Prokariot hujayralar
Mavzular
Prokariotlar tavsifi
Organik olam ikkita katta dunyoga, ya’ni prokariotlar va eukariotlarga bo‘linadi.
Prokariotlar — yadrosi to‘liq shakllanmagan, ya’ni haqiqiy yadroga ega bo‘lmagan organizmlardir. Irsiy belgilar nukleotidlarda joylashgan. DNK — dezoksiribonuklein kislota halqasimon shaklda bo‘ladi. Jinsiy ko‘payish kuzatilmaydi. Hujayra markazi va mitotik ip bo‘lmaydi. Hujayra amitoz yo‘l bilan bo‘linadi. Hujayrada plastida va mitoxondriya kabi asosiy organoidlar uchramaydi. Hujayra qobig‘i murein yoki pektin moddasidan tashkil topgan. Odatda xivchinli prokariotlarning ba’zi vakillaridagi xivchin oddiy tuzilgan. Prokariotlarning ko‘pchiligi erkin azotni o‘zlashtirish xususiyatiga ega.
Oziqlanishi oziq moddalarning hujayra qobig‘i orqali shimib olinishi bilan kechadi. Hazm qiluvchi vakuolalar bo‘lmaydi, ba’zan gazli vakuolalar uchraydi. Prokariotlarga bakteriyalar va ko‘kyashil suv o‘tlari kiradi.
Bakteriyalar va shakllari
Bakteriyalar. Bakteriyalar yer sharidagi sodda tuzilgan eng qadimgi va ko‘z bilan ko‘rib bo‘lmaydigan sodda organizmlar hisoblanib, hujayrasida yadro rosmana shakllanmaganligi hamda oddiy ko‘payishi (bo‘linish yo‘li) bilan xarakterlidir, jinsiy ko‘payish uchramaydi. Ba’zi avtotrof bakteriyalarni hisobga olmaganda, ular geterotrof oziqlanadi. Hujayra po‘sti murein moddasidan iborat. Bakteriyalar bir hujayrali, ba’zan ipsimon yoki shoxlangan, koloniyali organizmlar bo‘lib, ular shakl jihatidan uch guruhga ajratilgan:
- Sharsimon – kokklar;
- Tayoqsimon – batsillalar;
- Buralgan – vibrionlar, spirillalar (4- rasm).

Spora va tarqalish
Bakteriyalar noqulay sharoitda spora hosil qilish xususiyatiga ega. Sporalar tashqi omillar ta’siriga ancha chidamli bo‘lib, bakteriyalar spora holatida bir necha yilgacha o‘z hayotchanligini saqlab qoladi. Ular asosan shamol va suv yordamida tarqaladi. Shuning uchun ham suv, tuproq, ozuqa mahsulotlarida va turar joylarda bakteriyalar ko‘p uchraydi. Shuningdek, bakteriyalarning erkin kislorodli muhitda yashovchi aerob va kislorodsiz muhitda yashovchi anaerob hamda kasallik qo‘zg‘atuvchi bakteriya turlari ham mavjud.
Kasallik qo‘zg‘atuvchi bakteriyalar
Xavfli kasallik qo‘zg‘atuvchi bakteriyalar orasida o‘pka sili kasalligini qo‘zg‘atuvchi tayoqchasimon bakteriyaga qarshi davolash usullari va tegishli dori-darmonlar yaratilgan. Vatanimizda sil kasalligini oldini olish va unga qarshi kurashish maqsadida maxsus dispanserlar faoliyat ko‘rsatib turibdi. Sil kasalligi sekin rivojlanadigan kasallik hisoblanadi, bakteriyalar orqali tez tarqaladigan xavfli kasalliklarga o‘lat, vabo, kuydirgi kabi kasalliklarini misol qilib ko‘rsatish mumkin. Ularni ma’lum turdagi bakteriyalar keltirib chiqaradi. O‘lat kasalligini keltirib chiqaradigan bakteriyalar sichqon va kalamushlarda yashaydigan burgalar orqali tarqaladi.
Hozirgi davrda mamlakatimizda yuqumli kasalliklar xavfi bartaraf etilgan. Suv va oziq-ovqat mahsulotlari doimo qat’iy nazorat ostida, shuningdek, vodoprovod suvlari filtrdan o‘tkaziladi. Dezinfeksiya ishlari keng ko‘lamda olib boriladi. Bu borada sanitar epidemiologik stansiyalar faollik ko‘rsatib kelmoqda. Kasallik qo‘zg‘atuvchi bakteriyalarga qarshi kurash chora-tadbirlaridan biri oldindan emlash hisoblanadi. Emlash orqali ichburug‘, bo‘g‘ma, qoqshol kabi xavfli kasalliklarning oldi olinadi.
