XotirAI logotipiXotirAI
🧬 9-sinf · Biologiya · 62-§.

Odam genetikasini o‘rganish usullari

Mavzular

Odam irsiyatini o‘rganish

Odam genetikasi insoniyat uchun amaliy jihatdan g‘oyat katta ahamiyatga ega. Hozirgi vaqtda odamda 4000 ga yaqin normal va patologik belgilarning nasldan-naslga o‘tib borishi o‘rganib chiqilgan. Irsiy omillarga bog‘liq kasalliklar borligi aniqlangan. Ana shu kasalliklarni to‘g‘ri aniqlash, ularga yo‘l qo‘ymaslik va davolash muhimdir.

Odam irsiyatini o‘rganish usullari. Odam irsiyatini o‘rganish anchagina qiyinchiliklar tug‘diradi. Eksperimental genetika usullarini odamga tatbiq etib bo‘lmaydi. Odam sekinlik bilan rivojlanib, ancha kech balog‘atga yetadi. Bir oilaning ko‘radigan farzandlari soni nisbatan kam bo‘ladi. Odam genetikasini o‘rganishda quyidagi asosiy: geneologik, egizaklar, sitogenetik, biokimyoviy, populyatsion, ontogenetik usullardan keng foydalaniladi.

Geneologik (shajara) usul

Geneologik (shajara) usulini dastlab F.Galton joriy etgan. Bu usul mumkin qadar ko‘proq odamlarning nasl-nasabini o‘rganib chiqishdan iborat. Shundan foydalanib, insonning ko‘pgina belgilari, jumladan irsiy kasalliklarining nasldan-naslga o‘tib borishini aniqlash mumkin bo‘ladi. Odamdagi qobiliyat, iste’dod va boshqa fazilatlarning rivojlanishi irsiy omillarga bog‘liq ekanligi geneologik usul bilan aniqlangan. Masalan, musiqa, matematikaga bo‘lgan iste’dod va qobiliyatlar.

Temuriylar sulolasi insoniyatga buyuk davlat arboblari, sarkardalar, olimlar, yozuvchilarni yetkazib berdi. Ular orasida Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Zahiriddin Muhammad Bobur va Akbarshohlar alohida o‘rin tutadi. Odamning genotipiga bog‘liq bo‘lgan ruhiy xususiyatlari, jumladan, iste’dodning yuzaga chiqishi ijtimoiy muhitga ham bog‘liq.

Geneologik usulda kasalliklar

Ko‘pgina kasalliklar retsessiv holda nasldan-naslga o‘tishi geneologik usul yordamida aniqlangan. Jumladan: qandli diabet, tug‘ma karlik, gemofiliya, shizofreniya (og‘ir ruhiy kasallik)ning ba’zi formalari.

Faqat retsessiv genlar bilan emas, balki dominant genlar bilan belgilanadigan irsiy kasalliklarni braxidaktiliya yoki kaltabarmoqlik, ko‘z shox pardasining ko‘rlikka olib keladigan irsiy degeneratsiyasi, sil kasalligiga moyillik kabilar ham geneologik usul yordamida nasldan-naslga o‘tishi aniqlangan.

Egizaklar usuli

Egizaklar usuli belgilarning egizaklarda rivojlanib borishini o‘rganishdan iborat. Egizaklar belgilarning irsiylanishida va rivojlanishida genotipning ham, muhit sharoitining ham ta’siri darajasini o‘rganish uchun juda qulay biologik obyektdir. Odamda egizaklar ikki xil bo‘ladi. Ba’zi hollarda bir emas, balki ikkita (kamdan-kam hollarda uchta va hatto to‘rtta) tuxum hujayra urug‘lanadi. Egizaklar bitta tuxum hujayradan va har xil tuxum hujayradan rivojlanadi.

Bitta tuxum hujayradan rivojlangan egizaklar bir jinsli va bir-biriga nihoyatda o‘xshash bo‘ladi, chunki ular bir xildagi genotipga egadir, ular o‘rtasidagi tafovutlar esa faqat muhit ta’siriga bog‘liq bo‘ladi. Har xil tuxumdan rivojlangan egizaklar egizak emas aka-uka yoki opa-singillardek bir-biriga o‘xshash, bir xil yoki har xil jinsli bo‘ladi.

Dominant va retsessiv belgilar

Odamdagi ba’zi belgilarning dominant va retsessiv ko‘rinishlari:

Sitogenetik usul

Sitogenetik usul. Sog‘lom va kasal odamlarda xromosomalar soni va tuzilishini maxsus mikroskoplar yordamida qiyosiy o‘rganishdan iborat. So‘ngi yillarda sitogenetik usul katta ahamiyat kasb etdi. U odamda uchraydigan irsiy kasalliklarning sabablarini tushunib olish uchun ko‘pgina qimmatli materiallar beradi. Genetika nuqtayi nazaridan olganda irsiy kasalliklar mutatsiyalardan iborat bo‘lib, ularning ko‘pchiligi retsessivdir. Bu usul odam xromosomalar to‘plamidagi ko‘rinadigan darajadagi o‘zgarishlarni o‘rganish imkonini yaratdi.

Xromosoma mutatsiyalarining shunday bir toifasi borki, ular xromosomalar soni yoki tuzilishining ko‘rinarli o‘zgarishlari bilan ifodalanadi. Odamda bunday mutatsiyalar sitogenetik usul bilan aniqlanadi.

Odam xromosoma sonini unga ziyon yetkazmay o‘rganish usuli: qon leykositlari 37 °C da alohida oziq muhitiga tushirib qo‘yiladi, bu muhitda ular bo‘linadi. Ulardan xromosomalar soni va tuzilishi ko‘rinib turadigan preparatlar tayyorlanadi. Odam xromosomalarini alohida bo‘yoqlar bilan bo‘yash usullari ayrim xromosomalardagi ancha nozik o‘zgarishlarni ham o‘rganishga imkon berdi.

Molekular genetik va biokimyoviy usul

Molekular genetik usul yordamida odam genomini tashkil etuvchi DNK molekulasida joylashgan genetik axborot – genlar tuzilishi va funksiyasi tadqiq qilinadi.

Biokimyoviy usul. Odamda uchraydigan juda ko‘p patologik holatlar moddalar almashinuvining odatdagicha borishida har xil o‘zgarishlar yuzaga kelishiga bog‘liq bo‘ladi, buni tegishli biokimyoviy usullar bilan aniqlash mumkin. Bu usul yordamida qandli diabet kasalligining sabablari o‘rganildi. Bu kasallik me’da osti bezining odatdagi faoliyati buzilishiga bog‘liq bo‘ladi, bu bez qonga insulin gormonini kam ajratadi. Natijada qondagi qand miqdori ko‘payib, moddalar almashinuvida chuqur o‘zgarishlar ro‘y beradi.

Bilimingizni sinang

Odam genetikasida geneologik (shajara) usulini dastlab kim joriy etgan?
  1. T.Morgan
  2. F.Galton
  3. G.Mendel
  4. N.Vavilov

To‘g‘ri javob: F.Galton. Geneologik (shajara) usulini dastlab F.Galton joriy etgan.

Hozirgi vaqtda odamda nechta normal va patologik belgining nasldan-naslga o‘tishi o‘rganib chiqilgan?
  1. 400 ga yaqin
  2. 4000 ga yaqin
  3. 40000 ga yaqin
  4. 2000 ga yaqin

To‘g‘ri javob: 4000 ga yaqin. Odamda 4000 ga yaqin normal va patologik belgining irsiylanishi o‘rganilgan.

Odam xromosomalar sonini unga ziyon yetkazmay o‘rganishda qaysi hujayralar qanday haroratda oziq muhitiga tushiriladi?
  1. Qon eritrotsitlari, 37 °C
  2. Qon leykositlari, 25 °C
  3. Teri epiteliy hujayralari, 4 °C
  4. Qon leykositlari, 37 °C

To‘g‘ri javob: Qon leykositlari, 37 °C. Bo‘linadigan qon leykositlari 37 °C da oziq muhitiga tushiriladi va xromosoma preparatlari tayyorlanadi.

Biokimyoviy usul bilan qandli diabetda qaysi bez qonga qaysi gormonni kam ajratishi aniqlangan?
  1. Gipofiz, o‘sish gormoni
  2. Me’da osti bezi, insulin
  3. Qalqonsimon bez, tiroksin
  4. Buyrak usti bezi, adrenalin

To‘g‘ri javob: Me’da osti bezi, insulin. Qandli diabetda me’da osti bezi qonga insulinni kam ajratadi, qand miqdori ko‘payadi.

Molekular genetik usul yordamida nima tadqiq qilinadi?
  1. Xromosomalar sonini mikroskopda taqqoslash
  2. Oilalar nasl-nasabini bir necha avlod bo‘yicha kuzatish
  3. DNK molekulasidagi genlarning tuzilishi va funksiyasi
  4. Egizaklar o‘rtasidagi o‘xshashlik darajasi

To‘g‘ri javob: DNK molekulasidagi genlarning tuzilishi va funksiyasi. Molekular genetik usul genomni tashkil etuvchi DNKdagi genlar tuzilishi va funksiyasini o‘rganadi.

Quyidagi irsiy kasalliklardan qaysi biri geneologik usul yordamida retsessiv holda nasldan-naslga o‘tishi aniqlangan?
  1. Ko‘z shox pardasining irsiy degeneratsiyasi
  2. Sil kasalligiga moyillik
  3. Shizofreniyaning ba’zi formalari
  4. Braxidaktiliya

To‘g‘ri javob: Shizofreniyaning ba’zi formalari. Shizofreniyaning ba’zi formalari retsessiv o‘tadi; boshqa uchtasi dominant genlar bilan belgilanadi.

Bitta tuxum hujayradan rivojlangan egizaklar nima uchun nihoyatda o‘xshash bo‘ladi?
  1. Ular har xil jinsli bo‘ladi
  2. Ular bir necha tuxum hujayradan hosil bo‘ladi
  3. Ular har xil genotipga ega, lekin bir muhitda o‘sadi
  4. Ular bir xildagi genotipga ega

To‘g‘ri javob: Ular bir xildagi genotipga ega. Bir tuxumdan rivojlangan egizaklar genotipi bir xil bo‘lgani uchun juda o‘xshash.

Bir tuxum hujayradan rivojlangan egizaklar o‘rtasidagi tafovutlar nimaga bog‘liq bo‘ladi?
  1. Genotipdagi farqlarga
  2. Jinslarning har xilligiga
  3. Faqat muhit ta’siriga
  4. Xromosomalar sonining farqiga

To‘g‘ri javob: Faqat muhit ta’siriga. Genotipi bir xil egizaklar orasidagi tafovutlar faqat muhit ta’siridan kelib chiqadi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiMutatsion (genotipik) o‘zgaruvchanlikKeyingi →Odamdagi irsiy kasalliklar