Postembrional rivojlanish
Mavzular
Bevosita va bilvosita rivojlanish
Embrionning tuxumdan chiqishi yoki tug‘ilishi bilan embrional rivojlanish davri tugallanadi va postembrional rivojlanish davri boshlanadi. Postembrional rivojlanish bevosita (to‘g‘ri) yoki bilvosita (noto‘g‘ri, metamorfozli) bo‘ladi.
Bevosita rivojlanish (sudralib yuruvchilar, qushlar, sut emizuvchilar)da tuxumdan chiqqan yoki ona organizmidan tug‘ilgan embrion voyaga yetgan organizmlarga o‘xshaydi, faqat kichik bo‘ladi. Postembrional rivojlanishda embrion faqat o‘sadi va jinsiy balog‘atga yetadi.
Bilvosita (metamorfoz) rivojlanishda tuxumdan qurt (lichinka) chiqadi. Qurt voyaga yetgan organizmdan tuzilishi jihatidan keskin farq qiladi. Qurt oziqlanadi, o‘sadi va ma’lum muddat davomida qurt organlari voyaga yetgan organizm organlari bilan almashinib boradi. Binobarin, noto‘g‘ri rivojlanish lichinka organlari o‘rnida voyaga yetgan organizmga xos organlar hosil bo‘ladi.
Assidiya metamorfozi
Bilvosita postembrional rivojlanishni bir necha misollar yordamida ko‘rib chiqamiz. Assidiya (xordalilar tipi, lichinkaxordalilar kenja tipi)ning lichinkasi xordali hayvonlarning asosiy belgilarini: xorda, nerv nayi va halqumida jabra yoriqlarini o‘zida mujassam qilgan bo‘ladi (45-rasm).

Lichinka suvda erkin suzib yuradi, keyin suv tubidagi qattiqroq narsaga yopishib olib, metamorfozga uchraydi. Uning alohida dumi, xordasi, muskullari yo‘qolib ketadi; nerv nayi hujayralarga bo‘linib fagositlarni hosil qiladi. Lichinkalarning nerv nayidan nerv tuguni hosil qilishda ishtirok etadigan faqat ayrim hujayralar to‘plamigina qoladi. Voyaga yetgan assidiyaning tuzilishi umuman xordali hayvonlar tuzilishiga o‘xshamaydi. Assidiya qurtining tuzilishi, bu hayvonning kelib chiqishi erkin hayot kechiradigan xordalilar ekanligidan dalolat beradi.
Itbaliq metamorfozi
Assidiyadagi metamorfozni yuzaga kelishining asosiy sababi o‘troq holatda hayot kechirishga o‘tish bilan bog‘liqdir. Amfibiyalarning lichinkalik bosqichi – itbaliqdir (46-rasm). Itbaliq uchun jabra yoriqlari, yon chiziq organi, ikki kamerali yurak, bitta qon aylanish doirasini bo‘lishi xosdir. Metamorfoz jarayonida qalqonsimon bezning tiroksin gormoni ta’sirida itbaliqda dum va yon chiziq organlari yo‘qoladi. O‘pka va ikkita qon aylanish doirasi rivojlanadi. Itbaliq bir qator belgilari (yon chiziq, yurak tuzilishi, qon aylanish sistemasi, jabra yoriqlari) bilan baliqlarga o‘xshab ketadi.

Hasharotlar va ahamiyati
Bilvosita rivojlanish-metamorfozga hasharotlarning rivojlanishi ham misol bo‘ladi (47-rasm). Qo‘ng‘iz, kapalaklarning qurtlari tashqi tuzilishidan, hayot tarzi va yashash muhiti bilan voyaga yetgan organizmlardan keskin farq qiladi. Ularning ajdodi halqali chuvalchanglarga o‘xshab ketadi. Metamorfoz – hayot tarzi va yashash muhitini almashinishi bilan bog‘liqdir.

Bilvosita rivojlanishning biologik ahamiyati shundan iboratki, bitta turning lichinkalari va voyaga yetgan individlari har xil sharoitda yashaganligi uchun ularning yashash joyi va oziq uchun o‘zaro raqobati kuzatilmaydi. Faqat o‘troq yoki parazit holda yashashga moslashgan organizmlarning qurtlari erkin harakat qilib, turning keng tarqalishiga yordam beradi.
Rivojlanish muddati va o‘sish
Postembrional rivojlanish davri turli muddat davom etishi mumkin. Misol uchun tut ipak qurtining qurtlik davri 20–24 kun davom etadi. Voyaga yetgan kapalagi esa 5–10 kun yashaydi. Baqaning lichinkasi itbaliq 2–3 oyda baqaga aylanadi. Voyaga yetgan baqa bir necha yil yashaydi.
Postembrional rivojlanish o‘sish bilan birga davom etadi. O‘sish butun umr davomida hamda ma’lum muddat bilan chegaralangan bo‘ladi. Butun umri davomida o‘sish o‘simliklarda, tasmasimon chuvalchanglar, ayrim molluskalar va baliqlarda kuzatiladi.
Ko‘pchilik hayvonlar jinsiy balog‘atga yetgandan so‘ng o‘sishdan to‘xtaydi. Odam 20–25 yoshda o‘sishdan to‘xtaydi.
Bilimingizni sinang
Hayvon organizmi rivojlanishining postembrional davri qachon boshlanadi?
- Zigota hosil bo‘lgan paytdan
- Gastrulyatsiya tugagandan so‘ng
- Jinsiy balog‘atga yetgandan so‘ng
- Embrion tuxumdan chiqqanda yoki tug‘ilganda
To‘g‘ri javob: Embrion tuxumdan chiqqanda yoki tug‘ilganda. Embrionning tuxumdan chiqishi yoki tug‘ilishi bilan embrional davr tugaydi va postembrional davr boshlanadi.
Bevosita postembrional rivojlanishda tuxumdan chiqqan yoki tug‘ilgan embrion qanday o‘zgarishlarni boshdan kechiradi?
- Lichinka organlari voyaga yetgan organizm organlari bilan almashadi
- Faqat o‘sadi va jinsiy balog‘atga yetadi
- Yashash muhitini va hayot tarzini butunlay almashtiradi
- Tuzilishi keskin o‘zgarib, lichinka bosqichidan o‘tadi
To‘g‘ri javob: Faqat o‘sadi va jinsiy balog‘atga yetadi. Bevosita rivojlanishda yosh organizm kattasiga o‘xshash, faqat kichik bo‘ladi; u o‘sadi va jinsiy voyaga yetadi, metamorfoz bo‘lmaydi.
Assidiya lichinkasi xordali hayvonlarning qaysi asosiy belgilarini o‘zida mujassam qiladi?
- Xorda, ikki kamerali yurak va yon chiziq organi
- Xorda, nerv nayi va halqumida jabra yoriqlari
- Xorda, o‘pka va ikkita qon aylanish doirasi
- Nerv tuguni, tashqi skelet va jabra yoriqlari
To‘g‘ri javob: Xorda, nerv nayi va halqumida jabra yoriqlari. Assidiya lichinkasida xorda, nerv nayi va halqumdagi jabra yoriqlari bor, bu uning xordali ajdodlaridan dalolat beradi.
Itbaliq va undan rivojlangan voyaga yetgan amfibiya qon aylanish sistemasi bo‘yicha qanday farqlanadi?
- Ikkala bosqichda ham bitta qon aylanish doirasi
- Itbaliqda bitta doira, voyaga yetganida ikkita doira
- Ikkala bosqichda ham ikkita qon aylanish doirasi
- Itbaliqda ikkita doira, voyaga yetganida bitta doira
To‘g‘ri javob: Itbaliqda bitta doira, voyaga yetganida ikkita doira. Itbaliqda baliqlardagidek bitta doira va ikki kamerali yurak bor; metamorfozda o‘pka va ikkita doira rivojlanadi.
Itbaliq metamorfozi haqidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Tiroksin gormoni ta’sirida dum va yon chiziq organlari yo‘qoladi; II. O‘pka va ikkita qon aylanish doirasi rivojlanadi; III. Metamorfozni buyrak usti bezining adrenalin gormoni boshqaradi.
- I va II
- II va III
- I va III
- I, II va III
To‘g‘ri javob: I va II. Metamorfozni qalqonsimon bezning tiroksin gormoni boshqaradi, adrenalin emas; III noto‘g‘ri.
Assidiya metamorfozi haqidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Lichinkaning dumi, xordasi va muskullari saqlanib qoladi; II. Nerv nayi hujayralarga bo‘linib fagositlarni hosil qiladi; III. Nerv tuguni hosil qilishda faqat ayrim hujayralar to‘plami ishtirok etadi.
- I va II
- II va III
- I va III
- Faqat III
To‘g‘ri javob: II va III. Dum, xorda va muskullar yo‘qoladi, shuning uchun I noto‘g‘ri; II va III matnga mos.
Lichinka yoki qurtni uning belgisi bilan moslang: 1) assidiya lichinkasi; 2) itbaliq; 3) hasharotlar qurtining ajdodi. a) halqali chuvalchanglarga o‘xshaydi; b) bir qator belgilari bilan baliqlarga o‘xshab ketadi; c) xorda, nerv nayi va jabra yoriqlariga ega.
- 1-a, 2-b, 3-c
- 1-b, 2-c, 3-a
- 1-c, 2-a, 3-b
- 1-c, 2-b, 3-a
To‘g‘ri javob: 1-c, 2-b, 3-a. Assidiya lichinkasi xordali belgilarga, itbaliq baliqlarga, hasharotlar ajdodi halqali chuvalchanglarga o‘xshaydi.
Bilvosita rivojlanishning biologik ahamiyati nimada?
- Lichinka va voyaga yetgan individlar bir xil sharoitda yashaydi
- Voyaga yetgan organizm tezroq jinsiy balog‘atga yetadi
- Lichinka va voyaga yetgan individlar yashash joyi va oziq uchun raqobatlashmaydi
- Embrion ona organizmi ichida himoyalanadi
To‘g‘ri javob: Lichinka va voyaga yetgan individlar yashash joyi va oziq uchun raqobatlashmaydi. Lichinka va katta individ turli sharoitda yashaydi, shu sababli o‘zaro raqobat kuzatilmaydi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash