Fuqarolik huquqlarini amalga oshirish (2/2)
I Bo‘Lim
9-modda. Fuqarolik huquqlarini amalga oshirish
Fuqarolar va yuridik shaxslar o‘zlariga tegishli bo‘lgan fuqarolik huquqlarini, shu jumladan ularni himoya qilish huquqini ham o‘z xohishlariga ko‘ra tasarruf etadilar.
Fuqarolar va yuridik shaxslarning o‘z huquqlarini amalga oshirishdan voz kechishi bu huquqlarning bekor qilinishiga olib kelmaydi, qonunda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Fuqarolik huquqlarini amalga oshirish boshqa shaxslarning huquqlarini hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini buzmasligi shart. Fuqarolik huquqiy munosabatlari ishtirokchilarining halol, oqilona va adolat bilan harakat qilishi nazarda tutiladi.
Fuqarolar va yuridik shaxslar o‘z huquqlarini amalga oshirishda jamiyatning ma’naviy tamoyillari va axloqiy normalarini hurmat qilishlari, tadbirkorlar esa — ish odobi qoidalariga ham rioya etishlari kerak.
Fuqarolar va yuridik shaxslarning boshqa shaxsga zarar yetkazishga, boshqacha shakllarda huquqni suiiste’mol qilishga, shuningdek huquqni uning maqsadiga zid tarzda amalga oshirishga qaratilgan harakatlariga yo‘l qo‘yilmaydi.
Ushbu moddaning uchinchi, to‘rtinchi va beshinchi qismlarida nazarda tutilgan talablarga rioya qilinmagan taqdirda, sud shaxsga qarashli huquqni himoya qilishni rad etishi mumkin.
10-modda. Fuqarolik huquqlarini sud orqali himoya qilish
Fuqarolik huquqlari protsessual qonunchilik yoki shartnomada belgilab qo‘yilganidek, ishlar qaysi sudga taalluqli bo‘lishiga qarab, sud, iqtisodiy sud yoki hakamlik sudi (bundan keyin — sud) tomonidan himoya qilinadi.
Qonunda nazarda tutilgan hollardagina fuqarolik huquqlari ma’muriy tartibda himoya qilinadi. Ma’muriy tartibda qabul qilingan qaror ustidan sudga shikoyat qilish mumkin.
11-modda. Fuqarolik huquqlarini himoya qilish usullari
Fuqarolik huquqlari quyidagi yo‘llar bilan himoya qilinadi:
huquqni tan olish;
huquq buzilishidan oldingi holatni tiklash va huquqni buzadigan yoki uning buzilishi xavfini tug‘diradigan harakatlarning oldini olish;
bitimni haqiqiy emas deb topish va uning haqiqiy emasligi oqibatlarini qo‘llash;
davlat organining yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organining hujjatini haqiqiy emas deb topish;
shaxsning o‘z huquqini o‘zi himoya qilishi;
burchni aslicha (natura) bajarishga majbur qilish;
zararni to‘lash;
neustoyka undirish;
ma’naviy ziyonni qoplash;
huquqiy munosabatni bekor qilish yoki o‘zgartirish;
davlat organining yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organining qonunga zid hujjatini sudning qo‘llamasligi.
Fuqarolik huquqlari qonunda nazarda tutilgan boshqacha usullar bilan ham himoya qilinishi mumkin.
12-modda. Davlat organining yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organining hujjatini haqiqiy emas deb topish
Davlat organining yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organining qonunchilikka muvofiq bo‘lmagan hamda fuqarolarning yoki yuridik shaxsning fuqarolik huquqlarini va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini buzadigan hujjati sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
Sud hujjatni haqiqiy emas deb topgan taqdirda, buzilgan huquq ushbu Kodeksning 11-moddasida nazarda tutilgan usullarda himoya qilinishi kerak.
13-modda. Fuqarolik huquqlarini shaxsning o‘zi himoya qilishi
Fuqarolik huquqlarini shaxsning o‘zi himoya qilishiga yo‘l qo‘yiladi.
Fuqarolik huquqlarini shaxsning o‘zi himoya qilish usullari huquqni buzishga mutanosib bo‘lishi hamda huquq buzilishining oldini olish uchun zarur harakatlar doirasidan chiqib ketmasligi kerak.
14-modda. Zararni qoplash
Agar qonun yoki shartnomada zararni kamroq miqdorda to‘lash nazarda tutilmagan bo‘lsa, huquqi buzilgan shaxs o‘ziga yetkazilgan zararning to‘la qoplanishini talab qilishi mumkin.
Zarar deganda, huquqi buzilgan shaxsning buzilgan huquqini tiklash uchun qilgan yoki qilishi lozim bo‘lgan xarajatlari, uning mol-mulki yo‘qolishi yoki shikastlanishi (haqiqiy zarar), shuningdek bu shaxs o‘z huquqlari buzilmaganida odatdagi fuqarolik muomalasi sharoitida olishi mumkin bo‘lgan, lekin ololmay qolgan daromadlari (boy berilgan foyda) tushuniladi.
Agar huquqni buzgan shaxs buning natijasida daromad olgan bo‘lsa, huquqi buzilgan shaxs boshqa zarar bilan bir qatorda boy berilgan foyda bunday daromaddan kam bo‘lmagan miqdorda to‘lanishini talab qilishga haqli.
15-modda. Davlat organlari va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan yetkazilgan zararni to‘lash
Davlat organi yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi tomonidan qonunchilikka muvofiq bo‘lmagan hujjat qabul qilinishi, shuningdek ular mansabdor shaxslarining g‘ayriqonuniy harakatlari (harakatsizligi) natijasida fuqaroga yoki yuridik shaxsga yetkazilgan zararning o‘rni davlat tomonidan yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi tomonidan qoplanishi lozim. Bunday zararning o‘rni davlat organining budjetdan tashqari mablag‘lari yoki fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organining mablag‘lari hisobidan qoplanadi.
Davlat organi yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi bekor qilingan, ularning mablag‘lari yetishmagan yoxud davlat organining budjetdan tashqari mablag‘lari yoki fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organining mablag‘lari bo‘lmagan taqdirda fuqaroga yoki yuridik shaxsga yetkazilgan zararning o‘rni O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadi.
Zarar qaysi davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari mansabdor shaxslarining aybi bilan yetkazilgan bo‘lsa, sudning qarori bilan zararning o‘rnini qoplash ushbu organlar mansabdor shaxslarining zimmasiga yuklatilishi mumkin.
Bilimingizni sinang
Fuqarolik kodeksi (I qism) — 9-modda qaysi masalani tartibga soladi?
- Davlat organlari va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan yetkazilgan zararni to‘lash
- Fuqarolik huquqlarini amalga oshirish
- Fuqarolik huquqlarini shaxsning o‘zi himoya qilishi
- Fuqarolik qonunchiligi bilan tartibga solinadigan munosabatlar
To‘g‘ri javob: Fuqarolik huquqlarini amalga oshirish. 9-modda: Fuqarolik huquqlarini amalga oshirish.
Fuqarolik kodeksi (I qism): «Fuqarolik huquqlarini amalga oshirish» qaysi moddada belgilangan?
- 15-modda
- 2-modda
- 9-modda
- 13-modda
To‘g‘ri javob: 9-modda. 9-modda: Fuqarolik huquqlarini amalga oshirish.
Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, fuqaro o‘z huquqini amalga oshirishdan voz kechsa, bu holda qanday oqibat yuzaga keladi?
- Qonunda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno, huquq avtomatik bekor bo‘ladi
- Huquq uch yildan so‘ng bekor bo‘ladi, istisnolar bundan mustasno
- Qonunda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno, huquq bekor bo‘lmaydi
- Qonunda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno, huquq boshqa shaxsga o‘tadi
To‘g‘ri javob: Qonunda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno, huquq bekor bo‘lmaydi. 9-moddaga ko‘ra voz kechish huquqlarning bekor qilinishiga olib kelmaydi, qonunda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Fuqarolik kodeksining 9-moddasiga ko‘ra, huquqni suiiste’mol qilish yoki huquqni uning maqsadiga zid amalga oshirishga qaratilgan harakatlarga nisbatan qanday talab qo‘yiladi?
- Bunday harakatlarga yo‘l qo‘yilmaydi
- Ular faqat jarima bilan jazolanadi
- Ular sudning ruxsati bilan mumkin
- Ular tadbirkorlar uchun mumkin
To‘g‘ri javob: Bunday harakatlarga yo‘l qo‘yilmaydi. 9-moddaning beshinchi qismi bunday harakatlarga yo‘l qo‘yilmasligini belgilaydi.
Fuqaro o‘z huquqini amalga oshirishda boshqa shaxsga zarar yetkazishga qaratilgan harakat qildi. Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, sud nima qilishi mumkin?
- Huquqni ikki barobar kengaytirishi mumkin
- Shaxsni avtomatik ravishda muomalaga layoqatsiz deb topishi mumkin
- Huquqni davlat mulkiga o‘tkazishi mumkin
- Shaxsga qarashli huquqni himoya qilishni rad etishi mumkin
To‘g‘ri javob: Shaxsga qarashli huquqni himoya qilishni rad etishi mumkin. 9-moddaning oxirgi qismiga ko‘ra, talablarga rioya qilinmasa, sud huquqni himoya qilishni rad etishi mumkin.
Fuqarolik kodeksi (I qism) — 10-modda qaysi masalani tartibga soladi?
- Davlat organining yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organining hujjatini haqiqiy emas deb topish
- Fuqarolik huquqlarini sud orqali himoya qilish
- Fuqarolik huquqlarini shaxsning o‘zi himoya qilishi
- Zararni qoplash
To‘g‘ri javob: Fuqarolik huquqlarini sud orqali himoya qilish. 10-modda: Fuqarolik huquqlarini sud orqali himoya qilish.
Fuqarolik kodeksi (I qism): «Fuqarolik huquqlarini sud orqali himoya qilish» qaysi moddada belgilangan?
- 10-modda
- 14-modda
- 12-modda
- 13-modda
To‘g‘ri javob: 10-modda. 10-modda: Fuqarolik huquqlarini sud orqali himoya qilish.
Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, fuqarolik huquqlari ma’muriy tartibda qachon himoya qilinadi?
- Har doim, sudga murojaat qilishdan oldin
- Faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda
- Faqat shartnomada kelishilgan hollarda
- Faqat tadbirkorlik munosabatlarida
To‘g‘ri javob: Faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda. 10-moddaga ko‘ra ma’muriy tartibda himoya faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda mumkin.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash