XotirAI logotipiXotirAI
⚖️ Budjet kodeksi · 121–131-m.

Budjet tizimi budjetlarini ijro etish tartibi (2/2)

Maxsus Qism

121-modda. Davlat xaridlari

Davlat xaridlari tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) yetkazib beruvchilarning raqobati va ochiqlikni ta’minlash asosida amalga oshiriladi.

Davlat xaridlari amalga oshirilishi va ularning yakunlari to‘g‘risidagi e’lonlar belgilangan tartibda operatorning maxsus axborot portalida joylashtirilishi kerak.

Davlat xaridlari amalga oshirilishi to‘g‘risidagi e’lonlarni maxsus axborot portalida joylashtirish joriy moliya yilining 10-dekabridan kechiktirmasdan amalga oshiriladi.

Raqobat va ochiqlik cheklangan holdagi davlat xaridlari qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda amalga oshirilishi mumkin.

122-modda. Budjet tashkilotlari va budjet mablag‘lari oluvchilar tomonidan yuridik majburiyatlarni qabul qilish, ularni ro‘yxatdan o‘tkazish hamda hisobga olish

Yuridik majburiyatlar iqtisodiy tasnif kodlari bo‘yicha budjetdan ajratiladigan mablag‘lar doirasida budjet tashkilotlari va budjet mablag‘lari oluvchilar tomonidan qabul qilinadi hamda g‘aznachilik bo‘linmalari tomonidan ro‘yxatdan o‘tkaziladi.

Budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamg‘armalari hisobidan ijro etilishi lozim bo‘lgan yuridik majburiyatlar g‘aznachilik bo‘linmalari tomonidan hisobga olinadi.

Budjet tashkilotlari va budjet mablag‘lari oluvchilarning budjetdan ajratiladigan mablag‘lar bo‘yicha tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) yetkazib beruvchilar bilan tuzgan shartnomalari, shuningdek ularga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar ular g‘aznachilik bo‘linmalarida ro‘yxatdan o‘tkazilganidan keyin kuchga kiradi.

Budjet tashkilotlari va budjet mablag‘lari oluvchilar yuridik majburiyatlar yuzaga kelishini tasdiqlovchi hujjatlarni g‘aznachilik bo‘linmalarida ro‘yxatdan o‘tkazish uchun joriy moliya yilining 25-dekabridan kechiktirmay taqdim etadi.

Budjet tashkilotlari va budjet mablag‘lari oluvchilarning tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) yetkazib berish to‘g‘risida tuziladigan shartnomalarida 15 foiz miqdorida oldindan to‘lovni amalga oshirish nazarda tutiladi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan hollar bundan mustasno.

Budjet tashkilotlarining va budjet mablag‘lari oluvchilarning tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) import qilish bo‘yicha shartnomalari, ularga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar ushbu shartnomalar qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda vakolatli organlarda tegishli ekspertizadan o‘tganidan va hisobga qo‘yilganidan so‘ng g‘aznachilik bo‘linmalari tomonidan ro‘yxatdan o‘tkaziladi. Bunda shartnomalarda ko‘rsatilgan summalar g‘aznachilik bo‘linmalari tomonidan O‘zbekiston Respublikasining milliy valyutasida hisobga olinadi.

122-modda. Budjet tashkilotlari va budjet mablag‘lari oluvchilar tomonidan yuridik majburiyatlarni qabul qilish, ularni ro‘yxatdan o‘tkazish hamda hisobga olish (davomi)

Budjet tashkilotlari va budjet mablag‘lari oluvchilarning birinchi hamda ikkinchi guruh xarajatlari bo‘yicha yuridik majburiyatlari g‘aznachilik bo‘linmalari tomonidan buyurtmalar shaklida ro‘yxatdan o‘tkaziladi.

Budjet tashkilotlari va budjet mablag‘lari oluvchilarning tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) yetkazib beruvchilar bilan shartnomalari joriy moliya yili doirasida amal qilish muddati bilan tuzilishi lozim, kapital qo‘yilmalar bo‘yicha shartnomalar hamda qonunchilikda nazarda tutilgan amal qilish muddati bir necha yilni tashkil etishi mumkin bo‘lgan hollar bundan mustasno. Shartnomaning amal qilish muddati tugagach, agar shartnomaning amal qilish muddatini uzaytirish to‘g‘risida qo‘shimcha bitim tuzilmagan bo‘lsa, yetkazib beruvchi (pudratchi) tomonidan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) yetkazib berish bo‘yicha yuridik majburiyatlarni bajarish tugatiladi.

Budjetdan ajratiladigan mablag‘lar asosida belgilangan yuridik majburiyatlarni qabul qilish uchun limit birinchi navbatda tegishli moddalar bo‘yicha moliya yili boshida mavjud bo‘lgan, budjetdan ajratiladigan mablag‘lar hisobidan to‘lanishi lozim bo‘lgan va g‘aznachilik bo‘linmalarida ro‘yxatdan o‘tkazilgan shartnomalar bo‘yicha yuzaga kelgan kreditorlik qarzi summasiga band qilib qo‘yiladi.

Mablag‘larni:

budjet tashkilotining iqtisod qilingan budjetdan ajratiladigan mablag‘lari hisobidan o‘z budjet tashkilotlarini rivojlantirish jamg‘armasiga, shuningdek tibbiyot muassasasi tomonidan — xarajatlar smetasida nazarda tutilgan maqsadli budjetdan ajratiladigan mablag‘lari hisobidan o‘zining tibbiyot tashkilotlarini moddiy rag‘batlantirish va rivojlantirish jamg‘armasiga;

122-modda. Budjet tashkilotlari va budjet mablag‘lari oluvchilar tomonidan yuridik majburiyatlarni qabul qilish, ularni ro‘yxatdan o‘tkazish hamda hisobga olish (davomi)

har bir obyekt bo‘yicha kelishilgan manzilli va titul ro‘yxatlarda hamda shaxsiy g‘azna hisobvaraqlarida ushbu maqsadlar uchun nazarda tutilgan summalar doirasida kapital qo‘yilmalar bo‘yicha buyurtmachi xizmatini saqlab turishga;

soliqlarni, yig‘imlarni, davlat bojlarini va soliq bo‘lmagan to‘lovlarni, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining xizmatlari uchun haq to‘lashga;

yuridik majburiyatlar mavjudligini tasdiqlovchi boshqa hujjatlar asosida amalga oshiriladigan xarajatlarni to‘lashga o‘tkazish shartnoma tuzilmagan holda amalga oshirilishi mumkin.

123-modda. Moliyaviy majburiyatlarni qabul qilish va ro‘yxatdan o‘tkazish

Moliyaviy majburiyatlar qabul qilingan yuridik majburiyatlar va xarajatlarni to‘lash uchun berilgan ruxsatnomalar doirasida hisobvaraq-fakturalar hamda moliyaviy majburiyatlar mavjudligini tasdiqlovchi hujjatlar asosida g‘aznachilik bo‘linmalari tomonidan qabul qilinadi hamda ro‘yxatdan o‘tkaziladi.

Birinchi va ikkinchi guruh xarajatlari, shuningdek ushbu Kodeksning 122-moddasi o‘ninchi qismida ko‘rsatilgan xarajatlar bo‘yicha moliyaviy majburiyatlar yuridik majburiyatlarni qabul qilishga doir buyurtmalar asosida, ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha esa, ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish shartnomalari asosida g‘aznachilik bo‘linmalari tomonidan ro‘yxatdan o‘tkaziladi.

Amal qilish muddati tugagan shartnomalar bo‘yicha yetkazib berilgan tovarlar (ko‘rsatilgan xizmatlar, bajarilgan ishlar) haqini to‘lash bo‘yicha moliyaviy majburiyatlarni ro‘yxatdan o‘tkazish joriy moliya yili doirasida hamda ushbu Kodeks 122-moddasining sakkizinchi qismida ko‘rsatilgan hollarda hisobvaraq-faktura va o‘zaro majburiyatlarni solishtirish dalolatnomasi asosida amalga oshiriladi.

124-modda. Kassa xarajatlarini amalga oshirish

G‘aznachilik bo‘linmalari budjet tashkilotlarining va budjet mablag‘lari oluvchilarning buyurtmalari bo‘yicha to‘lovlarni ularda budjetdan ajratiladigan mablag‘lar, yuridik va moliyaviy majburiyatlar mavjud bo‘lgan taqdirda, shuningdek budjet tashkilotlari budjetdan tashqari jamg‘armalari mablag‘larining qoldiqlari doirasida amalga oshiradi.

Budjet tashkilotlari va budjet mablag‘lari oluvchilar xarajatlarni to‘lash uchun to‘lov hujjatlarini g‘aznachilik bo‘linmalariga to‘lov amalga oshiriladigan sanadan kechi bilan bir ish kuni oldin taqdim etadi.

G‘aznachilik bo‘linmalari tomonidan xizmat ko‘rsatiladigan budjet tashkilotlari (budjet mablag‘lari oluvchilar) o‘rtasidagi, budjet tizimi budjetlarining turli darajalari o‘rtasidagi, shuningdek davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlari o‘rtasidagi to‘lovlar g‘azna memorial orderlari asosida amalga oshiriladi.

Budjet tashkilotlarining va budjet mablag‘lari oluvchilarning chet el valyutasidagi to‘lovlari hamda pul o‘tkazmalari qonunchilikda belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasining norezidentlari foydasiga amalga oshiriladi.

Tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) yetkazib beruvchi tomonidan shaxsiy g‘azna hisobvarag‘iga joriy yoki kelgusi yilda qaytariladigan Davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalarining mablag‘lari hisobidan o‘tgan moliya yilida hosil bo‘lgan debitorlik qarzining summasi, tegishli moliya yiliga qo‘shimcha davrda qaytariladiganidan tashqari, tegishli budjet daromadlariga o‘tkaziladi.

125-modda. Yagona g‘azna hisobvarag‘idagi mablag‘larni boshqarish

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi Yagona g‘azna hisobvarag‘idagi mablag‘larni boshqarishni Davlat budjeti daromadlari tushumlari va xarajatlarining qisqa muddatli prognozlarini tuzish yo‘li bilan amalga oshiradi.

Qabul qilingan moliyaviy majburiyatlarni bajarish uchun Yagona g‘azna hisobvarag‘ida mablag‘lar yetishmagan taqdirda, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi Davlat budjeti xarajatlarining cheklangan hajmini belgilaydi hamda uning asosida budjet tashkilotlari va budjet mablag‘lari oluvchilarga xarajatlarni to‘lash uchun ruxsatnomalar beradi.

Xarajatlarni to‘lash uchun ruxsatnomalar berish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi Yagona g‘azna hisobvarag‘idagi va boshqa bank hisobvaraqlaridagi budjet tizimi budjetlarining vaqtincha bo‘sh turgan mablag‘larini boshqaradi.

Yagona g‘azna hisobvarag‘ining vaqtincha bo‘sh turgan mablag‘lari mavjud bo‘lgan taqdirda, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tijorat banklarida depozitlarga joylashtirilishi mumkin bo‘lgan mablag‘larning hajmini belgilaydi.

Yagona g‘azna hisobvarag‘ining vaqtincha bo‘sh turgan mablag‘larini joylashtirish va ularni tijorat banklarida depozitlarga joylashtirishdan olingan daromadlardan foydalanish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

125-modda. Yagona g‘azna hisobvarag‘idagi mablag‘larni boshqarish (davomi)

Yagona g‘azna hisobvarag‘ining vaqtincha bo‘sh turgan mablag‘lari O‘zbekiston Respublikasi respublika budjetining vaqtinchalik kassa uzilishini qoplash uchun jalb qilinishi mumkin.

Yagona g‘azna hisobvarag‘ining vaqtincha bo‘sh turgan mablag‘larini O‘zbekiston Respublikasi respublika budjetining vaqtinchalik kassa uzilishini qoplash uchun jalb qilish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan belgilanadi.

126-modda. Davlat budjeti, davlat maqsadli jamg‘armalari va O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining qo‘shimcha manbalaridan foydalanish

O‘zbekiston Respublikasi respublika budjetining qo‘shimcha manbalari O‘zbekiston Respublikasining respublika budjeti taqchilligini qoplashga, joriy moliya yili uchun belgilangan aylanma kassa mablag‘larining miqdorini to‘ldirishga, qolgan qismi esa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari asosida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish tadbirlarini moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika budjetining, viloyatlar viloyat budjetlarining, Toshkent shahri shahar budjetining, shuningdek tumanlar va shaharlar budjetlarining qo‘shimcha manbalari birinchi navbatda joriy moliya yili uchun belgilangan aylanma kassa mablag‘larining miqdorini to‘ldirishga yo‘naltiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi respublika budjetining, Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika budjetining, viloyatlar viloyat budjetlarining, Toshkent shahri shahar budjetining, shuningdek tumanlar va shaharlar budjetlarining qo‘shimcha manbalari tegishli budjet hisobidan moliyalashtirilishi nazarda tutilmagan tashkilotlarni saqlab turishga yo‘naltirilishi mumkin emas.

O‘zbekiston Respublikasi respublika budjeti, davlat maqsadli jamg‘armalari hamda O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining qo‘shimcha manbalari va yil boshiga qoldiq mablag‘lari tegishli ravishda ular umumiy xarajatlarining 3 foizidan oshmagan miqdorda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va Vazirlar Mahkamasining qarorlariga muvofiq foydalaniladi hamda foydalanilgan mablag‘lar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga har chorakda hisobot taqdim etiladi. Mazkur xarajatlar 3 va undan ortiq foizga oshgan taqdirda Davlat budjeti to‘g‘risidagi Qonunga o‘zgartirishlar kiritiladi.

126-modda. Davlat budjeti, davlat maqsadli jamg‘armalari va O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining qo‘shimcha manbalaridan foydalanish (davomi)

Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika budjetining, viloyatlar viloyat budjetlarining, Toshkent shahri shahar budjetining, tumanlar va shaharlar budjetlarining qo‘shimcha manbalardan foydalanish to‘g‘risidagi qarorlar tegishli ravishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar Kengashlari tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimliklarining takliflariga asosan birinchi navbatda ijtimoiy soha muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash maqsadida qabul qilinadi.

Tumanlar va shaharlar hokimliklari tumanlar va shaharlar budjetlari qo‘shimcha manbalarining kamida 30 foizini jamoatchilik fikri asosida shakllantiriladigan tadbirlarni moliyalashtirishga yo‘naltiradi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimlari favqulodda va shunga o‘xshash kechiktirib bo‘lmaydigan choralar ko‘rilishi talab etiladigan hollarda ishlatilgan mablag‘lar to‘g‘risida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar Kengashlariga hisobot berish sharti bilan qo‘shimcha manbalarni yo‘naltirish bo‘yicha qarorlar qabul qiladi.

127-modda. Davlat budjetining daromadlari va xarajatlarini boshqarish

Joriy moliya yili uchun mo‘ljallangan Davlat budjeti taqchilligining tasdiqlangan cheklangan miqdori ortgan taqdirda, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining taqdimnomasiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalariga Davlat budjeti xarajatlarini qisqartirish to‘g‘risida takliflar kiritadi.

Davlat budjeti xarajatlarini qisqartirishda xarajatlarning ustuvorligi va ijtimoiy yo‘naltirilganligi budjet tashkilotlarining va budjet mablag‘lari oluvchilarning qabul qilingan yuridik hamda moliyaviy majburiyatlari hisobga olingan holda baholanadi.

Joriy moliya yili uchun mo‘ljallangan Davlat budjeti taqchilligining tasdiqlangan cheklangan miqdori ortgan taqdirda, sudlar faoliyatini moliyalashtirish xarajatlarini qisqartirishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar, shuningdek tumanlar va shaharlar Kengashlari o‘z budjetlarining balansliligi buzilishiga va Davlat budjeti taqchilligining tasdiqlangan cheklangan miqdori oshishiga olib keladigan tegishli budjet daromadlarini qisqartirishga yoki xarajatlarini ko‘paytirishga qaratilgan biror-bir qaror qabul qilishga haqli emas.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari qabul qilinganidan keyin moliya yili mobaynida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar, shuningdek tumanlar va shaharlar Kengashlarining tegishli budjet daromadlari qisqarishiga olib keladigan qarorlari tegishli budjet xarajatlari qisqartirilgan taqdirdagina qabul qilinishi mumkin.

127-modda. Davlat budjetining daromadlari va xarajatlarini boshqarish (davomi)

Agar Davlat budjeti qabul qilinganidan keyin moliya yili mobaynida tegishli budjetlarning daromadlari va xarajatlari parametrlarini ko‘paytirish yoki kamaytirish to‘g‘risida qarorlar qabul qilinsa, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar iqtisodiyot va moliya organlari tomonidan tegishli darajadagi budjetlar hajmlariga o‘zgartirishlar kiritiladi. Xarajatlarni ko‘paytirish yoki qisqartirish barcha darajadagi budjetlar o‘rtasida o‘zaro hisob-kitoblar yo‘li bilan amalga oshiriladi.

128-modda. Ijro hujjatlari bo‘yicha undiruvni Davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari mablag‘lariga qaratish

Undiruvni Davlat budjeti mablag‘lariga qaratishni nazarda tutuvchi ijro hujjatlarini ijro etish iqtisodiyot va moliya organlari tomonidan tegishli budjet mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Ijro hujjatlari bo‘yicha tegishli budjetdan mablag‘lar olish uchun ijro hujjatida kimning foydasiga budjet mablag‘lari o‘tkazilishi nazarda tutilgan bo‘lsa, o‘sha shaxslar yoxud ularning vakillari (bundan buyon matnda undiruvchilar deb yuritiladi) tegishli iqtisodiyot va moliya organlariga ijro hujjatining asl nusxasini ilova qilgan holda ariza taqdim etadi. Arizada budjet mablag‘lari o‘tkazilishi talab qilinayotgan undiruvchining bank hisobvarag‘i ko‘rsatilgan bo‘lishi lozim.

Ijro varaqasi yoki sud buyrug‘i sudyaning elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlangan elektron hujjat tarzida axborot tizimi orqali taqdim etilishi mumkin.

Iqtisodiyot va moliya organi ijro hujjati kelib tushgan kundan e’tiboran belgilangan tartibda uning ijro etilishini ta’minlaydi.

Undiruvni davlat maqsadli jamg‘armalari mablag‘lariga qaratishni nazarda tutuvchi ijro hujjatlarini ijro etish davlat maqsadli jamg‘armalarini taqsimlovchi organlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilagan tartibda amalga oshiriladi.

129-modda. Ijro hujjatlari bo‘yicha budjet tashkilotlarining moliyaviy majburiyatlarini bajarish

Budjet tashkilotlarining moliyaviy majburiyatlari bo‘yicha undiruvni nazarda tutuvchi ijro hujjatlarini ijro etish sud hujjatlarini va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq, ushbu moddada belgilangan o‘ziga xos xususiyatlar hisobga olingan holda davlat ijrochilari tomonidan amalga oshiriladi. Budjet tashkilotlaridan ijro yig‘imi undirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Budjet tashkilotlarining moliyaviy majburiyatlari bo‘yicha undiruvni nazarda tutuvchi ijro hujjatlarini ijro etish:

birinchi navbatda budjet tashkilotining budjetdan tashqari jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan (bundan “Fuqarolar tashabbusi jamg‘armasi” mustasno);

to‘lanishi lozim bo‘lgan qarz budjet tashkilotining xarajatlar smetasi bo‘yicha xarajatlar moddasiga muvofiq bo‘lganda — budjetdan ajratiladigan mablag‘lar hajmi doirasida amalga oshiriladi.

130-modda. Qabul qilingan Davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalarining budjetlari mavjud bo‘lmaganda budjetni ijro etish tartibi

Agar kelgusi moliya yili uchun Davlat budjeti, davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlari yil boshlanguniga qadar qabul qilinmagan bo‘lsa, Davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlari quyidagi shartlarga rioya etilgan holda ijro etiladi:

o‘tgan moliya yilida amalda bo‘lgan soliqlar, yig‘imlar va davlat bojlari, shuningdek soliq bo‘lmagan to‘lovlarni taqsimlash normativlari saqlab qolinadi;

Agar kelgusi moliya yili uchun Davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlari yil boshlanguniga qadar qabul qilinmasa, boshlanayotgan moliya yilida Davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining o‘tgan moliya yilining oxirgi choragidagi ajratilgan mablag‘lar doirasida xarajat qilinadi.

Davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalarining budjetlari moliya yili boshlanganidan keyin qabul qilingan taqdirda, moliya yili mobaynida xarajatlarning umumiy summasi qabul qilingan Davlat budjetiga va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlariga muvofiqlashtirilishi kerak.

131-modda. Joriy moliya yilini yakunlash

Joriy moliya yilining budjet tizimi budjetlariga tushumlarni kiritish bilan bog‘liq bo‘lgan barcha operatsiyalari joriy moliya yilining oxirgi ish kunida yakunlanadi.

Davlat budjetiga va davlat maqsadli jamg‘armalarining budjetlariga kelgusi yilda kiritilgan daromadlar yangi boshlangan yil daromadlari hisoblanadi.

Davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalarining budjetlari daromadlari bo‘yicha tranzit hisobvaraqlariga joriy yilning oxirgi ish kuni tugaguniga qadar kiritilgan va yangi boshlangan yilning uch ish kuni mobaynida Yagona g‘azna hisobvarag‘iga o‘tkazilgan daromadlar o‘tgan yilning daromadlari hisoblanadi.

Joriy yilning Davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlaridan barcha to‘lovlar moliya yiliga qo‘shimcha vaqt davri tugaganidan so‘ng yakunlanadi.

Qo‘shimcha vaqt davrida joriy moliya yili uchun Davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarini ijro etish bo‘yicha operatsiyalar, shu jumladan:

budjetlararo munosabatlarni tartibga solish;

budjet tashkilotlari va budjet mablag‘lari oluvchilarning kreditorlik qarzlarini to‘lash;

budjet tashkilotlari tomonidan iqtisod qilingan mablag‘lar summalarini budjet tashkilotlarining rivojlantirish jamg‘armalariga (tibbiyot tashkilotlarining moddiy rag‘batlantirish va rivojlantirish jamg‘armalariga) o‘tkazish;

Davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalarining budjetlari mablag‘lari hisobidan boshqa ruxsat etilgan to‘lovlar amalga oshiriladi.

131-modda. Joriy moliya yilini yakunlash (davomi)

Budjetlararo munosabatlarni tartibga solish yuqori va quyi turuvchi budjetlar, shuningdek davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlari o‘rtasidagi o‘zaro qarzdorlikning jami summasi to‘lanishini nazarda tutadi.

O‘tgan yilni yakunlash bo‘yicha qo‘shimcha vaqt davrida muayyan to‘lovlarni amalga oshirish tartibi va muddatlari O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan belgilanadi.

Bilimingizni sinang

Budjet kodeksiga ko‘ra, davlat xaridlari amalga oshirilishi to‘g‘risidagi e’lonlarni maxsus axborot portalida joylashtirish qaysi sanadan kechiktirmasdan amalga oshiriladi?
  1. Joriy moliya yilining 10-dekabridan
  2. Joriy moliya yilining 25-dekabridan
  3. Joriy moliya yilining 1-dekabridan
  4. Keyingi yilning 10-yanvaridan

To‘g‘ri javob: Joriy moliya yilining 10-dekabridan. 121-moddaga ko‘ra, e’lonlarni portalda joylashtirish joriy moliya yilining 10-dekabridan kechiktirmasdan amalga oshiriladi.

Budjet tashkilotlarining tovarlar (ishlar, xizmatlar) yetkazib berish shartnomalarida, Vazirlar Mahkamasi belgilagan hollar bundan mustasno, oldindan to‘lov qancha miqdorda nazarda tutiladi?
  1. 25 foiz
  2. 10 foiz
  3. 30 foiz
  4. 15 foiz

To‘g‘ri javob: 15 foiz. Yetkazib berish shartnomalarida 15 foiz miqdorida oldindan to‘lov nazarda tutiladi; Vazirlar Mahkamasi belgilagan hollar bundan mustasno.

Budjet kodeksiga ko‘ra, budjet tashkilotlari yuridik majburiyatlar yuzaga kelishini tasdiqlovchi hujjatlarni g‘aznachilik bo‘linmalarida ro‘yxatdan o‘tkazish uchun qaysi sanadan kechiktirmay taqdim etadi?
  1. Joriy moliya yilining 10-dekabridan
  2. Joriy moliya yilining 25-dekabridan
  3. Joriy moliya yilining 20-dekabridan
  4. Joriy moliya yilining 31-dekabridan

To‘g‘ri javob: Joriy moliya yilining 25-dekabridan. 122-moddaga ko‘ra, hujjatlar joriy moliya yilining 25-dekabridan kechiktirmay taqdim etiladi.

Maktab ta’minotchi bilan tovar yetkazib berish shartnomasi tuzdi, ammo uni g‘aznachilik bo‘linmasida ro‘yxatdan o‘tkazmadi. Budjet kodeksiga ko‘ra, shartnoma qachon kuchga kiradi?
  1. Imzolangan kunning o‘zida
  2. Tovar yetkazib berilgan kundan
  3. Ro‘yxatdan o‘tkazilganidan keyin
  4. Moliya yili oxirida

To‘g‘ri javob: Ro‘yxatdan o‘tkazilganidan keyin. 122-moddaga ko‘ra, shartnomalar g‘aznachilik bo‘linmalarida ro‘yxatdan o‘tkazilganidan keyin kuchga kiradi.

Budjet tashkiloti tovarlar yetkazib berish to‘g‘risida shartnoma tuzmoqda, Vazirlar Mahkamasi boshqacha holat belgilamagan. Budjet kodeksiga ko‘ra, shartnomada qanday miqdorda oldindan to‘lov nazarda tutiladi?
  1. 5 foiz
  2. 10 foiz
  3. 30 foiz
  4. 15 foiz

To‘g‘ri javob: 15 foiz. 122-moddaga ko‘ra, shartnomalarda 15 foiz miqdorida oldindan to‘lov nazarda tutiladi (VM belgilagan hollar mustasno).

Budjet kodeksiga ko‘ra, tovarlar yetkazib beruvchilar bilan shartnomalar qaysi hollarda amal qilish muddati bir necha yilni tashkil etishi mumkin?
  1. Kapital qo‘yilmalar bo‘yicha shartnomalar va qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda
  2. Barcha shartnomalar uchun, qonunchilikda nazarda tutilgan hollardan qat’i nazar
  3. Faqat ish haqi va kommunal xizmatlar bo‘yicha shartnomalar, rahbar belgilagan hollarda
  4. Faqat import va xorijiy valyutadagi shartnomalar, qonunchilikda nazarda tutilmagan hollarda ham

To‘g‘ri javob: Kapital qo‘yilmalar bo‘yicha shartnomalar va qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda. 122-moddaga ko‘ra, shartnomalar joriy moliya yili doirasida tuziladi, kapital qo‘yilmalar bo‘yicha shartnomalar va qonunchilikda nazarda tutilgan hollar mustasno.

Maktab direktori davlat bojini to‘lash uchun mablag‘ o‘tkazmoqchi, ammo bu bo‘yicha shartnoma yo‘q. Budjet kodeksiga ko‘ra, qaysi xulosa to‘g‘ri?
  1. Shartnoma tuzilmasa, soliq, yig‘im va davlat bojlarini to‘lash uchun mablag‘ o‘tkazish mutlaqo mumkin emas
  2. Shartnoma tuzilmagan holda ham soliq, yig‘im va davlat bojlarini to‘lashga mablag‘ o‘tkazilishi mumkin
  3. Soliq va davlat bojlarini to‘lashga shartnomasiz mablag‘ o‘tkazish faqat Vazirlar Mahkamasi ruxsati bilan mumkin
  4. Soliq va davlat bojlarini to‘lashga shartnomasiz mablag‘ o‘tkazish faqat hokim ruxsati bilan mumkin

To‘g‘ri javob: Shartnoma tuzilmagan holda ham soliq, yig‘im va davlat bojlarini to‘lashga mablag‘ o‘tkazilishi mumkin. 122-moddaga ko‘ra, soliqlar, yig‘imlar va davlat bojlarini to‘lashga mablag‘ shartnoma tuzilmagan holda o‘tkazilishi mumkin.

Budjet tashkilotlari xarajatlarni to‘lash uchun to‘lov hujjatlarini g‘aznachilik bo‘linmalariga to‘lov amalga oshiriladigan sanadan kechi bilan qancha oldin taqdim etadi?
  1. besh ish kuni
  2. ikki ish kuni
  3. bir ish kuni
  4. uch ish kuni

To‘g‘ri javob: bir ish kuni. To‘lov hujjatlari g‘aznachilik bo‘linmalariga to‘lov sanasidan kechi bilan bir ish kuni oldin taqdim etiladi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiBudjet tizimi budjetlarini ijro etish tartibi (1/2)Keyingi →Budjetlararo munosabatlar