XotirAI logotipiXotirAI
🧬 9-sinf · Biologiya · 43-§.

Embrional rivojlanish davri

Mavzular

Ontogenez va uning tiplari

Organizmlarning individual (shaxsiy) rivojlanish taraqqiyotiga – ontogenez deyiladi. Ontogenez tushunchasi 1866-yil E.Gekkel tomonidan fanga kiritilgan. Bir hujayrali organizmlarning ontogenezi ularning hosil bo‘lishidan boshlanib, bo‘linishi yoki nobud bo‘lishi bilan tugallanadi. Ko‘p hujayralilarda ontogenez zigota hosil bo‘lishidan boshlanib, tabiiy o‘limning yuz berishi bilan tugallanadi. Har bir organizmning individual rivojlanishi davri turli muddatda bo‘lishi mumkin.

Organizmlarning embrional rivojlanishi uchta tipga ajratiladi: 1) lichinkali ontogenez; 2) lichinkasiz ontogenez; 3) ona qornida rivojlanish.

Lichinkali ontogenez aksariyat umurtqasiz hayvonlar (yassi chuvalchanglar, aksariyat hasharotlarda) umurtqali hayvonlardan baqalarda kuzatilsa, lichinkasiz ontogenez sudralib yuruvchilar, qushlarda, ona qornida rivojlanish esa yuksak sutemizuvchilarda va odamda kuzatiladi.

Embrional davr bosqichlari

Ontogenez asosan ikki: embrional va postembrional davrlarga bo‘linadi.

Embrional rivojlanish davri. Ko‘pchilik jinsiy yo‘l bilan ko‘payadigan ko‘p hujayrali organizmlarning tuzilish darajasi qanday bo‘lishidan qat’i nazar embrionning rivojlanish bosqichlari o‘zaro o‘xshash bo‘ladi.

Embrional rivojlanish davri uchta bosqichga bo‘linadi: maydalanish, gastrulyatsiya va birlamchi organogenez. Bu davr zigota hosil bo‘lishidan boshlanib, embrionning shakllanib tug‘ilgunga yoki tuxum qobiqlaridan chiqqunga qadar davom etadi.

Maydalanish

Maydalanish. Zigota – tuxum va urug‘ hujayralarining qo‘shilishi natijasida hosil bo‘ladi. Zigota davrida sitoplazma moddalarining qayta taqsimlanishi, qutblanishi va oqsil sintezi kuzatiladi.

Urug‘langan tuxum (zigota) – ko‘p hujayrali organizmlarning bir hujayralilik va dastlabki rivojlanish bosqichidir. Tuxum hujayra urug‘langach, bir necha daqiqadan keyin yadro va sitoplazma bo‘lina boshlaydi. Tuxum hujayra bir-biriga teng ikkita hujayraga, ya’ni ikkita blastomerga bo‘linadi. Tuxum hujayra birinchi marta meridian tekisligida bo‘linadi. So‘ngra blastomerlarning har biri yana meridian tekisligida bir vaqtda bo‘linadi, natijada bir-biriga teng to‘rtta hujayra vujudga keladi. Navbatdagi bo‘linish ekvator tekisligida o‘tadi, sakkizta hujayra hosil bo‘ladi. Keyin meridianal va ekvatorial bo‘linish navbatlashib, 16, 32, 64 ta va hokazo blastomerlar hosil bo‘ladi, bular bir-biriga zich taqalib joylashgan hujayralardir. Har bo‘linishdan keyin paydo bo‘lgan hujayra kichrayib boradi, shuning uchun bu jarayon maydalanish deb ataladi.

Maydalanish bosqichida hujayralar keyingi rivojlanish uchun to‘planib boradi (41-rasm).

41- rasm. Lansetnik zigotasining maydalanishi: 1 2 talik blastomer bosqichi; 2 4 talik blastomer bosqichi; 3 8 talik blastomer; 4 16 talik blastomer.
41- rasm. Lansetnik zigotasining maydalanishi: 1 2 talik blastomer bosqichi; 2 4 talik blastomer bosqichi; 3 8 talik blastomer; 4 16 talik blastomer.