Bakteriyalarning foydasi
Bakteriyalar tabiatda va inson hayotida juda muhim rol o‘ynaydi.
Ularning foydali va zararli tomonlari mavjud. Foydali jihatlari — organik moddalarning parchalanishi, chirishi va achishini amalga oshiradi. Turli achish jarayonlaridan amalda sut mahsulotlarini tayyorlashda, bodring va karamlarni konservalashda, yem-xashak o‘simliklaridan silos bostirishda foydalaniladi. Shuningdek, spirt va sirkalar olishda, tolalarni ajratishda ham bakteriyalarning faoliyatidan foydalaniladi.
Tabiatda avtotrof bakteriyalar ham mavjud. Avtotrof bakteriyalar organik moddalar to‘plash xususiyatiga ega. Buning uchun quyosh energiyasi yoki kimyoviy energiyadan foydalaniladi. Ba’zi turlari tuproqda yashagan holda erkin azotni o‘zlashtira oladi. Tugunak bakteriyalar yiliga bir gektar maydonda 200 kg gacha azot to‘playdi (5- rasm). Bakteriyalar faoliyati natijasida tabiatda azotning davriy aylanishi amalga oshiriladi.

Bakteriyalarning zararli tomonlari — odamlarda, o‘simlik va hayvonlarda turli xil xavfli kasalliklarni keltirib chiqaradi va tarqatadi (parazit bakteriyalar), ozuqa mahsulotlarini esa buzilishiga sababchi bo‘ladi (saprofit bakteriyalar).
Ko‘k-yashil suvo‘tlar tuzilishi
Ko‘k-yashil suvo‘tlar. Bu bo‘limga kiruvchi suvo‘tlar o‘simliklar dunyosining eng qadimgi vakillari bo‘lib, o‘zining juda sodda tuzilishi bilan boshqa suvo‘tlardan farq qiladi. Ko‘k-yashil suvo‘tlar bir hujayrali va koloniya hosil qiluvchi organizmlar bo‘lib, ko‘p hujayrali vakillari to‘g‘ri yoki bukilgan, hatto spiralsimon shakllari mavjuddir. Hujayrasida xilma-xil pigmentlar uchraydi, lekin ular orasida ko‘k fikotsian va yashil xlorofill pigmentlari ko‘proq bo‘ladi. Ko‘kyashil suvo‘tlar bakteriyalarga o‘xshash hujayrasining tiriklik qismi yadro va boshqa hujayra organoidlariga ajralmagan. Hujayra po‘sti pektindan iborat.
Ko‘k-yashil suvo‘tlarning ko‘payishi
Hujayrada fotosintez mahsuli sifatida oqsil donachalari zaxira moddalar sifatida to‘planadi. Ko‘k-yashil suvo‘tlar hujayrasi odatda ikkiga bo‘linish yo‘li bilan ko‘payadi. Bundan tashqari, ipsimon vakillari iplarining bir necha qismlarga ajralishi, ya’ni gormogoniylar yordamida ko‘payadi.
Ko‘k-yashil suvo‘tlar bo‘limining bir hujayrali vakillariga xrokokk (Chroccoccus), ipsimon holdagi vakillariga ossillatoriyani (Ossillatoria), koloniyali holdagi vakillariga esa nostok (Nostoc)ni misol qilish mumkin.
Ossillatoriya
Ossillatoriya oddiy ipsimon, shilimshiq pardasi bo‘lmagan hujayrasining eni bo‘yidan bir necha marta katta. Ossillatoriya ipi tanasi bo‘ylab bir xilda tuzilgan hujayralardan iborat (15- betdagi 6- rasm). Sitoplazmada rangsiz sentroplazma va uni o‘rab olgan rangli xromatoplazma ajratiladi. Ossillatoriya ipi alohida gormogoniylarga ajralib ketish yo‘li bilan ko‘payadi.

Tabiatda ossillatoriyani sholipoyalar, ko‘lmak suvlar, hovuz va ko‘llarda ko‘plab uchratish mumkin.
Nostok va suvo‘tlarning ahamiyati
Nostok — koloniya holda yashovchi suvo‘ti bo‘lib, koloniyasi yong‘oq yoki olxo‘ri donasidek kattalikda bo‘ladi. U shilimshiq po‘st bilan qoplangan. Koloniyada sharsimon hujayralar marjonsimon, xilma-xil buralgan, ipsimon ko‘rinishlarda joylashgan. Nostok koloniyasi ko‘pincha tog‘li tumanlarda buloq, soy va ariqlarda keng tarqalgan (7- rasm).

Tashqi ko‘rinishi jihatdan sodda tuzilgan ko‘k-yashil suvo‘tlar tashqi muhitning noqulay sharoitlariga ancha moslashuvchan. Shuning uchun ham ularni chuchuk va sho‘r suvlarda, tuproq va uning yuzasida hattoki qaynar buloqlarda ham uchratish mumkin.
Markaziy Osiyo cho‘llarida ko‘k-yashil suvo‘tlar tuproq hosil bo‘lishi jarayonlarida qatnashadi. Ular atmosferadagi erkin azotni o‘zlashtirish xususiyatiga ega va tuproqni azotga boyitadi. Yaponiya va Xitoyda nostokning ba’zi turlari ozuqa sifatida ishlatiladi.
Bilimingizni sinang
Prokariot hujayrada irsiy axborotni saqlovchi DNK qanday shaklda bo‘ladi?
- Chiziqli, xromosomalarga o‘ralgan
- Halqasimon
- Mitoxondriya ichida joylashgan
- Yadro qobig‘i ichida joylashgan
To‘g‘ri javob: Halqasimon. Prokariotlarda DNK halqasimon shaklda bo‘ladi.
Prokariot hujayra qanday yo‘l bilan bo‘linadi?
- Meyoz yo‘li bilan
- Amitoz yo‘li bilan
- Mitoz yo‘li bilan
- Hujayra markazi yordamida
To‘g‘ri javob: Amitoz yo‘li bilan. Prokariotlarda hujayra markazi va mitotik ip bo‘lmaydi, hujayra amitoz yo‘l bilan bo‘linadi.
Prokariotlar haqidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Jinsiy ko‘payish kuzatilmaydi; II. Plastida va mitoxondriya kabi asosiy organoidlar uchramaydi; III. Hazm qiluvchi vakuolalar yaxshi rivojlangan bo‘ladi.
- II va III
- I va III
- I va II
- I, II va III
To‘g‘ri javob: I va II. Prokariotlarda hazm qiluvchi vakuolalar bo‘lmaydi, shuning uchun III noto‘g‘ri.
Bakteriyalarning shakllarini ularning nomlari bilan moslang: 1) sharsimon; 2) tayoqsimon; 3) buralgan; a) batsillalar; b) kokklar; c) vibrionlar va spirillalar.
- 1-a, 2-b, 3-c
- 1-b, 2-a, 3-c
- 1-c, 2-b, 3-a
- 1-b, 2-c, 3-a
To‘g‘ri javob: 1-b, 2-a, 3-c. Sharsimon – kokklar, tayoqsimon – batsillalar, buralgan – vibrionlar va spirillalar.
Bakteriyalar va ko‘k-yashil suvo‘tlarning hujayra po‘sti qaysi moddadan tuzilgan?
- Ikkalasida ham mureindan
- Ikkalasida ham pektindan
- Bakteriyalarda mureindan, ko‘k-yashil suvo‘tlarda pektindan
- Bakteriyalarda pektindan, ko‘k-yashil suvo‘tlarda mureindan
To‘g‘ri javob: Bakteriyalarda mureindan, ko‘k-yashil suvo‘tlarda pektindan. Bakteriyalarning hujayra po‘sti murein, ko‘k-yashil suvo‘tlarniki pektindan iborat.
Bakteriyalar asosan nima yordamida tarqaladi?
- Shamol va suv yordamida
- Faqat sporalari yordamida
- Faqat xivchinlari yordamida
- Hasharotlar va qushlar yordamida
To‘g‘ri javob: Shamol va suv yordamida. Bakteriyalar asosan shamol va suv yordamida tarqaladi.
Aerob va anaerob bakteriyalar yashash muhiti bo‘yicha qanday farq qiladi?
- Ikkalasi ham faqat kislorodsiz muhitda yashaydi
- Aeroblar erkin kislorodli, anaeroblar kislorodsiz muhitda yashaydi
- Ikkalasi ham faqat erkin kislorodli muhitda yashaydi
- Aeroblar kislorodsiz, anaeroblar erkin kislorodli muhitda yashaydi
To‘g‘ri javob: Aeroblar erkin kislorodli, anaeroblar kislorodsiz muhitda yashaydi. Aeroblar erkin kislorodli muhitda, anaeroblar kislorodsiz muhitda yashaydi.
Bakteriyalar keltirib chiqaradigan kasalliklar haqidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Sil kasalligi tez rivojlanadigan kasallik hisoblanadi; II. O‘lat qo‘zg‘atuvchisi sichqon va kalamushlarda yashaydigan burgalar orqali tarqaladi; III. Sil kasalligiga qarshi kurashish uchun maxsus dispanserlar faoliyat ko‘rsatadi.
- I va II
- II va III
- I va III
- I, II va III
To‘g‘ri javob: II va III. Sil kasalligi sekin rivojlanadi, shuning uchun I noto‘g‘ri.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash