XotirAI logotipiXotirAI
🧬 9-sinf · Biologiya · 13-§.

Mitoxondriya, plastidalar, lizosomalar va sitoplazmaning boshqa organoidlari

Mavzular

Mitoxondriya

Mitoxondriya (yunoncha “mitos” – ip va “xondro” – donador degan so‘zlardan olingan) bir va ko‘p hujayrali organizmlarning barcha eukariot hujayralarida mavjud. Mitoxondriyalarning hayvon va o‘simlik olamida bunday keng tarqalishi ularni hujayrada muhim ahamiyatga ega ekanligidan darak beradi.

Mitoxondriyalar turli-tuman shakllarda: yumaloq, yassi, silindrsimon va hatto ipsimon ko‘rinishda ham uchraydi. Ular 0,2 mkm dan 15–20 mkm kattalikka ega. Ipsimon shakllarning uzunligi 15–20 mkm gacha boradi. Turli xil to‘qimalardagi mitoxondriyalarning soni bir xil emas. Ularning soni hujayraning funksional faolligiga bog‘liq. Uchadigan qushlarning ko‘krak mushaklarida mitoxondriyalar soni uchmaydigan qushlarga nisbatan juda ko‘p bo‘ladi.

Mitoxondriya tuzilishi va vazifasi

Mitoxondriyalarda ikki qavat: tashqi va ichki membranalar mavjud. Tashqi membrana silliq, ichkisi esa burmali bo‘lib, kristalar deb ataladi. Kristalar membranasida juda ko‘p fermentlar joylashgan. Ular energiya almashinuvida ishtirok etadi. Mitoxondriyalar yarim avtonom organoid bo‘lib ularning membranalararo bo‘shlig‘ida DNK, RNK va ribosomalar bo‘ladi. Mitoxondriya bo‘linish yo‘li bilan ko‘payadi. Mitoxondriyalar bo‘linishidan oldin ularning DNKsi ikki hissaga ortadi. Mitoxondriyalarning asosiy vazifasi energiya hosil qilish, ya’ni ATFni sintezlashdir.

Plastidalar: leykoplast

Plastidalar – o‘simlik hujayralarining organoidlari. Ular anorganik moddalardan birlamchi uglevodlarni hosil qilishda ishtirok etadi. Plastidalarning uch xil turi mavjud:

Xloroplast va xromoplast

Plastida membranalari orasidagi bo‘shliqda DNK, RNK va ribosomalar bo‘ladi. Plastidalar o‘z ontogenezida biri-ikkinchisiga aylanib turadi. Xloroplastlar xromoplastlarga, leykoplastlar xloroplastlarga aylanadi.

Lizosomalar va vakuolalar

Lizosomalar (yunoncha – “lizeo” – eritaman, “soma” – tana degan so‘zlardan olingan) uncha katta bo‘lmagan yassi tanachalardir. Diametri 0,4 mkm bo‘lib, bir qavat membrana bilan o‘ralgan. Lizosomada oqsillar, uglevodlar va yog‘larni parchalaydigan 40 ga yaqin gidrolitik fermentlar bo‘ladi. Lizosomalar Golji majmuasidan yoki to‘g‘ridan to‘g‘ri endoplazmatik to‘rdan hosil bo‘lishi mumkin. Lizosomalar oziq moddalarni aktiv hazm qilish layoqatiga ega bo‘lib, hujayraning hayot faoliyati natijasida nobud bo‘lgan hujayra qismlarini yo‘qotishda ishtirok etadi. Masalan, itbaliqning dumi lizosoma fermentlari ta’sirida yo‘q bo‘lib ketadi.

Vakuolalar o‘simlik hujayralariga xos organoid bo‘lib, membrana bilan o‘ralgan. Ular endoplazmatik to‘rning g‘ovak membranalari hisobiga hosil bo‘ladi. Vakuola tarkibida turli tuman organik birikmalar va tuzlar uchraydi.

Vakuola shirasi hosil qiladigan osmotik bosim hujayraga suvning o‘tishini ta’minlaydi va uning tarang, ya’ni turgor holatini vujudga keltiradi. Bu o‘simliklarni mexanik ta’sirlarga nisbatan mustahkamligini ta’minlaydi.

Hujayra markazi

Hujayra markazi (sentriola), ikkita silindr shakldagi kichik tanachalardan tashkil topgan bo‘lib, bir biriga nisbatan perpendikulyar bo‘lib joylashgan tuzilmalardan tashkil topgan va ular sentriola deb ataladi. To‘qqiz bog‘lamdan iborat sentriola devorlarining har biri uchta mikronaychani o‘z ichiga oladi. Sentriola sitoplazmaning o‘zidan o‘zi ko‘payadigan organoidi hisoblanadi. Ularning ko‘payishi, oqsil kichik bo‘lakchalarning o‘zini o‘zi yig‘ish jarayonida amalga oshiriladi. Hujayra markazi hujayralarning bo‘linishida muhim ahamiyatga ega, ular bo‘linish urchug‘ini hosil bo‘lishida ishtirok etadi. Ko‘pchilik o‘simlik va suv o‘tlarida hujayra markazi bo‘lmaydi. Ulardagi bu vazifani maxsus fermentlar boshqaradi.

Sitoskelet, harakat va kiritmalar

Sitoskelet. Eukariot hujayralarga xos bo‘lgan xususiyatlardan biri, ularning sitoplazmasida mikronaychalar va oqsil tolalaridan iborat bo‘lgan tayanch skelet tuzilmalarning mavjudligidir. Sitoskeletning elementlari yadro qobig‘i va tashqi plazmatik membrana bilan zich birikkan bo‘lib, sitoplazmada murakkab bog‘lamlarni hosil qiladi. Sitoplazmaning tayanch elementlari hujayraning shaklini aniqlaydi, hujayra ichki tizimlarining harakatini va butun hujayraning joyini o‘zgarishini ta’minlaydi.

Hujayraning harakat organoidlariga asosan kiprikchalar va xivchinlar kiradi. Sodda hayvonlardan xivchinlilar va ko‘p hujayrali hayvonlarning spermatozoidlari xivchinlar yordamida harakatlanadi.

Hujayra kiritmalari. Sitoplazmada turli xil moddalar ham to‘planadi. Ular kiritmalar deb ataladi. Bular sitoplazmaning doimiy bo‘lmagan tuzilishi hisoblanib, organoidlardan farqli ravishda hujayraning hayot faoliyati jarayonida goh paydo bo‘lib, goh yo‘q bo‘lib turadi. Ular trofik (oziq), sekretor, pigment, qoldiq kiritmalarga ajratiladi.

Bilimingizni sinang

Yunoncha “mitos” va “xondro” so‘zlaridan olingan mitoxondriya atamasi qanday ma’noni bildiradi?
  1. Rang va tana
  2. Tana va eritaman
  3. Yemoq va hazm qilmoq
  4. Ip va donador

To‘g‘ri javob: Ip va donador. “Mitos” — ip, “xondro” — donador.

Mitoxondriyaning ipsimon shakllari uzunligi qancha gacha boradi?
  1. 15–20 mkm gacha
  2. 1–2 mm gacha
  3. 150–200 mkm gacha
  4. 0,2 mkm gacha

To‘g‘ri javob: 15–20 mkm gacha. Ipsimon mitoxondriyalarning uzunligi 15–20 mkm gacha boradi.

Mitoxondriyaning ichki membranasi burmali bo‘lib, bu burmalar qanday nomlanadi?
  1. Kristalar
  2. Granalar
  3. Sentriolalar
  4. Tilakoidlar

To‘g‘ri javob: Kristalar. Mitoxondriyaning ichki membranasi burmalari kristalar deyiladi.

Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Mitoxondriyaning tashqi membranasi burmali, ichki membranasi silliq; II. Mitoxondriyalarning asosiy vazifasi ATFni sintezlashdir; III. Mitoxondriya bo‘linishidan oldin uning DNKsi ikki hissaga kamayadi.
  1. I va II
  2. II va III
  3. Faqat II
  4. I va III

To‘g‘ri javob: Faqat II. I noto‘g‘ri (tashqi silliq, ichki burmali), III noto‘g‘ri (DNK ikki hissa ortadi). Faqat II to‘g‘ri.

Yarim avtonom organoid bo‘lgan mitoxondriyaning membranalararo bo‘shlig‘ida qanday tuzilmalar bo‘ladi?
  1. Faqat kristalar va xlorofill
  2. Lizosoma fermentlari va yadrocha
  3. DNK, RNK va ribosomalar
  4. Karotinoidlar va kraxmal donalari

To‘g‘ri javob: DNK, RNK va ribosomalar. Mitoxondriyaning membranalararo bo‘shlig‘ida DNK, RNK va ribosomalar bo‘ladi.

Plastidalar turini uning vazifasi bilan moslang: 1) leykoplastlar; 2) xloroplastlar; 3) xromoplastlar. a) fotosintez; b) gultojibarglar va mevalarga sariq, qizil, zarg‘aldoq rang berish; c) monosaxarid va disaxaridlardan kraxmal hosil qilish.
  1. 1-a, 2-c, 3-b
  2. 1-c, 2-a, 3-b
  3. 1-b, 2-a, 3-c
  4. 1-c, 2-b, 3-a

To‘g‘ri javob: 1-c, 2-a, 3-b. Leykoplast kraxmal hosil qiladi, xloroplastda fotosintez boradi, xromoplast rang beradi.

Rangsiz plastidalar — leykoplastlar o‘simlikning qaysi qismlarida bo‘ladi?
  1. Bargi va bir yillik novdalarida
  2. Poyasi, ildizi va tugunaklarida
  3. Gultojibarglarida va pishgan mevalarida
  4. Faqat urug‘ po‘stida

To‘g‘ri javob: Poyasi, ildizi va tugunaklarida. Leykoplastlar o‘simlikning rangsiz qismlari: poya, ildiz, tugunaklarda bo‘ladi.

Lizosomada oqsillar, uglevodlar va yog‘larni parchalaydigan taxminan nechta gidrolitik ferment bo‘ladi?
  1. 100 ga yaqin
  2. 10 ga yaqin
  3. 400 ga yaqin
  4. 40 ga yaqin

To‘g‘ri javob: 40 ga yaqin. Lizosomada 40 ga yaqin gidrolitik ferment bo‘ladi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiSitoplazma. Hujayraning membranasiz va membranali organoidlari: endoplazmatik to‘r, ribosomalar, golji majmuasiKeyingi →Yadro va uning tuzilishi