Blastula

Maydalanish ko‘p hujayrali embrion – blastula hosil bo‘lishi bilan tugallanadi. Blastula sharsimon shaklga ega bo‘lib, uning devori bir qavat hujayralardan tashkil topgan. Blastula ichi suyuqlik bilan to‘lgan bo‘ladi, bu bo‘shliq birlamchi tana bo‘shlig‘i – blastosel deb ataladi.

Maydalanishda mitoz sikli juda tez o‘tadi, blastomerlar o‘smaydi va ular hujayralarining soni ko‘paygan sari kichrayib boradi. Har xil turlarda maydalanishning o‘ziga xos tomonlari kuzatiladi.

Gastrulyatsiya

Gastrulyatsiya. Blastula juda ko‘p hujayralardan tashkil topadi (misol uchun, lansetnikda 3000 ta hujayra bo‘ladi), keyingi rivojlanish natijasida ikkinchi bosqich gastrula boshlanadi. Gastrula bosqichida murtak ikki qavat bo‘lib qoladi. Murtakning tashqi qavati ektoderma, ichki qavati entoderma deyiladi. Gastrula hosil bo‘lishiga olib keladigan jarayonlar yig‘indisi gastrulyatsiya deb ataladi.

Lansetnikda gastrula blastula devorining ichkariga botib kirishi hisobiga hosil bo‘ladi, ayrim hayvonlarda – blastula devorini qat-qat bo‘lib joylashishi yo‘li bilan amalga oshadi (42-rasm).

42- rasm. Gastrulyatsiyaning har xil yo‘llari: A kovak ichlilarda hujayralar migratsiyasi; B lansetnikda blastulaning botib kirishi; D,E sudralib yuruvchilar va qushlarda qat-qat joylashuvi; F,G amfibiyalarda o‘sib kirishi;
42- rasm. Gastrulyatsiyaning har xil yo‘llari: A kovak ichlilarda hujayralar migratsiyasi; B lansetnikda blastulaning botib kirishi; D,E sudralib yuruvchilar va qushlarda qat-qat joylashuvi; F,G amfibiyalarda o‘sib kirishi;

Ko‘p hujayrali hayvonlarda (bo‘shliq ichlilardan tashqari) uchinchi qavat mezoderma hosil bo‘ladi. Mezoderma ekto va entodermaning o‘rtasida birlamchi tana bo‘shlig‘i – blastoselda joylashadi. Mezoderma qavatining hosil bo‘lishi bilan murtak uch qavatdan iborat bo‘ladi: ektoderma, entoderma va mezoderma murtak varaqlari hisoblanadi (43-rasm). Umurtqali hayvonlarning hammasida bu varaqlar bir-biriga o‘xshaydi.

43- rasm. Mezoderma Murtakdagi dastlabki to‘qimalarda — murtak varaqlarining joylanishi.
43- rasm. Mezoderma Murtakdagi dastlabki to‘qimalarda — murtak varaqlarining joylanishi.

Ixtisoslashish

Gastrulyatsiyaning mohiyati shundan iboratki, bu jarayon hujayralar to‘plamini aralashishi bilan xarakterlanadi. Bu bosqichda embrion hujayralari bo‘linmaydi, o‘smaydi. Lekin, bu bosqichda embrion hujayrasining dastlabki genetik axborotlaridan foydalana boshlanadi va dastlabki ixtisoslashish belgilari paydo bo‘ladi.

Ixtisoslashish — bu embrionning ayrim qismlari va hujayralarining tuzilishi hamda vazifasi jihatidan bir-biridan farq qilishidir. Ixtisoslashish morfologik nuqtayi nazardan qaraganda maxsus tuzilishga ega bir-biridan farq qiladigan yuzlab hujayra xillarini hosil bo‘lishidir. Blastulaning ixtisoslashmagan hujayralaridan asta-sekin teri epiteliysi hujayralari, ichak epiteliysi, o‘pka, nerv, muskul va boshqa hujayralar paydo bo‘ladi. Biokimyoviy nuqtayi nazardan hujayralarning ixtisoslashishi shu hujayra uchun xos oqsillarni sintezlash bilan xarakterlanadi. Misol uchun, limfositlar himoya qiluvchi oqsil antitanani, muskul hujayralari esa qisqaruvchi oqsil-miozinni sintezlaydi. Har qanday hujayra o‘zi uchun xos bo‘lgan oqsilni sintezlaydi. Biokimyoviy ixtisoslashish natijasida embrion varaqalaridan alohida organ va organlar sistemasini rivojlanishiga ta’sir ko‘rsatadigan hujayralar tarkibidagi har xil genlarning ishlashi boshlanadi.

Murtak varaqlaridan hosil bo‘lganlar

Har xil turlarga mansub hayvonlarning murtak varaqalaridan bir xil to‘qima va organlar hosil bo‘la boshlaydi. Bu esa ular o‘zaro gomolog ekanligidan dalolat beradi. Embrionning ektoderma qavatidan – bo‘g‘imoyoqlilarda, xordalilar (baliqlar, amfibiyalar, reptiliyalar, qushlar va sut emizuvchilar)da teri qoplamlari, ya’ni teri epiteliyasi hamda uning hosilalari, nerv sistemasi va sezgi organlari, tishning emal qavati shakllanadi.

Entodermadan – ichak epiteliyasi, ovqat hazm qilish bezlari – jigar, oshqozon osti bezi, o‘pka va jabra rivojlanadi.

Mezodermadan biriktiruvchi (tog‘ay, suyak, qon va limfa) va muskul to‘qimalari, yurak-qon-tomir sistemasi, ayirish sistemasi hamda jinsiy organlar shakllanadi.

Ko‘pchilik hayvonlarda murtak varaqalarining gomologiyasi, hayvonot olamining kelib chiqishi bir xil ekanligini isbot etuvchi dalillardan biridir.

Organogenez (neyrula)

Organogenez. Gastrulyatsiya tugallangandan keyin o‘zak organlari majmui: nerv nayi, xorda, ichak naychasi hosil bo‘ladi. O‘zak organlarning hosil bo‘lishini neyrula bosqichi deb ham ataladi. Lansetnikda o‘zak organlar quyidagicha hosil bo‘ladi (44-rasm): lansetnik nerv naychasining rivojlanishi alohida diqqatga sazovordir; embrionning orqa tomonidan ektoderma tarnov shaklida o‘rta qismidan botib kira boshlab, naycha hosil qiladi. Ektoderma naychaning o‘ng va chap tomonlarida joylashib, uning chetlari bo‘ylab o‘sa boshlaydi. Naycha – boshlang‘ich nerv sistemasi bo‘lib, ektoderma ostiga tushadi, uning chetlariga birikadi va nerv naychani hosil qiladi. Ektodermaning qolgan qismidan boshlang‘ich teri epiteliysi paydo bo‘ladi.

44- rasm. A B Lansetnikda o‘zak organlar hosil bo‘lish sxemasi: 1 ektoderma; A gastrula; B,D nerv nayining shakllanishi; E xorda, ichak nayi va 3- homila varag‘ining hosil bo‘lishi.
44- rasm. A B Lansetnikda o‘zak organlar hosil bo‘lish sxemasi: 1 ektoderma; A gastrula; B,D nerv nayining shakllanishi; E xorda, ichak nayi va 3- homila varag‘ining hosil bo‘lishi.

Nerv naychasining bevosita ostida joylashgan entodermaning yelka qismidan xorda vujudga keladi. Xorda nerv naychasining ostida joylashadi. Embrion hujayralarining keyingi ixtisoslanishi natijasida murtak varaqalaridan juda ko‘p to‘qima va organlarning hosil bo‘lishi yuz beradi.

Embrional induksiya

Embrionning rivojlanish davomida uning har xil qismlari o‘zaro ta’sir ko‘rsatadi. Bitta rivojlanish kurtagi ikkinchisiga ta’sir qilib, uning rivojlanishini boshqaradi. Bunday ta’sirni embrional induksiya deb ataladi. Embrional induksiyani birinchi bo‘lib nemis olimi G.Shpeman o‘tgan asrning 20–30-yillarida baqalar ustida o‘tkazgan tajribalarida kashf etgan. Embrional induksiyani o‘rganish uchun embrionning bir qismi ikkinchi embrionning boshqa qismiga ko‘chirib o‘tkaziladi. Agar baqaning gastrulasida nerv sistemasi rivojlanadigan qismini boshqa baqa gastrulasining qorin ektodermasiga ko‘chirib o‘tkazsak, o‘sha joyda qo‘shimcha nerv naychasi va xorda rivojlanib, qo‘shimcha homila hosil bo‘ladi. Shunday qilib, ko‘chirib o‘tkazilgan o‘zak organ atrofidagi to‘qimalarga ta’sir qilib tashkilotchi rolini o‘taydi va ularning rivojlanishini boshqaradi.

Bilimingizni sinang

Ontogenez tushunchasini fanga kim va qaysi yilda kiritgan?
  1. G.Shpeman, 1926-yil
  2. E.Gekkel, 1926-yil
  3. G.Shpeman, 1866-yil
  4. E.Gekkel, 1866-yil

To‘g‘ri javob: E.Gekkel, 1866-yil. Ontogenez tushunchasi 1866-yil E.Gekkel tomonidan fanga kiritilgan.

Embrional rivojlanish davri qaysi uch bosqichga bo‘linadi?
  1. Maydalanish, gastrulyatsiya va birlamchi organogenez
  2. Maydalanish, ixtisoslashish va induksiya
  3. Gastrulyatsiya, induksiya va organogenez
  4. Urug‘lanish, maydalanish va gastrulyatsiya

To‘g‘ri javob: Maydalanish, gastrulyatsiya va birlamchi organogenez. Embrional davr maydalanish, gastrulyatsiya va birlamchi organogenez bosqichlaridan iborat.

Blastulaning suyuqlik bilan to‘lgan ichki bo‘shlig‘i qanday ataladi?
  1. Neyrula
  2. Ektoderma
  3. Blastosel
  4. Blastomer

To‘g‘ri javob: Blastosel. Blastula ichidagi bo‘shliq birlamchi tana bo‘shlig‘i — blastosel deb ataladi.

Lansetnikning blastulasi taxminan nechta hujayradan tashkil topadi?
  1. 30000 ta
  2. 1000 ta
  3. 3000 ta
  4. 300 ta

To‘g‘ri javob: 3000 ta. Lansetnikda blastula 3000 ta hujayradan iborat bo‘ladi.

Embrional induksiyani birinchi bo‘lib kim va qaysi hayvonlar ustidagi tajribalarda kashf etgan?
  1. E.Gekkel — baqalar ustida
  2. G.Shpeman — baqalar ustida
  3. G.Shpeman — lansetnik ustida
  4. E.Gekkel — lansetnik ustida

To‘g‘ri javob: G.Shpeman — baqalar ustida. Embrional induksiyani G.Shpeman baqalar ustidagi tajribalarda kashf etgan.

Muskul hujayralari ixtisoslashish natijasida qaysi qisqaruvchi oqsilni sintezlaydi?
  1. Gemoglobin
  2. Antitana
  3. Insulin
  4. Miozin

To‘g‘ri javob: Miozin. Muskul hujayralari qisqaruvchi oqsil — miozinni sintezlaydi; limfositlar esa antitanani.

Gastrulyatsiya jarayonining mohiyati nimadan iborat?
  1. Hujayralar jadal bo‘linib, blastomerlar kichrayib boradi
  2. Embrion hujayralari bo‘linmay va o‘smay, hujayralar to‘plami aralashadi
  3. Embrion hujayralari bo‘linib, blastosel hosil qiladi
  4. Embrion hujayralari o‘sib, bo‘shliq suyuqlik bilan to‘ladi

To‘g‘ri javob: Embrion hujayralari bo‘linmay va o‘smay, hujayralar to‘plami aralashadi. Gastrulyatsiyada hujayralar to‘plami aralashadi, embrion hujayralari esa bo‘linmaydi va o‘smaydi.

Turli hayvonlarning murtak varaqalaridan bir xil to‘qima va organlar hosil bo‘lishi (gomologiya) nimani isbotlaydi?
  1. Barcha hayvonlarda lichinkali ontogenez umumiy ekanligini
  2. Hayvonlarning hammasi ona qornida rivojlanishini
  3. Hayvonot olamining kelib chiqishi bir xil ekanligini
  4. Hayvonlarning hammasi bir xil muhitda yashashini

To‘g‘ri javob: Hayvonot olamining kelib chiqishi bir xil ekanligini. Murtak varaqalarining gomologiyasi hayvonot olamining kelib chiqishi bir xil ekanligini isbotlaydi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiUrug‘lanishKeyingi →Postembrional rivojlanish