Fuqaroning muomala layoqatini cheklash (3/3)
I Bo‘Lim
31-modda. Fuqaroning muomala layoqatini cheklash
Spirtli ichimliklarni yoki giyohvandlik vositalarini suiiste’mol qilish natijasida o‘z oilasini og‘ir moddiy ahvolga solib qo‘yayotgan fuqaroning muomala layoqati sud tomonidan fuqarolik protsessual qonunchiligida belgilangan tartibda cheklab qo‘yilishi mumkin. Unga homiylik belgilanadi. Bunday fuqaro mayda maishiy bitimlarni mustaqil tuzish huquqiga ega. U boshqa bitimlarni homiyning roziligi bilangina tuzishi, shuningdek ish haqi, pensiya va boshqa daromadlar olishi hamda ularni tasarruf etishi mumkin. Biroq bunday fuqaro o‘zi tuzgan bitimlar bo‘yicha va yetkazgan zarari uchun mustaqil ravishda mulkiy javobgar bo‘ladi.
Fuqaroning muomala layoqati cheklanishiga sabab bo‘lgan asoslar bekor bo‘lsa, sud uning muomala layoqatini cheklashni bekor qiladi. Fuqaroga belgilangan homiylik sud qarori asosida bekor qilinadi.
32-modda. Vasiylik va homiylik
Vasiylik va homiylik muomalaga layoqatsiz yoki muomalaga to‘liq layoqatli bo‘lmagan fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish uchun belgilanadi. Voyaga yetmaganlarga vasiylik va homiylik ularni tarbiyalash maqsadida ham belgilanadi. Vasiylar va homiylarning bunga tegishli huquq va burchlari qonunchilik bilan belgilanadi.
Vasiylar va homiylar o‘z himoyalaridagi shaxslarning huquq va manfaatlarini har qanday shaxslar bilan munosabatlarda, shu jumladan, sudlarda ham maxsus vakolatsiz himoya qiladilar.
Voyaga yetmaganlarga vasiylik va homiylik ularning ota-onasi, farzandlikka oluvchilari bo‘lmagan, ota-onasi sud tomonidan ota-onalik huquqlaridan mahrum qilingan taqdirda, shuningdek bunday fuqarolar boshqa sabablarga ko‘ra ota-ona himoyasidan mahrum bo‘lib qolgan, xususan, ota-ona ularni tarbiyalashdan yoxud ularning huquq va manfaatlarini himoya qilishdan bo‘yin tovlagan hollarda belgilanadi.
33-modda. Fuqaroni bedarak yo‘qolgan deb topish
Agar fuqaroning qayerdaligi haqida uning yashash joyida bir yil davomida ma’lumotlar bo‘lmasa, manfaatdor shaxslarning arizasiga muvofiq sud bu fuqaroni bedarak yo‘qolgan deb topishi mumkin.
Yo‘qolgan shaxs to‘g‘risida oxirgi ma’lumotlar olingan kunni aniqlash mumkin bo‘lmasa, bedarak yo‘qolgan deb hisoblash muddati yo‘qolgan shaxs to‘g‘risida oxirgi ma’lumotlar olingan oydan keyingi oyning birinchi kunidan, bu oyni belgilash mumkin bo‘lmagan taqdirda esa —keyingi yilning birinchi yanvaridan boshlanadi.
34-modda. Fuqaroni bedarak yo‘qolgan deb topish oqibatlari
Bedarak yo‘qolgan deb topilgan fuqaroning mol-mulkini doimiy suratda boshqarib turish zarur bo‘lsa, bu mol-mulk sudning qaroriga muvofiq vasiylik va homiylik organi tomonidan belgilanadigan va ushbu organ bilan tuziladigan ishonchli boshqaruv to‘g‘risidagi shartnoma asosida ish olib boradigan shaxsga topshiriladi.
Ushbu mol-mulkdan bedarak yo‘qolgan shaxs qonunga muvofiq boqishi kerak bo‘lgan fuqarolarga ta’minot beriladi va uning soliqlar va boshqa majburiyatlar bo‘yicha qarzlari to‘lanadi.
Vasiylik va homiylik organi yo‘qolgan fuqaroning qayerdaligi to‘g‘risida ma’lumot olingan kundan boshlab bir yil o‘tganga qadar ham uning mol-mulkini muhofaza qiluvchi shaxsni belgilashi mumkin.
Shaxsni bedarak yo‘qolgan deb topishning ushbu moddada nazarda tutilmagan oqibatlari qonun bilan belgilanadi.
35-modda. Fuqaroni bedarak yo‘qolgan deb topish haqidagi qarorning bekor qilinishi
Bedarak yo‘qolgan deb topilgan fuqaro qaytib kelgan yoki uning turar joyi aniqlangan taqdirda, sud uni bedarak yo‘qolgan deb topish haqidagi qarorni bekor qiladi. Sudning qarori asosida fuqaroning mol-mulkini boshqarish bekor qilinadi.
36-modda. Fuqaroni vafot etgan deb e’lon qilish
Agar fuqaroning qayerda turganligi haqida uning yashash joyida uch yil mobaynida ma’lumot bo‘lmasa, basharti u o‘lim xavf solib turgan yoki muayyan baxtsiz hodisadan halok bo‘lgan deb taxmin qilish uchun asos bo‘ladigan vaziyatlarda bedarak yo‘qolgan bo‘lib, uning qayerdaligi haqida olti oy mobaynida ma’lumotlar bo‘lmasa, manfaatdor shaxslarning arizasiga muvofiq sud uni vafot etgan deb e’lon qilishi mumkin.
Harbiy harakatlar munosabati bilan bedarak yo‘qolgan harbiy xizmatchi yoki boshqa fuqaro harbiy harakatlar tamom bo‘lgan kundan e’tiboran kamida ikki yil o‘tgandan keyin sud tomonidan vafot etgan deb e’lon qilinishi mumkin.
Sudning fuqaroni vafot etgan deb e’lon qilish haqidagi qarori qonuniy kuchga kirgan kun vafot etgan deb e’lon qilingan fuqaroning o‘lgan kuni deb hisoblanadi. O‘lim xavf solib turgan yoki muayyan baxtsiz hodisadan halok bo‘lgan deb taxmin qilish uchun asos bo‘ladigan vaziyatlarda bedarak yo‘qolgan fuqaro vafot etgan deb e’lon qilingan taqdirda, sud uning taxmin qilingan halokat kunini ushbu fuqaroning o‘lgan kuni deb topishi mumkin.
Fuqaroni vafot etgan deb e’lon qilish bunday fuqaroning huquq va burchlari borasida uning o‘limi olib kelishi mumkin bo‘lgan oqibatlarni vujudga keltiradi.
37-modda. Vafot etgan deb e’lon qilingan fuqaro qaytib kelishining oqibatlari
Vafot etgan deb e’lon qilingan fuqaro qaytib kelgan yoki uning qayerda turganligi ma’lum bo‘lgan taqdirda, uni vafot etgan deb e’lon qilish haqidagi qaror sud tomonidan bekor qilinadi.
Fuqaroni vafot etgan deb e’lon qilish haqidagi qaror bekor qilinganidan keyin u har qanday shaxsdan bu shaxsga bepul o‘tib qolgan mavjud mol-mulkini o‘ziga qaytarib berishni uch yil mobaynida sud orqali talab qilishga haqli, ushbu Kodeksning 229-moddasi ikkinchi va to‘rtinchi qismlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Agar vafot etgan deb e’lon qilingan fuqaroning mol-mulki uning vorislari tomonidan uchinchi shaxslarga sotilgan bo‘lib, bu shaxslar xarid narxini fuqaro qaytib kelgan paytgacha batamom to‘lamagan bo‘lsalar, bu holda to‘lanmagan summani talab qilish huquqi qaytib kelgan fuqaroga o‘tadi.
Vafot etgan deb e’lon qilingan fuqaroning mol-mulkini haq to‘lashni nazarda tutadigan bitimlar asosida olgan shaxslar mol-mulkni vafot etgan deb e’lon qilingan fuqaroning tirikligini bila turib sotib olganliklari isbotlansa, ular fuqaroga bu mol-mulkni qaytarib berishlari shart. Bunday mol-mulkni asli holida qaytarib berishning imkoni bo‘lmasa, uning qiymati to‘lanadi.
Agar vafot etgan deb e’lon qilingan shaxsning mol-mulki meros huquqi bo‘yicha davlatga o‘tgan va sotib yuborilgan bo‘lsa, fuqaroni vafot etgan deb e’lon qilish haqidagi qaror bekor qilinganidan keyin unga mol-mulkni sotishdan tushgan pul qaytarib beriladi.
38-modda. Fuqarolik holati hujjatlarini qayd etish
Quyidagi fuqarolik holati hujjatlari davlat tomonidan qayd etilishi kerak:
- 1) tug‘ilish;
- 2) o‘lim;
- 3) nikoh tuzilganligi;
- 4) nikohdan ajralish.
Fuqarolik holati hujjatlarini qayd etish fuqarolik holati hujjatlarini yozish organlari tomonidan fuqarolik holati hujjatlarini qayd etish daftariga (hujjatlar daftariga) tegishli yozuvlarni kiritish hamda shu yozuvlar asosida fuqarolarga guvohnomalar berish yo‘li bilan amalga oshiriladi.
Farzandlikka olish, otalikni belgilash, familiya, ism va ota ismini o‘zgartirish, jinsning o‘zgartirilishi kabi voqea va faktlar ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan fuqarolik holati hujjatlarida ularga tegishli o‘zgartishlar kiritish yo‘li bilan ifodalanadi.
Fuqarolik holati hujjatlari yozuvlarini tuzatish va o‘zgartirish yetarli asoslar bo‘lsa hamda manfaatdor shaxslar o‘rtasida nizo bo‘lmasa, fuqarolik holati hujjatlarini yozish organi tomonidan amalga oshiriladi.
Manfaatdor shaxslar o‘rtasida nizo bo‘lsa yoki fuqarolik holati hujjatlarini yozish organi yozuvni tuzatish yoki o‘zgartirishni rad etsa, nizo sud tomonidan hal qilinadi.
Fuqarolik holati hujjatlari yozuvlarini bekor qilish va tiklash fuqarolik holati hujjatlarini yozish organi tomonidan, manfaatdor shaxslar o‘rtasida nizo bo‘lsa yoki fuqarolik holati hujjatlaridagi yozuvlarda jiddiy tafovutlar bo‘lsa — sud qarori asosida amalga oshiriladi.
Fuqarolik holati hujjatlarini qayd etuvchi organlar, bu hujjatlarni qayd etish tartibi, fuqarolik holati hujjatlari yozuvlarini o‘zgartirish, tiklash va bekor qilish tartibi, hujjat daftarlari va guvohnomalarning shakllari, shuningdek hujjatlar daftarlarini saqlash tartibi va muddatlarini belgilovchi organlar qonunchilik bilan belgilanadi.
Bilimingizni sinang
Fuqarolik kodeksi (I qism) — 31-modda qaysi masalani tartibga soladi?
- Emansipatsiya
- Vasiylik va homiylik
- Fuqaroning muomala layoqatini cheklash
- Vafot etgan deb e’lon qilingan fuqaro qaytib kelishining oqibatlari
To‘g‘ri javob: Fuqaroning muomala layoqatini cheklash. 31-modda: Fuqaroning muomala layoqatini cheklash.
Fuqarolik kodeksi (I qism): «Fuqaroning muomala layoqatini cheklash» qaysi moddada belgilangan?
- 28-modda
- 32-modda
- 37-modda
- 31-modda
To‘g‘ri javob: 31-modda. 31-modda: Fuqaroning muomala layoqatini cheklash.
Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, qaysi holatda fuqaroning muomala layoqati sud tomonidan cheklab qo‘yilishi mumkin?
- Ruhiy kasalligi yoki aqli zaifligi tufayli o‘z harakatlarining ahamiyatini tushuna olmasa yoki boshqara olmasa
- Uch yil mobaynida yashash joyida bo‘lmasa va uning qayerdaligi haqida hech qanday ma’lumot olinmasa
- Spirtli ichimlik yoki giyohvandlik vositasini suiiste’mol qilib, oilasini og‘ir moddiy ahvolga solib qo‘ysa
- Tadbirkorlik faoliyati bo‘yicha qarzga botib, kreditorlar oldidagi majburiyatlarini bajara olmay qolsa
To‘g‘ri javob: Spirtli ichimlik yoki giyohvandlik vositasini suiiste’mol qilib, oilasini og‘ir moddiy ahvolga solib qo‘ysa. 31-moddaning birinchi qismiga ko‘ra, cheklash asosi spirtli ichimliklar yoki giyohvandlik vositalarini suiiste’mol qilish oqibatida oilani og‘ir ahvolga solishdir.
Muomala layoqati cheklangan fuqaroga nima belgilanadi?
- Homiylik
- Vasiylik
- Ishonchli boshqaruv
- Qarovchilik
To‘g‘ri javob: Homiylik. 31-moddaga ko‘ra, muomala layoqati cheklangan fuqaroga homiylik belgilanadi.
Kazus: Fuqaro Bahrom ichkilikbozlik tufayli oilasini og‘ir ahvolga solgani uchun sud uning muomala layoqatini cheklab, unga homiylik belgiladi. Bahrom mayda maishiy xarid qilmoqchi va ish haqini olmoqchi. Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, qanday xulosa to‘g‘ri?
- U mayda maishiy bitimni ham faqat homiy roziligi bilan tuza oladi, ish haqini esa o‘zi oladi
- U mayda bitimlarni tuza olmaydi, ish haqini faqat homiy olib, uni tasarruf etadi
- U barcha bitimlarni homiysiz tuza oladi va ish haqini ham mustaqil tasarruf etadi
- U mayda maishiy bitimlarni mustaqil tuza oladi va ish haqini olib tasarruf eta oladi
To‘g‘ri javob: U mayda maishiy bitimlarni mustaqil tuza oladi va ish haqini olib tasarruf eta oladi. 31-moddaga ko‘ra, mayda maishiy bitimlarni mustaqil tuzadi, ish haqi va boshqa daromadlarni ham o‘zi tasarruf etishi mumkin.
Kazus: Muomala layoqati cheklangan Akmal homiysi roziligisiz mashina sotib olish bitimi tuzdi va mashinani shikastladi. Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, uning yetkazgan zarari va bitimlari bo‘yicha kim javobgar bo‘ladi?
- Faqat homiysi javobgar bo‘ladi, Akmal esa javobgar emas
- Akmalning o‘zi mustaqil ravishda mulkiy javobgar bo‘ladi
- Faqat davlat javobgar bo‘ladi, Akmal va homiysi emas
- Hech kim javobgar bo‘lmaydi, chunki layoqati cheklangan
To‘g‘ri javob: Akmalning o‘zi mustaqil ravishda mulkiy javobgar bo‘ladi. 31-moddaga ko‘ra, bunday fuqaro o‘zi tuzgan bitimlar va yetkazgan zarari uchun mustaqil mulkiy javobgar bo‘ladi.
Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, muomala layoqati cheklanishiga sabab bo‘lgan asoslar bekor bo‘lsa, sud nima qiladi?
- Cheklashni yana bir yilga uzaytiradi
- Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organiga topshiradi
- Homiylikni vasiylikka aylantiradi
- Muomala layoqatini cheklashni bekor qiladi
To‘g‘ri javob: Muomala layoqatini cheklashni bekor qiladi. 31-moddaning ikkinchi qismiga ko‘ra, asoslar bekor bo‘lsa sud layoqatni cheklashni bekor qiladi.
Fuqarolik kodeksi (I qism) — 32-modda qaysi masalani tartibga soladi?
- Fuqaroni bedarak yo‘qolgan deb topish haqidagi qarorning bekor qilinishi
- Vasiylik va homiylik
- Emansipatsiya
- O‘n to‘rt yoshdan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan voyaga yetmaganlarning muomala layoqati
To‘g‘ri javob: Vasiylik va homiylik. 32-modda: Vasiylik va homiylik.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash