XotirAI logotipiXotirAI
🧬 8-sinf · Odam va uning salomatligi · 56-§.

Muvozanat saqlash, muskul sezish va tuyg‘u organlari

Mavzular

Vestibular apparat tuzilishi

Muvozanat organi, ya’ni vestibular apparat tananing fazodagi holatini sezish va tana muvozanatini saqlash funksiyasini bajaradi.

Vestibular apparat ichki quloqda joylashgan ikkita ovalsimon xaltacha va uchta halqasimon naychalardan iborat (87-rasm). Xaltachalar va naychalar ichida suyuqlik va retseptorlar joylashgan. Bundan tashqari, xaltachalarda otolitlar — muvozanat toshchalari bo‘ladi.

87-rasm. Muvozanat saqlash analizatorining tuzilishi: 1 – chig‘anoq, 2 – ovalsimon xaltacha, 3 – yumaloq xaltacha, 4 – yarimdoira naylar, 5 – eshitish nervi, 6 – muvozanat saqlash organi nervi.
87-rasm. Muvozanat saqlash analizatorining tuzilishi: 1 – chig‘anoq, 2 – ovalsimon xaltacha, 3 – yumaloq xaltacha, 4 – yarimdoira naylar, 5 – eshitish nervi, 6 – muvozanat saqlash organi nervi.

Muvozanat signalining yo‘li

Odam harakatlanganida yoki boshini burganida xaltacha va naychalar ichidagi suyuqlik hamda otolitlar holati o‘zgarib, retseptorlarda qo‘zg‘alish paydo bo‘ladi. Yarimdoira naylar aylanma harakatga sezgir bo‘ladi. Nerv impulslari vestibular nervlar va miya ko‘prigi orqali miyachaga va yarimsharlar po‘stlog‘iga uzatiladi.

Dengiz kasalligi, vaznsizlik

Ba’zan paroxodda suzayotgan odamning boshi aylanib, ko‘ngli ayniydi. «Dengiz kasalligi» deb ataladigan bu holat odam boshining ritmik tebranishi natijasida vestibular apparat retseptorlarida to‘xtovsiz paydo bo‘lib turadigan qo‘zg‘alishlar bilan bog‘liq (88-rasm). Vaznsizlik holatida otolitlar retseptorlarga ta’sir qilmay qo‘yishi tufayli odam o‘zini tubsiz jarga qulayotgandek his etib, ko‘ngli ayniydi. Buning oldini olish maqsadida kosmonavtlar maxsus mashqlar yordamida vaznsizlik holatiga tayyorlanadi.

88-rasm. Muvozanat saqlash organi tuzilishi va funksiyasi: 1 – yarimdoira nay, 2 – xaltacha, 3 – otolitlar (ohaktoshchalar), 4 – tukchali hujayralar, 5 – nerv tolalari. O‘ng tomonda boshning har xil holatida muvozanat organining o‘zgarishi ko‘rsatilgan.
88-rasm. Muvozanat saqlash organi tuzilishi va funksiyasi: 1 – yarimdoira nay, 2 – xaltacha, 3 – otolitlar (ohaktoshchalar), 4 – tukchali hujayralar, 5 – nerv tolalari. O‘ng tomonda boshning har xil holatida muvozanat organining o‘zgarishi ko‘rsatilgan.

Muskul sezish

Muskul sezish. Muskullar, paylar va bo‘g‘imlarda maxsus retseptorlar joylashgan (89-rasm). Bu retseptorlardan bir xillari muskullar qisqarganida, boshqalari esa muskullar bo‘shashganida qo‘zg‘aladi. Qo‘zg‘alish nerv impulslari holatida sezuvchi nervlar orqali bosh miyaning harakat markaziga boradi. U yerda hosil bo‘lgan refleks ta’sirida harakat sodir bo‘ladi.

89-rasm. Muskul retseptorlari: 1 – muskullar, 2 – muskul tolalari, 3 – sezuvchi nerv, 4 – muskul retseptor qobig‘i, 5 – sezuvchi nerv uchi. 90-rasm. Tuyg‘u retseptorlari: 1 – siypalash, 2 – harakat sezish, 3 – og‘riq sezish, 4 – teri retseptorlari, 5 – nerv tolalari.
89-rasm. Muskul retseptorlari: 1 – muskullar, 2 – muskul tolalari, 3 – sezuvchi nerv, 4 – muskul retseptor qobig‘i, 5 – sezuvchi nerv uchi. 90-rasm. Tuyg‘u retseptorlari: 1 – siypalash, 2 – harakat sezish, 3 – og‘riq sezish, 4 – teri retseptorlari, 5 – nerv tolalari.

Muskul va paylardagi sezgi yashirin sezgi deyiladi. Ular tufayli odam ishonch bilan qadam tashlaydi, ko‘zi yumuq holida qo‘li bilan aniq harakatlar qiladi. Lekin muskul va paylarning sezuvchanligini odam payqamaydi.

Tuyg‘u — teri sezish

Tuyg‘u, ya’ni teri sezish orqali odam tashqi muhitning organizmga ta’sirini his etadi. Tuyg‘u retseptorlari terida joylashgan (90-rasm). Retseptorlar ayniqsa, barmoq uchi, kaft va tilda ko‘p bo‘ladi. Bu retseptorlar orqali odam issiq, sovuq, og‘riqni his etadi. Tuyg‘u tufayli odam ko‘zi yumuq holda ham buyumlarning og‘irligi, katta-kichikligini sezadi.

Og‘riq va harorat sezish

Teriga biron o‘tkir narsa tekkanida bosim ta’sirida unda egilish yuz beradi. Egilish ta’sirida retseptorlarda paydo bo‘lgan nerv signallari bosh miyaning teri sezish markaziga uzatiladi. Nerv markazida paydo bo‘lgan og‘riq reflekslari ta’sirida muskullarning qisqarishi tufayli odam og‘rigan organini tortib oladi.

Og‘riq retseptorlari organizmga ziyon keltirishi mumkin bo‘lgan har qanday ta’sirga nisbatan nerv impulslari hosil qiladi. Og‘riq kishi e’tiborini bo‘lajak xavf-xatarga yashin tezligida jalb qiladi. Sovuq va issiqni sezadigan retseptorlar terida va shilliq pardada joylashgan. Ular tashqi muhit harorati ta’sirida qo‘zg‘aladi. Bu retseptorlar tana haroratini boshqarishda muhim ahamiyatga ega.

Haroratni sezuvchi retseptorlar tashqi muhitning o‘zgarishiga moslanish xususiyatiga ega. Shuning uchun dastlab juda issiq sezilgan suvga oyog‘imizni solib turganimizda suv birmuncha sovigandek seziladi.

Bilimingizni sinang

Vestibular apparat ichki quloqda joylashgan qaysi tuzilmalardan iborat?
  1. Ikkita ovalsimon xaltacha va uchta halqasimon naycha
  2. Uchta ovalsimon xaltacha va ikkita halqasimon naycha
  3. Uchta ovalsimon xaltacha va uchta halqasimon naycha
  4. Ikkita ovalsimon xaltacha va ikkita halqasimon naycha

To‘g‘ri javob: Ikkita ovalsimon xaltacha va uchta halqasimon naycha. Vestibular apparat ikkita ovalsimon xaltacha va uchta halqasimon naychadan iborat.

Vestibular apparat xaltachalarida joylashgan muvozanat toshchalari qanday ataladi?
  1. Otolitlar
  2. Perilimfa
  3. Endolimfa
  4. Retseptorlar

To‘g‘ri javob: Otolitlar. Xaltachalardagi muvozanat toshchalari otolitlar deyiladi.

Vestibular apparatning qaysi qismi aylanma harakatga sezgir bo‘ladi?
  1. Otolitlar
  2. Miya ko‘prigi
  3. Ovalsimon xaltachalar
  4. Yarimdoira naylar

To‘g‘ri javob: Yarimdoira naylar. Aylanma harakatga yarimdoira naylar sezgir bo‘ladi.

Muvozanat signali yo‘lini ketma-ketlikda joylashtiring: 1) miyacha va yarimsharlar po‘stlog‘i; 2) vestibular nervlar; 3) miya ko‘prigi; 4) xaltacha va naychalardagi suyuqlik hamda otolitlar holatining o‘zgarishi.
  1. 4-3-2-1
  2. 2-4-3-1
  3. 4-2-1-3
  4. 4-2-3-1

To‘g‘ri javob: 4-2-3-1. Suyuqlik va otolitlar holati o‘zgaradi, impuls vestibular nervlar va miya ko‘prigi orqali miyacha hamda po‘stloqqa boradi.

«Dengiz kasalligi» deb ataladigan holat nima bilan bog‘liq?
  1. Muskul va paylardagi retseptorlarning qo‘zg‘alishi
  2. Teri retseptorlarining haroratga moslashishi
  3. Otolitlarning retseptorlarga ta’sir qilmay qo‘yishi
  4. Odam boshining ritmik tebranishidan vestibular retseptorlarda to‘xtovsiz qo‘zg‘alish paydo bo‘lishi

To‘g‘ri javob: Odam boshining ritmik tebranishidan vestibular retseptorlarda to‘xtovsiz qo‘zg‘alish paydo bo‘lishi. Bosh ritmik tebranganda vestibular retseptorlarda to‘xtovsiz qo‘zg‘alish paydo bo‘ladi.

Vaznsizlik holatida odam nima uchun o‘zini tubsiz jarga qulayotgandek his etib, ko‘ngli aynishi mumkin?
  1. Yarimdoira naylardagi suyuqlik qotib qoladi
  2. Otolitlar retseptorlarga ta’sir qilmay qo‘yadi
  3. Teri retseptorlari og‘riq signalini yuboradi
  4. Muskullardagi retseptorlar qisqarishga javob bermaydi

To‘g‘ri javob: Otolitlar retseptorlarga ta’sir qilmay qo‘yadi. Vaznsizlikda otolitlar retseptorlarga ta’sir qilmay qo‘yadi, shuning uchun qulash hissi paydo bo‘ladi.

Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Muskullar, paylar va bo‘g‘imlarda maxsus retseptorlar joylashgan; II. Muskul va paylardagi sezgi yashirin sezgi deyiladi; III. Odam muskul va paylarning sezuvchanligini aniq payqaydi.
  1. I va II
  2. II va III
  3. I va III
  4. I, II va III

To‘g‘ri javob: I va II. Odam muskul va paylarning sezuvchanligini payqamaydi, shuning uchun III noto‘g‘ri.

Dastlab juda issiq sezilgan suvga oyog‘imizni solib turganimizda nima uchun suv birmuncha sovigandek seziladi?
  1. Muskul retseptorlari bo‘shashganda qo‘zg‘aladi
  2. Og‘riq retseptorlari qo‘zg‘alishdan to‘xtaydi
  3. Haroratni sezuvchi retseptorlar tashqi muhit o‘zgarishiga moslanadi
  4. Otolitlar retseptorlarga ta’sir qilmay qo‘yadi

To‘g‘ri javob: Haroratni sezuvchi retseptorlar tashqi muhit o‘zgarishiga moslanadi. Harorat retseptorlari tashqi muhit o‘zgarishiga moslanadi, shuning uchun issiq suv sovigandek seziladi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiEshitish organlarining tuzilishi, eshitish gigiyenasiKeyingi →Hid bilish va ta’m bilish organlari