Eukariot hujayralar
Mavzular
Eukariot hujayra tuzilishi
Hujayrasi tarkibida haqiqiy yadroga ega bo‘lgan organizmlarni eukariotlar deyiladi. Eukariot yunoncha “eu” — haqiqiy, “karion” — yadro degan ma’noni anglatadi. Eukariot hujayralar prokariot hujayralarga nisbatan murakkab tuzilgan va xilma-xil bo‘ladi. Eukariotlarda o‘ziga xos tuzilishga ega ma’lum vazifalarini bajaradigan organoidlar mavjud.
Eukariotlarga sodda hayvonlar, zamburug‘lar, o‘simlik va hayvonlar kiradi. Eukariot hujayralar prokariotlarning murakkablashishi tufayli paydo bo‘lgan deb taxmin qilinadi. Har bir eukariot hujayra 3 ta tarkibiy qismdan: tashqi sitoplazmatik membrana, sitoplazma va yadrodan iborat.
Hujayra shakli va o‘lchami
Turli-tuman organizmlarning eukariot hujayralari o‘zining tuzilishi jihatdan murakkabligi va xilma-xilligi bilan ajralib turadi (18-rasm). Hujayralar bajaradigan vazifalari va shakliga qarab turli-tuman: yumaloq (tuxum va yog‘ hujayralari), yulduzsimon (biriktiruvchi to‘qima hujayralari), o‘simtasimon (nerv hujayralari), amyobasimon, ya’ni shaklini o‘zgartiruvchi (leykotsitlar va ayrim biriktiruvchi to‘qima hujayralari) ajratish mumkin.

Hujayralar turlicha katta-kichiklikka ega. Ko‘p hollarda ular juda kichik bo‘lib, 10–100 mikrometr (mkm, 1 mkm – 0,001 mm) ga teng. Biroq juda katta hujayralar ham mavjud. Masalan: tarvuz hujayralarini oddiy ko‘z bilan kuzatish mumkin. Eng katta hujayralarga qushlarning tuxumi misol bo‘ladi.
Hujayralar katta-kichikligiga qarab turli xil og‘irlikka ega. Masalan, tuyaqush tuxumining og‘irligi 100 g dan 1,5 kg gacha boradi. Qizil qon tanachalari (eritrositlar)ning og‘irligi esa 10-9 g (ya’ni, 0,000 000 001 g) ga teng.
Plazmatik membrana: umumiy
Plazmatik membrananing tuzilishi, xususiyatlari, funksiyalari. Elektron mikroskop orqali olib borilgan tekshirishlar bakteriyalar, o‘simliklar va hayvonlar hujayrasida yupqa tashqi qobiq borligini aniqlash imkonini berdi. Bu qobiq hujayraning tashqi membranasi deb ataladi (lotincha “membrana” – qobiq, parda). Hujayra qobig‘i hujayrani tashqi muhit va boshqa hujayralar bilan bog‘lab turishni ta’minlaydi. Shuningdek, u himoya, to‘siq, moddalarni tanlab o‘tkazish, retseptorlik vazifasini ham bajaradi. Hujayra qobig‘ining asosiy qismini plazmatik membrana tashkil etadi. Hayvon hujayralarining qobig‘i juda yupqa va elastik bo‘ladi. Shuning uchun tayanch vazifasini bajara olmaydi (19-rasm).

O‘simlik hujayrasining qobig‘i qalin bo‘lib, u asosan sellyulozadan iborat. O‘simlik hujayrasining qobig‘i tayanch vazifasini ham bajaradi. Plazmatik membrana barcha hujayralar uchun universal bo‘lgan – biologik membranadir.
Membrana xususiyatlari
Plazmatik membrana barcha hujayralarda uchraydi. Hujayra o‘zining yuza qismida yupqa qobiq hosil qilib sitoplazmasini tashqi muhitdan ajratib turadi. Tirik hujayraning yuza qismi to‘xtovsiz harakatlanib turadi, unda qavariq va botiqlar paydo bo‘lib, to‘lqinsimon tebranma harakat vujudga keladi, doimo u orqali makromolekulalar ko‘chirilib turadi. Plazmatik membrana yuksak pishiqlikka va elastiklikka ega. U ozgina shikastlangan yoki yo‘qotgan qismini tezda hosil qilib o‘zining bir butunligini oson va tez tiklay oladi.
Plazmatik membrana bir tekis yaxlit tuzilgan emas. Unda maxsus fermentativ kanalchalar bo‘lib, ular orqali hujayraning ichki qismiga fermentlar yordamida ionlar va kichik molekulali moddalar o‘tadi. Shu bilan birga hujayra faoliyati natijasida hosil bo‘lgan moddalar hujayra tashqarisiga chiqariladi.
Faol transport va yarim o‘tkazuvchanlik
Ayrim hollarda ion va kichik molekulalar hujayra ichiga membrana orqali ham o‘ta oladi, bu passiv diffuziya emas, balki faol transport bo‘lib, ATF energiyasi sarflanishi orqali amalga oshadi.
Plazmatik membrana orqali ayrim moddalar osonlik bilan o‘tsa, boshqalari umuman o‘tmaydi. Masalan, K+ ionlarining hujayra ichidagi miqdori, uning tashqarisiga nisbatan ko‘p bo‘ladi. Na+ ionlari aksincha, hujayra tashqarisida ko‘p. Na+ ionlari hujayra ichida kam bo‘lishiga qaramay hujayradan tashqariga chiqariladi. K+ ionlari esa aksincha. Bu albatta, ATF energiyasi sarfi orqali amalga oshadi va faol transportga misol bo‘ladi. Hujayra membranasining muhim xususiyati tanlab o‘tkazish, ya’ni yarim o‘tkazuvchanlikdir.
Fagositoz
Plazmatik membrana faqat ayrim molekulalar yoki ionlarni hujayra ichiga o‘tkazibgina qolmay, balki yirik molekulalar yoki ular yig‘indisidan hosil bo‘lgan yirik zarrachalarni ham o‘tkazish xususiyatiga ega. Bu xususiyat o‘z navbatida ikkiga: fagositoz va pinositozga ajratiladi.
Fagositoz. Organik moddalar, masalan oqsillar, polisaxaridlar va qattiq zarrachalar hujayra ichiga fagositoz yo‘li bilan o‘tadi (yunoncha “fageo” – yemoq, hazm qilmoq degan so‘zlardan olingan). Fagositozda plazmatik membrana bevosita ishtirok etadi. Hujayra membranasining yuza qismiga biror qattiq zarracha tushsa o‘sha joyda membrana botiq (chuqurcha) hosil qilib, zarrachani o‘rab qoladi. Membrana bilan o‘ralgan holda bu zarracha hujayra ichiga o‘tadi. Hujayrada hazm qilish vakuolasi hosil bo‘ladi va hujayraga o‘tgan organik modda hazm bo‘ladi. Fagositoz hayvonot olamida keng tarqalgan. Misol uchun, amyoba fagositoz yo‘li bilan oziqlanadi. Leykotsitlar ham fagositoz xususiyatiga ega. O‘simliklar, bakteriyalar va ko‘k-yashil suvo‘tlari hujayralarining devori zich va qalin bo‘lgani uchun fagositozga qarshilik qiladi. Shu sababli ularda fagositoz amalga oshmaydi.
Pinositoz va ektositoz
Pinositoz. Har xil moddalarning eritma holida mayda tomchi shaklida hujayraga kirishidir. Suyuqlikning mayda tomchi ko‘rinishida yutilishi ichish hodisasiga o‘xshaydi. Shuning uchun bu hodisa pinositoz (yunoncha “pino” – ichaman degan so‘zdan olingan) deyiladi. Suyuqlikni membrana orqali o‘tishi ham fagositozga o‘xshaydi. Pinositoz tabiatda keng tarqalgan bo‘lib, bakteriyalar, zamburug‘lar, o‘simlik va hayvonlar hujayrasida amalga oshadi. Fagositoz va pinositoz endositozga misol bo‘ladi.
Endositozga teskari jarayon ektositozdir (“ekto” – tashqari degan ma’noni anglatadi). Ektositozda sitoplazma vakuolasi ichida hazm bo‘lmay qolgan moddalar membrana orqali tashqariga chiqariladi. Plazmatik membrananing yana bir vazifasi ko‘p hujayrali organizmning to‘qimasida hujayralar o‘rtasidagi aloqani ta’minlashdir. Bu birinchidan, juda ko‘p burmalar va o‘simtalar hosil qilish va ikkinchidan, hujayralar tomonidan hujayralararo bo‘shliqni to‘ldiruvchi juda zich biriktiruvchi moddalarni ajratish bilan amalga oshiriladi.
O‘simlik va zamburug‘ hujayra qobig‘i
O‘simlik hujayrasi ham xuddi hayvon hujayrasi singari sitoplazmatik membrana bilan o‘ralgan bo‘ladi. Biroq, bundan tashqari hayvonlar hujayrasida uchramaydigan sellyulozadan iborat qalin hujayra qobig‘iga ham ega. Hujayra qobig‘ida maxsus teshikchalar bo‘lib, qo‘shni hujayralarning endoplazmatik to‘rlari bir-biri bilan tutashgan bo‘ladi.
Zamburug‘larning hujayralari ham xuddi o‘simlik hujayralari kabi hujayra qobig‘i bilan o‘ralgan. Ammo ular sellyuloza emas, balki xitinsimon moddalardan iborat.
Bilimingizni sinang
Yunoncha “eu” va “karion” so‘zlaridan olingan “eukariot” atamasi qanday ma’noni anglatadi?
- Ikki yadroli hujayra
- Yadrosiz hujayra
- Haqiqiy yadro
- Birlamchi yadro
To‘g‘ri javob: Haqiqiy yadro. Eukariot — haqiqiy yadroli organizm: “eu” haqiqiy, “karion” yadro degani.
Har bir eukariot hujayra nechta asosiy tarkibiy qismdan (tashqi sitoplazmatik membrana, sitoplazma va yadro) iborat?
- 2 ta
- 5 ta
- 4 ta
- 3 ta
To‘g‘ri javob: 3 ta. Eukariot hujayra membrana, sitoplazma va yadro bo‘lib, jami 3 ta tarkibiy qismdan iborat.
Hujayra shaklini u uchun xos hujayralar bilan moslang: 1) yumaloq; 2) yulduzsimon; 3) o‘simtasimon. a) nerv hujayralari; b) biriktiruvchi to‘qima hujayralari; c) tuxum va yog‘ hujayralari.
- 1-c, 2-b, 3-a
- 1-a, 2-b, 3-c
- 1-b, 2-c, 3-a
- 1-c, 2-a, 3-b
To‘g‘ri javob: 1-c, 2-b, 3-a. Yumaloq — tuxum va yog‘ hujayralari, yulduzsimon — biriktiruvchi to‘qima, o‘simtasimon — nerv hujayralari.
Qaysi hujayralar amyobasimon, ya’ni shaklini o‘zgartira oladigan hujayralarga misol bo‘ladi?
- Leykotsitlar va ayrim biriktiruvchi to‘qima hujayralari
- Yog‘ va nerv hujayralari
- Tuxum va yog‘ hujayralari
- Nerv hujayralari
To‘g‘ri javob: Leykotsitlar va ayrim biriktiruvchi to‘qima hujayralari. Amyobasimon, shaklini o‘zgartiruvchi hujayralarga leykotsitlar va ayrim biriktiruvchi to‘qima hujayralari kiradi.
Ko‘p hollarda hujayralarning o‘lchami qancha bo‘ladi (1 mkm = 0,001 mm)?
- 1–10 mkm
- 0,5–1 mm
- 10–100 mkm
- 100–500 mkm
To‘g‘ri javob: 10–100 mkm. Ko‘pchilik hujayralar juda kichik bo‘lib, 10–100 mkm ga teng.
Quyidagi hujayralardan qaysilarini oddiy ko‘z bilan kuzatish mumkin?
- Eritrositlarni
- Leykotsitlarni
- Bakteriya hujayralarini
- Tarvuz hujayralarini
To‘g‘ri javob: Tarvuz hujayralarini. Tarvuz hujayralari katta bo‘lib, oddiy ko‘z bilan ko‘rinadi.
Qizil qon tanachalari (eritrositlar)ning og‘irligi qancha?
- 0,000 000 000 001 g
- 0,000 000 001 g
- 0,000 001 g
- 0,001 g
To‘g‘ri javob: 0,000 000 001 g. Eritrositlarning og‘irligi 10-9 g, ya’ni 0,000 000 001 g ga teng.
Hayvon hujayralarining qobig‘i nima uchun tayanch vazifasini bajara olmaydi?
- U juda yupqa va elastik bo‘lgani uchun
- U faqat fermentlardan tashkil topgani uchun
- U asosan sellyulozadan iborat bo‘lgani uchun
- U juda qalin va zich bo‘lgani uchun
To‘g‘ri javob: U juda yupqa va elastik bo‘lgani uchun. Hayvon hujayrasi qobig‘i yupqa va elastik, shuning uchun tayanch vazifasini bajarmaydi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash