XotirAI logotipiXotirAI
⚖️ Budjet kodeksi · 97–101-m.

Davlat budjeti to‘g‘risidagi Qonunni qabul qilish tartibi

Maxsus Qism

97-modda. Davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun loyihasini va budjetnomani kiritish tartibi

Davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun loyihasi va budjetnoma:

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga — joriy yilning 15-sentabriga qadar kiritiladi;

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga — joriy yilning 20-sentabriga qadar kiritiladi;

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasiga xulosa taqdim etishi uchun — joriy yilning 20-sentabriga qadar kiritiladi. O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga Davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun loyihasi va o‘rta muddatli davr uchun fiskal strategiya bo‘yicha xulosani joriy yilning 5-oktabridan kechiktirmay taqdim etadi;

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga, qoida tariqasida, joriy yilning 15-oktabridan kechiktirmay O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasining xulosasi bilan kiritiladi.

Budjetnoma O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga ham, qoida tariqasida, joriy yilning 15-oktabridan kechiktirmay kiritiladi.

O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun loyihasi, o‘rta muddatli davr uchun fiskal strategiya O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga yuborilishidan oldin majburiy ravishda jamoatchilik muhokamasiga qo‘yiladi, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan ishlab chiqiladigan “Fuqarolar uchun budjet” axborot nashri jamoatchilik muhokamasi uchun parallel ravishda e’lon qilinadi.

98-modda. Davlat budjeti to‘g‘risidagi Qonunni qabul qilish

Davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi tomonidan, qoida tariqasida, joriy yilning 15-noyabriga qadar ko‘rib chiqilishi kerak.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan Davlat budjeti to‘g‘risidagi Qonun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga ko‘rib chiqish uchun qabul qilingan kundan e’tiboran besh kun ichida yuboriladi.

Davlat budjeti to‘g‘risidagi Qonun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tomonidan, qoida tariqasida, joriy yilning 15-dekabridan kechiktirmay ma’qullanadi.

99-modda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjetini, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarini tasdiqlash

Navbatdagi yil uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjetining, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarining loyihalari:

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasiga tegishli xulosani taqdim etishi uchun joriy yilning 20-sentabriga qadar yuboriladi. O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjetining, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarining loyihalari bo‘yicha xulosani joriy yilning 1-oktabridan kechiktirmay taqdim etadi;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan joriy yilning 10-oktabridan kechiktirmay jamoatchilik muhokamasi uchun joylashtiriladi;

ularning jamoatchilik muhokamasi yakunlari bo‘yicha kelib tushgan asoslangan takliflar va fikr-mulohazalar asosida qayta ko‘rib chiqiladi hamda O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasining xulosasi bilan birgalikda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan joriy yilning 25-oktabridan kechiktirmay tegishincha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga kiritiladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarining loyihalari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasining xulosasi tegishincha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining majlislarida O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasining mas’ul vakillari ishtirokida muhokama qilinadi.

99-modda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjetini, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarini tasdiqlash (davomi)

Davlat budjeti to‘g‘risidagi Qonun rasmiy e’lon qilingandan so‘ng Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari tomonidan bir hafta ichida tegishincha Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari to‘g‘risidagi qarorlar Davlat budjeti to‘g‘risidagi Qonunga muvofiqlashtirilgan holda qabul qilinadi.

Navbatdagi yil uchun tumanlar va shaharlar budjetlarining loyihalari tumanlar va shaharlar hokimliklari tomonidan:

joriy yilning 10-oktabridan kechiktirmay jamoatchilik muhokamasi uchun joylashtiriladi;

ularning jamoatchilik muhokamasi yakunlari bo‘yicha kelib tushgan asoslangan takliflar va fikr-mulohazalar asosida qayta ko‘rib chiqiladi hamda joriy yilning 1-noyabridan kechiktirmay tegishincha xalq deputatlari tumanlar va shaharlar Kengashlariga kiritiladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari to‘g‘risida qarorlar qabul qilinganidan so‘ng uch ish kuni ichida xalq deputatlari tumanlar va shaharlar Kengashlari ushbu qarorlarga muvofiqlashtirilgan holda tegishincha tumanlarning va shaharlarning budjetlari to‘g‘risida qarorlar qabul qiladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari, tumanlar va shaharlar budjetlari to‘g‘risidagi tegishli qarorlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimliklari tomonidan ular qabul qilinganidan so‘ng uch ish kuni ichida o‘zlarining rasmiy veb-saytlariga joylashtiriladi.

100-modda. Davlat budjetini va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarini yetkazish

Davlat budjeti to‘g‘risidagi Qonun rasmiy e’lon qilinganidan keyin O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi:

Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjetiga, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlariga O‘zbekiston Respublikasining respublika budjetidan beriladigan budjetlararo transfertlar hajmlarini Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari e’tiboriga — uch ish kuni ichida;

birinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchilar, O‘zbekiston Respublikasining respublika budjetidan moliyalashtiriladigan budjet tashkilotlari va budjet mablag‘lari oluvchilar uchun nazarda tutilgan budjetdan ajratiladigan mablag‘lar hajmlarini ularning e’tiboriga — uch ish kuni ichida;

davlat maqsadli jamg‘armalarini taqsimlovchi organlar uchun belgilangan daromadlar va xarajatlarning hajmlarini ularning e’tiboriga — o‘n ish kuni ichida yetkazadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari tasdiqlanganidan keyin Qoraqalpog‘iston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmalari:

tumanlar va shaharlar budjetlarining daromadlari va xarajatlari hajmlarini, shuningdek ularga tegishincha Qoraqalpog‘iston Respublikasining respublika budjetidan, viloyatlarning viloyat budjetlaridan, Toshkent shahrining shahar budjetidan beriladigan budjetlararo transfertlar hajmlarini tumanlar va shaharlar hokimliklari e’tiboriga — uch ish kuni ichida;

100-modda. Davlat budjetini va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarini yetkazish (davomi)

Qoraqalpog‘iston Respublikasining respublika budjetidan, viloyatlarning viloyat budjetlaridan va Toshkent shahrining shahar budjetidan moliyalashtiriladigan hududiy budjet mablag‘larini taqsimlovchilar e’tiboriga ular uchun nazarda tutilgan budjetdan ajratiladigan mablag‘lar hajmlarini — bir haftalik muddatda yetkazadi.

Tumanlar va shaharlar budjetlari tasdiqlanganidan keyin tumanlar va shaharlar iqtisodiyot va moliya bo‘limlari tumanlar va shaharlar budjetlaridan moliyalashtiriladigan hududiy budjet mablag‘larini taqsimlovchilar e’tiboriga ular uchun nazarda tutilgan budjetdan ajratiladigan mablag‘larning hajmlarini bir haftalik muddatda yetkazadi.

101-modda. O‘zbekiston Respublikasining Favqulodda Davlat budjeti

O‘zbekiston Respublikasining Favqulodda Davlat budjeti O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti qaroriga ko‘ra favqulodda holat sharoitlarida qabul qilinadigan budjetdir.

Ijro etuvchi hokimiyat organlari favqulodda holat sharoitlarida budjet sohasidagi vakolatlarini O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga ko‘ra amalga oshiradi.

O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda Davlat budjetining amal qilishi davrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti to‘g‘risidagi qarorlarining, shuningdek Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining Qoraqalpog‘iston Respublikasining budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari daromadlari va xarajatlari hajmi haqidagi qarorlarining amal qilishi to‘xtatib turiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda Davlat budjetining amal qilishi tugatilishi bilan Davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlari parametrlariga aniqlik kiritiladi.

Bilimingizni sinang

Iqtisodiyot va moliya vazirligi ishlab chiqadigan va jamoatchilik muhokamasi uchun qonun loyihasi bilan parallel e’lon qilinadigan axborot nashri qanday nomlanadi?
  1. Budjetnoma
  2. Fuqarolar tashabbusi jamg‘armasi
  3. Fuqarolar uchun budjet
  4. Ochiq budjet

To‘g‘ri javob: Fuqarolar uchun budjet. Davlat budjeti qonun loyihasi bilan bir vaqtda vazirlik tayyorlaydigan “Fuqarolar uchun budjet” axborot nashri jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilinadi.

Budjet kodeksiga ko‘ra, Davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun loyihasi va budjetnoma Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan Vazirlar Mahkamasiga qaysi sanagacha kiritiladi?
  1. Joriy yilning 15-sentabriga qadar
  2. Joriy yilning 20-sentabriga qadar
  3. Joriy yilning 1-oktabriga qadar
  4. Joriy yilning 15-oktabriga qadar

To‘g‘ri javob: Joriy yilning 15-sentabriga qadar. 97-moddaga ko‘ra, loyiha va budjetnoma Vazirlar Mahkamasiga joriy yilning 15-sentabriga qadar kiritiladi.

Budjet kodeksiga ko‘ra, Hisob palatasi Davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun loyihasi va fiskal strategiya bo‘yicha xulosani Vazirlar Mahkamasiga qaysi sanadan kechiktirmay taqdim etadi?
  1. Joriy yilning 20-sentabridan
  2. Joriy yilning 5-oktabridan
  3. Joriy yilning 15-oktabridan
  4. Joriy yilning 1-oktabridan

To‘g‘ri javob: Joriy yilning 5-oktabridan. 97-moddaga ko‘ra, Hisob palatasi xulosani joriy yilning 5-oktabridan kechiktirmay taqdim etadi.

Vazirlar Mahkamasi Davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun loyihasini 12-oktabrda Qonunchilik palatasiga kiritdi, ammo Hisob palatasining xulosasini ilova qilmadi. Qaysi huquqiy xulosa to‘g‘ri?
  1. Harakat to‘g‘ri, chunki xulosa ixtiyoriy ilova qilinadi
  2. Harakat to‘g‘ri, chunki xulosani Senat taqdim etadi
  3. Harakat noto‘g‘ri: loyiha Hisob palatasining xulosasi bilan birga kiritiladi
  4. Harakat noto‘g‘ri: loyiha faqat Prezident Administratsiyasi orqali kiritiladi

To‘g‘ri javob: Harakat noto‘g‘ri: loyiha Hisob palatasining xulosasi bilan birga kiritiladi. 97-moddaga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasi loyihani Qonunchilik palatasiga Hisob palatasining xulosasi bilan kiritadi.

Budjet kodeksiga ko‘ra, Davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun loyihasi Qonunchilik palatasiga yuborilishidan oldin qanday majburiy talab bajariladi?
  1. Loyiha Senatning dastlabki roziligini olgach, “Fuqarolar uchun budjet” nashri parallel e’lon qilinadi
  2. Loyiha bo‘yicha Prezident farmoni qabul qilinadi va “Fuqarolar uchun budjet” nashri e’lon qilinmaydi
  3. Loyiha referendumga qo‘yiladi va “Fuqarolar uchun budjet” nashri parallel tarzda e’lon qilinadi
  4. Loyiha jamoatchilik muhokamasiga qo‘yiladi va “Fuqarolar uchun budjet” nashri parallel e’lon qilinadi

To‘g‘ri javob: Loyiha jamoatchilik muhokamasiga qo‘yiladi va “Fuqarolar uchun budjet” nashri parallel e’lon qilinadi. 97-moddaga ko‘ra, loyiha majburiy ravishda jamoatchilik muhokamasiga qo‘yiladi va “Fuqarolar uchun budjet” nashri parallel e’lon qilinadi.

Qonunchilik palatasi qabul qilgan Davlat budjeti to‘g‘risidagi Qonun Senatga ko‘rib chiqish uchun qabul qilingan kundan e’tiboran necha kun ichida yuboriladi?
  1. o‘n kun
  2. uch kun
  3. yetti kun
  4. besh kun

To‘g‘ri javob: besh kun. Qonunchilik palatasi qabul qilgan Davlat budjeti to‘g‘risidagi Qonun Senatga qabul qilingan kundan boshlab besh kun ichida yuboriladi.

Qonunchilik palatasi Davlat budjeti to‘g‘risidagi Qonunni 20-noyabrda qabul qildi. Budjet kodeksiga ko‘ra, uni Senatga ko‘rib chiqish uchun qancha muddat ichida yuborish kerak?
  1. Qabul qilingan kundan e’tiboran uch ish kuni ichida
  2. Qabul qilingan kundan e’tiboran besh kun ichida
  3. Qabul qilingan kundan e’tiboran o‘n ish kuni ichida
  4. Faqat 15-dekabrdan keyin, ko‘rib chiqish uchun

To‘g‘ri javob: Qabul qilingan kundan e’tiboran besh kun ichida. 98-moddaga ko‘ra, qabul qilingan Qonun Senatga qabul qilingan kundan e’tiboran besh kun ichida yuboriladi.

Budjet kodeksiga ko‘ra, Davlat budjeti to‘g‘risidagi Qonun Senat tomonidan, qoida tariqasida, qaysi sanadan kechiktirmay ma’qullanadi?
  1. Joriy yilning 15-noyabridan
  2. Joriy yilning 1-dekabridan
  3. Joriy yilning 15-dekabridan
  4. Joriy yilning 25-dekabridan

To‘g‘ri javob: Joriy yilning 15-dekabridan. 98-moddaga ko‘ra, Senat Qonunni qoida tariqasida 15-dekabrdan kechiktirmay ma’qullaydi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiDavlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining loyihasini tuzish tartibi (2/2)Keyingi →Xarajatlar smetalarini va shtat jadvallarini tuzish hamda tasdiqlash, ularni ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi