XotirAI logotipiXotirAI
🧬 9-sinf · Biologiya · 66-§.

Seleksiya va biotexnologiya

Mavzular

Sanoat mikrobiologiyasi

Hozirgi vaqtda mikroorganizmlar faoliyatidan turli-tuman texnologik jarayonlarda keng foydalanilmoqda. Prokariotlar va bir hujayrali eukariotlar hayot faoliyatining mahsuloti bo‘lgan fermentlardan foydalanish xalq xo‘jaligining turli tarmoqlarida yildan-yilga ko‘paymoqda. Non pishirishda, pivo, vino, turli tuman sut mahsulotlarini tayyorlashda mikroorganizmlar, zamburug‘lar va bakteriyalarning fermentativ faoliyatidan foydalaniladi.

Shu munosabat bilan sanoat mikrobiologiyasi keng rivojlanmoqda va inson uchun zarur bo‘lgan moddalarni ko‘p miqdorda ishlab chiqaradigan mikroorganizmlarning yangi shtammlari seleksiyasi jadal o‘smoqda. Bunday shtammlar antibiotiklar, ferment va vitamin preparatlari hamda ozuqabop oqsillarni ishlab chiqishda katta ahamiyat kasb etadi.

Vitamin, oqsil, aminokislota

Masalan, mikroorganizmlardan B2, B12 vitaminlarini olishda foydalaniladi. Yog‘och qipiqlari yoki parafinda o‘sadigan achitqi zamburug‘laridan ozuqabop oqsillar olinadi. Zamburug‘lar tarkibida 60 % gacha oqsil moddasi to‘planadi. Oqsilga boy bu preparatni chorvachilikda qo‘llash natijasida yiliga qo‘shimcha ravishda bir million tonnagacha go‘sht yetishtirish mumkin.

Mikroorganizmlar yordamida almashtirib bo‘lmaydigan aminokislotalarni ishlab chiqish ham muhim ahamiyatga ega. Ozuqa tarkibida bunday moddalarning yetishmasligi organizmlarning o‘sishini keskin sekinlashtiradi. Hayvonlarning an’anaviy ozuqasi tarkibida almashtirib bo‘lmaydigan aminokislotalar kam bo‘ladi. Mikrobiologik yo‘l bilan olingan lizin aminokislotasidan bir tonnasi hayvonlar ozuqasiga qo‘shilsa, o‘nlab tonna hayvonlar ozuqasini tejab qolish mumkin.

Inson uchun zarur bo‘lgan mahsulotlarni tirik hujayralardan yoki ular yordamida olish texnologiyasi biotexnologiya deb ataladi.

Metallar biotexnologiyasi

Biotexnologiya jadal rivojlanayotgan fanlar qatoriga kiradi. Keyingi 30 yil ichida turli xil bakteriyalar va zamburug‘lar faoliyatidan foydalanishga asoslangan bir qator yangi ishlab chiqarish korxonalari paydo bo‘ldi. Mikroorganizmlar metallurgiya sohasida ham “faoliyat” ko‘rsatadi. Rudalardan metallarni ajratib olishda qo‘llaniladigan odatdagi texnologiyalar tarkibi jihatdan murakkab bo‘lgan rudalardan keng foydalanishga imkon bermaydi; ularni qayta ishlash natijasida juda ko‘p chiqindilar hosil bo‘ladi, atmosferaga zaharli gazlar ajralib chiqadi.

Metallar biotexnologiyasida sulfid bakteriyalari minerallarni oksidlashi natijasida ko‘pchilik rangli metallar va noyob elementlar eritmalar tarkibiga o‘tadi. Bu usul yordamida dunyo miqyosida bir necha ming tonna mis olinadi. Bu mis an’anaviy usulda olinadigan mislarga nisbatan 2–3 marta arzonga tushadi. Bakteriyalar faoliyati yordamida rudalardan uran, oltin va kumush kabilar ajratib olinib, zararli elementlar mishyak kabilar zararsizlantiriladi.

Gen muhandisligi

Olimlar bakteriya hujayrasiga ma’lum genlarni, shu jumladan odam genini ham kiritish usullarini ishlab chiqdilar. Bu usullar gen muhandisligi deb ataladi. Bakteriya hujayrasi o‘ziga yot (begona) bo‘lgan gen asosida ko‘p miqdorda oqsillarni sintez qiladi. Hozirgi kunda shu yo‘l bilan viruslar ko‘payishini to‘xtatuvchi interferon oqsilini, qonda glukozaning miqdorini nazorat qiluvchi insulin oqsilini olishmoqda.

O‘zbek mikrobiolog olimlari

Mamlakatimizda mikrobiologiyani rivojlanishi uchun qulay sharoit mavjudligi tufayli bir qator sanoat tarmoqlarini: oziq-ovqat, konserva, sut mahsulotlarini qayta ishlash, antibiotik va vitaminlar ishlab chiqarish sanoatlari yanada rivoj topmoqda.

Olimlarimiz A.M.Muzaffarov, M.I.Mavloniy, S.Asqarova, A.Xolmurodov va boshqalar mikrobiologiya fanining rivojlanishiga katta hissa qo‘shdilar. A.Muzaffarov va uning shogirdlari xlorella suv o‘tidan chorva mollarining mahsuldorligini oshirishda va bir qator suv o‘tlaridan ifloslangan suv havzalarini tozalashdan keng miqyosda foydalanishni yo‘lga qo‘ydilar.

M.Mavloniy bir qator achitqi zamburug‘larini o‘rganib, ularni novvoychilik, chorvachilik va boshqa sohalar uchun achitqilar tayyorlash texnologiyalarini yaratdi.

Bilimingizni sinang

Mikroorganizmlarning yangi shtammlari seleksiyasi qaysi mahsulotlarni ishlab chiqarishda katta ahamiyat kasb etadi?
  1. Sintetik tolalar va plastmassa buyumlarni
  2. Antibiotiklar, ferment va vitamin preparatlari hamda ozuqabop oqsillarni
  3. Faqat spirtli ichimliklar va sirka kislotani
  4. Mineral o‘g‘itlar va qurilish materiallarini

To‘g‘ri javob: Antibiotiklar, ferment va vitamin preparatlari hamda ozuqabop oqsillarni. Yangi shtammlar antibiotiklar, ferment va vitamin preparatlari hamda ozuqabop oqsillar ishlab chiqarishda muhim.

Zamburug‘lar tarkibida necha foizgacha oqsil moddasi to‘planadi?
  1. 20 %
  2. 80 %
  3. 40 %
  4. 60 %

To‘g‘ri javob: 60 %. Zamburug‘lar tarkibida 60 % gacha oqsil to‘planadi.

Mikroorganizmlarni ularning foydalanish sohasiga moslang: 1) yog‘och qipiqlarida o‘sadigan achitqi zamburug‘lari; 2) sulfid bakteriyalari; 3) xlorella suv o‘ti. a) rangli metallarni eritmaga o‘tkazish; b) ozuqabop oqsil olish; c) chorva mollarining mahsuldorligini oshirish.
  1. 1-b, 2-a, 3-c
  2. 1-a, 2-b, 3-c
  3. 1-c, 2-a, 3-b
  4. 1-b, 2-c, 3-a

To‘g‘ri javob: 1-b, 2-a, 3-c. Achitqilardan ozuqabop oqsil, sulfid bakteriyalaridan metall ajratish, xlorelladan chorva mahsuldorligini oshirishda foydalaniladi.

Ozuqa tarkibida almashtirib bo‘lmaydigan aminokislotalar yetishmasa, organizmlarda qanday holat yuz beradi?
  1. O‘sish keskin sekinlashadi
  2. Oqsil sintezi o‘zgarmaydi, faqat vitaminlar ko‘payadi
  3. Organizm o‘zi ularni to‘liq sintez qiladi
  4. O‘sish tezlashadi, lekin mahsuldorlik kamayadi

To‘g‘ri javob: O‘sish keskin sekinlashadi. Almashtirib bo‘lmaydigan aminokislotalar yetishmasligi organizmlar o‘sishini keskin sekinlashtiradi.

Mikrobiologik yo‘l bilan olingan qaysi aminokislotadan bir tonnasi hayvonlar ozuqasiga qo‘shilsa, o‘nlab tonna ozuqani tejash mumkin?
  1. Serin
  2. Glitsin
  3. Alanin
  4. Lizin

To‘g‘ri javob: Lizin. Mikrobiologik lizinning bir tonnasi o‘nlab tonna ozuqani tejaydi.

Inson uchun zarur mahsulotlarni tirik hujayralardan yoki ular yordamida olish texnologiyasi nima deb ataladi?
  1. Sanoat metallurgiyasi
  2. Gen muhandisligi
  3. Fermentatsiya
  4. Biotexnologiya

To‘g‘ri javob: Biotexnologiya. Tirik hujayralardan yoki ular yordamida mahsulot olish texnologiyasi biotexnologiya deyiladi.

Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Sulfid bakteriyalari yordamida olingan mis an’anaviy usuldagi misdan 2–3 marta qimmatga tushadi; II. Bakteriyalar yordamida rudalardan uran, oltin va kumush ajratib olinadi; III. Bakteriyalar mishyak kabi zararli elementlarni zararsizlantiradi.
  1. I va II
  2. I va III
  3. II va III
  4. I, II va III

To‘g‘ri javob: II va III. I hukm noto‘g‘ri: bakteriyalar yordamida olingan mis an’anaviy usuldagidan 2–3 marta arzonga tushadi.

Rudalardan metallarni ajratib olishning odatdagi texnologiyalariga xos kamchilik qaysi javobda to‘g‘ri ko‘rsatilgan?
  1. Qayta ishlashda chiqindi kam hosil bo‘ladi, lekin metall chiqishi past
  2. Murakkab tarkibli rudalardan faqat bakteriyalar yordamida foydalaniladi
  3. Atmosferaga toza kislorod ajralib chiqadi, biroq jarayon qimmat
  4. Chiqindilar ko‘p hosil bo‘ladi va atmosferaga zaharli gazlar ajraladi

To‘g‘ri javob: Chiqindilar ko‘p hosil bo‘ladi va atmosferaga zaharli gazlar ajraladi. Odatdagi texnologiyalar murakkab rudalardan foydalanishga imkon bermaydi, ko‘p chiqindi va zaharli gaz hosil qiladi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiO‘simliklar va hayvonlar seleksiyasiKeyingi →O‘zbekiston olimlarining biologiya va seleksiya sohasidagi yutuqlari