Budjetlararo munosabatlar
Maxsus Qism
132-modda. Budjetlararo munosabatlar tushunchasi
Budjetlararo munosabatlar O‘zbekiston Respublikasining respublika budjeti, Qoraqalpog‘iston Respublikasining respublika budjeti, viloyatlarning viloyat budjetlari, Toshkent shahrining shahar budjeti, tumanlar, shaharlar budjetlari, shuningdek davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlari o‘rtasidagi ushbu Kodeks bilan tegishli budjetlarga biriktirilgan xarajatlarni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan tegishli budjetlarni moliyaviy resurslar bilan ta’minlashga doir munosabatlardir.
Budjet jarayonida:
O‘zbekiston Respublikasi respublika budjetining tumanlar va shaharlar budjetlari bilan;
davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining tumanlar va shaharlar budjetlari bilan;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika budjetining, viloyatlar viloyat budjetlarining va Toshkent shahri shahar budjetining bir-biri bilan, shuningdek boshqa ma’muriy-hududiy birlikning tumanlari va shaharlari budjetlari bilan;
tumanlar va shaharlar budjetlari o‘rtasida o‘zaro munosabatlariga yo‘l qo‘yilmaydi.
133-modda. Budjetlarning darajalari o‘rtasida daromadlar va xarajatlarni o‘tkazish
Daromadlarni kompensatsiya qilish yoki xarajatlarni qoplash Davlat budjetini ijro etish jarayonida ushbu Kodeksning 138-moddasida nazarda tutilgan, quyi turuvchi budjetlarning daromadlarini va (yoki) xarajatlarini kamaytirishga yoxud ko‘paytirishga olib keladigan hollarda o‘zaro hisob-kitoblar bo‘yicha mablag‘larni ajratish yoki olib qo‘yish orqali majburiy tartibda amalga oshiriladi.
134-modda. Budjetlararo transfertlar
Budjetlararo transfertlar subvensiyalar, o‘tkazib beriladigan daromadlar, dotatsiyalar, budjet ssudasi o‘zaro hisob-kitoblar bo‘yicha mablag‘lar, tartibga soluvchi budjetlararo transfertlar va maqsadli ijtimoiy transfertlar shaklida amalga oshiriladi.
Budjetlararo transfertlarning hajmlari:
joriy moliya yilida turli darajadagi budjetlar daromadlari va xarajatlari o‘zgarishiga sabab bo‘luvchi qonunchilik hujjatlari qabul qilinganda;
tegishli barcha soliqlarning, yig‘imlarning, davlat bojlarining va soliq bo‘lmagan to‘lovlarning to‘liq tushishidan hamda budjetdan ajratiladigan mablag‘larning o‘zlashtirilishidan kelib chiqqan holda aniqlanadi.
Budjetlararo transfertlarni moliyalashtirish tegishli budjetlar va davlat maqsadli jamg‘armalarining mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi, ushbu mablag‘lar o‘tkazib berilgan budjetlar va davlat maqsadli jamg‘armalarining daromadlarini shakllantirish manbasi hisoblanmaydi.
Budjetlararo transfertlar tegishli budjetlar va davlat maqsadli jamg‘armalarining xarajatlari tarkibiga kiritilmaydi, ularning hisobi alohida yuritiladi hamda ular Davlat budjetining ijrosi to‘g‘risidagi hisobotda aks ettiriladi.
Budjetlararo transfertlarni hisobga olish tegishli budjetlar va davlat maqsadli jamg‘armalarining daromadlari va xarajatlarida alohida balansdan tashqari hisobvaraqlarda aks ettirilgan holda amalga oshiriladi.
Yuqori turuvchi iqtisodiyot va moliya organi tashabbusi bilan yuqori turuvchi budjet quyi turuvchi budjet oldidagi budjetlararo transfertning bir shakli bo‘yicha majburiyatlari quyi turuvchi budjetning yuqori turuvchi budjet oldidagi budjetlararo transfertning boshqa shakli bo‘yicha majburiyatlarini kamaytirish evaziga hisobga olinishi mumkin.
135-modda. Subvensiyalar
Subvensiyalar asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar prognozi va Davlat budjetining asosiy parametrlari tasdiqlanayotganda belgilangan xarajatlarni amalga oshirish uchun ajratiladi.
O‘zbekiston Respublikasining respublika budjetidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjetiga, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlariga beriladigan subvensiyalarning miqdorlari Davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun loyihasi qabul qilinayotganda belgilanadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasining respublika budjetidan, viloyatlarning viloyat budjetlari va Toshkent shahrining shahar budjetidan tumanlar va shaharlar budjetlariga beriladigan subvensiyalarning miqdorlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari to‘g‘risidagi qarorlar qabul qilinayotganda belgilanadi.
Foydalanilmagan subvensiyalar joriy moliya yili oxirida tegishli yuqori turuvchi budjetga qaytarilishi kerak.
136-modda. O‘tkazib beriladigan daromadlar
Tegishli ma’muriy-hududiy birliklar hududida shakllantiriladigan va yuqori turuvchi budjetga o‘tkaziladigan daromadlar ular qaysi ma’muriy-hududiy birlikda shakllantirilgan bo‘lsa, o‘sha ma’muriy-hududiy birlik budjetiga o‘tkazib berilishi mumkin.
O‘tkazib beriladigan daromadlarning umumiy hajmi:
O‘zbekiston Respublikasining respublika budjetidan quyi turuvchi budjetlarga — Davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun loyihasi qabul qilinayotganda;
Qoraqalpog‘iston Respublikasining respublika budjetidan, viloyatlarning viloyat budjetlaridan va Toshkent shahrining shahar budjetidan tumanlar va shaharlar budjetlariga — Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari to‘g‘risidagi qarorlar qabul qilinayotganda tasdiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasining respublika budjetidan quyi turuvchi budjetlarga tushumlari o‘tkazib beriladigan xo‘jalik yurituvchi subyektlarning hamda ular tomonidan to‘lanadigan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarning turlari ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Soliq qo‘mitasi bilan birgalikda tasdiqlanadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjetidan, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlaridan tumanlar va shaharlar budjetlariga tushumlari o‘tkazib beriladigan xo‘jalik yurituvchi subyektlarning hamda ular tomonidan to‘lanadigan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarning turlari ro‘yxati Qoraqalpog‘iston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmalari tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar soliq boshqarmalari bilan birgalikda tasdiqlanadi.
136-modda. O‘tkazib beriladigan daromadlar (davomi)
Yuqori turuvchi budjetdan quyi turuvchi budjetga o‘tkazib beriladigan daromadlarning summasi tegishli quyi turuvchi budjetga tushishi lozim bo‘lgan daromadlar hisobga olingan holda belgilanadi.
O‘tkazib beriladigan daromadlarni o‘tkazish ular bo‘yicha haqiqatda tushgan tushumlar doirasida, biroq ularning tasdiqlangan hajmidan ortiq bo‘lmagan miqdorda amalga oshiriladi.
137-modda. Dotatsiya
Yuqori turuvchi budjetdan quyi turuvchi budjetga dotatsiya quyi turuvchi budjet xarajatlarining rejalashtirilgan hajmi subvensiyalar va o‘tkazib beriladigan daromadlar hisobga olingan holda mazkur budjet daromadlarining prognoz qilingan hajmidan oshib ketgan taqdirda ajratiladi.
O‘zbekiston Respublikasining respublika budjetidan davlat maqsadli jamg‘armalarining budjetlariga dotatsiya jamg‘armalar xarajatlarining rejalashtirilgan hajmi yil boshidagi qoldiq hisobga olingan holda jamg‘armalar daromadlarining prognoz qilingan hajmidan oshib ketgan taqdirda ajratilishi mumkin.
Dotatsiyaning miqdori:
O‘zbekiston Respublikasining respublika budjetidan quyi turuvchi budjetlarga va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlariga ajratilganda — Davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun loyihasi qabul qilinayotganda;
Qoraqalpog‘iston Respublikasining respublika budjetidan, viloyatlarning viloyat budjetlaridan va Toshkent shahrining shahar budjetidan tumanlar va shaharlar budjetlariga ajratilganda — Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari to‘g‘risidagi qarorlar qabul qilinayotganda belgilanadi.
138-modda. Budjetlararo o‘zaro hisob-kitoblar
Budjetlararo o‘zaro hisob-kitoblar moliya yili mobaynida budjetlar parametrlari o‘zgarganda yuqori va quyi turuvchi budjetlar o‘rtasida yuzaga keladigan o‘zaro pul munosabatlaridir.
Budjetlararo o‘zaro hisob-kitoblar:
qonunchilik hujjatlari qabul qilinganligi;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari daromadlarining prognozi aniqlashtirilganligi;
budjet tashkilotlari va budjet mablag‘lari oluvchilarning bo‘ysunuvi o‘zgarganda xarajatlar bir budjetdan boshqa budjetga o‘tkazilganligi;
kapital qo‘yilmalar limitlari budjetlar darajalari o‘rtasida qayta taqsimlanganligi munosabati bilan yuzaga keladi.
Budjetlararo o‘zaro hisob-kitoblarga kiritilishi lozim bo‘lgan summa yuqori turuvchi iqtisodiyot va moliya organi tomonidan aniqlanadi.
138¹-modda. Maqsadli ijtimoiy transfertlar
Maqsadli ijtimoiy transfertlar yuqori turuvchi budjetdan quyi turuvchi budjetga ta’lim va tibbiyot muassasalarining ish haqi va ijtimoiy soliq bo‘yicha xarajatlarini qoplash uchun ajratiladi.
Maqsadli ijtimoiy transfertlarning miqdorlari:
O‘zbekiston Respublikasining respublika budjetidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjetiga, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlariga — Davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun loyihasi qabul qilinayotganda;
Qoraqalpog‘iston Respublikasining respublika budjetidan, viloyatlarning viloyat budjetlari va Toshkent shahrining shahar budjetidan tumanlar va shaharlar budjetlariga — Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari to‘g‘risidagi qarorlar qabul qilinayotganda belgilanadi.
Foydalanilmagan maqsadli ijtimoiy transfertlar joriy moliya yili oxirida tegishli yuqori turuvchi budjetga qaytarilishi kerak.
138²-modda. Tartibga soluvchi budjetlararo transfertlar
Tartibga soluvchi budjetlararo transfertlar qaytarilmaslik sharti bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari, davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlari xarajatlarining tegishli daromadlar prognozlaridan oshgan qismini qoplash uchun beriladi.
Tartibga soluvchi budjetlararo transfertlarning miqdorlari:
O‘zbekiston Respublikasining respublika budjetidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjetiga, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlariga — Davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun loyihasi qabul qilinayotganda;
Qoraqalpog‘iston Respublikasining respublika budjetidan, viloyatlarning viloyat budjetlaridan va Toshkent shahrining shahar budjetidan tumanlar va shaharlar budjetlariga — Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari to‘g‘risidagi qarorlar tasdiqlanayotganda belgilanadi.
Davlat budjeti to‘g‘risidagi Qonunga muvofiq O‘zbekiston Respublikasining respublika budjetidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjetiga, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlariga, shuningdek Qoraqalpog‘iston Respublikasining respublika budjetidan, viloyatlarning viloyat budjetlaridan va Toshkent shahrining shahar budjetidan tumanlar va shaharlar budjetlariga ajratiladigan tartibga soluvchi budjetlararo transfertlar miqdorlarini, quyi turuvchi budjetlarning daromadlari prognozlarining ijrosidan qat’i nazar, kamaytirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
139-modda. Budjetlararo transfertlarni o‘tkazish tartibi
O‘zbekiston Respublikasining respublika budjetidan budjetlararo transfertlar O‘zbekiston Respublikasi respublika budjetining shaxsiy g‘azna hisobvarag‘idan Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika budjetining, viloyatlar viloyat budjetlarining va Toshkent shahri shahar budjetining, shuningdek davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining shaxsiy g‘azna hisobvaraqlariga o‘tkaziladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasining respublika budjetidan, viloyatlarning viloyat budjetlaridan va Toshkent shahrining shahar budjetidan budjetlararo transfertlar ularning shaxsiy g‘azna hisobvaraqlaridan tumanlar, shaharlar budjetlarining shaxsiy g‘azna hisobvaraqlariga, shuningdek davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining shaxsiy g‘azna hisobvaraqlariga o‘tkaziladi.
Davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlaridan budjetlararo transfertlar ularning shaxsiy g‘azna hisobvaraqlaridan O‘zbekiston Respublikasi respublika budjetining, Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika budjetining, viloyatlar viloyat budjetlarining va Toshkent shahri shahar budjetining shaxsiy g‘azna hisobvaraqlariga o‘tkaziladi.
Budjetlararo transfertlarni o‘tkazish g‘azna memorial orderlari asosida amalga oshiriladi.
Budjetlararo transfertlar bo‘yicha hisob-kitoblar joriy moliya yilida qo‘shimcha vaqt davri hisobga olingan holda tugallanishi kerak.
140-modda. Budjet ssudasi shaklidagi budjetlararo transfert
Budjet ssudasi shaklidagi budjetlararo transfert (budjet ssudasi) budjet manbalarining to‘liq safarbar qilinishi tegishli budjetlarda nazarda tutilgan xarajatlar qoplanishini ta’minlamagan taqdirda, qaytarish sharti bilan foizsiz yoki foiz to‘lash sharti bilan beriladi.
Budjet ssudasi:
bir moliya yilida prognoz qilingan daromadlar va rejalashtirilgan xarajatlar o‘rtasidagi rejali vaqtinchalik kassa uzilishini qoplash uchun — to‘qqiz oygacha bo‘lgan muddatga foizsiz asosda;
daromadlar tushumlari va xarajatlarni amalga oshirish o‘rtasida kutilayotgan vaqtinchalik kassa uzilishlarini qoplash uchun — tegishli moliya yili yakunigacha bo‘lgan muddatga foizsiz asosda hamda bir moliya yilidan ortiq muddatga yillik ikki foizli miqdorda beriladi.
Rejali budjet ssudasi daromadlarning prognoz qilingan tushumlari, nazarda tutilgan budjetlararo transfertlar, aylanma kassa mablag‘laridan va yil boshidagi erkin qoldiqlardan vaqtinchalik mablag‘ jalb qilish, tegishli tasdiqlangan budjetlarda nazarda tutilgan ayrim choraklardagi xarajatlarning qoplanishini ta’minlamagan hollarda beriladi.
Budjet ssudasi:
O‘zbekiston Respublikasining respublika budjeti mablag‘lari hisobidan — Qoraqalpog‘iston Respublikasining respublika budjetiga, viloyatlarning viloyat budjetlariga, Toshkent shahrining shahar budjetiga, davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlariga;
Qoraqalpog‘iston Respublikasining respublika budjeti, viloyatlarning viloyat budjetlari, Toshkent shahrining shahar budjeti mablag‘lari hisobidan — tumanlar va shaharlar budjetlariga ularning daromadlari hamda xarajatlari o‘rtasidagi rejali yoki kutilayotgan vaqtinchalik kassa uzilishini qoplash uchun beriladi.
140-modda. Budjet ssudasi shaklidagi budjetlararo transfert (davomi)
Qoraqalpog‘iston Respublikasining respublika budjetiga, viloyatlarning viloyat budjetlariga, Toshkent shahrining shahar budjetiga, tumanlar va shaharlar budjetlariga, davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlariga daromadlar to‘liq tushmagan yoki ularning moliya yili uchun tegishli budjetlarda nazarda tutilgan xarajatlarni muddatidan oldin amalga oshirish zarurati yuzaga kelgan, tegishli budjet daromadlari va xarajatlarini muvozanatlashtirish bo‘lmagan taqdirda, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligiga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligiga, viloyatlar va Toshkent shahar iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmalariga yozma yoki elektron shaklda murojaat qilish budjet ssudasi ajratilishi uchun asos bo‘lishi mumkin.
Ajratiladigan budjet ssudalarining miqdorlari kelgusi moliya yili uchun alohida choraklardagi daromadlar va xarajatlar o‘rtasida yuzaga keladigan rejali vaqtinchalik kassa uzilishini qoplash uchun tegishli budjetning yillik rejali daromadlari hamda xarajatlari har chorakda qayta taqsimlanayotganda belgilanadi.
Budjet ssudalarini berishning majburiy sharti ulardan belgilangan maqsadda foydalanish, shuningdek budjet ssudasini ajratish to‘g‘risidagi shartnomada belgilangan muddatga muvofiq ularni o‘z vaqtida qoplashdan iboratdir.
Budjet ssudasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va tegishli hokimliklarning, davlat maqsadli jamg‘armasini taqsimlovchi organ rahbarining budjet ssudasiga bo‘lgan ehtiyojni asoslovchi hisob-kitoblar ilova qilingan so‘rovi asosida beriladi.
140-modda. Budjet ssudasi shaklidagi budjetlararo transfert (davomi)
Budjet ssudasi olish to‘g‘risidagi so‘rovda so‘ralayotgan budjet ssudasining miqdori va u so‘ralayotgan davr, shuningdek budjet ssudasini qaytarishning kafolatlangan manbalari ko‘rsatiladi.
Budjet ssudasini berish to‘g‘risidagi so‘rovni ko‘rib chiqishda iqtisodiyot va moliya organi qaror qabul qilish uchun zarur bo‘lgan axborot va hisob-kitoblarni so‘rab olish huquqiga ega.
Taqdim etiladigan axborot va hisob-kitoblarda kassa uzilishi sabablarining quyidagi batafsil tahlili keltiriladi:
- a) tegishli budjetning yil boshidan oxirgi hisobot davrigacha bo‘lgan ijrosi to‘g‘risidagi axborot;
- b) hisobot davri uchun kassa uzilishlarining yuzaga kelishiga sabab bo‘luvchi daromadlarning belgilangan prognoz ko‘rsatkichlari;
- v) soliq to‘lovlari bo‘yicha budjet oldidagi qarzdorlik miqdori va uning shakllanish sabablari, hudud bo‘yicha qarzdorlikning o‘sib borishi;
- g) tegishli davr uchun budjetda nazarda tutilgan budjet tasnifining tegishli kodlari bo‘yicha birinchi navbatdagi xarajatlar miqdori;
- d) kutilayotgan daromadlar tushumi, shu jumladan soliq turlari bo‘yicha va tegishli hisobot davri uchun kutilayotgan xarajatlar;
- e) kassa uzilishi yuzaga kelishi sabablarining izohi, so‘rovning asoslanganligi va budjet ssudasining o‘z vaqtida qaytarilishini ta’minlovchi chora-tadbirlar rejasi.
Budjet ssudasini berish to‘g‘risidagi murojaat tegishli iqtisodiyot va moliya organi tomonidan murojaat olingan sanadan e’tiboran besh ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi va uning natijasi to‘g‘risida murojaat etuvchiga xabar qilinadi.
140-modda. Budjet ssudasi shaklidagi budjetlararo transfert (davomi)
Budjet ssudasini olish to‘g‘risidagi so‘rovni ko‘rib chiqish natijasi ijobiy bo‘lgan taqdirda tegishli iqtisodiyot va moliya organi bir ish kuni ichida arizachini ajratiladigan budjet ssudasining miqdori, uni ajratishdan maqsad va belgilangan qaytarib berish muddatlari to‘g‘risida xabar qiladi.
Budjet ssudasini berish rad etilgan taqdirda tegishli iqtisodiyot va moliya organi bir ish kuni ichida budjet ssudasi berish rad etilganligi to‘g‘risida aniq sabablar va asoslarni ko‘rsatgan holda arizachiga xabar qiladi.
Axborot va hisob-kitoblar taqdim etilmagan yoki to‘liq taqdim etilmagan taqdirda budjet ssudasini olish uchun so‘rov ko‘rib chiqilmaydi hamda budjet ssudasini berish rad etilganligi to‘g‘risida arizachiga ikki ish kuni ichida xabar qilinadi.
O‘zbekiston Respublikasining respublika budjetidan beriladigan budjet ssudasini ajratish uchun taqdim etiladigan axborot va hisob-kitoblar:
hududiy iqtisodiyot va moliya organlari hamda soliq boshqarmalari tomonidan tayyorlanadi hamda tegishincha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari yoki ularning birinchi o‘rinbosarlari tomonidan imzolanadi;
davlat maqsadli jamg‘armalarini taqsimlovchi organlar tomonidan tayyorlanadi va ularning rahbarlari tomonidan imzolanadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasining respublika budjetidan, viloyatlarning viloyat budjetlaridan, Toshkent shahrining shahar budjetidan budjet ssudasini ajratish uchun taqdim etiladigan axborot hamda hisob-kitoblar tumanlar va shaharlar hokimlari yoki ularning birinchi o‘rinbosarlari tomonidan imzolanadi.
140-modda. Budjet ssudasi shaklidagi budjetlararo transfert (davomi)
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va tegishli hokimliklarning, davlat maqsadli jamg‘armasini taqsimlovchi organ rahbarining so‘rovini ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha besh ish kuni ichida quyidagilardan:
O‘zbekiston Respublikasining respublika budjetidan budjet ssudasini berish to‘g‘risidagi qaror — O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vaziri tomonidan;
Qoraqalpog‘iston Respublikasining respublika budjetidan, viloyatlarning viloyat budjetlaridan, Toshkent shahrining shahar budjetidan budjet ssudasini berish to‘g‘risidagi qaror — tegishincha Qoraqalpog‘iston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vaziri, viloyatlar va Toshkent shahar iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmalari boshliqlari tomonidan qabul qilinadi.
Budjet ssudasini ajratish budjet ssudasini berayotgan iqtisodiyot va moliya organi va budjet ssudasini oluvchi iqtisodiyot va moliya organi (davlat maqsadli jamg‘armalarini taqsimlovchi organ) o‘rtasida tuziladigan budjet ssudasini ajratish to‘g‘risidagi shartnoma bilan rasmiylashtiriladi.
Budjet ssudasini qaytarish muddatlarini uzaytirish budjet ssudasini oluvchida uni belgilangan muddatlarda o‘z vaqtida to‘lash imkoniyatini istisno etadigan moliyaviy qiyinchiliklar yuzaga kelgan hollarda amalga oshiriladi.
Budjet ssudasini qaytarish muddatlarini uzaytirish budjet ssudasini berish uchun ushbu moddada belgilangan tartibda va shartlarda amalga oshiriladi.
Budjet ssudalarini qaytarish muddatlari kelgusi moliya yiliga uzaytirilganda, budjet ssudalarining qaytarilmagan qismidan yillik ikki foiz miqdorida to‘lov belgilanadi va budjet ssudalari qaysi tegishli budjetlardan berilgan bo‘lsa, o‘sha budjetlarga yo‘naltiriladi.
140-modda. Budjet ssudasi shaklidagi budjetlararo transfert (davomi)
Budjet ssudasini oluvchi tegishli iqtisodiyot va moliya organiga budjet ssudasini to‘lash muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi so‘rov bilan uni to‘lash muddati tugashidan kamida besh ish kuni oldin murojaat qiladi.
Budjet ssudasini to‘lash budjet ssudasini ajratish to‘g‘risidagi shartnomada belgilangan muddatlarda:
mablag‘larni o‘tkazish;
quyi turuvchi budjetlarga va davlat maqsadli jamg‘armalariga o‘tkazilishi lozim bo‘lgan budjetlararo transfertlar evaziga o‘zaro hisobga olish;
ish haqini to‘lash, ijtimoiy ehtiyojlarga ajratmalar, stipendiyalar, pensiyalar, kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam, kompensatsiya to‘lovlari va nafaqalar to‘lash xarajatlari qoplanganidan keyin quyi turuvchi budjetlarning hamda davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining shaxsiy g‘azna hisobvaraqlaridan mablag‘larni so‘zsiz undirib olish yo‘li bilan amalga oshiriladi.
141-modda. Aylanma kassa mablag‘lari
O‘zbekiston Respublikasi respublika budjetining, Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika budjetining, viloyatlar viloyat budjetlarining, Toshkent shahri shahar budjetining, shuningdek tumanlar, shaharlar budjetlarining aylanma kassa mablag‘lari ularning daromadlari bilan xarajatlari o‘rtasidagi vaqtinchalik kassa uzilishini qoplash maqsadida shakllantiriladi.
Aylanma kassa mablag‘larining miqdorlari:
O‘zbekiston Respublikasining respublika budjeti, Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari uchun — O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoki O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan;
tumanlar va shaharlar budjetlari uchun — Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari to‘g‘risidagi qarorlar qabul qilinayotganda belgilanadi.
Yil mobaynida aylanma kassa mablag‘laridan jalb qilingan summalar yil oxirigacha tiklanishi lozim. Aylanma kassa mablag‘larining yil oxiridagi miqdori belgilangan summaga mos kelishi kerak.
Kelgusi moliya yili uchun belgilangan aylanma kassa mablag‘lari:
tegishli budjetlarning shaxsiy g‘azna hisobvaraqlaridagi mablag‘larning yil boshidagi qoldiqlari;
joriy yilning birinchi — uchinchi choraklari yakunlari bo‘yicha daromadlar prognozining oshirib bajarilishi summalari hisobidan to‘ldiriladi.
141-modda. Aylanma kassa mablag‘lari (davomi)
Tumanlar va shaharlar budjetlarining ushbu moddaning to‘rtinchi qismida ko‘rsatilgan manbalari yetarli bo‘lmaganda tumanlar va shaharlar budjetlarining aylanma kassa mablag‘larini to‘ldirish to‘g‘risida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari tomonidan qaror qabul qilinishi mumkin.
142-modda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjetiga, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlariga qo‘llaniladigan cheklovlar
Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjetining, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarining daromadlari va xarajatlari yuqori turuvchi budjetdan ajratiladigan budjetlararo transfertlarni hisobga olgan holda balanslashtirilgan bo‘lishi lozim. Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari taqchilligiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarini qabul qilish va ijro etishda:
mablag‘lar jalb qilishni amalga oshirishga, yuqori turuvchi budjetlardan budjet ssudalari olish bundan mustasno;
tasdiqlangan budjetdan ajratilgan mablag‘lardan ortiq xarajatlarni amalga oshirishga, ushbu Kodeksning 143-moddasi ikkinchi qismida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno;
tegishli budjetlar mablag‘lari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjetiga, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetidan moliyalashtiriladigan budjet tashkilotlarining mol-mulki hisobidan boshqa yuridik va jismoniy shaxslar foydasiga moliyaviy kafolatlar va kafilliklar berishga;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika budjetining, viloyatlar viloyat budjetlarining, Toshkent shahri shahar budjetining, shuningdek tumanlar va shaharlar budjetlarining mablag‘lari hisobidan moliyalashtirish manbasi aniq bo‘lmasdan boshlangan tadbirlarni moliyalashtirishga va (yoki) parallel loyihalashtirish, tender savdolarini o‘tkazmasdan amalga oshirilgan qurish va ta’mirlash ishlarini moliyalashtirishga;
142-modda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjetiga, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlariga qo‘llaniladigan cheklovlar (davomi)
yuridik va jismoniy shaxslarga budjet ssudalari va kredit liniyalari berishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Bilimingizni sinang
Budjet kodeksiga ko‘ra, budjetlararo munosabatlar nimani anglatadi?
- Tegishli budjetlarni moliyaviy resurslar bilan ta’minlashga doir munosabatlar
- Soliq to‘lovchilar va davlat o‘rtasidagi munosabatlar
- Budjet tashkilotlari va ta’minotchilar o‘rtasidagi shartnoma munosabatlari
- Davlat qarzini jalb qilish bo‘yicha xalqaro munosabatlar
To‘g‘ri javob: Tegishli budjetlarni moliyaviy resurslar bilan ta’minlashga doir munosabatlar. 132-moddaga ko‘ra, budjetlararo munosabatlar tegishli budjetlarni xarajatlarni amalga oshirish uchun moliyaviy resurslar bilan ta’minlashga doir munosabatlardir.
A tumani budjeti B tumani budjetiga to‘g‘ridan to‘g‘ri mablag‘ o‘tkazib berishni rejalashtirmoqda. Budjet kodeksiga ko‘ra, qaysi xulosa to‘g‘ri?
- Mumkin, agar viloyat hokimi ruxsat bersa: tumanlar budjetlari o‘rtasida o‘zaro munosabatlar o‘rnatilishi mumkin
- Yo‘l qo‘yilmaydi: tumanlar va shaharlar budjetlari o‘rtasida o‘zaro munosabatlarga yo‘l qo‘yilmaydi
- Mumkin, agar ikki tuman hokimi kelishsa: tumanlar budjetlari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘tkazmalar mumkin
- Mumkin, faqat zaxira jamg‘armasi hisobidan tumanlar budjetlari o‘rtasida o‘zaro munosabatlarga yo‘l qo‘yiladi
To‘g‘ri javob: Yo‘l qo‘yilmaydi: tumanlar va shaharlar budjetlari o‘rtasida o‘zaro munosabatlarga yo‘l qo‘yilmaydi. 132-moddaga ko‘ra, tumanlar va shaharlar budjetlari o‘rtasida o‘zaro munosabatlarga yo‘l qo‘yilmaydi.
Budjet kodeksiga ko‘ra, quyidagilardan qaysi biri budjetlararo transfertning shakli hisoblanadi?
- Davlat qarzi bo‘yicha kafolat
- Soliq imtiyozlari va chegirmalari
- Maqsadli ijtimoiy transfertlar
- Davlat qarzi foizlarini qoplash
To‘g‘ri javob: Maqsadli ijtimoiy transfertlar. 134-moddaga ko‘ra, transfertlar subvensiyalar, o‘tkazib beriladigan daromadlar, dotatsiyalar, budjet ssudasi, tartibga soluvchi va maqsadli ijtimoiy transfertlar shaklida amalga oshiriladi.
Budjetlararo transfertlar tegishli budjetlar va davlat maqsadli jamg‘armalarining xarajatlari tarkibiga qanday kiritiladi?
- To‘liq hajmda kiritiladi, hisobi umumiy yuritiladi
- Faqat subvensiyalar kiritiladi, dotatsiyalar emas
- Yil oxirida kiritiladi, hisobi umumiy yuritiladi
- Kiritilmaydi, ularning hisobi alohida yuritiladi
To‘g‘ri javob: Kiritilmaydi, ularning hisobi alohida yuritiladi. 134-moddaga ko‘ra, transfertlar xarajatlar tarkibiga kiritilmaydi, hisobi alohida yuritiladi va Davlat budjeti ijrosi to‘g‘risidagi hisobotda aks ettiriladi.
Viloyat tuman budjetiga subvensiya ajratdi, yil oxirida uning bir qismi foydalanilmay qoldi. Budjet kodeksiga ko‘ra, bu mablag‘ bilan nima qilinadi?
- Joriy moliya yili oxirida tegishli yuqori turuvchi budjetga qaytarilishi kerak
- Tuman budjetida qoladi va keyingi moliya yiliga o‘tkaziladi, qaytarilmaydi
- Zaxira jamg‘armasiga o‘tkaziladi va moliya yili oxirida hisobdan chiqariladi
- Tuman hokimi ixtiyoriga qoldiriladi va boshqa xarajatlarga yo‘naltiriladi
To‘g‘ri javob: Joriy moliya yili oxirida tegishli yuqori turuvchi budjetga qaytarilishi kerak. 135-moddaga ko‘ra, foydalanilmagan subvensiyalar joriy moliya yili oxirida yuqori turuvchi budjetga qaytarilishi kerak.
Budjet kodeksiga ko‘ra, respublika budjetidan viloyat budjetlariga beriladigan subvensiyalarning miqdorlari qachon belgilanadi?
- Moliya yili o‘rtasida Vazirlar Mahkamasi qarori bilan belgilanadi
- Davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun loyihasi qabul qilinayotganda
- Fiskal strategiya tasdiqlanayotganda belgilanadi, so‘ng o‘zgarmaydi
- Budjet ijrosi yakunlanganda, yillik hisobot tasdiqlanayotganda
To‘g‘ri javob: Davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun loyihasi qabul qilinayotganda. 135-moddaga ko‘ra, subvensiyalar miqdori Davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun loyihasi qabul qilinayotganda belgilanadi.
Tumanga o‘tkazib beriladigan daromadlarning tasdiqlangan hajmi 100 milliard so‘m, ammo haqiqatda tushum 120 milliard so‘m bo‘ldi. Budjet kodeksiga ko‘ra, tumanga qancha o‘tkazib beriladi?
- 120 milliard so‘m, chunki haqiqiy tushumning to‘liq miqdorida o‘tkaziladi
- 110 milliard so‘m, chunki tasdiqlangan va haqiqiy tushumning o‘rtacha miqdorida o‘tkaziladi
- 100 milliard so‘m, chunki tasdiqlangan hajmidan ortiq bo‘lmagan miqdorda o‘tkaziladi
- 90 milliard so‘m, chunki 10 foiz zaxira bilan kamaytirilgan miqdorda o‘tkaziladi
To‘g‘ri javob: 100 milliard so‘m, chunki tasdiqlangan hajmidan ortiq bo‘lmagan miqdorda o‘tkaziladi. 136-moddaga ko‘ra, o‘tkazish haqiqiy tushumlar doirasida, biroq tasdiqlangan hajmdan ortiq bo‘lmagan miqdorda amalga oshiriladi.
Budjet kodeksiga ko‘ra, yuqori turuvchi budjetdan quyi turuvchi budjetga dotatsiya qachon ajratiladi?
- Quyi budjet soliqlarni to‘liq yig‘a olmaganda hamda daromadlari prognoz qilingan hajmdan kam bo‘lib, subvensiya hisobga olingandan keyin ham yetishmovchilik yuzaga kelganda
- Quyi budjetda qo‘shimcha manbalar bo‘lmaganda yoki ular rejalashtirilgan xarajatlarni qoplash uchun yetarli bo‘lmaganda, subvensiya hisobga olinmagan holda
- Quyi budjetning qarzi mavjud bo‘lganda va qarz bo‘yicha majburiyatlarni muddatida bajarish uchun mablag‘ yetishmaganda, subvensiya hisobga olingach ham
- Quyi budjet xarajatlari rejalashtirilgan hajmi subvensiya va o‘tkazib beriladigan daromadlar hisobga olingach ham daromadlar prognozidan oshib ketganda
To‘g‘ri javob: Quyi budjet xarajatlari rejalashtirilgan hajmi subvensiya va o‘tkazib beriladigan daromadlar hisobga olingach ham daromadlar prognozidan oshib ketganda. 137-moddaga ko‘ra, dotatsiya xarajatlar hajmi daromadlar prognozidan oshib ketgan taqdirda ajratiladi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash