XotirAI logotipiXotirAI
🧬 8-sinf · Odam va uning salomatligi · 54-§.

Ko‘rish organlarining funksiyasi

Mavzular

Ko‘z – optik kamera

Ko‘zni optik kameraga o‘xshatish mumkin. Uning to‘r pardasi yorug‘likka sezgir ekran, ko‘z gavhari va shox parda yorug‘likni sindiruvchi muhit hisoblanadi. Kamalak parda orqasida joylashgan kipriksimon muskullar ko‘z gavhari qavariqligini o‘zgartirib, yorug‘lik nurlarini ko‘proq yoki kamroq sinishini ta’minlaydi. Ko‘z gavhari o‘z egikligini o‘zgartirib, predmetdan tushadigan nurlarning to‘r pardada fokuslash jarayoni akkomodatsiya deyiladi. Akkomodatsiya tufayli buyumlar uzoq yoki yaqin turishiga qaramasdan, aniq ko‘rinadi.

Stereoskopik ko‘rish va ko‘rish o‘tkirligi

Biz narsalarga har ikkala ko‘zimiz bilan qaraymiz. Lekin narsa bitta bo‘lib ko‘rinadi. Narsaning tasviri ikkala ko‘zning bir xil joyiga, ya’ni sariq dog‘ga tushganida bitta bo‘lib ko‘rinishi stereoskopik ko‘rish deyiladi.

Ko‘zning ikki nuqtani ular orasidagi eng kam masofada ajrata olish xususiyati ko‘rish o‘tkirligi, ya’ni ko‘rish kuchi deyiladi.

Yaqinni va uzoqni ko‘rish

Ko‘rishning buzilishi ko‘pincha tug‘ma uzoqni yoki yaqinni ko‘rishdan iborat. Uzoqni aniq ko‘radigan odam yaqinga qaraganida buyum tasviri sariq dog‘dan keyinroqda hosil bo‘ladi (83-rasm). Shuning uchun u yaqindagi buyumlarni aniq ko‘rolmaydi. Yaqinni ko‘radigan odam uzoqqa qaraganida buyumning tasviri sariq dog‘dan oldinda hosil bo‘lganidan uzoqni aniq ko‘rolmaydi. Tug‘ma yaqinni ko‘rish ko‘z kosasining cho‘ziq bo‘lishi, tug‘ma uzoqni ko‘rish esa ko‘z kosasining qisqa bo‘lishi bilan bog‘liq. Ko‘rish buzilganida shifokor maxsus ko‘zoynak taqishni tavsiya qiladi.

Albinizm, shabko‘rlik va katarakta

Ko‘zning kamalak pardasidagi melanin pigmenti ko‘z rangini belgilaydi. Pigment bo‘lmaganida yorug‘lik faqat qorachiq orqali emas, balki kamalak parda orqali ham ko‘z soqqasiga o‘tadi. Pigmentning bo‘lmasligi natijasida ko‘zning ko‘rish qobiliyati ancha pasayadi va albinizm kasalligi rivojlanadi.

Ko‘z kasalliklari qatoriga ko‘zning qorong‘ida ko‘rish qobiliyatining buzilishi – shabko‘rlik ham kiradi. Shabko‘r odam kunduzi yaxshi ko‘radi, lekin qorong‘ilikda ko‘rmaydi. Kasallik ko‘z to‘r pardasi tayoqchasimon hujayralaridagi o‘zgarishlar yoki hujayralar tarkibidagi rodopsin (tug‘ma shabko‘rlik), yoki ovqat tarkibida A vitaminining yetishmasligi yoki glaukoma, ko‘rish nervi atrofiyasi va boshqa ko‘z kasalliklari bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Keksalikda qon tomirlar sklerozi ta’sirida ko‘z pardasining qon bilan ta’minlanishi buzilib, ko‘z xiralashib qoladi. Keksalikda sodir bo‘ladigan o‘zgarishlar ko‘z gavharining xiralashuvi – kataraktasiga sabab bo‘ladi.

Ko‘z zararlanganda birinchi yordam

Ko‘zga xas-cho‘p, chang va boshqa narsalar tushib qolganida ko‘zni yuvish, qovoqlarni yuqoriga yoki pastga tortib, ularning ostidagi narsani toza ro‘molchaning uchi yoki ho‘llangan toza paxta bilan olib tashlash lozim. Ko‘z qattiq jarohat olganida, uni yuvish yoki ko‘zga tushgan narsalarni chiqarishga urinmaslik kerak. Jarohatlangan ko‘zni toza bint bilan bog‘lab, bemorni shifoxonaga yotqizish lozim.

Ko‘rish gigiyenasi

Ko‘rishning buzilmasligi uchun kam yoritilgan xonada o‘qimaslik, ko‘zni zo‘riqtiradigan ishlar bilan ko‘p shug‘ullanmaslik kerak. Yozish, o‘qish, bichish va tikish kabi ishlarni bajarganda qog‘oz, kitob yoki narsalarni ko‘zdan 40 cm narida tutish lozim. Harakatlanayotgan transportda, ayniqsa, avtobusda o‘qish mumkin emas. Chunki harakatlanayotgan transportda kitobning doimo qimirlab turishi ko‘zni toliqtirib, ko‘rishning buzilishiga sabab bo‘ladi.

Kitob o‘qiyotganda yoki xat yozayotganda xonaning yoritilganligiga katta e’tibor berish kerak. Stolga yorug‘lik chap tomondan tushishi lozim. Ishxonada kunduzgi yorug‘lik beruvchi lampalardan foydalanish zarur.

Ko‘zga zararli omillar

Ko‘rish organizmda A vitamini yetishmasligi sababli ham buzilishi mumkin. Alkogol va chekish ko‘zga salbiy ta’sir qiluvchi omillardan hisoblanadi. Tamaki tarkibidagi nikotin va boshqa moddalar ko‘rish nervlariga zarar yetkazadi. Shamolda, iflos qo‘l, kir sochiq yoki boshqa sabablar tufayli ko‘zga mikroblar tushib qolganida yallig‘lanish – konyunktivit paydo bo‘ladi.

Bilimingizni sinang

Ko‘z gavhari egikligini o‘zgartirib, predmetdan tushadigan nurlarni to‘r pardada fokuslash jarayoni nima deyiladi?
  1. Stereoskopik ko‘rish
  2. Refleks
  3. Adaptatsiya
  4. Akkomodatsiya

To‘g‘ri javob: Akkomodatsiya. Gavhar egikligini o‘zgartirib nurlarni to‘r pardada fokuslash akkomodatsiya deyiladi.

Ko‘zni optik kameraga o‘xshatib moslang: 1) to‘r parda; 2) ko‘z gavhari va shox parda; 3) kipriksimon muskullar; a) yorug‘likni sindiruvchi muhit; b) yorug‘likka sezgir ekran; c) gavhar qavariqligini o‘zgartiradi.
  1. 1-a, 2-b, 3-c
  2. 1-b, 2-a, 3-c
  3. 1-c, 2-a, 3-b
  4. 1-b, 2-c, 3-a

To‘g‘ri javob: 1-b, 2-a, 3-c. To‘r parda yorug‘likka sezgir ekran, gavhar va shox parda sindiruvchi muhit, kipriksimon muskullar qavariqlikni o‘zgartiradi.

Ko‘rish o‘tkirligi (ko‘rish kuchi) deb nimaga aytiladi?
  1. Gavharning egikligini o‘zgartirib, nurlarni fokuslashga
  2. Ikkala ko‘z bilan qaraganda narsani bitta ko‘rish xususiyatiga
  3. Ko‘zning ikki nuqtani ular orasidagi eng kam masofada ajrata olish xususiyatiga
  4. Ranglarni bir-biridan ajrata olish qobiliyatiga

To‘g‘ri javob: Ko‘zning ikki nuqtani ular orasidagi eng kam masofada ajrata olish xususiyatiga. Ko‘rish o‘tkirligi — ko‘zning ikki nuqtani ular orasidagi eng kam masofada ajrata olish xususiyati.

Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Yaqinni ko‘radigan odam uzoqqa qaraganida buyum tasviri sariq dog‘dan oldinda hosil bo‘ladi; II. Tug‘ma yaqinni ko‘rish ko‘z kosasining qisqa bo‘lishi bilan bog‘liq; III. Tug‘ma uzoqni ko‘rish ko‘z kosasining qisqa bo‘lishi bilan bog‘liq.
  1. I va II
  2. II va III
  3. I va III
  4. I, II va III

To‘g‘ri javob: I va III. Tug‘ma yaqinni ko‘rish ko‘z kosasining cho‘ziq bo‘lishi bilan bog‘liq, shuning uchun II noto‘g‘ri.

Albinizmda pigment bo‘lmaganligi sababli ko‘rish qobiliyati nima uchun ancha pasayadi?
  1. Yorug‘lik qorachiq bilan birga kamalak parda orqali ham ko‘z soqqasiga o‘tadi
  2. Ko‘z gavhari xiralashib qoladi
  3. Yorug‘lik qorachiqdan umuman o‘tmaydi
  4. To‘r pardadagi tayoqchasimon hujayralar butunlay yo‘qoladi

To‘g‘ri javob: Yorug‘lik qorachiq bilan birga kamalak parda orqali ham ko‘z soqqasiga o‘tadi. Pigment bo‘lmaganda yorug‘lik kamalak parda orqali ham o‘tadi va ko‘rish qobiliyati pasayadi.

Kamalak pardadagi qaysi pigment ko‘z rangini belgilaydi?
  1. Melanin
  2. Gemoglobin
  3. Rodopsin
  4. Xlorofill

To‘g‘ri javob: Melanin. Kamalak pardadagi melanin pigmenti ko‘z rangini belgilaydi.

Shabko‘rlik kasalligida odam qanday ko‘radi va bu holat ko‘pincha qaysi hujayralardagi o‘zgarishlar bilan bog‘liq?
  1. Qorong‘ida yaxshi, kunduzi ko‘rmaydi; kolbasimon hujayralar
  2. Faqat ranglarni ajrata olmaydi; kolbasimon hujayralar
  3. Kunduzi ham, qorong‘ida ham yaxshi ko‘radi; kolbasimon hujayralar
  4. Kunduzi yaxshi, qorong‘ida ko‘rmaydi; tayoqchasimon hujayralar

To‘g‘ri javob: Kunduzi yaxshi, qorong‘ida ko‘rmaydi; tayoqchasimon hujayralar. Shabko‘r kunduzi yaxshi, qorong‘ida ko‘rmaydi; sabab to‘r pardadagi tayoqchasimon hujayralar o‘zgarishi.

Keksalikda sodir bo‘ladigan o‘zgarishlar tufayli ko‘z gavharining xiralashuvi qanday kasallik nomi bilan ataladi?
  1. Konyunktivit
  2. Katarakta
  3. Glaukoma
  4. Albinizm

To‘g‘ri javob: Katarakta. Keksalikdagi o‘zgarishlar ko‘z gavharining xiralashuvi — kataraktaga sabab bo‘ladi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiKo‘rish analizatorlariKeyingi →Eshitish organlarining tuzilishi, eshitish gigiyenasi