Yadro va uning tuzilishi
Mavzular
Yadro va uning vazifalari
Yadro – zamburug‘, o‘simlik va hayvonlar hujayrasining muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. Yadroning shakli, o‘lchami hujayraning shakli va o‘lchami hamda funksiyasiga bog‘liq. Asosan hujayralarda bitta yadro bo‘ladi. Ayrim hujayralargina jigar, muskul, suyak ko‘mik hujayralari ko‘p yadroli bo‘ladi.
Yadro asosan quyidagi vazifalarni bajaradi:
- 1. Irsiy axborotni saqlash, ko‘paytirish va nasldan-naslga o‘tkazish.
- 2. Hujayrada sodir bo‘ladigan moddalar almashinuvi jarayonini idora qilish.
Hujayra hayotining turli davrlarida yadroning tuzilishi va funksiyalari har xil bo‘ladi. Interfaza holatidagi yadro quyidagi qismlardan: yadro qobig‘i, yadro shirasi, yadrocha va xromosomadan tashkil topadi.
Yadro qobig‘i
Yadro qobig‘i ikki qavat: tashqi va ichki membranadan tashkil topgan. Yadroning tashqi membranasi ribosomalar bilan qoplangan, ichki qavat membranasi esa silliq bo‘ladi. Yadroning tashqi qavat membranasi endoplazmatik to‘r kanalchalari bilan tutashgan.
Yadro bilan sitoplazma o‘rtasidagi moddalar almashinuv jarayoni ikki yo‘l bilan amalga oshadi. Birinchidan, yadro qobig‘ida juda ko‘plab kanalchalar bo‘lib, bu kanalchalardan sitoplazmadan yadro ichiga va yadrodan sitoplazmaga moddalar o‘tadi. Ikkinchidan yadrodagi moddalar yadro qobig‘ini ayrim qismlarining bo‘rtishi va ajralib chiqishi hisobiga sitoplazmaga o‘tadi. Yadro bilan sitoplazma o‘rtasida faol moddalar almashinuvi amalga oshishiga qaramay, yadro qobig‘i yadro shirasi (karioplazma)ni sitoplazmadan ajratib turadi. Yadro qobig‘i yadro shirasi bilan sitoplazmaning kimyoviy tarkibidagi farqni saqlab turadi. Bu yadro strukturalarini normal funksiyasini ta’minlab beradi.
Yadro shirasi va xromatin
Yadro shirasi. Yadro ichidagi turli strukturalarni bog‘lab turuvchi gelsimon suyuqlik bo‘lib, unda xromatin va yadrochalar joylashadi. Karioplazma tarkibida turli vazifalarni bajaruvchi oqsillar, fermentlar, erkin nukleotidlar, aminokislotalar va boshqa moddalar bo‘ladi.
Xromosoma (yunoncha “xroma” – bo‘yoq, “soma” – tana so‘zlaridan olingan) shaklan yadrodan farq qiluvchi, ba’zi bir bo‘yoqlar yordamida bo‘yaladigan yadroning eng muhim tarkibiy qismidir. Xromatin DNK va oqsildan iborat bo‘lib, xromosomaning spirallashmagan va zichlashmagan qismlari hisoblanadi. Ular yaxshi bo‘yalmaydi. Xromosomaning yaxshi bo‘yalmaydigan qismlari – euxromatin deyiladi. Xromosomalarning spirallashgan qismi to‘q bo‘yaladi va geteroxromatin deyiladi. Xromosomaning spirallashgan qismlari genetik nuqtayi nazardan faolsiz.
Xromosoma shakllari
Bo‘linayotgan hujayralarda barcha xromosomalar kuchli spirallashgan, qisqargan, ixcham shaklga va o‘lchamga ega bo‘lgan holda uchraydi. Xromosomalar shakli birlamchi belbog‘ yoki sentromeraga bog‘liq bo‘ladi. Sentromeraga hujayraning bo‘linish vaqtida bo‘linish urchug‘i kelib birikadi. Sentromera xromosomani qaysi qismida joylashishiga qarab asosan uch xil tipdagi xromosomalar farq qilinadi:
- 1) teng yelkali – metatsentrik
- 2) noteng yelkali – submetatsentrik
- 3) tayoqchasimon – akrotsentrik
Hujayraning bo‘linishi tugagandan so‘ng, xromosomalar despirallashadi, ya’ni yoyiladi va yangidan hosil bo‘lgan yosh hujayralarning yadrolarida yana xromatinning donachalari yoki yupqa to‘rlari ko‘rina boshlaydi.
Xromosomalar soni, kariotip
Xromosomalarni o‘rganish quyidagilarni aniqlashga imkon yaratdi.
- 1. Har qanday o‘simlik yoki hayvon organizmining somatik hujayrasidagi xromosomalar soni bir xil.
- 2. Har qanday organizmning jinsiy hujayrasi hamma vaqt somatik hujayraga nisbatan ikki barobar kam xromosomaga ega.
- 3. Bir turga mansub barcha organizmlarning hujayrasidagi xromosomalar soni bir xilda bo‘ladi.
Hujayradagi xromosomalar soni turning tuzilish darajasiga bog‘liq emas va har vaqt ham ular o‘rtasidagi qarindoshlik aloqalarini ko‘rsatmaydi. Ularning soni kelib chiqishi bir-biridan ancha uzoq bo‘lgan har xil tur vakillarida bir xil va aksincha kelib chiqishi yaqin bo‘lgan turlarda esa har xil miqdordagi xromosomalar uchrashi mumkin. Masalan, har xil turga mansub bo‘lgan va sistematik jihatdan bir-biridan ancha uzoq joylashgan shimpanze, suvarak hamda qalampirda xromosomalar diploid soni bir xil bo‘ladi va 48 ga teng. Odamda 46 ta va tuzilishi birmuncha sodda bo‘lgan zog‘ora baliqda 104 ta, drozofila pashshasida 8 ta xromosoma bo‘ladi. Bu holat xromosomalar sonining doimiylik qoidasi deyiladi.
Kariotip va to‘plamlar
Somatik hujayraning xromosomalar to‘plamining miqdoriy (soni va o‘lchami) va sifatiy (shakli) belgilari yig‘indisi kariotip deb ataladi.
Bir xil shakl, o‘lchamga ega bo‘lgan xromosomalar gomologik xromosomalar deb ataladi. Somatik hujayraning xromosoma to‘plamidagi har bir xromosoma o‘z juftiga ega va juft xromosomalar (yoki diploid) deb ataladi. Diploid to‘plam 2n bilan belgilanadi. Jinsiy hujayralarga juft gomologik xromosomalardan faqat bittasi o‘tadi, shuning uchun gametaning xromosoma to‘plami toq (yoki gaploid) deyiladi.
Yadrocha
Yadrocha – faqat interfaza holatidagi hujayralarda bo‘ladi, ular mitoz paytida yo‘qolib ketadi. Mitoz tugagach yadrocha yana paydo bo‘ladi.
Yadrocha yadroning mustaqil tuzilishi emas. U xromosomaning ribosoma RNK (r-RNK)ni hosil qilishga javob beruvchi qismining atrofida vujudga keladi. Uning tarkibida juda ko‘p sonli r-RNK molekulalari uchraydi. Bundan tashqari yadrochada ribosomalar ham shakllanadi va keyinchalik sitoplazmaga o‘tadi. Shunday qilib yadrocha – shakllanish darajasi har xil bo‘lgan ribosomalar va r-RNK ning to‘plamidan iborat.
Bilimingizni sinang
Yadro qaysi vazifalarni bajaradi?
- Irsiy axborotni saqlash va uzatish hamda moddalar almashinuvini idora qilish
- Fotosintez va zaxira moddalarni to‘plash
- Hujayra ichidagi moddalarni hazm qilish va tashqariga chiqarish
- Oqsil sintezlash va ATF hosil qilish
To‘g‘ri javob: Irsiy axborotni saqlash va uzatish hamda moddalar almashinuvini idora qilish. Yadro irsiy axborotni saqlaydi, ko‘paytiradi, uzatadi va moddalar almashinuvini idora qiladi.
Qaysi hujayralar ayrim hollarda ko‘p yadroli bo‘ladi?
- Tuxum, yog‘ va epiteliy hujayralari
- Tuxum, nerv va yog‘ hujayralari
- Nerv, biriktiruvchi va epiteliy hujayralari
- Jigar, muskul va suyak ko‘mik hujayralari
To‘g‘ri javob: Jigar, muskul va suyak ko‘mik hujayralari. Ko‘p yadroli bo‘ladigan hujayralar: jigar, muskul, suyak ko‘mik.
Interfaza holatidagi yadro qaysi qismlardan tashkil topadi?
- Yadro qobig‘i, yadro shirasi, yadrocha va xromosoma
- Plazmatik membrana, yadro shirasi, yadrocha va xromosoma
- Yadro qobig‘i, yadro shirasi, sentriola va xromosoma
- Yadro qobig‘i, kristalar, yadrocha va xromosoma
To‘g‘ri javob: Yadro qobig‘i, yadro shirasi, yadrocha va xromosoma. Interfaza yadrosi: yadro qobig‘i, yadro shirasi, yadrocha va xromosoma.
Yadro qobig‘ining tashqi va ichki membranalari qanday farqlanadi?
- Tashqisi ribosomalar bilan qoplangan, ichkisi silliq
- Ikkalasi ham ribosomalar bilan qoplangan
- Ikkalasi ham silliq bo‘ladi
- Tashqisi silliq, ichkisi ribosomalar bilan qoplangan
To‘g‘ri javob: Tashqisi ribosomalar bilan qoplangan, ichkisi silliq. Tashqi membrana ribosomalar bilan qoplangan (to‘r kanalchalari bilan tutashgan), ichki membrana silliq.
Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Yadro qobig‘idagi kanalchalar orqali moddalar yadro va sitoplazma o‘rtasida o‘tadi; II. Yadrodagi moddalar qobiqning ayrim qismlari bo‘rtib ajralishi hisobiga sitoplazmaga o‘tadi; III. Faol almashinuv tufayli yadro qobig‘i yadro shirasini sitoplazma bilan aralashtiradi.
- II va III
- I va II
- I va III
- I, II va III
To‘g‘ri javob: I va II. III noto‘g‘ri: faol almashinuvga qaramay yadro qobig‘i karioplazmani sitoplazmadan ajratib turadi.
Yadro ichidagi turli strukturalarni bog‘lab turuvchi, xromatin va yadrochalar joylashgan gelsimon suyuqlik nima deyiladi?
- Xromatin
- Yadro shirasi (karioplazma)
- Yadrocha
- Sitoplazma
To‘g‘ri javob: Yadro shirasi (karioplazma). Yadro ichidagi gelsimon suyuqlik yadro shirasi, ya’ni karioplazma.
Euxromatin va geteroxromatin farqi qaysi javobda to‘g‘ri ko‘rsatilgan?
- Ikkalasi ham spirallashgan va genetik faolsiz
- Euxromatin yaxshi bo‘yalmaydi, geteroxromatin spirallashgan va to‘q bo‘yaladi
- Euxromatin to‘q bo‘yaladi, geteroxromatin yaxshi bo‘yalmaydi
- Ikkalasi ham spirallashmagan va yaxshi bo‘yalmaydi
To‘g‘ri javob: Euxromatin yaxshi bo‘yalmaydi, geteroxromatin spirallashgan va to‘q bo‘yaladi. Euxromatin yaxshi bo‘yalmaydi, spirallashgan geteroxromatin to‘q bo‘yaladi va genetik faolsiz.
Xromosomalarni sentromeraning joylashishiga ko‘ra shakli bilan moslang: 1) teng yelkali; 2) noteng yelkali; 3) tayoqchasimon. a) akrotsentrik; b) metatsentrik; c) submetatsentrik.
- 1-c, 2-b, 3-a
- 1-b, 2-a, 3-c
- 1-b, 2-c, 3-a
- 1-a, 2-c, 3-b
To‘g‘ri javob: 1-b, 2-c, 3-a. Teng yelkali — metatsentrik, noteng yelkali — submetatsentrik, tayoqchasimon — akrotsentrik.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash