O‘zgaruvchanlik
Mavzular
O‘zgaruvchanlik tushunchasi
Organizmlarning belgi va xususiyatlari bilan o‘zaro farq qilishi yoki bir turga mansub organizmlarning bir-biridan farq qilish xossasiga o‘zgaruvchanlik deb ataladi. O‘zgaruvchanlik tufayli turlar xilma-xilligi ortadi. O‘zgaruvchanlik tabiiy va su’niy tanlash uchun manba hisoblanadi. O‘zgaruvchanlik – irsiylanmaydigan va irsiylanadigan xillarga bo‘linadi.
O‘zgaruvchanlik xillari
Organizmlarda vujudga keladigan o‘zgaruvchanlikni quyidagilarga ajratish mumkin:
- Kombinativ o‘zgaruvchanlik – ota-ona organizmlarning erkin chatishuvi natijasida keyingi avlodlarda genlarning yangi kombinatsiyalarini vujudga kelishi orqali amalga oshadi.
- Rekombinogenez o‘zgaruvchanlik – meyoz jarayonida gomologik xromosomalar o‘rtasida sodir bo‘ladigan krossingover tufayli amalga oshadi.
- Mutatsion o‘zgaruvchanlik – genlar va xromosomalarning o‘zgarishi orqali amalga oshadi.
- Ontogenetik o‘zgaruvchanlik – organizmlarning individual rivojlanishi natijasida organizmlarning belgilarini o‘zgarishi bilan amalga oshadi.
- Modifikatsion o‘zgaruvchanlik – tashqi muhit omillari ta’siri natijasida organizmlar genotipi o‘zgarmagan holda fenotipini o‘zgarishi bilan bog‘liq o‘zgaruvchanlik.
Modifikatsion o‘zgaruvchanlik
Fenotipik (modifikatsion) o‘zgaruvchanlik. Har bir organizm tashqi muhitning ma’lum sharoitlariga mos ravishda yashaydi va rivojlanadi. Ularga tashqi muhit omillari – harorat, namlik, ozuqa miqdori va sifati o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Shu bilan birga u o‘z turidagi boshqa organizm va turlarga mansub bo‘lgan organizmlar bilan o‘zaro munosabatda bo‘ladi. Bu omillar organizmning fiziologik, morfologik xususiyatlarini hamda fenotipini o‘zgartirishi mumkin.
Himolay quyoni misoli
Himolay quyonining yelkasidagi oq junlarni yulib tashlab, o‘sha joyga sovuq ta’sir etilsa, qora jun o‘sib chiqadi (54- rasm).

Bordi-yu, shu qora junlarni olib tashlab issiq belbog‘ bog‘lansa, yana oq jun o‘sib chiqadi. Himolay quyonlarini 30 °C da boqilsa, uning hamma juni oq rangda bo‘ladi. Normal sharoitda o‘stirilgan ikkita ana shunday oq quyonlar avlodida, pigmentlarning tarqalishi odatdagidek bo‘ladi. Ozuqa yetishmasa yoki ota-onaga spirtli ozuqa berilsa, tug‘ilgan quyonchalar chala bo‘lib, rivojlanishi sust bo‘ladi. Tashqi muhit ta’sirida belgilarning o‘zgarishi nasldan-naslga o‘tmaydi.
Barglar va teri rangi misoli
Tashqi muhit ta’sirida vujudga kelgan yana bir o‘zgaruvchanlikka to‘xtalib o‘tamiz. Nilufar gul (55- rasm) va suv yong‘og‘i (56- rasm)da suv osti va ustidagi barglari har xil shaklga ega: nilufarning suv ostidagi bargi ingichka lansetsimon, suv ustidagi barglari voronkasimon, suv yong‘og‘ida esa suv osti barglari patsimon qirqilgan, suv usti barglari esa yaxlit bo‘ladi.


Barcha odamlarda (agar ular albinos bo‘lmasa) ultrabinafsha nurlar ta’sirida melanin pigmenti to‘planishi tufayli terisi qoramtir tusga o‘tadi.
Reaksiya normasi
Shunday qilib, tashqi muhitning ma’lum ta’sirida organizmlarning har bir turi o‘ziga xos o‘zgarishlarga duch keladi va bunday o‘zgarishlar shu tur vakillarining barchasi uchun bir xilda bo‘ladi. Belgilarning tashqi muhit omillarining ta’sirida muayyan doirada, organizmning genotipiga bog‘liq holda o‘zgarish darajasi yoki o‘zgaruvchanlik chegaralariga reaksiya normasi deb ataladi.
Reaksiya normasining kengligi genotip bilan aniqlanadi va organizm hayot faoliyatidagi belgilarining ahamiyatiga bog‘liq. Reaksiya normasining torligi bosh miya yoki yurak kattaligi kabi muhim belgilarga xosdir. Shuningdek, organizmdagi yog‘ miqdori juda keng doirada o‘zgaruvchan bo‘ladi (sut tarkibidagi yog‘ miqdori qoramol zotiga, genotipga bog‘liq).
Amaliy ahamiyati va xususiyatlari
Hasharotlar yordamida changlanadigan o‘simliklar guli kamdan-kam hollarda o‘zgaradi, lekin barglarining kattaligi juda o‘zgaruvchan bo‘ladi. Modifikatsion o‘zgaruvchanlikning reaksiya normasini bilish seleksiya amaliyotida katta ahamiyatga ega. Qishloq xo‘jaligida yangi sermahsul zot va navlarni yaratishdan tashqari, mavjud zot va navlardan yuqori darajada foydalanish imkonini beradi. Bu qonuniyatlarni o‘rganish tibbiyotda inson organizmini reaksiya normasi doirasida saqlab turish va rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Fenotipik (modifikatsion) o‘zgaruvchanlik quyidagi asosiy xususiyatlar bilan xarakterlanadi:
- irsiylanish xususiyatiga ega emas;
- o‘zgarishlar guruhli xarakterga ega;
- o‘zgarishlar tashqi muhit ta’siriga bog‘liq;
- o‘zgaruvchanlik chegaralari genotip bilan aniqlanadi, ya’ni o‘zgarishlar bir xil yo‘nalishda bo‘lishiga qaramay, ularning namoyon bo‘lish darajasi har xil organizmlarda turlicha bo‘ladi.
Bilimingizni sinang
Himolay quyonlari 30 °C haroratda boqilsa, ularning juni qanday rangda bo‘ladi?
- butunlay qora
- kulrang
- butunlay oq
- oq-qora dog‘li
To‘g‘ri javob: butunlay oq. Himolay quyonlari 30 °C da boqilsa, hamma juni oq bo‘ladi.
Organizmlarning individual rivojlanishi natijasida belgilarining o‘zgarishi bilan amalga oshadigan o‘zgaruvchanlik qanday ataladi?
- kombinativ o‘zgaruvchanlik
- ontogenetik o‘zgaruvchanlik
- modifikatsion o‘zgaruvchanlik
- mutatsion o‘zgaruvchanlik
To‘g‘ri javob: ontogenetik o‘zgaruvchanlik. Individual rivojlanish (ontogenez) natijasidagi o‘zgaruvchanlik ontogenetik deyiladi.
Albinos bo‘lmagan odamlarda ultrabinafsha nurlar ta’sirida teri nima sababdan qoramtir tusga o‘tadi?
- terida xlorofill hosil bo‘lishi tufayli
- qonda gemoglobin miqdori ortishi tufayli
- teri osti yog‘ qatlami qalinlashishi tufayli
- terida melanin pigmenti to‘planishi tufayli
To‘g‘ri javob: terida melanin pigmenti to‘planishi tufayli. Ultrabinafsha nur ta’sirida terida melanin pigmenti to‘planadi va teri qorayadi.
Nima uchun tashqi muhit ta’sirida vujudga kelgan modifikatsiyalar nasldan-naslga o‘tmaydi?
- chunki bunda meyozda krossingover sodir bo‘ladi
- chunki bunda xromosomalar tuzilishi o‘zgaradi
- chunki bunda genlarning yangi kombinatsiyalari hosil bo‘ladi
- chunki bunda genotip o‘zgarmaydi, faqat fenotip o‘zgaradi
To‘g‘ri javob: chunki bunda genotip o‘zgarmaydi, faqat fenotip o‘zgaradi. Modifikatsiyada genotip o‘zgarmaydi, faqat fenotip o‘zgaradi, shuning uchun u irsiylanmaydi.
Reaksiya normasining kengligi nimaga bog‘liq?
- genotipga va belgining hayotiy ahamiyatiga
- faqat ozuqa miqdoriga
- faqat tashqi muhit haroratiga
- organizmning yoshiga
To‘g‘ri javob: genotipga va belgining hayotiy ahamiyatiga. Reaksiya normasining kengligini genotip belgilaydi va u belgining hayot uchun ahamiyatiga bog‘liq.
Reaksiya normasini bilish seleksiya amaliyotida nima uchun muhim?
- irsiy kasalliklarni genotipni o‘zgartirib davolaydi
- mutatsiyalar sonini ko‘paytiradi
- yangi sermahsul navlar yaratish va mavjudlaridan yuqori darajada foydalanish imkonini beradi
- barcha modifikatsiyalarni nasldan-naslga o‘tkazadi
To‘g‘ri javob: yangi sermahsul navlar yaratish va mavjudlaridan yuqori darajada foydalanish imkonini beradi. Reaksiya normasi bilan zot va navlar imkoniyatidan yuqori darajada foydalanish va yangi sermahsul navlar yaratish mumkin.
Mutatsion va modifikatsion o‘zgaruvchanlikning asosiy farqi nimada?
- ikkalasida ham tashqi muhit ta’sirida genotip o‘zgaradi
- mutatsionda genlar va xromosomalar o‘zgaradi, modifikatsionda genotip o‘zgarmay fenotip o‘zgaradi
- ikkalasida ham genotip o‘zgarmaydi, fenotip o‘zgaradi
- mutatsionda genotip o‘zgarmaydi, modifikatsionda genlar o‘zgaradi
To‘g‘ri javob: mutatsionda genlar va xromosomalar o‘zgaradi, modifikatsionda genotip o‘zgarmay fenotip o‘zgaradi. Mutatsiyada gen va xromosomalar o‘zgaradi; modifikatsiyada genotip o‘zgarmay, faqat fenotip o‘zgaradi.
Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Modifikatsion o‘zgaruvchanlik irsiylanish xususiyatiga ega emas. II. Modifikatsion o‘zgarishlar guruhli xarakterga ega. III. Modifikatsion o‘zgaruvchanlik chegaralari tashqi muhit bilan aniqlanadi.
- Faqat I
- Faqat III
- I va II
- II va III
To‘g‘ri javob: I va II. O‘zgaruvchanlik chegaralari tashqi muhit bilan emas, genotip bilan aniqlanadi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash