Yuridik shaxsning javobgarligi (2/4)
I Bo‘Lim
48-modda. Yuridik shaxsning javobgarligi
Yuridik shaxs o‘z majburiyatlari bo‘yicha o‘ziga qarashli butun mol-mulk bilan javob beradi.
Mulkdor tomonidan moliyaviy ta’minlanadigan muassasa o‘z majburiyatlari bo‘yicha ushbu Kodeks 76-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan tartibda va shartlar asosida javob beradi.
Yuridik shaxsning muassisi (ishtirokchisi) yoki uning mol-mulkining mulkdori yoxud yuridik shaxsning boshqaruv organi tarkibiga kiruvchi shaxs, shuningdek qarzdorning ishlarini boshqaruvchi shaxs yuridik shaxsning majburiyatlari bo‘yicha javob bermaydi, yuridik shaxs esa muassisning (ishtirokchining) yoki mulkdorning yoxud yuridik shaxsning boshqaruv organi tarkibiga kiruvchi shaxsning yoki qarzdorning ishlarini boshqaruvchi shaxsning majburiyatlari bo‘yicha javob bermaydi, bundan ushbu Kodeksda yoki yuridik shaxsning ta’sis hujjatlarida nazarda tutilgan hollar mustasno.
Agar yuridik shaxsning to‘lovga qobiliyatsizligi shu yuridik shaxs uchun majburiy ko‘rsatmalarni berish huquqiga ega bo‘lgan muassis (ishtirokchi) sifatidagi shaxsning yoki yuridik shaxs mol-mulki mulkdorining yoxud yuridik shaxsning boshqaruv organi tarkibiga kiruvchi shaxsning yoki qarzdorning ishlarini boshqaruvchi shaxsning g‘ayriqonuniy harakatlari tufayli vujudga keltirilgan bo‘lsa, yuridik shaxsning mol-mulki yetarli bo‘lmagan taqdirda bunday shaxs zimmasiga qonunga muvofiq uning majburiyatlari bo‘yicha subsidiar javobgarlik yuklatilishi mumkin.
48-modda. Yuridik shaxsning javobgarligi (davomi)
Muassis (ishtirokchi) yoki yuridik shaxs mol-mulkining mulkdori shu yuridik shaxsning ta’sis hujjatlarida nazarda tutilgan taqdirdagina majburiy ko‘rsatmalar berish huquqiga ega.
Yuridik shaxs uchun majburiy ko‘rsatmalar berish huquqiga ega bo‘lgan muassis (ishtirokchi) yoki mulkdor yoxud yuridik shaxsning boshqaruv organi tarkibiga kiruvchi shaxs yoki qarzdorning ishlarini boshqaruvchi shaxs yuridik shaxsning muayyan harakatni amalga oshirishi oqibatida to‘lovga qobiliyatsiz bo‘lib qolishini oldindan bilib, o‘z huquqidan uning shunday harakatni amalga oshirishini ko‘zlab foydalangan holdagina yuridik shaxsning to‘lovga qobiliyatsizligi ular tomonidan vujudga keltirilgan deb hisoblanadi.
49-modda. Yuridik shaxsni qayta tashkil etish
Yuridik shaxsni qayta tashkil etish (qo‘shib yuborish, qo‘shib olish, bo‘lish, ajratib chiqarish, o‘zgartirish) uning muassislari (ishtirokchilari) yoki ta’sis hujjatlarida shunga vakil qilingan yuridik shaxs organi qaroriga muvofiq amalga oshirilishi mumkin.
Qonunda belgilangan hollarda yuridik shaxsni bo‘lish yoki uning tarkibidan bir yoxud bir necha yuridik shaxsni ajratib chiqarish shaklida uni qayta tashkil etish vakil qilingan davlat organlarining qarori bilan yoxud sud qarori bilan amalga oshiriladi.
Agar yuridik shaxs muassislari (ishtirokchilari), ular vakil qilgan organ yoki yuridik shaxsning o‘z ta’sis hujjatlari bilan qayta tashkil etishga vakil qilingan organi yuridik shaxsni vakolatli davlat organining qarorida belgilangan muddatda qayta tashkil etmayotgan bo‘lsa, sud mazkur davlat organining da’vosi bo‘yicha yuridik shaxsning boshqaruvchisini tayinlaydi va unga ushbu yuridik shaxsni qayta tashkil etishni topshiradi. Boshqaruvchi tayinlangan paytdan boshlab unga yuridik shaxsning ishlarini boshqarish vakolatlari o‘tadi. Boshqaruvchi sudda yuridik shaxs nomidan harakat qiladi, taqsimlash balansini tuzadi va uni yuridik shaxslarni qayta tashkil etish natijasida vujudga keladigan ta’sis hujjatlari bilan birga ko‘rib chiqish uchun sudga topshiradi. Sudning ushbu hujjatlarni tasdiqlashi yangidan vujudga kelayotgan yuridik shaxslarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun asos bo‘ladi.
49-modda. Yuridik shaxsni qayta tashkil etish (davomi)
Qonunda belgilangan hollarda yuridik shaxslarni qo‘shib yuborish, qo‘shib olish yoki o‘zgartirish shaklida qaytadan tashkil etish vakolatli davlat organlarining roziligi bilangina amalga oshirilishi mumkin.
Qo‘shib olish shaklida qayta tashkil etish hollarini istisno qilganda, yangidan vujudga kelgan yuridik shaxslar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan paytdan boshlab yuridik shaxs qayta tashkil etilgan hisoblanadi.
Yuridik shaxs unga boshqa yuridik shaxsni qo‘shib olish shaklida qayta tashkil etilganida qo‘shib olingan yuridik shaxsning faoliyati to‘xtatilgani haqidagi yozuv yuridik shaxslarning yagona davlat reyestriga kiritilgan paytdan boshlab yuridik shaxs qayta tashkil etilgan hisoblanadi.
50-modda. Yuridik shaxslarni qayta tashkil etishda huquqiy vorislik
Yuridik shaxslar qo‘shib yuborilganida ulardan har birining huquq va burchlari topshirish hujjatida ko‘rsatilganligidan yoki ko‘rsatilmaganligidan qat’i nazar yangidan vujudga kelgan yuridik shaxsga o‘tadi.
Yuridik shaxs boshqa yuridik shaxsga qo‘shilganida, bu yuridik shaxsga qo‘shilgan yuridik shaxsning huquq va burchlari topshirish hujjatida ko‘rsatilganligidan yoki ko‘rsatilmaganligidan qat’i nazar o‘tadi.
Yuridik shaxs bo‘lingan taqdirda uning huquq va burchlari taqsimlash balansiga muvofiq yangidan vujudga kelgan yuridik shaxslarga o‘tadi.
Yuridik shaxs tarkibidan bir yoki bir necha yuridik shaxs ajralib chiqqanida qayta tashkil etilgan yuridik shaxsning huquq va burchlari taqsimlash balansiga muvofiq ularning har biriga o‘tadi.
Bir turdagi yuridik shaxs boshqa turdagi yuridik shaxsga aylantirilganida (tashkiliy-huquqiy shakli o‘zgartirilganida), qayta tashkil etilgan yuridik shaxsning huquq va burchlari topshirish hujjatida ko‘rsatilganligidan yoki ko‘rsatilmaganligidan qat’i nazar yangidan vujudga kelgan yuridik shaxsga o‘tadi.
51-modda. Topshirish hujjati va taqsimlash balansi
Topshirish hujjati va taqsimlash balansi qayta tashkil etilgan yuridik shaxsning barcha kreditorlari va qarzdorlariga nisbatan barcha majburiyatlari bo‘yicha, shu jumladan taraflar bahslashayotgan majburiyatlar bo‘yicha ham, huquqiy vorislik to‘g‘risidagi qoidalarni o‘z ichiga olgan bo‘lishi kerak.
Topshirish hujjati va taqsimlash balansi yuridik shaxs muassislari (ishtirokchilari) tomonidan yoki yuridik shaxslarni qayta tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qilgan organ tomonidan tasdiqlanadi hamda ta’sis hujjatlari bilan birga yangidan vujudga kelgan yuridik shaxslarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish yoki mavjud yuridik shaxslarning ta’sis hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish uchun taqdim etiladi.
Ta’sis hujjatlari bilan birga tegishincha topshirish hujjatini yoki taqsimlash balansini taqdim etmaslik, shuningdek ularda qayta tashkil etilgan yuridik shaxsning majburiyatlari bo‘yicha huquqiy vorislik to‘g‘risidagi qoidalarning yo‘qligi yangidan vujudga kelgan yuridik shaxslarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishning rad etilishiga olib keladi.
52-modda. Yuridik shaxs qayta tashkil etilganida kreditorlar huquqlarining kafolatlari
Yuridik shaxsni qayta tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qilgan yuridik shaxs muassislari (ishtirokchilari) yoki organ qayta tashkil etilayotgan yuridik shaxsning kreditorlarini bu haqda yozma ravishda xabardor qilishlari shart.
Qayta tashkil etilayotgan yuridik shaxsning kreditori shu yuridik shaxsning qarzdor bo‘lishiga olib kelgan majburiyatlarni bekor qilishni yoki muddatidan oldin bajarishni hamda zararni to‘lashni talab qilishga haqli.
Agar taqsimlash balansi qayta tashkil etilgan yuridik shaxsning huquqiy vorisini aniqlash imkonini bermasa, yangidan vujudga kelgan yuridik shaxslar qayta tashkil etilgan yuridik shaxsning o‘z kreditorlari oldidagi majburiyatlari bo‘yicha solidar javobgar bo‘ladilar.
53-modda. Yuridik shaxsni tugatish
Yuridik shaxsni tugatish uning huquq va burchlari huquqiy vorislik tartibida boshqa shaxsga o‘tmasdan bekor qilinishiga olib keladi.
Yuridik shaxs quyidagi hollarda tugatilishi mumkin:
uning muassislari (ishtirokchilari)ning yoki ta’sis hujjatlari bilan tugatishga vakolat berilgan yuridik shaxs organining qaroriga muvofiq, shu jumladan yuridik shaxsning amal qilish muddati tugashi, uni tashkil etishdan ko‘zlangan maqsadga erishilganligi munosabati bilan yoki yuridik shaxsni tashkil qilish chog‘ida qonunchilik buzilishiga yo‘l qo‘yilganligi sababli, agar bu buzilishlarni bartaraf etib bo‘lmasa, sud yuridik shaxsni ro‘yxatdan o‘tkazishni haqiqiy emas deb topganida;
faoliyat litsenziyasiz, faoliyat (harakatlar) ruxsatnomasiz yoxud vakolatli organni xabardor qilmasdan amalga oshirilgan yoki qonunda taqiqlangan faoliyat amalga oshirilgan taqdirda, agar qonunchilikda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, shuningdek ushbu Kodeksda nazarda tutilgan boshqa hollarda sudning qaroriga ko‘ra.
moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirmaganligi sababli belgilangan tartibda davlat soliq organining taqdimnomasiga asosan harakatsiz rejimga o‘tkazilgan paytdan e’tiboran bir yil ichida o‘z faoliyatini tiklamagan taqdirda, ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organning qaroriga ko‘ra, bundan nodavlat notijorat tashkilotlari mustasno.
Sudning yuridik shaxsni tugatish to‘g‘risidagi qarorida uning muassislari (ishtirokchilari) yoxud yuridik shaxsning ta’sis hujjatlari bilan uni tugatishga vakil qilingan organ zimmasiga yuridik shaxsni tugatishni amalga oshirish vazifasi yuklatilishi mumkin.
54-modda. Yuridik shaxsni tugatish to‘g‘risida qaror qabul qilgan shaxsning burchlari
Yuridik shaxsni tugatish to‘g‘risida qaror qabul qilgan yuridik shaxs muassislari (ishtirokchilari) yoki organ bu haqda yuridik shaxslarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazuvchi organga darhol yozma xabar berishlari kerak, davlat ro‘yxatidan o‘tkazuvchi organ yuridik shaxs tugatish jarayonida ekanligi haqidagi ma’lumotlarni yuridik shaxslarning yagona davlat reyestriga kiritib qo‘yadi.
Yuridik shaxsni tugatish to‘g‘risida qaror qabul qilgan yuridik shaxs muassislari (ishtirokchilari) yoki organ tugatuvchini — tugatish komissiyasini yoki jismoniy shaxsni tayinlaydilar hamda ushbu Kodeksga muvofiq tugatish tartibi va muddatini belgilaydilar. Yuridik shaxsni tugatish to‘g‘risidagi qaror sud tomonidan qabul qilingan taqdirda, tugatuvchi yuridik shaxslarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazuvchi organ bilan kelishilgan holda tayinlanadi.
Tugatuvchi tayinlangan paytdan boshlab yuridik shaxsning ishlarini boshqarish bo‘yicha vakolatlar tugatuvchiga o‘tadi. Tugatuvchi tugatilayotgan yuridik shaxs nomidan sudda ishtirok etadi.
55-modda. Yuridik shaxsni tugatish tartibi
Tugatuvchi yuridik shaxsning tugatilishi haqida ommaviy axborot vositalarida e’lon beradi. Yuridik shaxs bo‘lgan tadbirkorlik subyektini ixtiyoriy ravishda tugatish to‘g‘risidagi e’lon ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ tomonidan uning rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi.
Yuridik shaxsning tugatilishi haqidagi e’londa uning kreditorlari talablarini bildirish tartibi va muddatlari ko‘rsatiladi. Bu muddat tugatish to‘g‘risidagi e’lon chiqqan paytdan e’tiboran ikki oydan kam bo‘lmasligi kerak.
Tugatuvchi kreditorlarni aniqlash va debitorlik qarzini olish choralarini ko‘radi, shuningdek kreditorlarni yuridik shaxs tugatilishi haqida yozma ravishda xabardor qiladi.
Kreditorlar tomonidan talablarni qo‘yish uchun belgilangan muddat tamom bo‘lganidan keyin tugatuvchi oraliq tugatish balansini tuzadi, bu balans tugatilayotgan yuridik shaxs mol-mulkining tarkibi, kreditorlar qo‘ygan talablar ro‘yxati, shuningdek ularni qarab chiqish natijalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi.
Oraliq tugatish balansi yuridik shaxsni tugatish to‘g‘risida qaror qabul qilgan yuridik shaxs muassislari (ishtirokchilari) yoki organ tomonidan tasdiqlanadi. Yuridik shaxsni tugatish to‘g‘risidagi qaror sud tomonidan qabul qilingan taqdirda, oraliq tugatish balansi yuridik shaxslarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazuvchi organ bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.
Agar tugatilayotgan yuridik shaxs (muassasalardan tashqari) ixtiyoridagi pul mablag‘lari kreditorlarning talablarini qondirish uchun yetarli bo‘lmasa, tugatuvchi yuridik shaxsning mol-mulkini kimoshdi savdosi orqali sud qarorlarini ijro etish uchun belgilangan tartibda sotadi.
55-modda. Yuridik shaxsni tugatish tartibi (davomi)
Tugatilayotgan yuridik shaxs kreditorlariga pul summalarini to‘lash tugatuvchi tomonidan ushbu Kodeksning 56-moddasida belgilab qo‘yilgan navbat tartibida, oraliq tugatish balansiga muvofiq, u tasdiqlangan kundan boshlab amalga oshiriladi.
Kreditorlar bilan hisob-kitob qilish tugaganidan keyin tugatuvchi tugatish balansini tuzadi, uni yuridik shaxsni tugatish to‘g‘risida qaror qabul qilgan yuridik shaxs muassislari (ishtirokchilari) yoki organ tasdiqlaydi. Yuridik shaxsni tugatish to‘g‘risidagi qaror sud tomonidan qabul qilingan taqdirda, tugatish balansi yuridik shaxslarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazuvchi organ bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.
Tugatilayotgan muassasaning mablag‘lari kreditorlarning talablarini qondirish uchun yetarli bo‘lmasa, kreditorlar o‘z talablarining qolgan qismini ushbu muassasa mulkdori hisobidan qondirish to‘g‘risida sudga da’vo bilan murojaat qilish huquqiga egadir.
Yuridik shaxsning kreditorlar talablari qondirilganidan keyin qolgan mol-mulki uning shu mol-mulkka ashyoviy huquqlarga yoki ushbu yuridik shaxsga nisbatan majburiy huquqlarga ega bo‘lgan muassislariga (ishtirokchilariga), agar qonunchilikda o‘zgacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, topshiriladi.
Moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirmayotgan korxonalarni tugatish, shuningdek ularni muassislari yo‘qligida tugatish taomili va xususiyatlari qonunchilik bilan tartibga solinadi.
Yuridik shaxsning tugatilishi haqidagi yozuv yuridik shaxslarning yagona davlat reyestriga kiritib qo‘yilganidan so‘ng yuridik shaxsni tugatish tamomlangan, yuridik shaxsning faoliyati esa tugagan hisoblanadi.
56-modda. Kreditorlarning talablarini qanoatlantirish
Yuridik shaxs tugatilayotganida birinchi navbatda fuqarolarning mehnatga oid huquqiy munosabatlaridan kelib chiqadigan, alimentlarni undirishdan va mualliflik shartnomalari bo‘yicha mukofot to‘lash haqidagi talablari, shuningdek hayotiga yoki sog‘lig‘iga zarar yetkazganligi uchun tugatilayotgan yuridik shaxs javobgar bo‘lgan fuqarolarning talablari ham tegishli vaqtbay to‘lovlarni kapitallashtirish yo‘li bilan qanoatlantiriladi.
Boshqa kreditorlarning talablari qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda va shartlarda qanoatlantiriladi.
Bilimingizni sinang
Fuqarolik kodeksi (I qism) — 48-modda qaysi masalani tartibga soladi?
- Vakolatxonalar va filiallar
- Yuridik shaxsni qayta tashkil etish
- Yuridik shaxs qayta tashkil etilganida kreditorlar huquqlarining kafolatlari
- Yuridik shaxsning javobgarligi
To‘g‘ri javob: Yuridik shaxsning javobgarligi. 48-modda: Yuridik shaxsning javobgarligi.
Fuqarolik kodeksi (I qism): «Yuridik shaxsning javobgarligi» qaysi moddada belgilangan?
- 52-modda
- 48-modda
- 47-modda
- 49-modda
To‘g‘ri javob: 48-modda. 48-modda: Yuridik shaxsning javobgarligi.
Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, yuridik shaxs o‘z majburiyatlari bo‘yicha qanday mol-mulk bilan javob beradi?
- Faqat ustav kapitali bilan
- Faqat muassislarning shaxsiy mol-mulki bilan
- O‘ziga qarashli butun mol-mulk bilan
- Faqat pul mablag‘lari bilan
To‘g‘ri javob: O‘ziga qarashli butun mol-mulk bilan. 48-moddaning birinchi qismiga ko‘ra, yuridik shaxs o‘ziga qarashli butun mol-mulk bilan javob beradi.
Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, yuridik shaxsning muassisi (ishtirokchisi) umumiy qoidaga ko‘ra yuridik shaxsning majburiyatlari bo‘yicha qanday javob beradi?
- Javob bermaydi, kodeks yoki ta’sis hujjatlarida nazarda tutilgan hollar mustasno
- Shaxsiy mol-mulki bilan to‘liq javob beradi, kodeksda nazarda tutilgan istisnolarsiz
- Faqat mol-mulkining yarmi bilan javob beradi, kodeks hollaridan tashqari
- Doimo subsidiar javob beradi, ta’sis hujjatlarida nazarda tutilgan hollar mustasno
To‘g‘ri javob: Javob bermaydi, kodeks yoki ta’sis hujjatlarida nazarda tutilgan hollar mustasno. 48-moddaning uchinchi qismiga ko‘ra, muassis yuridik shaxsning majburiyatlari bo‘yicha javob bermaydi, istisnolar mustasno.
Kazus: «Baraka» MChJ kreditorlar oldida qarzdor bo‘lib qoldi. Kreditor muassis Anvarning shaxsiy uyidan qarzni undirmoqchi. Ta’sis hujjatlarida muassislar javobgarligi haqida hech narsa yozilmagan. Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, qanday xulosa to‘g‘ri?
- Anvar MChJ qarzi bo‘yicha o‘z mol-mulki, jumladan, shaxsiy uyi bilan ham javob beradi
- Anvar qarzning yarmi uchun javob beradi, undiruv uning shaxsiy uyiga qaratiladi
- Anvar faqat o‘z ulushi miqdorida javob beradi, undiruv uning uyiga ham qaratilishi mumkin
- Anvar MChJ majburiyatlari bo‘yicha javob bermaydi, undiruv MChJ mol-mulkiga qaratiladi
To‘g‘ri javob: Anvar MChJ majburiyatlari bo‘yicha javob bermaydi, undiruv MChJ mol-mulkiga qaratiladi. 48-moddaning uchinchi qismiga ko‘ra, istisno bo‘lmasa muassis yuridik shaxs majburiyatlari bo‘yicha javob bermaydi.
Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, qanday holatda yuridik shaxsning mol-mulki yetarli bo‘lmasa, muassis zimmasiga subsidiar javobgarlik yuklatilishi mumkin?
- To‘lovga qobiliyatsizlik muassis tomonidan yuridik shaxsning ustavini o‘zgartirishi tufayli yuzaga kelgan bo‘lsa, ko‘rsatma huquqi bo‘lmasa ham
- To‘lovga qobiliyatsizlik majburiy ko‘rsatma berish huquqiga ega muassisning g‘ayriqonuniy harakatlari tufayli yuzaga kelgan bo‘lsa
- Muassis yuridik shaxsdan dividend olgan bo‘lsa va shu sababli yuridik shaxsning mol-mulki yetishmay qolgan bo‘lsa
- Muassis yuridik shaxs boshqaruvida qatnashmagan bo‘lsa va to‘lovga qobiliyatsizlik shu sababli yuzaga kelgan bo‘lsa
To‘g‘ri javob: To‘lovga qobiliyatsizlik majburiy ko‘rsatma berish huquqiga ega muassisning g‘ayriqonuniy harakatlari tufayli yuzaga kelgan bo‘lsa. 48-moddaning to‘rtinchi qismiga ko‘ra, g‘ayriqonuniy harakatlar tufayli to‘lovga qobiliyatsizlik kelib chiqsa, subsidiar javobgarlik yuklatilishi mumkin.
Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, muassis yuridik shaxsga majburiy ko‘rsatmalar berish huquqiga qachon ega bo‘ladi?
- Doimo, muassis bo‘lgani uchun va qonun bo‘yicha
- Faqat sudning qarori bilan, ta’sis hujjatlariga qaramasdan
- Faqat davlat organi ruxsati bilan berilgan taqdirda
- Faqat ta’sis hujjatlarida nazarda tutilgan taqdirda
To‘g‘ri javob: Faqat ta’sis hujjatlarida nazarda tutilgan taqdirda. 48-moddaning davomiga ko‘ra, muassis faqat ta’sis hujjatlarida nazarda tutilgan taqdirdagina majburiy ko‘rsatma beradi.
Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, yuridik shaxsning to‘lovga qobiliyatsizligi muassis tomonidan vujudga keltirilgan deb qachon hisoblanadi?
- Muassis yuridik shaxsning rahbari bo‘lgan har qanday holatda, uning harakatlari qanday oqibatga olib kelishidan qat’i nazar hamda ko‘rsatma bergan bo‘lsa
- Muassis yuridik shaxsning muayyan harakati oqibatida to‘lovga qobiliyatsiz bo‘lishini oldindan bilib, huquqidan shu harakatni ko‘zlab foydalangan holdagina
- Yuridik shaxs bir yil davomida foyda ko‘rmagan har qanday holatda, muassisning ishtirokidan va uning harakatlaridan qat’i nazar hamda majburiyatlari ko‘paygan bo‘lsa
- Muassis o‘z ulushini sotgan har qanday holatda, yuridik shaxsning keyingi harakatlari oqibatlarini oldindan bilgan yoki bilmaganidan qat’i nazar
To‘g‘ri javob: Muassis yuridik shaxsning muayyan harakati oqibatida to‘lovga qobiliyatsiz bo‘lishini oldindan bilib, huquqidan shu harakatni ko‘zlab foydalangan holdagina. 48-moddaning davomiga ko‘ra, bu faqat oldindan bilib va ko‘zlab foydalangan holda hisoblanadi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash