Hid bilish va ta’m bilish organlari
Mavzular
Hid bilish retseptorlari
Hid va ta’m bilish kimyoviy moddalarning maxsus sezgir hujayralarga ta’siri bilan bog‘liq. Hid va ta’m bilish ovqat sifati va atrof-muhit to‘g‘risida xabar beradi, odamning hissiyotiga ta’sir ko‘rsatadi.
Hid bilish — moddalarning hidini maxsus retseptorlar yordamida sezishdan iborat. Hid bilish retseptorlari burun bo‘shlig‘ining yuqori bo‘limida joylashgan (91-rasm). Odam hid orqali atrof-muhit havosining tozaligi yoki iflos-langanligini (masalan, oshxonada gaz hidini) sezadi, ta’m va ichimliklar sifati va ulardan zaharlanishning oldini oladi.
Hid qanday qabul qilinadi
Hidni burun bo‘shlig‘ining shilimshiq qavati sirtida joylashgan maxsus hid bilish retseptor hujayralari qabul qiladi. Odamda bunday hujayralar soni 30–40 mln. ga yetadi. Hujayralar yuzasi mayda tukchalar hisobiga juda kengaygan bo‘ladi. Shilliq qavatning bezli hujayralari ishlab chiqaradigan sekret retseptorlarni namlab turadi. Burun bo‘shlig‘iga o‘tgan hidli modda shilimshiq moddada erib, retseptorni qo‘zg‘atadi.

Hid to‘g‘risidagi axborot hid bilish nervlari bo‘ylab bosh miyadagi hid bilish analizatori markaziga uzatiladi. Bu joyda hidning o‘ziga xos xususiyati, o‘tkirligi, sifati to‘g‘risida tasavvur shakllanadi. Hid bilish analizatori xilma-xil hid beruvchi moddalar va ular kombinatsiyasini bir-biridan farq qila oladi. Har bir odamning o‘ziga xos hidi bo‘lishi tufayli iskovuch itlar minglab odamlar orasidan qidirilayotgan odamni topib beradi.
Hid sezgirligi va moslanish
Muayyan bir xildagi hidga organizm sezgirligi o‘zgarib turishi mumkin. Hidning ta’siri bahor va yozda, ayniqsa, issiq va nam havoda kuchayadi. Hid yorug‘likda nisbatan kuchli seziladi. Hidli modda retseptorlarni doimo qo‘zg‘atib turganida hidga moslanish sodir bo‘lib, odam hidni sezmaydigan bo‘lib qoladi.
Ta’m bilish organi
Ta’m bilish organi og‘iz bo‘shlig‘ida joylashgan ta’m bilish so‘rg‘ichlaridan iborat (92-rasm). Ta’m bilish so‘rg‘ichlari bir-biriga taqalib turadigan ellipssimon ta’m bilish retseptor hujayralari va tayanch hujayralardan iborat. So‘rg‘ichlar tilning uchi, ikki yoni va keyingi qismida, halqum devori va yumshoq tanglayda ko‘p bo‘ladi.
Ta’mlar joylashuvi va harorat
Tilning oldingi qismi asosida joylashgan so‘rg‘ichlar shirin, orqa qismi — achchiq, ikki yoni — nordon, oldingi uchi — sho‘r ta’mdan qo‘zg‘aladi (93-rasm). Suvda yoki so‘lakda erigan moddalar ta’sirida ta’m bilish retseptorlarining qo‘zg‘alishi yuz beradi. Ularning ta’sirlanishi tufayli ta’m sezish tuyg‘usi kuchayadi. Suvda erimaydigan modda ta’msiz tuyuladi.

Ta’m bilishda issiq yoki sovuq uncha katta ahamiyatga ega emas. Juda issiq yoki sovuq ovqatning ta’mi yaxshi sezilmaydi. Biroz sovitilgan ovqat mazali bo‘ladi. Ovqatning harorati 15–30° C bo‘lganida ta’mi yaxshi bilinadi.
Ichki organlar sezuvchanligi
Ichki organlar sezuvchanligi. Ichki organlar devorida joylashgan retseptorlar shu organlarda kimyoviy, mexanik, bosim yoki haroratning o‘zgarishi ta’sirida qo‘zg‘aladi. Qo‘zg‘alish vegetativ nervlari orqali orqa va bosh miya nerv markazlariga boradi. Nerv markazlarida nerv signallari tahlil qilinib, tegishli organlarga uzatiladi. Nerv impulslari faoliyatini kuchaytiradi yoki sekinlashtiradi.
Ichki organlar retseptorlarining qo‘zg‘alishi hamma vaqt ham sezilavermaydi. Masalan, yurak, jigar, buyrak, qon tomirlari retseptorlari qo‘zg‘alishini odam sezmaydi. Lekin qovuqdagi siydik ajratish, oshqozondagi och qolish, qon tomirlari devoridagi chanqash, ichakdagi najas ajratish retseptorlari qo‘zg‘alishini his etadi. Ichki organlar kasallanganida ulardagi retseptorlar kuchli qo‘zg‘alib, kasallangan organ joylashgan sohada og‘riq paydo qiladi.
Sezgi organlari o‘zaro muvofiqligi
Sezgi organlari funksiyasining o‘zaro muvofiqligi. Organizmda sezgi organlaridan birortasi zararlanganida boshqalari uning o‘rnini to‘ldiradi. Shuning uchun ko‘r bo‘lib qolgan odam yaxshi eshitadi, hidni yaxshi sezadi, barmoqlari yordamida buyumlarni, masalan, qog‘oz va tanga pullarning qiymatini aniqlab bera oladi.
Birdaniga ikki sezgi organi zararlanib, ko‘r va kar bo‘lib qolgan odamning hid bilish qobiliyati juda kuchayadi. U gazetalar va jurnallar nomini hididan biladi, musiqa to‘lqinlarini butun tanasi orqali eshitadi.
Bilimingizni sinang
Hid bilish retseptorlari odamning qaysi joyida joylashgan?
- Halqum devori va yumshoq tanglayda
- Burun bo‘shlig‘ining pastki bo‘limida
- Og‘iz bo‘shlig‘ida tilning uchida
- Burun bo‘shlig‘ining yuqori bo‘limida
To‘g‘ri javob: Burun bo‘shlig‘ining yuqori bo‘limida. Hid bilish retseptorlari burun bo‘shlig‘ining yuqori bo‘limida joylashgan; ta’m so‘rg‘ichlari esa og‘iz bo‘shlig‘ida bo‘ladi.
Odamda hid bilish retseptor hujayralari soni qanchaga yetadi?
- 30–40 mln. ga
- 3–4 mln. ga
- 300–400 mln. ga
- 30–40 ming ga
To‘g‘ri javob: 30–40 mln. ga. Burun shilimshiq qavatidagi hid bilish retseptor hujayralari soni 30–40 mln. ga yetadi.
Nima sababdan iskovuch itlar minglab odamlar orasidan qidirilayotgan odamni topib bera oladi?
- Itlarda ta’m bilish retseptorlari ko‘p bo‘lishi tufayli
- Har bir odamning o‘ziga xos hidi bo‘lishi tufayli
- Barcha odamlarning hidi bir xil bo‘lishi tufayli
- Odam hidi faqat yorug‘likda kuchli sezilishi tufayli
To‘g‘ri javob: Har bir odamning o‘ziga xos hidi bo‘lishi tufayli. Har bir odamning o‘ziga xos hidi bor, hid analizatori hidlarni bir-biridan farq qila oladi.
Ovqatning harorati qanday bo‘lganida uning ta’mi yaxshi bilinadi?
- 5–10° C
- 35–45° C
- 50–60° C
- 15–30° C
To‘g‘ri javob: 15–30° C. Ovqat harorati 15–30° C bo‘lganda ta’m yaxshi bilinadi; juda issiq yoki sovuq ovqat ta’mi yaxshi sezilmaydi.
Hid va ta’m bilish retseptorlari uchun qaysi xususiyat umumiy hisoblanadi?
- Ikkalasi ham yorug‘lik nurlari ta’sirida qo‘zg‘aladi
- Ikkalasi ham kimyoviy moddalar ta’sirida qo‘zg‘aladi
- Ikkalasi ham tilning uch qismida joylashgan
- Ikkalasi ham burun bo‘shlig‘ining yuqori bo‘limida joylashgan
To‘g‘ri javob: Ikkalasi ham kimyoviy moddalar ta’sirida qo‘zg‘aladi. Hid va ta’m bilish kimyoviy moddalarning maxsus sezgir hujayralarga ta’siri bilan bog‘liq.
Til qismlari va ular qo‘zg‘aladigan ta’mlarni moslang: 1) tilning orqa qismi; 2) tilning ikki yoni; 3) tilning oldingi uchi; a) nordon; b) achchiq; c) sho‘r.
- 1-a, 2-b, 3-c
- 1-c, 2-a, 3-b
- 1-b, 2-c, 3-a
- 1-b, 2-a, 3-c
To‘g‘ri javob: 1-b, 2-a, 3-c. Orqa qism achchiq, ikki yon nordon, oldingi uch sho‘r ta’mdan qo‘zg‘aladi.
Ichki organlar retseptorlari haqidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Yurak, jigar, buyrak retseptorlarining qo‘zg‘alishini odam sezmaydi; II. Oshqozondagi och qolish retseptorlarining qo‘zg‘alishini odam his etadi; III. Ichki organlar retseptorlarining qo‘zg‘alishi hamma vaqt sezilib turadi.
- I va II
- II va III
- I va III
- I, II va III
To‘g‘ri javob: I va II. Yurak, jigar, buyrak retseptorlari qo‘zg‘alishi sezilmaydi, och qolish seziladi; III hukm matnga zid.
Hid sezgirligi haqidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Hidning ta’siri kuz va qishda, ayniqsa, sovuq havoda kuchayadi; II. Hid yorug‘likda nisbatan kuchli seziladi; III. Hid bilish analizatori hid beruvchi moddalar kombinatsiyasini bir-biridan farq qila oladi.
- I va II
- II va III
- I va III
- I, II va III
To‘g‘ri javob: II va III. Hid bahor-yozda, issiq va nam havoda kuchayadi (I noto‘g‘ri); II va III to‘g‘ri.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash