Mutatsion (genotipik) o‘zgaruvchanlik
Mavzular
Mutatsion o‘zgaruvchanlik
Organizm genotipining o‘zgarishi bilan boradigan va bir nechta avlodlarda saqlanadigan o‘zgaruvchanlik irsiy (mutatsion) o‘zgaruvchanlik deyiladi. Ba’zan bular aniq ko‘zga tashlanadigan o‘zgarishlar bo‘lib, ularga: kalta oyoqli qo‘ylarning paydo bo‘lishi, tovuqlarda patning bo‘lmasligi (57- rasmga qarang), mushuk barmoqlarini ayri bo‘lishi, pigmentlarning bo‘lmasligi (albinizm), odamlarda barmoqlarning kalta bo‘lishi (58- rasm) va ko‘p barmoqlilik (polidaktiliya) (59- rasm) kabilarni misol qilib ko‘rsatish mumkin.



To‘satdan vujudga keladigan va qat’iy ravishda nasldan-naslga o‘tadigan o‘zgarishlar natijasida xushbo‘y no‘xatning kalta poyali navlari, qat-qat tojibarg hosil qiladigan o‘simliklar va juda ko‘p boshqa belgilar paydo bo‘lgan. Genetik materialning irsiy o‘zgarishiga mutatsiyalar deyiladi.
Mutatsiyalar gen yoki xromosomaning tuzilmasini o‘zgarishi tufayli hosil bo‘ladi va tur ichidagi xilma-xillikning birdan-bir manbayi bo‘lib xizmat qiladi.
Mutatsiyaning namoyon bo‘lishi
Mutatsiyaning namoyon bo‘lish xarakteri. Mutatsiyalar dominant va retsessiv bo‘ladi. Ularning ko‘pchiligi retsessiv bo‘lib, geterozigota holdagi organizmlarda yashirin holda uchraydi. Bu holat turning yashashi uchun muhim ahamiyatga ega. Odatda mutatsiyalar zararli bo‘lib, organizmning nozik muvozanatdagi biokimyoviy jarayonlar tuzilishiga o‘zgartirishlar kiritadi.
Dominant mutatsiyaga ega organizmlar gomo va geterozigota holatlarda ko‘pincha yashovchan bo‘lmaydi va individual rivojlanishning dastlabki bosqichlaridayoq nobud bo‘ladi. Tashqi muhit o‘zgarishi natijasida ilgari zararli bo‘lgan mutatsiyalar, organizmga foydali ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Bunday mutatsiyalarni tashuvchi organizmlar tabiiy tanlanish natijasida saralanib boradi.
Generativ va somatik mutatsiyalar
Mutatsiyalar paydo bo‘ladigan joylar. Mutatsiyalar generativ va somatik bo‘lishi mumkin. Jinsiy hujayralarda paydo bo‘lgan mutatsiyalar shu organizmning belgilarining namoyon bo‘lishiga ta’sir qilmaydi, u faqat keyingi bo‘g‘inlarda namoyon bo‘ladi. Bunday mutatsiyalar generativ mutatsiyalar deyiladi.
Agar somatik hujayralarning genlari o‘zgarsa, bunday mutatsiyalar shu organizmning o‘zida namoyon bo‘ladi va jinsiy ko‘payishda keyingi avlodga o‘tmaydi. Biroq jinssiz ko‘payishda, agar organizm hujayra yoki hujayralar to‘plamidan ko‘payayotgan va unda o‘zgargan gen bo‘lsa, bunday mutatsiyalar somatik mutatsiyalar deb ataladi va ular keyingi avlodlarga o‘tishi mumkin.
O‘simlikshunoslikda somatik mutatsiyalardan madaniy o‘simliklarning yangi navlarini yaratishda keng foydalaniladi.
Gen va xromosoma mutatsiyalari
Mutatsiyalarning paydo bo‘lish darajalari. Mutatsiyalarning paydo bo‘lish darajalariga qarab gen va xromosoma mutatsiyalariga ajratiladi. Bir gen doirasidagi bitta yoki bir nechta nukleotidlarning o‘zgarishi yoki almashinishi bilan bog‘liq mutatsiyalar gen yoki nuqtali mutatsiyalar deb ataladi. Ular oqsillar tuzilishiga o‘zgarishlar kiritadi, ya’ni polipeptid zanjirdagi aminokislotalarning ketma-ketligi yangilanadi va shu bilan oqsil molekulasining funksional faolligini o‘zgartiradi.
Xromosoma tuzilmasining o‘zgarishi xromosoma mutatsiyasi deb ataladi. Bunday mutatsiyalar xromosomaning ma’lum bir qismining yo‘qolishi tufayli vujudga keladi. Ayrim hollarda xromosomadan ajralgan qism gomologik bo‘lmagan xromosoma bilan birikib, genlarning yangi kombinatsiyasini paydo qiladi.
Urug‘lanishda bunday gametalarning normal gaploid gameta bilan qo‘shilishi natijasida hosil bo‘lgan zigotada mazkur turga xarakterli diploid to‘plamga nisbatan xromosomalar soni bittaga ko‘p yoki kam bo‘ladi. Genlar muvozanatining buzilishi organizm rivojlanishining buzilishiga olib keladi.
Poliploidiya
Sodda hayvon va o‘simliklarda ko‘pincha xromosomalarning gaploid to‘plamga nisbatan karra ortishi kuzatiladi. Xromosomalar to‘plamining bunday o‘zgarishi poliploidiya deb ataladi. Poliploidiyaning darajasi har xil bo‘ladi. Sodda hayvonlarda xromosomalar soni bir necha yuz barobarga ko‘payishi mumkin. Poliploidiya hodisasi yuksak o‘simliklarda keng tarqalgan.
Kariotipda xromosomalar sonining ko‘payishi bilan organizmning genetik barqarorligi ortadi, mutatsiya jarayonida hayotchanlikning pasayishi xavfi kamayadi. Poliploidiya organizmlarning hayotchanligi, mahsuldorligi va boshqa xususiyatlarini oshiradi. O‘simlikshunoslikda poliploidiyadan keng foydalaniladi. Chunki madaniy o‘simliklarning sun’iy olingan poliploid navlari yuqori hosildorligi bilan farqlanadi (60- rasm).

Mutatsiya xususiyatlari va sabablari
Mutatsiya xususiyatlari. Mutatsiyalar irsiyat bilan bog‘liq, ya’ni ular nasldan-naslga o‘tadi. Bitta mutatsiyaning o‘zi bir turga mansub bo‘lgan har xil organizmlarda paydo bo‘lishi mumkin. Mutatsiyalar ta’sir doirasiga qarab foydali va zararli, neytral, dominant hamda retsessiv bo‘ladi.
Genlarning muhim xususiyatlaridan biri – mutatsiyalar hosil qilishdir. Rentgen nurlari ta’sirida mutatsiyalar paydo bo‘lishini 150 marta oshirishga erishildi. Rentgen va boshqa ionlantiruvchi radiatsiya nurlaridan tashqari, mutatsiyalar kimyoviy moddalar ta’sirida ham hosil bo‘lishi mumkin. Moddalar almashinuvi jarayoniga, ayniqsa DNK sinteziga ta’sir qiluvchi omillar, mutatsion jarayonga ham ta’sir qiladi.
Sun’iy yo‘l bilan hosil qilinadigan mutatsiyalar amaliy ahamiyatga ega bo‘ladi, chunki ular tur yoki populyatsiya ichidagi genetik xilma-xillikni oshiradi va shu yo‘l bilan seleksionerga “yordamchi” material beradi.
Bilimingizni sinang
Pigmentlarning bo‘lmasligi bilan ifodalanadigan irsiy o‘zgarish qanday ataladi?
- Polidaktiliya
- Daltonizm
- Albinizm
- Gemofiliya
To‘g‘ri javob: Albinizm. Pigmentlarning bo‘lmasligi albinizm deyiladi va mutatsion o‘zgaruvchanlikka misol bo‘ladi.
Rentgen nurlari ta’sirida mutatsiyalar paydo bo‘lishini necha marta oshirishga erishilgan?
- 50 marta
- 150 marta
- 1500 marta
- 15 marta
To‘g‘ri javob: 150 marta. Rentgen nurlari mutatsiyalar paydo bo‘lishini 150 marta oshirgan.
Xromosomalar to‘plamining gaploid to‘plamga nisbatan karra ortishi qanday ataladi?
- Kon’yugatsiya
- Krossingover
- Poliploidiya
- Gaploidiya
To‘g‘ri javob: Poliploidiya. Xromosomalar to‘plamining gaploidga nisbatan karra ortishi poliploidiya deyiladi.
Tur ichidagi xilma-xillikning birdan-bir manbayi nima hisoblanadi?
- Mutatsiyalar
- Tabiiy tanlanish
- Modifikatsiyalar
- Yashash muhiti
To‘g‘ri javob: Mutatsiyalar. Gen yoki xromosoma tuzilmasining o‘zgarishidan hosil bo‘lgan mutatsiyalar xilma-xillikning birdan-bir manbayidir.
O‘simlikshunoslikda somatik mutatsiyalardan keng foydalanishning asosiy maqsadi nima?
- Yovvoyi turlarning sonini ko‘paytirish
- Madaniy o‘simliklarning yangi navlarini yaratish
- Tuproq unumdorligini oshirish
- Urug‘larni uzoq muddat saqlash
To‘g‘ri javob: Madaniy o‘simliklarning yangi navlarini yaratish. Somatik mutatsiyalar madaniy o‘simliklarning yangi navlarini yaratishda ishlatiladi.
Kariotipda xromosomalar sonining ko‘payishi organizm uchun qanday oqibatga olib keladi?
- Genetik barqarorligi ortadi, mutatsiyada hayotchanlik pasayish xavfi kamayadi
- Genetik barqarorligi pasayadi, hayotchanligi doim kamayadi
- Jinsi o‘zgaradi, hosildorligi pasayadi
- Xromosomalar soni yana gaploid holga qaytadi
To‘g‘ri javob: Genetik barqarorligi ortadi, mutatsiyada hayotchanlik pasayish xavfi kamayadi. Xromosomalar ko‘payishi genetik barqarorlikni oshiradi va mutatsiyada hayotchanlik pasayishi xavfini kamaytiradi.
Nuqtali mutatsiya oqsil molekulasining funksional faolligini qanday yo‘l bilan o‘zgartiradi?
- Xromosomalar sonini bittaga oshirib
- Xromosomaning katta qismini yo‘qotib
- Polipeptid zanjirdagi aminokislotalar ketma-ketligini yangilab
- Gaploid to‘plamni karra ko‘paytirib
To‘g‘ri javob: Polipeptid zanjirdagi aminokislotalar ketma-ketligini yangilab. Nukleotidlarning o‘zgarishi polipeptiddagi aminokislotalar tartibini o‘zgartiradi, bu oqsil faolligiga ta’sir qiladi.
Muhit o‘zgarishi tufayli foydali bo‘lib qolgan mutatsiyani tashuvchi organizmlar qaysi omil natijasida saralanib boradi?
- Poliploidiya
- Modifikatsiya
- Sun’iy tanlanish
- Tabiiy tanlanish
To‘g‘ri javob: Tabiiy tanlanish. Foydali mutatsiya tashuvchilari tabiiy tanlanish orqali saralanadi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash