XotirAI logotipiXotirAI
⚖️ Budjet kodeksi · 102–108-m.

Xarajatlar smetalarini va shtat jadvallarini tuzish hamda tasdiqlash, ularni ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi

Maxsus Qism

102-modda. Budjet tashkilotlari va budjet mablag‘lari oluvchilarning xarajatlar smetalarini tuzish

Xarajatlar smetalari budjet tashkilotlari va budjet mablag‘lari oluvchilar tomonidan, yil oylari bo‘yicha taqsimlangan holda:

xarajatlarning birinchi — uchinchi guruhlari bo‘yicha xarajatlarning moddalariga ko‘ra ajratib;

xarajatlarning to‘rtinchi guruhi bo‘yicha xarajatlarning moddalariga ko‘ra ajratmasdan tuziladi.

Xarajatlar smetasiga xarajatlarning moddalari bo‘yicha to‘rtinchi guruh xarajatlari yoyilmasi, shuningdek davlat ehtiyojlari uchun ustuvor ravishda kichik tadbirkorlik subyektlaridan xarid qilinadigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) guruhlarining ro‘yxati bo‘yicha xarajatlar yoyilmasi ilova qilinadi.

O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi har bir diplomatik vakolatxonasi va konsullik muassasasi bo‘yicha xarajatlar smetalari O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalarining O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilgan yillik jamlanma xarajatlar smetalari asosida xorijiy va milliy valyutada tuziladi.

Budjet tashkilotlarining va budjet mablag‘lari oluvchilarning xarajatlar smetalari ikki nusxada, budjet mablag‘larini taqsimlovchi tasarrufidagi budjet tashkilotlari va budjet mablag‘lari oluvchilar bo‘yicha uch nusxada tuziladi.

Iqtisodiyot va moliya organlari va budjet mablag‘larini taqsimlovchilar budjet tashkilotlari hamda budjet mablag‘lari oluvchilarning xarajatlar smetalariga doir hisob-kitoblarni talab qilishga haqlidir.

102-modda. Budjet tashkilotlari va budjet mablag‘lari oluvchilarning xarajatlar smetalarini tuzish (davomi)

Budjet mablag‘larini taqsimlovchi o‘z tasarrufidagi tashkilotlardan kelib tushgan xarajatlar smetalarini moliya yili uchun budjet mablag‘larini taqsimlovchiga budjetdan ajratiladigan mablag‘lar hajmi doirasida ko‘rib chiqadi va budjet mablag‘larini taqsimlovchining O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligiga taqdim etiladigan jamlanma xarajatlar smetasini tuzadi.

Xarajatlar smetasining, jamlanma xarajatlar smetasining va ularga doir ilovalarning shakllari, shuningdek ularni tuzish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.

103-modda. Budjet tashkilotlarining va budjet mablag‘lari oluvchilarning xarajatlar smetalarini tasdiqlash

Budjet tashkilotlari va budjet mablag‘lari oluvchilarning xarajatlar smetasi tashkilot bosh buxgalteri (uning o‘rinbosari) va moliya-iqtisod bo‘linmasi boshlig‘i (shtat jadvaliga muvofiq moliyaviy-iqtisodiy masalalar bo‘yicha mutaxassis) tomonidan imzolanadi hamda tashkilot rahbari yoki u vakolat bergan shaxs tomonidan tasdiqlanadi.

Budjet mablag‘larini taqsimlovchining jamlanma xarajatlar smetasi budjet mablag‘larini taqsimlovchining bosh buxgalteri (uning o‘rinbosari) va moliya-iqtisod bo‘linmasi boshlig‘i (shtat jadvaliga muvofiq moliyaviy-iqtisodiy masalalar bo‘yicha mutaxassis) tomonidan imzolanadi hamda budjet mablag‘larini taqsimlovchining rahbari yoki u vakolat bergan shaxs tomonidan tasdiqlanadi.

O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalarining kelgusi moliya yil uchun yillik jamlanma xarajatlar smetasi O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilgan holda joriy yilning 20-dekabriga qadar tasdiqlanadi.

O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalarining kelgusi moliya yil uchun xarajatlar smetalari O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri tomonidan joriy yilning 25-dekabriga qadar tasdiqlanadi.

Kapital qurilish obyektlari bo‘yicha xarajatlarning smetalari buyurtmachi tomonidan tasdiqlangan qurilishlarning manzilli ro‘yxatlari va obyektlarning titul ro‘yxatlari asosida tuziladi.

