XotirAI logotipiXotirAI
🧬 9-sinf · Biologiya · 3-§.

Hayotning hujayrasiz shakllari

Mavzular

Viruslarning kashf etilishi

Viruslar. 1892-yilda rus olimi D.I.Ivanovskiy tamaki o‘simligida uchraydigan tamaki mozaikasi deb ataluvchi kasallik qo‘zg‘atuvchisining o‘ziga xos xususiyatlarini aniqladi. Ushbu kasallik qo‘zg‘atuvchi viruslar bakteriyali filtrdan o‘ta olish xususiyatiga ega. Natijada sog‘lom tamaki o‘simligini filtrdan o‘tgan suyuqlik bilan zararlash mumkin.

Oradan bir necha yil o‘tgach F.Leffler va P.Froshlar uy hayvonlarida uchraydigan oqsil kasalligini qo‘zg‘atuvchilar ham bakteriyali filtrdan o‘tib ketar ekan, degan xulosaga keldilar. Nihoyat, 1917-yil kanadalik bakteriolog F.de Erell bakteriyalarni zararlovchi bakteriofag-virusni kashf etdi. Shunday qilib, o‘simlik, hayvon va mikroorganizmlarda viruslar kashf etildi. Ushbu kashfiyotlar hayotning hujayrasiz shakllari, ya’ni yangi fan sohasi — virusologiya (viruslarni o‘rganuvchi) fanini vujudga kelishiga sabab bo‘ldi.

Viruslarning umumiy xususiyatlari

Viruslar inson hayotiga katta xavf soladi. Ular bir necha yuqumli kasalliklar (gripp, quturish, sariq kasalligi, ensefalit, qizilcha va boshqalar)ning qo‘zg‘atuvchilari hisoblanadi. Viruslar faqat hujayralarda yashaydi. Ular hujayra ichi parazitlaridir. Viruslar hujayradan tashqarida erkin va faol holatda uchramaydi, ko‘payish xususiyatiga ham ega emas (2-rasm). Viruslar hujayraviy tuzilishga ega organizmlardan farq qilib, o‘z metabolizimiga, ya’ni mustaqil oqsil sintezlash xususiyatiga ega emas.

2- rasm. Tamaki mozaika virusi va uning tuzilishi.
2- rasm. Tamaki mozaika virusi va uning tuzilishi.

Virusning tuzilishi

Hujayraviy tuzilishdagi organizmlarda DNK va RNK kabi nuklein kislotalar bo‘lib, viruslarda ularning faqat biri uchrashi mumkin. Shunga ko‘ra viruslar DNK yoki RNK saqlovchi guruhlarga ajratiladi.

Viruslar nukleoproteinlarga o‘xshash bo‘lib, ular nuklein kislota (DNK yoki RNK) va uning atrofini o‘rab turadigan virus qobig‘ini hosil qiladigan oqsillardan iborat. Virus qobig‘i kapsid deb ataladi.

Virusning hujayraga kirishi

Viruslarning hujayralar bilan o‘zaro ta’siri. Hujayra oralig‘i muhitidagi suyuqlikdan hosil bo‘lgan pinositoz vakuolalar orqali tasodifan hujayra ichiga virus kirishi mumkin. Ammo odatda hujayraga virusning kirishidan avval hujayra sirtidagi maxsus oqsil-retseptor bilan bog‘lanish sodir bo‘ladi. Ushbu bog‘lanish virus yuzasida maxsus oqsillar orqali amalga oshiriladi. Ular hujayra sirtidagi sezgir ma’lum retseptorni “tanib olish” xususiyatiga ega.

Virus bilan bog‘langan hujayraning qismi sitoplazmaga birlashib, vakuolaga aylanadi. Sitoplazmatik membranadan tashkil topgan vakuola qobig‘i boshqa vakuola yoki yadro bilan qo‘shiladi. Ana shunday yo‘l bilan virus hujayraning barcha qismiga tarqalishi mumkin.

Yuqumlilik va hujayradan chiqish

Virusning hujayraga kirib borishi yuqumlilik xususiyatini keltirib chiqaradi. Chunonchi, sariq kasalligini qo‘zg‘atuvchi A va B viruslar faqat jigar hujayralariga kirishi mumkin va ularda ko‘paya oladi.

Virus zarrachalarining to‘planishi ularning hujayradan chiqib ketishiga olib keladi. Ushbu jarayon ba’zi bir viruslarda “portlash” tarzida ro‘y beradi. Natijada hujayra nobud bo‘ladi. Boshqa turdagi viruslar kurtaklanishga o‘xshash yo‘l bilan ajraladi. Bunda organizmning hujayralari hayotchanligini uzoq vaqtgacha saqlab qoladi.

Bakteriofagning kirishi

Bakteriya virusi — bakteriofaglarning hujayraga kirishi biroz boshqacharoq. Bakteriyalarning qalin hujayra qobig‘i hayvon hujayralaridek oqsil-retseptorli va unga birikkan virus bilan birgalikda sitoplazmaga kirib borishiga imkon bermaydi. Shuning uchun bakteriofag hujayrasiga ichi kovak tayoqcha yordamida uning boshchasida joylashgan DNK (yoki RNK) itarib kiritiladi (3-rasm).

3- rasm. Bakteriofag virusi tuzilishi.
3- rasm. Bakteriofag virusi tuzilishi.

Bakteriofagning genomi sitoplazmaga tushadi, kapsid esa tashqarida qoladi. Bakteriya hujayrasi sitoplazmasida bakteriofagning genomi reduplikatsiyasi boshlanadi hamda oqsil sintezlanib, uning kapsidi shakllanadi. Oradan ma’lum vaqt o‘tgandan so‘ng bakteriya hujayrasi nobud bo‘ladi. Yetilgan fag zarrachalari esa tashqariga chiqadi.

Viruslarning kelib chiqishi

Viruslarning kelib chiqishi. Viruslar avtonom genetik tuzilmalar bo‘lib, hujayradan tashqarida rivojlana olmaydi. Taxminlarga ko‘ra viruslar va bakteriofaglar hayotning hujayraviy shakllari bilan birgalikda rivojlangan hujayraning maxsus irsiy elementlari hisoblanadi. Hozirgi vaqtda genetik injeneriya sohasida viruslardan keng foydalanilmoqda.

Bilimingizni sinang

Olimlarni ularning kashfiyoti bilan moslang: 1) D.I.Ivanovskiy; 2) F.Leffler va P.Frosh; 3) F.de Erell; a) uy hayvonlari oqsil kasalligi qo‘zg‘atuvchisi ham bakteriyali filtrdan o‘tishi; b) tamaki mozaikasi qo‘zg‘atuvchisi xususiyatlari; c) bakteriofag-virus.
  1. 1-a, 2-b, 3-c
  2. 1-b, 2-a, 3-c
  3. 1-b, 2-c, 3-a
  4. 1-c, 2-a, 3-b

To‘g‘ri javob: 1-b, 2-a, 3-c. Ivanovskiy tamaki mozaikasini, Leffler va Frosh hayvon kasalligini o‘rgandi, de Erell bakteriofagni kashf etdi.

Virus hujayra ichiga tasodifan qaysi tuzilmalar orqali kirishi mumkin?
  1. Pinositoz vakuolalar
  2. Qisqaruvchi vakuolalar
  3. Gazli vakuolalar
  4. Hazm qiluvchi vakuolalar

To‘g‘ri javob: Pinositoz vakuolalar. Hujayra oralig‘i suyuqligidan hosil bo‘lgan pinositoz vakuolalar orqali virus tasodifan kirishi mumkin.

Sog‘lom tamaki o‘simligini filtrdan o‘tgan suyuqlik bilan zararlash mumkin bo‘lishining sababi nima?
  1. Filtr virusni ko‘paytirib berishi
  2. Viruslar bakteriyali filtrdan o‘ta olishi
  3. Filtrda virus hujayraga aylanishi
  4. Suyuqlikdagi bakteriyalar filtrdan o‘tishi

To‘g‘ri javob: Viruslar bakteriyali filtrdan o‘ta olishi. Kasallik qo‘zg‘atuvchi viruslar bakteriyali filtrdan o‘ta oladi, shuning uchun suyuqlik zararlaydi.

Hayotning hujayrasiz shakllari kashf etilishi qaysi fanning vujudga kelishiga sabab bo‘ldi?
  1. Sitologiya
  2. Bakteriologiya
  3. Virusologiya
  4. Mikologiya

To‘g‘ri javob: Virusologiya. Viruslarning kashf etilishi viruslarni o‘rganuvchi virusologiya fanini vujudga keltirdi.

Viruslar haqidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Viruslar hujayra ichi parazitlaridir; II. Viruslar o‘z metabolizmi tufayli mustaqil oqsil sintezlay oladi; III. Viruslar hujayradan tashqarida erkin va faol holatda uchramaydi.
  1. I va III
  2. I va II
  3. II va III
  4. I, II va III

To‘g‘ri javob: I va III. Viruslarning o‘z metabolizmi yo‘q, mustaqil oqsil sintezlay olmaydi; shuning uchun II noto‘g‘ri.

Virusning nuklein kislotasi atrofini o‘rab turuvchi oqsil qobig‘i nima deb ataladi?
  1. Genom
  2. Membrana
  3. Kapsid
  4. Retseptor

To‘g‘ri javob: Kapsid. Virus qobig‘i kapsid deb ataladi.

Quyidagi qatorlardan qaysi birida faqat RNK saqlovchi viruslar sanalgan?
  1. Qizamiq va gripp viruslari
  2. Adenovirus va qizamiq viruslari
  3. Bakteriofag va gripp viruslari
  4. Bakteriofag va adenovirus

To‘g‘ri javob: Qizamiq va gripp viruslari. Bakteriofag va adenovirus DNK saqlaydi; qizamiq va gripp viruslari RNK saqlaydi.

Odatda virus hujayraga kirishidan avval qanday jarayon sodir bo‘ladi?
  1. Hujayra qobig‘ini eritib yuborish
  2. Hujayra sirtidagi oqsil-retseptor bilan bog‘lanish
  3. Hujayra ichida kapsidni yig‘ish
  4. Hujayra yadrosi bilan qo‘shilish

To‘g‘ri javob: Hujayra sirtidagi oqsil-retseptor bilan bog‘lanish. Virus avval hujayra sirtidagi maxsus oqsil-retseptor bilan bog‘lanadi, so‘ng kiradi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiTiriklikning tuzilish darajalariKeyingi →Prokariot hujayralar