O‘simliklar va hayvonlar seleksiyasi
Mavzular
Zot va nav tushunchasi
Seleksiyaning asosiy vazifasi – odamlarning oziq-ovqat, estetik va texnik talablarini to‘liq qondiruvchi yuqori mahsuldor hayvon zotlari, o‘simlik navlari va mikroorganizmlar shtammlarini yaratishdan iboratdir. Zot yoki nav (toza liniya) deb, odam tomonidan sun’iy ravishda yaratilgan organizmlar populyatsiyasiga aytiladi. Bular barqaror va qimmatli biologik hamda xo‘jalik xossalariga ega bo‘lib, bu xossalar nasldan-naslga o‘tadi.
Har bir zot va nav o‘ziga xos xususiyatga, ya’ni reaksiya normasiga ega. Masalan, tovuqlarning oq lekgorn zoti ko‘p tuxum beradi. Yashash sharoitlari va ozuqa bilan ta’minlanishi yaxshilansa, tuxum berishi ortadi ammo uning massasi amalda oshmaydi. Fenotip (shu jumladan, mahsuldorlik ham) ma’lum sharoitlarda namoyon bo‘ladi, shu sababli iqlim sharoitlari, agrotexnik usullari va boshqarish har xil bo‘lgan hududlar uchun moslashgan zot yoki nav yaratilishi zarur.
Tanlash usullari
Tanlash va duragaylash seleksiyaning asosiy usullaridir.
Tanlashning ikkita shakli: yalpi va individual tanlash bor. O‘simlikshunoslikda chetdan changlanuvchi o‘simliklarga nisbatan ko‘pincha yalpi tanlash usuli qo‘llaniladi. Bunday tanlashda ekinzordan faqat kerakli sifatga ega bo‘lgan o‘simliklar guruhi ajratib olinadi. Kelgusi yili bu o‘simliklardan olingan urug‘lar ekilib, o‘simliklar orasidan ham ma’lum belgiga ega bo‘lganlarini tanlab olish takrorlanadi. Bu usulda olingan nav genetik nuqtayi nazardan bir xil bo‘lmaydi va shuning uchun tanlashni vaqti-vaqti bilan qaytarib turish kerak.
Individual, ya’ni yakka tanlashda ekinzordan qimmatli belgiga ega ayrim o‘simliklar tanlanadi va ulardan yangi avlod olinadi. Yakka tanlash orqali toza liniyalarni genetik jihatdan bir xil organizmlar guruhi olinadi. Tanlash yo‘li bilan madaniy o‘simliklarning juda qimmatli navlarini yaratishga muvaffaq bo‘lingan (61- rasm).

Duragaylash usullari
Hozirgi vaqtda o‘simliklarning yangi navlarini yaratish hamda o‘zgaruvchanlik doirasini oshirishda quyidagi usullar qo‘llaniladi: duragaylash, sun’iy mutagenez, eksperimental poliploidiya va genetik injeneriya.
Duragaylash. Seleksiyada duragaylashning har xil usullari qo‘llaniladi. Ular tur ichidagi duragaylash, geografik uzoq formalarni duragaylash, genetik uzoq formalarni duragaylashlardir. Tur ichidagi duragaylash o‘simliklar seleksiyasida keng qo‘llaniladi. Bunda bitta turga mansub o‘simlik navlari o‘zaro chatishtiriladi. Davlatimizda yaratilgan ko‘plab g‘o‘za navlari shu usulda yaratilgan.
Geografik uzoq formalar
Geografik uzoq formalarni duragaylashda bir turga mansub, lekin Yer yuzasining turli joylaridan keltirilgan o‘simliklar o‘zaro chatishtiriladi. Olingan duragaylarda o‘zgaruvchanlik yuqori bo‘lib, ular yashash sharoitiga tez moslashadi. Bu usul yordamida bug‘doyning “Saratov-29” navlari yaratilgan, hozirgi vaqtda bu nav MDH davlatlarining bug‘doy ekiladigan hududlarini 50 % iga ekilmoqda.
Akademik Sodiq Mirahmedov Meksikadan keltirilgan viltga chidamli yovvoyi g‘o‘za bilan O‘zbekistonda yaratilgan viltga chidamsiz g‘o‘za navini chatishtirib viltga chidamli “Toshkent-1”, “Toshkent-2”, “Toshkent-3” navlari yaratgan.
Genetik uzoq formalar
Genetik uzoq formalarni duragaylashda har xil turga yoki har xil turkumga mansub o‘simliklar chatishtiriladi. Bu usul orqali hozirgi zamon seleksiyasining erishgan yutuqlaridan biri – duragaylarning turlararo bepushtligini bartaraf qilish usulini ishlab chiqish bo‘ldi. Dastlab bu usulni o‘tgan asrning 20- yillarida rossiyalik olim G.D.Karpechenko karam bilan turpni chatishtirishda qo‘llashga muvaffaq bo‘ldi. Inson tomonidan yaratilgan bu yangi o‘simlik karamga ham, turpga ham o‘xshamagan. Ularning mevasi ikki qismdan iborat bo‘lib, yarmi karamga, yarmi turpga o‘xshaydi.
Keyinchalik esa bug‘doy bilan bug‘doyiq duragayini olishga muvaffaq bo‘lindi. Bu duragay asosida bug‘doyning yangi donli yem-xashak navi yaratildi, u bir mavsumda 3–4 marta o‘rib olinadi, 300–450 s/ga yashil massa beradi. Bir-biridan uzoq turlarni duragaylash yo‘li bilan yana yangi donli va yem-xashakbop o‘simlik – bug‘doy bilan javdar duragayi olindi. Bu duragay tritikale deb ataladi.
Bug‘doy va javdarning eng yaxshi xususiyatlarini to‘plagan bu o‘simlik yuqori hosildor, ko‘p miqdorda yashil massa to‘playdi va yuksak darajadagi oziqlik sifatiga ega.
Poliploidiya va mutagenez
O‘simlikshunoslikda ko‘pincha organik moddalarning bir muncha faol sintez qiluvchi, hosildorligi yuqori, katta o‘lchami bilan farqlanadigan poliploid o‘simliklar ham olinadi (180- betdagi 62-, 63- rasmlar).


Sun’iy mutagenez usuli deb – kuchli ta’sir etuvchi omillar ta’sirida o‘simliklarda mutatsiyalar olishga aytiladi. Bu usulni qo‘llash orqali akademiklar Nabijon Nazirov va Oston Jalilovlar tomonidan g‘o‘zaning serhosil AN-402, Samarqand-3, Yulduz kabi navlari yaratilgan.
Geterozis
Geterozis. O‘simliklarda chetdan changlanadigan o‘simliklarni tabiiy changlantirish orqali seleksiya uchun ahamiyatga ega genlar ushbu liniyalarda mustahkamlanadi. So‘ngra olingan duragaylar chetdan changlantiriladi. Bu usul yordamida serhosil o‘simliklar navlari chiqariladi. Bunda geterozis, ya’ni duragay kuchining samarasi namoyon bo‘ladi. Geterozisning mohiyati shundan iboratki, birinchi avlod duragaylar ota-ona organizmga nisbatan hosildor, chidamli va yashovchan bo‘ladi.
Hayvonlar seleksiyasi xususiyatlari
Hayvonlar seleksiyasi. Hayvonlar seleksiyasida o‘simliklar seleksiyasida qo‘llaniladigan usullardan ham foydalaniladi. Lekin hayvonlar seleksiyasining o‘ziga xos xususiyatlari hayvon tabiatidan kelib chiqadi: 1) xonakilashtirilgan hayvonlar faqat jinsiy yo‘l bilan ko‘payadi, 2) har bir hayvon kam nasl beradi va har bir hayvon ancha qimmat turadi.
Hayvonlar seleksiyasida eksterer belgilarni hisobga olish muhim rol o‘ynaydi. Hayvonlar tashqi shakllarini butun yig‘indisi, tanasining tuzilishi, tana qismlarining o‘zaro nisbati eksterer deb ataladi. Xo‘jalik uchun muhim bo‘lgan ko‘pgina belgilar, masalan, qoramolning sersutliligining rivojlanishi muayyan tana tuzilishiga, qon aylanish va nafas olish sistemalari va boshqa belgilarni yaxshi rivojlanganligiga bog‘liq. Hayvonlar seleksiyasida turli belgilar o‘rtasidagi bog‘lanishlarni hisobga olish muhim, chunki biron belgi bo‘yicha yuqori hosildorlik – muayyan eksterer belgilarga bog‘liq.
Hayvonlarni chatishtirish
Chorvachilikda avlodlar soni kam bo‘lganligi sababli xo‘jalik jihatdan foydali bo‘lgan belgilarga qarab yakka tanlash keng qo‘llaniladi. Qishloq xo‘jalik hayvonlarida bir zotga mansub hayvonlarni o‘zaro chatishtirish yoki bir-biridan uzoq, ya’ni begona zot yohud turga mansub hayvonlarni chatishtirish olib boriladi. Begona zotlarni chatishtirish bir necha foydali belgilar kombinatsiyasini hosil qilish maqsadida amalga oshiriladi. Bunday duragaylash keyinchalik qat’iy tanlash bilan qo‘shib olib borilganda zotning xususiyatlarini yaxshilashga imkon yaratadi.
Hayvonlarning har xil zotlarini yoki o‘simliklarning navlari hamda turlararo chatishtirishda hosil bo‘lgan birinchi avlod duragayi hayotiy xususiyatlari bir muncha yuqori bo‘lishi va kuchli rivojlanishi bilan farq qiladi. Bu hodisa duragay kuchi yoki geterozis deyiladi. Bunda ko‘pchilik genlar geterozigotali holatga o‘tadi va dominant genlarning qulay o‘zaro ta’siri vujudga keladi.
Yaratilgan zotlar
Uy hayvonlarini sermahsul zotlarini yaratishda zotlararo va uy hayvonlarining uzoq formalarini duragaylash orqali ko‘plab zotlar yaratilgan. Zotlararo chatishtirish orqali mayin jun beradigan askaniya rambulesi, hisor va qorako‘l qo‘y zotlari, ko‘p sut beradigan kostroma qoramol zoti, axaltaka ot zoti, tovuqlarning broyler va sertuxum zotlari, ipak qurtining zotlari yaratilgan.
Uy hayvonlarini uzoq formalari duragaylash orqali ham xo‘jalik uchun katta ahamiyatga ega zotlar yaratilgan. Ularga misol qilib mayin jun beradigan merinos qo‘y zoti bilan yovvoyi qo‘y arxarni chatishtirish orqali arxaromerinos qo‘y zoti, baland tog‘li hududlarda yashaydigan uy hayvoni qo‘tos bilan qoramol chatishtirilib duragay olingan. Olingan bu zotlar turli muhit sharoitida bemalol yashay oladi va mahsuldorligi ham yuqori bo‘ladi.
Bilimingizni sinang
Zot yoki nav (toza liniya) deb nimaga aytiladi?
- Faqat vegetativ yo‘l bilan ko‘payadigan organizmlar guruhiga
- Tabiiy tanlanish natijasida shakllangan yovvoyi turlar guruhiga
- Bir necha turning tabiiy chatishuvidan hosil bo‘lgan avlodlar yig‘indisiga
- Odam tomonidan sun’iy ravishda yaratilgan organizmlar populyatsiyasiga
To‘g‘ri javob: Odam tomonidan sun’iy ravishda yaratilgan organizmlar populyatsiyasiga. Zot yoki nav odam tomonidan sun’iy yaratilgan, barqaror xossalari nasldan-naslga o‘tadigan populyatsiyadir.
Seleksiyaning asosiy vazifasi qaysi javobda to‘g‘ri ko‘rsatilgan?
- Yuqori mahsuldor zotlar, navlar va mikroorganizmlar shtammlarini yaratish
- Yovvoyi turlarni tabiiy muhitda saqlab qolish va ularning sonini ko‘paytirish
- Tur ichidagi o‘zgaruvchanlikni butunlay bartaraf etish
- Organizmlarning individual rivojlanish bosqichlarini o‘rganish
To‘g‘ri javob: Yuqori mahsuldor zotlar, navlar va mikroorganizmlar shtammlarini yaratish. Seleksiya odamning talablarini qondiruvchi zot, nav va shtammlar yaratish bilan shug‘ullanadi.
Oq lekgorn tovuqlariga ozuqa va yashash sharoiti yaxshilab berilsa, mahsuldorlikda qanday o‘zgarish kuzatiladi?
- Tuxum soni ham, massasi ham bir xil darajada ortadi
- Tuxum soni ortadi, massasi esa amalda oshmaydi
- Tuxum massasi sezilarli ortadi, soni esa o‘zgarmaydi
- Tuxum soni kamayadi, massasi esa ortadi
To‘g‘ri javob: Tuxum soni ortadi, massasi esa amalda oshmaydi. Reaksiya normasi tufayli sharoit yaxshilansa tuxum berish ortadi, tuxum massasi esa deyarli o‘zgarmaydi.
Nima uchun iqlimi va agrotexnikasi har xil bo‘lgan hududlar uchun moslashgan zot yoki nav yaratish zarur?
- Chunki fenotip, shu jumladan mahsuldorlik, faqat ma’lum sharoitlarda namoyon bo‘ladi
- Chunki barcha zotlar bir xil sharoitda bir xil mahsuldorlik beradi
- Chunki reaksiya normasi har bir organizmda mavjud emas
- Chunki genotip tashqi sharoit ta’sirida butunlay o‘zgarib ketadi
To‘g‘ri javob: Chunki fenotip, shu jumladan mahsuldorlik, faqat ma’lum sharoitlarda namoyon bo‘ladi. Mahsuldorlik muayyan sharoitda namoyon bo‘lgani uchun har bir hudud sharoitiga moslashgan zot yoki nav kerak.
O‘simlikshunoslikda yalpi tanlash usuli ko‘pincha qaysi o‘simliklarga nisbatan qo‘llaniladi?
- Faqat vegetativ yo‘l bilan ko‘payuvchi o‘simliklarga
- O‘z-o‘zidan changlanuvchi o‘simliklarga
- Chetdan changlanuvchi o‘simliklarga
- Poliploid o‘simliklarga
To‘g‘ri javob: Chetdan changlanuvchi o‘simliklarga. Yalpi tanlash asosan chetdan changlanuvchi o‘simliklarda qo‘llaniladi.
Yalpi va yakka tanlash natijalari genetik jihatdan qanday farqlanadi?
- Ikkala usulda ham nav genetik jihatdan bir xil bo‘lmaydi
- Yalpi tanlashda toza liniya, yakka tanlashda genetik xilma-xil nav olinadi
- Ikkala usulda ham genetik jihatdan bir xil organizmlar guruhi olinadi
- Yalpi tanlashda olingan nav genetik bir xil bo‘lmaydi, yakka tanlashda toza liniya olinadi
To‘g‘ri javob: Yalpi tanlashda olingan nav genetik bir xil bo‘lmaydi, yakka tanlashda toza liniya olinadi. Yalpi tanlash genetik jihatdan bir xil bo‘lmagan nav beradi, yakka tanlash esa toza liniya hosil qiladi.
Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Yalpi tanlashda ekinzordan kerakli sifatli o‘simliklar guruhi ajratib olinadi; II. Yalpi tanlash bilan olingan nav genetik bir xil bo‘lgani uchun tanlashni takrorlash shart emas; III. Individual tanlashda qimmatli belgili ayrim o‘simliklardan yangi avlod olinadi.
- I va II
- II va III
- I va III
- I, II va III
To‘g‘ri javob: I va III. II hukm noto‘g‘ri: yalpi tanlashdagi nav genetik bir xil emas, shuning uchun tanlashni vaqti-vaqti bilan takrorlash kerak.
Geografik uzoq va genetik uzoq formalarni duragaylash qaysi belgisi bilan farqlanadi?
- Geografik uzoq formalarda bir tur turli joylardan, genetik uzoq formalarda har xil tur yoki turkum chatishtiriladi
- Genetik uzoq formalar duragaylanganda duragaylar doim urug‘ beradi, geografik uzoqda esa bepusht bo‘ladi
- Geografik uzoq formalarda har xil turkumlar, genetik uzoq formalarda bir tur navlari chatishtiriladi
- Ikkalasida ham bitta turning Yer yuzining turli joylaridagi navlari chatishtiriladi
To‘g‘ri javob: Geografik uzoq formalarda bir tur turli joylardan, genetik uzoq formalarda har xil tur yoki turkum chatishtiriladi. Geografik uzoq duragaylashda bir tur turli joylardan olinadi; genetik uzoqda esa har xil tur yoki turkum chatishtiriladi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash