Sitoplazma. Hujayraning membranasiz va membranali organoidlari: endoplazmatik to‘r, ribosomalar, golji majmuasi
Mavzular
Sitoplazma
Sitoplazma. Hujayraning asosiy tarkibiy qismi bo‘lgan sitoplazma tashqi muhitdan plazmatik membrana bilan ichkaridan esa yadro qobig‘i bilan ajralib turadi. Sitoplazma hujayralarning yarim suyuq holdagi ichki muhitidir. Sitoplazmada organoidlar, kiritmalar, shuningdek, hujayra skeletini hosil qiladigan mayda-mayda naychalar va iplar joylashgan bo‘ladi. Sitoplazma asosiy moddasining tarkibida oqsillar ko‘p bo‘ladi. Asosiy moddalar almashinuvi jarayonlari sitoplazmada boradi. Sitoplazma barcha organoidlarni bir butun qilib birlashtiradi va hujayra faoliyatini ta’minlab boradi.
Umumiy va xususiy organoidlar
Sitoplazma organoidlarini umumiy va xususiy, membranali va membranasiz organoidlarga ajratish mumkin. Umumiy organoidlar organizm tarkibidagi barcha hujayralarda uchraydi. Ularga mitoxondriya, hujayra markazi, golji majmuasi, ribosoma, endoplazmatik to‘r, lizosoma, plastidalar misol bo‘ladi.
Xususiy organoidlar ayrim hujayralardagina uchraydi. Ularga misol qilib, infuzoriyalardagi kiprikchalar, evglena va spermatozoiddagi xivchinlar, epiteliy hujayralaridagi tonofibrillalar, nerv hujayralaridagi neyrofibrillalarni olish mumkin.
Yuqorida ta’kidlaganimizdek, sitoplazmada bir qator organoidlar mavjud va ular turli xil vazifalarni bajaradi.
Endoplazmatik to‘r
Endoplazmatik to‘r murakkab membranalar tizimidan iborat bo‘lib, barcha eukariot hujayralarning sitoplazmasini qamrab olgan. Endoplazmatik to‘r bir qavat membrana bilan chegaralangan vakuolalar va kanalchalar tizimidan tashkil topgan. Kanalchalar shoxlanib, hujayraning hamma qismlarini bir-biri bilan hamda plazmatik membranani boshqa organoidlar va yadro qobig‘i bilan bog‘lab umumiy to‘rni hosil qiladi. Endoplazmatik to‘r ayniqsa, moddalar almashinuvi jadal borayotgan hujayralarda yaxshi rivojlangan bo‘ladi. Endoplazmatik to‘rning hajmi hujayra umumiy hajmining o‘rtacha 30–50 % gacha qismini egallaydi. Endoplazmatik to‘r o‘z tuzilishiga ko‘ra ikki xil: silliq va donador bo‘ladi.
Shunday qilib, endoplazmatik to‘r hujayraning umumiy ichki aylanma tizimi bo‘lib, uning kanallari orqali moddalar tashiladi.
Silliq va donador to‘r
Silliq endoplazmatik to‘rning membranalarida yog‘ va uglevodlar almashinuvida ishtirok etuvchi fermentlar bo‘ladi. Shuning uchun ham uning asosiy vazifasi lipidlar va uglevodlarni sintez qilishdir. Silliq endoplazmatik to‘r ayniqsa, yog‘ bezlari (yog‘ sintezi)da, jigar hujayralari (glikogen sintezi)da zaxira moddalar to‘planadigan hujayra (o‘simlik urug‘)larida ko‘p bo‘ladi. Muskul hujayralarida silliq endoplazmatik to‘r muskul tolalarining qisqarishida ishtirok etadi.
Donador endoplazmatik to‘r membranalarida ribosomalar joylashgan. Shuning uchun membranasi donador ko‘rinishga ega bo‘ladi. Donador endoplazmatik to‘rning muhim vazifasi oqsil sintezi va uni tashish bo‘lib, bu jarayonlarni ribosomalar bilan hamkorlikda amalga oshiradi. Ribosomalar endoplazmatik to‘r membranasining ustki qismida dona-dona bo‘lib joylashgan. Donador deb atalishi ham shu tuzilma bilan bog‘liq. Donador endoplazmatik to‘r oqsil ko‘p sintezlanadigan hujayralarda yaxshi rivojlangan.
Ribosomalar
Ribosomalar erkin yoki endoplazmatik to‘rning tashqi yuzasiga birikkan holda joylashishi mumkin. Ribosomalar, deyarli barcha hujayralar: prokariot va eukariotlarda uchraydi. Ribosomalar diametri 15,0–35,0 nm (1 nm = 10-9 metr) bo‘lgan ikki, ya’ni katta va kichik bo‘lakchalardan iborat yassi tanachalardan tashkil topgan. Ribosomalarda taxminan teng miqdorda oqsil va nuklein kislotalar mavjud. Ribosoma RNKsi yadrodagi DNK molekulasi yordamida hosil bo‘ladi. Ribosoma yadrodagi yadrochadan sintezlanadi va sitoplazmaga chiqariladi.
Ribosoma hujayrada oqsil sintezini amalga oshiruvchi organoid bo‘lib, membranasiz organoidlar qatoriga kiradi. Ribosomalarning asosiy vazifasi oqsil sintezlashdir. Oqsil sintezi murakkab jarayon bo‘lib, uni faqat bitta ribosoma emas, balki bir necha o‘nlab ribosomalar amalga oshiradi. Ularni poliribosomalar deb ataladi.
Golji majmuasi
Golji majmuasi. Birinchi marta nerv hujayralari tarkibidan topilgan. Hayvonlarning ko‘p hujayralarida yadro atrofida joylashgan murakkab to‘r shaklida bo‘ladi. O‘simliklar va sodda hayvonlar hujayralarida o‘roqsimon yoki tayoqchasimon ayrim tanachalardan iborat. Elektron mikroskopda tekshirilganda golji majmuasi membranalar bilan chegaralangan va to‘p-to‘p (5–10 tadan) bo‘lib joylashgan yassilangan bo‘shliqlar, yirik vakuolalar va mayda pufakchalardan tuzilganligi aniqlangan. Uning membranalari silliq tuzilgan.
Golji majmuasi ko‘pgina muhim funksiyalarni bajaradi. Endoplazmatik to‘r membranalarida hosil bo‘lgan oqsillar, polisaxaridlar, yog‘lar golji majmuasiga tashiladi. Uning ichida bu birikmalar o‘zgarishga uchraydi va ajralishga tayyor shira sifatida o‘ralib, kerakli joylarga uzatiladi yoki hujayraning hayot faoliyati uchun foydalaniladi. Golji majmuasi faoliyati tufayli plazmatik membrana yangilanib turadi va o‘sib boradi.
Bilimingizni sinang
Sitoplazma tashqi muhitdan va ichkaridan qaysi tuzilmalar bilan ajralib turadi?
- Tashqaridan hujayra devori, ichkaridan yadrocha bilan
- Tashqaridan yadro qobig‘i, ichkaridan plazmatik membrana bilan
- Tashqaridan glikokaliks, ichkaridan endoplazmatik to‘r bilan
- Tashqaridan plazmatik membrana, ichkaridan yadro qobig‘i bilan
To‘g‘ri javob: Tashqaridan plazmatik membrana, ichkaridan yadro qobig‘i bilan. Sitoplazmani tashqaridan plazmatik membrana, ichkaridan yadro qobig‘i chegaralaydi.
Sitoplazma hujayrada organoidlarga nisbatan qanday umumiy vazifani bajaradi?
- Organoidlarni parchalab, ularni hazm qiladi
- Faqat irsiy axborotni saqlaydi
- Barcha organoidlarni bir butun qilib birlashtiradi
- Organoidlarni tashqi muhitdan to‘liq ajratib qo‘yadi
To‘g‘ri javob: Barcha organoidlarni bir butun qilib birlashtiradi. Sitoplazma barcha organoidlarni bir butun qilib birlashtiradi va hujayra faoliyatini ta’minlaydi.
Xususiy organoidlarni ular uchraydigan hujayralar bilan moslang: 1) kiprikchalar; 2) tonofibrillalar; 3) neyrofibrillalar. a) nerv hujayralari; b) infuzoriyalar; c) epiteliy hujayralari.
- 1-a, 2-c, 3-b
- 1-b, 2-a, 3-c
- 1-c, 2-b, 3-a
- 1-b, 2-c, 3-a
To‘g‘ri javob: 1-b, 2-c, 3-a. Kiprikchalar infuzoriyalarda, tonofibrillalar epiteliyda, neyrofibrillalar nerv hujayralarida uchraydi.
Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Umumiy organoidlar organizmdagi barcha hujayralarda uchraydi; II. Xususiy organoidlar ayrim hujayralardagina uchraydi; III. Kiprikchalar umumiy organoidlarga kiradi.
- II va III
- I va III
- I, II va III
- I va II
To‘g‘ri javob: I va II. I va II to‘g‘ri; kiprikchalar xususiy organoid, umumiy emas.
Endoplazmatik to‘r necha qavat membrana bilan chegaralangan vakuolalar va kanalchalar tizimidan tashkil topgan?
- To‘rt qavat
- Bir qavat
- Ikki qavat
- Uch qavat
To‘g‘ri javob: Bir qavat. Endoplazmatik to‘r bir qavat membrana bilan chegaralangan vakuolalar va kanalchalar tizimidir.
Endoplazmatik to‘rning hajmi hujayra umumiy hajmining o‘rtacha qancha qismini egallaydi?
- 5–10 %
- 60–80 %
- 10–20 %
- 30–50 %
To‘g‘ri javob: 30–50 %. Endoplazmatik to‘r hujayra hajmining o‘rtacha 30–50 % gacha qismini egallaydi.
Silliq va donador endoplazmatik to‘rning asosiy vazifalari qaysi javobda to‘g‘ri berilgan?
- Ikkalasi ham asosan oqsil sintezlaydi
- Silliq to‘r ATF sintezlaydi, donador to‘r fotosintezni amalga oshiradi
- Silliq to‘r lipid va uglevod sintezlaydi, donador to‘r oqsil sintezlaydi va tashiydi
- Silliq to‘r oqsil sintezlaydi, donador to‘r lipid va uglevod sintezlaydi
To‘g‘ri javob: Silliq to‘r lipid va uglevod sintezlaydi, donador to‘r oqsil sintezlaydi va tashiydi. Silliq to‘r lipid va uglevodlarni, donador to‘r esa ribosomalar bilan oqsilni sintezlab tashiydi.
Silliq endoplazmatik to‘r ko‘p bo‘ladigan hujayralarni uning vazifasi bilan moslang: 1) yog‘ bezlari; 2) jigar hujayralari; 3) muskul hujayralari. a) glikogen sintezi; b) muskul tolalari qisqarishida ishtirok etish; c) yog‘ sintezi.
- 1-a, 2-c, 3-b
- 1-c, 2-a, 3-b
- 1-c, 2-b, 3-a
- 1-b, 2-a, 3-c
To‘g‘ri javob: 1-c, 2-a, 3-b. Yog‘ bezlarida yog‘ sintezi, jigarda glikogen sintezi, muskulda qisqarishda ishtirok etish.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash