug‘likni o‘tkazmaydi. Shoxsimon qavatda juda ko‘p retseptorlar joylashgan. Ular qo‘zg‘alganida qovoq yumilishi yoki pirpirashi, ko‘zdan yosh oqishi kabi himoya reflekslari paydo bo‘ladi.

81-rasm. Ko‘zning tuzilishi: 1 – kiprik muskullari, 2 – oqsil parda, 3 – to‘r parda, 4 – shoxsimon parda, 5 – kamalak parda, 6 – gavhar, 7 – sariq dog‘, 8 – shishasimon tana, 9 – tomirli parda, 10 – ko‘r dog‘, 11 – ko‘rish nervlari. 82-rasm. Ko‘z to‘r pardasining tuzilishi: 1 – retseptorlar, 2 – to‘r parda, 3 – ko‘rish nervlari, 4 – nerv hujayralari.
81-rasm. Ko‘zning tuzilishi: 1 – kiprik muskullari, 2 – oqsil parda, 3 – to‘r parda, 4 – shoxsimon parda, 5 – kamalak parda, 6 – gavhar, 7 – sariq dog‘, 8 – shishasimon tana, 9 – tomirli parda, 10 – ko‘r dog‘, 11 – ko‘rish nervlari. 82-rasm. Ko‘z to‘r pardasining tuzilishi: 1 – retseptorlar, 2 – to‘r parda, 3 – ko‘rish nervlari, 4 – nerv hujayralari.

Tomirli parda va kamalak parda

Oqsil parda ostida joylashgan tomirli parda kamalak parda, kiprikli tana va ko‘z kosasining ichki yuzasini qoplab turadi. Tomirli pardaning ichki yuzasi qora pigment bilan qoplangan. Qora pigment ko‘zga tushgan yorug‘likni yutib, tasvirni aniqlashtirib beradi. Tomirli pardaning oldingi qismi kamalak pardani hosil qiladi. Kamalak parda havorangdan to‘q jigarranggacha bo‘lishi mumkin. Tomirli pardaning shox pardadan keyingi qismi kiprikli tanani hosil qiladi. Kiprikli tanadagi muskullar yordamida ko‘z gavhari ko‘z kosasi va kamalak pardaga yopishib turadi.

Qorachiq

Kamalak parda o‘rtasidagi teshik qorachiq deyiladi. Qorachiq teshigi kengayib va torayib, yorug‘lik o‘tishini boshqaradi. Yorug‘lik kam bo‘lganida qorachiq kengayib, ko‘zga ko‘proq yorug‘lik o‘tkazadi. Kuchli yorug‘likda qorachiq torayib, yorug‘lik o‘tishini kamaytiradi.

To‘r parda: tayoqcha va kolbacha

Ko‘zning tomirli pardasi ostida joylashgan eng ostki to‘r parda bir necha qator bo‘lib joylashgan 110–125 mln tayoqchasimon va 6–7 mln kolbasimon hujayralardan iborat (82-rasm). Tayoqchasimon hujayralar kuchsiz yorug‘likka sezgir bo‘lganidan tungi ko‘rish retseptorlari deyiladi. Kolbasimon hujayralar rang sezadigan kunduzgi yorug‘lik retseptorlari hisoblanadi. Ularning qizil, yashil va ko‘k ranglarga sezgir xillari bor. Ulardan birortasining funksiyasi buzilganida odam ranglarni ajrata olmaydi. Bu kasallik daltonizm deb ataladi. Tug‘ma rangni ajratolmaslik 10 % erkaklar va 1 % ayollar o‘rtasida uchraydi.

Gavhar, ko‘r dog‘ va sariq dog‘

Qorachiq orqasida ikki tomonlama qavariq shaffof linza – ko‘z gavhari turadi. Gavhar va to‘r parda oralig‘i shaffof shishasimon tana bilan to‘lgan. To‘r pardaning ko‘rish nervlari chiqqan joyi – ko‘r dog‘da retseptorlar bo‘lmaydi. Buyumdan qaytgan yorug‘lik ko‘r dog‘ga tushganida buyum ko‘rinmasdan qoladi. Ko‘r dog‘ yaqinida retseptorlar juda ko‘p to‘plangan sariq dog‘ ko‘rish markazi deyiladi. Ko‘rish markazining faqat kolbasimon hujayralardan iborat o‘rta qismi aniq ko‘rish markazi bo‘ladi. Tayoqchasimon hujayralar ko‘rish markazi chetlarida joylashadi.

Tasvirning hosil bo‘lishi

To‘r pardada joylashgan nerv hujayralarining o‘simtalari ko‘rish nervlarini hosil qiladi. Buyumdan qaytgan yorug‘lik nuri muguz parda, ko‘zning oldingi kamerasi, qorachiq, ko‘z gavhari va shishasimon tana orqali o‘tib, sariq dog‘da buyumning kichraygan va teskari ag‘darilgan tasvirini hosil qiladi. Buyum tasviri nerv impulslari holida ko‘rish nervlari orqali yarimsharlar po‘stlog‘i ko‘rish zonasiga uzatiladi. Bu yerda buyum shakli, o‘lchami, rangi, yoritilganligi, fazodagi o‘rni to‘g‘risida haqiqiy sezgi hosil bo‘ladi.

Bilimingizni sinang

Odam tashqi dunyodan oladigan axborotning deyarli necha foizini ko‘z orqali qabul qiladi?
  1. 70 %
  2. 80 %
  3. 90 %
  4. 50 %

To‘g‘ri javob: 90 %. Odam axborotning deyarli 90 % ini ko‘z orqali qabul qiladi.

Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Ko‘rish organi ko‘z soqqasi va qo‘shimcha organlar (qovoqlar, kipriklar, ko‘z muskullari, yosh bezlari)dan iborat; II. Ko‘z soqqasi tig‘iz oqsil parda bilan qoplangan; III. Sklera yorug‘likni yaxshi o‘tkazadi.
  1. I va II
  2. II va III
  3. I va III
  4. I, II va III

To‘g‘ri javob: I va II. Xira oqish rangli sklera yorug‘likni o‘tkazmaydi, yorug‘likni shoxsimon parda o‘tkazadi; III noto‘g‘ri.

Shoxsimon qavatdagi retseptorlar qo‘zg‘alganida qanday himoya reflekslari paydo bo‘ladi?
  1. Kamalak pardaning ranglanishi va terlash
  2. Ko‘rish nervining qo‘zg‘alishi to‘xtashi
  3. Qorachiq kengayishi va gavhar qavariqligi o‘zgarishi
  4. Qovoq yumilishi yoki pirpirashi, ko‘zdan yosh oqishi

To‘g‘ri javob: Qovoq yumilishi yoki pirpirashi, ko‘zdan yosh oqishi. Shoxsimon qavat retseptorlari qo‘zg‘alganida qovoq yumiladi, ko‘z pirpiraydi va yosh oqadi.

Tomirli pardaning ichki yuzasini qoplagan qora pigment qanday vazifani bajaradi?
  1. Yorug‘likni sindirib, to‘r pardaga yo‘naltiradi
  2. Ko‘zga tushgan yorug‘likni yutib, tasvirni aniqlashtiradi
  3. Ko‘zni mikroorganizmlardan himoya qiladi
  4. Ko‘z rangini belgilaydi

To‘g‘ri javob: Ko‘zga tushgan yorug‘likni yutib, tasvirni aniqlashtiradi. Qora pigment ortiqcha yorug‘likni yutib, tasvirni aniqlashtiradi.

Ko‘z tuzilmasini uning ta’rifi bilan moslang: 1) kamalak parda; 2) kiprikli tana; 3) qorachiq; a) tomirli pardaning shox pardadan keyingi qismi; b) tomirli pardaning oldingi qismi; c) kamalak parda o‘rtasidagi teshik.
  1. 1-a, 2-b, 3-c
  2. 1-b, 2-c, 3-a
  3. 1-c, 2-b, 3-a
  4. 1-b, 2-a, 3-c

To‘g‘ri javob: 1-b, 2-a, 3-c. Tomirli pardaning oldingi qismi kamalak pardani, shox pardadan keyingi qismi kiprikli tanani hosil qiladi; qorachiq kamalak parda teshigi.

To‘r pardadagi tayoqchasimon hujayralarga xos belgi qaysi?
  1. Rang sezadigan kunduzgi yorug‘lik retseptorlari
  2. Qizil, yashil va ko‘k ranglarga sezgir xillarga ega
  3. Kuchsiz yorug‘likka sezgir bo‘lgan tungi ko‘rish retseptorlari
  4. Sariq dog‘ning aniq ko‘rish markazini hosil qiladi

To‘g‘ri javob: Kuchsiz yorug‘likka sezgir bo‘lgan tungi ko‘rish retseptorlari. Tayoqchalar kuchsiz yorug‘likka sezgir tungi retseptorlar, kolbachalar esa rang sezuvchi kunduzgi retseptorlar.

Ko‘zning to‘r pardasida taxminan qancha kolbasimon hujayra mavjud?
  1. 60–70 mln
  2. 6–7 mln
  3. 110–125 mln
  4. 1–2 mln

To‘g‘ri javob: 6–7 mln. To‘r pardada 110–125 mln tayoqchasimon va 6–7 mln kolbasimon hujayra bor.

Ranglarni ajrata olmaslik kasalligi daltonizm tug‘ma holda qanday uchraydi?
  1. 10 % ayollar va 10 % erkaklar o‘rtasida
  2. 10 % erkaklar va 1 % ayollar o‘rtasida
  3. 1 % erkaklar va 10 % ayollar o‘rtasida
  4. 1 % erkaklar va 1 % ayollar o‘rtasida

To‘g‘ri javob: 10 % erkaklar va 1 % ayollar o‘rtasida. Tug‘ma rangni ajratolmaslik 10 % erkaklar va 1 % ayollar o‘rtasida uchraydi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiSezgi organlarining ahamiyatiKeyingi →Ko‘rish organlarining funksiyasi