103-modda. Budjet tashkilotlarining va budjet mablag‘lari oluvchilarning xarajatlar smetalarini tasdiqlash (davomi)

Budjet tashkilotlari va budjet mablag‘lari oluvchilarning xarajatlar smetalarini, budjet mablag‘larini taqsimlovchining kelgusi moliya yil uchun jamlanma xarajatlar smetalarini tasdiqlash joriy moliya yilining 20-dekabridan kechiktirmay amalga oshiriladi.

105-modda. Budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamg‘armalari bo‘yicha daromadlar va xarajatlar smetalarini tuzish, tasdiqlash hamda ro‘yxatdan o‘tkazish

Budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamg‘armalari bo‘yicha daromadlar va xarajatlar smetalarini tuzish hamda tasdiqlash budjet tashkilotlarining xarajatlar smetalari uchun belgilangan tartibga o‘xshash tartibda amalga oshiriladi.

Vazirliklar va idoralarning budjetdan tashqari jamg‘armalari bo‘yicha jamlanma daromadlar va xarajatlar smetalari ushbu Kodeksning 107-moddasida xarajatlar smetalari uchun belgilangan muddatlarda va tartibda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligida ro‘yxatdan o‘tkazilishi lozim.

Budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamg‘armalari bo‘yicha daromadlar va xarajatlar smetasining daromad qismi moliya yili boshidagi mablag‘lar qoldig‘i hamda daromadlarning manbalar kesimidagi prognozidan tashkil topadi.

Qonunchilikka muvofiq budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamg‘armalari hisobidan xodimlar soni saqlab turilgan taqdirda, budjetdan tashqari jamg‘armalar bo‘yicha daromadlar va xarajatlar smetasiga ko‘rsatilgan xodimlar soni bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazilishi lozim bo‘lgan shtat jadvali ilova qilinadi.

106-modda. Budjet tashkilotining shtat jadvalini tuzish va tasdiqlash

Budjet tashkilotining shtat jadvali 1-dekabr holatiga ko‘ra har bir budjet tashkiloti bo‘yicha mazkur tashkilot uchun belgilangan mehnatga haq to‘lash shartlariga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan shakl bo‘yicha tuziladi.

Yangidan tuzilayotgan budjet tashkilotining shtat jadvali, agar qonunchilikda boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, budjet tashkiloti faoliyat ko‘rsata boshlashidan ikki oy oldin tuziladi va kuchga kiradi.

Lavozimlarning nomlari va xodimlar soni, mehnatga haq to‘lash bo‘yicha razryadlar, bazaviy stavkalar:

Xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblari klassifikatorida, namunaviy shtatlarda hamda qonunchilik bilan tasdiqlangan mehnatga haq to‘lash bo‘yicha tarif razryadlarida, bazaviy stavkalarda nazarda tutilgan lavozimlarga;

tasdiqlangan namunaviy shtatlarda nazarda tutilgan xodimlar soniga;

xodimlarning tasdiqlangan umumiy cheklangan soniga, shu jumladan budjet tashkilotlarining budjet mablag‘lari va budjetdan tashqari jamg‘armalari hisobidan saqlab turilgan boshqaruv xodimlari soniga;

davlat boshqaruvi organlarining belgilangan tartibda tasdiqlangan boshqaruv, xizmatlar ko‘rsatuvchi va texnik xodimlari sonining o‘zaro nisbati normativlariga muvofiq bo‘lishi kerak.

Ish haqining hisob-kitobi tarifikatsiya ro‘yxatlariga muvofiq amalga oshiriladigan lavozimlar shtat jadvaliga lavozimlarning har bir guruhi bo‘yicha stavkalar soni, oylik mehnatga haq to‘lash jamg‘armasi ko‘rsatilgan, tarifikatsiya ro‘yxati shtat jadvaliga ilova qilingan holda kiritiladi.

106-modda. Budjet tashkilotining shtat jadvalini tuzish va tasdiqlash (davomi)

Ayrim budjet tashkilotlari uchun tasdiqlangan namunaviy shtat normativlari va mehnatga haq to‘lash bo‘yicha razryadlar, bazaviy stavkalar mavjud bo‘lmaganda, ularning shtat jadvallariga kiritiladigan lavozimlarning nomi va xodimlar soni hamda ularning mehnatga haq to‘lash bo‘yicha razryadlari, bazaviy stavkalari ushbu tashkilotlar tomonidan tashkilotning o‘ziga xos xususiyatidan kelib chiqqan holda O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishuvga ko‘ra belgilanadi.

Amaldagi mehnatga haq to‘lash shartlarida nazarda tutilgan, ustamalar, qo‘shimcha haq to‘lash va xodimlarni moddiy rag‘batlantirishga yo‘naltiriladigan, bir yil uchun hisob-kitob qilingan mehnatga haq to‘lash jamg‘armasi budjet tashkilotining shtat jadvalida alohida satr bilan ko‘rsatiladi.

Budjet mablag‘lari oluvchilar — kapital qurilish bo‘yicha buyurtmachilar xizmatlarining shtat jadvali ushbu moddaga muvofiq tuziladi.

Budjet tashkilotining shtat jadvali tashkilotning bosh buxgalteri (uning o‘rinbosari) va moliya-iqtisod bo‘linmasi boshlig‘i (shtat jadvaliga muvofiq moliyaviy-iqtisodiy masalalar bo‘yicha mutaxassis) tomonidan imzolanadi hamda tashkilot rahbari yoki u vakolat bergan shaxs tomonidan tasdiqlanadi.

Budjet tashkilotlarining kelgusi moliya yili uchun shtat jadvallarini tasdiqlash joriy moliya yilining 20-dekabridan kechiktirmay amalga oshiriladi.

107-modda. Xarajatlar smetalarini va shtat jadvallarini ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi

Tashkilotlarning ushbu Kodeksda belgilangan tartibda kelgusi moliya yil uchun tasdiqlangan xarajatlar smetalari va shtat jadvallari ular iqtisodiyot va moliya organlarida ro‘yxatdan o‘tkazilganidan keyin amalga kiritiladi.

Joriy yilning 25-dekabrigacha:

budjet mablag‘larini taqsimlovchilarning tasdiqlangan jamlanma xarajatlar smetalari va jamlanma shtat jadvallari, shuningdek xarajatlar smetalari va shtat jadvallari — O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligida;

Qoraqalpog‘iston Respublikasining respublika budjetidan, viloyatlarning viloyat budjetlaridan va Toshkent shahrining shahar budjetidan moliyalashtiriladigan tashkilotlarning tasdiqlangan xarajatlar smetalari va shtat jadvallari — Qoraqalpog‘iston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligida, viloyatlar va Toshkent shahar iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmalarida;

tumanlar va shaharlar budjetidan moliyalashtiriladigan tashkilotlarning tasdiqlangan xarajatlar smetalari va shtat jadvallari — tumanlar va shaharlar iqtisodiyot va moliya bo‘limlarida ro‘yxatdan o‘tkazilishi kerak.

Tashkilotlarning O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining zaxira jamg‘armasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika budjetining, viloyatlar viloyat budjetlarining va Toshkent shahri shahar budjetining tumanlar va shaharlar budjetining zaxira jamg‘armalari, shuningdek tegishli budjetning qo‘shimcha manbalari mablag‘lari hisobidan xarajatlari tegishli iqtisodiyot va moliya organi tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazilgan xarajatlar smetasi asosida amalga oshiriladi.

107-modda. Xarajatlar smetalarini va shtat jadvallarini ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi (davomi)

Xarajatlar smetalarini va shtat jadvallarini ro‘yxatdan o‘tkazishdan oldin iqtisodiyot va moliya organlari:

budjet tashkilotlari xodimlarining xarajatlar smetalari bo‘yicha tasdiqlangan ish haqi summalarining shtat jadvallari bo‘yicha tasdiqlangan ish haqiga muvofiqligini;

shtat jadvalida nazarda tutilgan lavozimlar nomlarining va xodimlar sonining, mehnatga haq to‘lash razryadlarining, bazaviy miqdorlarining belgilangan normativlarga muvofiqligini;

Budjet tashkilotlari xodimlarini moddiy rag‘batlantirish maxsus jamg‘armasining to‘g‘ri shakllantirilganligini;

umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional davlat ta’lim tashkilotlarining direktor jamg‘armasi to‘g‘ri shakllantirilganligini;

xarajatlar smetasida tasdiqlangan stipendiyalar uchun xarajatlar summasining xarajatlar smetasiga doir hisob-kitoblarga muvofiqligini;

to‘rtinchi guruhning moddalar bo‘yicha yoyilmasidagi xarajatlar summasining xarajatlar smetasida tasdiqlangan summaga muvofiqligini tekshiradi.

108-modda. Davlat maqsadli jamg‘armalarining mablag‘lari bo‘yicha xarajatlar smetalarini tuzish, tasdiqlash va ro‘yxatdan o‘tkazish

Davlat maqsadli jamg‘armalarining mablag‘lari bo‘yicha xarajatlar smetasi davlat maqsadli jamg‘armalari mablag‘larini oluvchilar tomonidan ularning bir yil uchun tasdiqlangan parametrlari doirasida oyma-oy bo‘lingan holda tuziladi va tasdiqlanadi.

Davlat maqsadli jamg‘armalarining mablag‘lari bo‘yicha xarajatlar smetasining va unga doir ilovalarning shakllari, shuningdek smetani tuzish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.

Davlat maqsadli jamg‘armalarining mablag‘lari bo‘yicha xarajatlar smetalarini kelgusi yil uchun tasdiqlash joriy yilning 20-dekabridan kechiktirmay amalga oshiriladi.

Davlat maqsadli jamg‘armalarining mablag‘lari bo‘yicha kelgusi yil uchun tasdiqlangan xarajatlar smetalarini ro‘yxatdan o‘tkazish davlat maqsadli jamg‘armalarini taqsimlovchi organlar tomonidan joriy yilning 25-dekabridan kechiktirmay amalga oshiriladi.

VII bo‘lim.

Budjet tizimi budjetlarining ijrosi

Bilimingizni sinang

Budjet kodeksiga ko‘ra, budjet tashkilotlarining xarajatlar smetasida xarajatlarning to‘rtinchi guruhi qanday tuziladi?
  1. Xarajatlarning moddalariga ko‘ra ajratmasdan
  2. Xarajatlarning moddalariga ko‘ra ajratib
  3. Faqat chorak bo‘yicha yig‘ma holda
  4. Moddalar va kichik moddalar bo‘yicha alohida smeta bilan

To‘g‘ri javob: Xarajatlarning moddalariga ko‘ra ajratmasdan. 102-moddaga ko‘ra, to‘rtinchi guruh xarajatlari moddalarga ajratilmasdan tuziladi (birinchi–uchinchi guruhlar esa moddalarga ajratiladi).

Budjet kodeksiga ko‘ra, budjet mablag‘larini taqsimlovchi tasarrufidagi budjet tashkilotlari va budjet mablag‘lari oluvchilarning xarajatlar smetalari nechta nusxada tuziladi?
  1. Ikki nusxada
  2. Uch nusxada
  3. To‘rt nusxada
  4. Bir nusxada

To‘g‘ri javob: Uch nusxada. 102-moddaga ko‘ra, taqsimlovchi tasarrufidagi tashkilotlar bo‘yicha smetalar uch nusxada tuziladi.

Budjet kodeksiga ko‘ra, iqtisodiyot va moliya organlari budjet tashkilotlarining xarajatlar smetalariga doir nimani talab qilishga haqli?
  1. Tashkilot rahbarini almashtirishni
  2. Smetani mustaqil tasdiqlashni
  3. Smetaga doir hisob-kitoblarni
  4. Smetadan tashqari qo‘shimcha jamg‘arma tashkil etishni

To‘g‘ri javob: Smetaga doir hisob-kitoblarni. 102-moddaga ko‘ra, iqtisodiyot va moliya organlari smetalarga doir hisob-kitoblarni talab qilishga haqli.

Tuman shifoxonasi xarajatlar smetasini bosh buxgalter va moliya-iqtisod bo‘linmasi boshlig‘i imzoladi, so‘ng uni bosh shifokor tasdiqladi. Budjet kodeksiga ko‘ra, qaysi xulosa to‘g‘ri?
  1. Noto‘g‘ri: smeta bosh buxgalter va moliya-iqtisod bo‘linmasi boshlig‘i tomonidan tasdiqlanadi, tashkilot rahbari esa uni faqat imzolaydi
  2. Noto‘g‘ri: smetani faqat budjet mablag‘larini taqsimlovchi tasdiqlaydi, tashkilot rahbari yoki u vakolat bergan shaxs esa tasdiqlash huquqiga ega emas
  3. Noto‘g‘ri: smetani Iqtisodiyot va moliya vazirligi tasdiqlaydi, tashkilot rahbari yoki bosh buxgalter esa faqat uni imzolashi mumkin, tasdiqlay olmaydi
  4. To‘g‘ri: smeta bosh buxgalter va moliya-iqtisod bo‘linmasi boshlig‘i tomonidan imzolanadi, tashkilot rahbari yoki u vakolat bergan shaxs tasdiqlaydi

To‘g‘ri javob: To‘g‘ri: smeta bosh buxgalter va moliya-iqtisod bo‘linmasi boshlig‘i tomonidan imzolanadi, tashkilot rahbari yoki u vakolat bergan shaxs tasdiqlaydi. 103-moddaga ko‘ra, smeta bosh buxgalter va moliya-iqtisod bo‘linmasi boshlig‘i tomonidan imzolanadi, rahbar yoki vakolatli shaxs tasdiqlaydi.

Budjet kodeksiga ko‘ra, xorijdagi diplomatik vakolatxonalar va konsullik muassasalarining kelgusi moliya yili uchun yillik jamlanma xarajatlar smetasi tashqi ishlar vaziri tomonidan qaysi sanagacha tasdiqlanadi?
  1. Joriy yilning 20-dekabriga qadar
  2. Joriy yilning 25-dekabriga qadar
  3. Joriy yilning 1-dekabriga qadar
  4. Joriy yilning 31-dekabriga qadar

To‘g‘ri javob: Joriy yilning 20-dekabriga qadar. 103-moddaga ko‘ra, yillik jamlanma smeta EIV bilan kelishilgan holda 20-dekabrgacha tasdiqlanadi (alohida smetalar esa 25-dekabrgacha).

Budjet kodeksiga ko‘ra, kapital qurilish obyektlari bo‘yicha xarajatlar smetalari nimaga asoslanib tuziladi?
  1. Oldingi yil xarajatlarining o‘rtacha ko‘rsatkichlari hamda pudratchining narxlari bo‘yicha hisob-kitoblarga
  2. Buyurtmachi tasdiqlagan qurilishlarning manzilli ro‘yxatlari va obyektlarning titul ro‘yxatlariga
  3. Faqat pudratchining taklif etgan narxlariga va buyurtmachining og‘zaki kelishuvlariga muvofiq hisob-kitoblarga
  4. Hokimlikning og‘zaki ko‘rsatmalari va qurilish ishlarining oldingi yillardagi o‘rtacha qiymatiga

To‘g‘ri javob: Buyurtmachi tasdiqlagan qurilishlarning manzilli ro‘yxatlari va obyektlarning titul ro‘yxatlariga. 103-moddaga ko‘ra, kapital qurilish smetalari manzilli ro‘yxatlar va titul ro‘yxatlari asosida tuziladi.

Budjet tashkiloti rahbari kelgusi moliya yili uchun xarajatlar smetasini joriy yilning 28-dekabrida tasdiqladi. Budjet kodeksiga ko‘ra, qaysi xulosa to‘g‘ri?
  1. Muddat buzilmagan: smeta joriy moliya yilining 31-dekabrigacha tasdiqlanishi mumkin
  2. Muddat buzilmagan: smeta joriy moliya yilining 25-dekabrigacha tasdiqlanishi mumkin
  3. Muddat buzilgan: smeta joriy moliya yilining 20-dekabridan kechiktirmay tasdiqlanishi kerak
  4. Muddat buzilgan: smeta joriy moliya yilining 1-dekabridan kechiktirmay tasdiqlanishi kerak

To‘g‘ri javob: Muddat buzilgan: smeta joriy moliya yilining 20-dekabridan kechiktirmay tasdiqlanishi kerak. 103-moddaga ko‘ra, smetalarni tasdiqlash joriy moliya yilining 20-dekabridan kechiktirmay amalga oshiriladi.

Budjet kodeksiga ko‘ra, budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamg‘armalari bo‘yicha smetaning daromad qismi nimadan tashkil topadi?
  1. Faqat budjetdan ajratilgan mablag‘lar hamda moliya yili boshidagi qoldiqlardan tashkil topadi
  2. Soliq tushumlari prognozi va davlat maqsadli jamg‘armalaridan o‘tkazmalardan tashkil topadi
  3. Davlat maqsadli jamg‘armalaridan o‘tkazmalar va budjet transfertlarining manbalar kesimidagi prognozidan
  4. Moliya yili boshidagi mablag‘lar qoldig‘i va daromadlarning manbalar kesimidagi prognozidan

To‘g‘ri javob: Moliya yili boshidagi mablag‘lar qoldig‘i va daromadlarning manbalar kesimidagi prognozidan. 105-moddaga ko‘ra, daromad qismi yil boshidagi qoldiq va manbalar kesimidagi daromad prognozidan tashkil topadi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiDavlat budjeti to‘g‘risidagi Qonunni qabul qilish tartibiKeyingi →Budjet tizimi budjetlarini ijro etish tartibi (1/2)