XotirAI logotipiXotirAI
⚖️ Fuqarolik kodeksi (I qism) · 111–120-m.

Bitimlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish (2/3)

I Bo‘Lim

111-modda. Bitimlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish

Yer uchastkalari va boshqa ko‘chmas mol-mulk bilan bog‘liq bitimlar (boshqa shaxsga berish, ipoteka, uzoq muddatli ijara, merosni qabul qilib olish va boshqalar) davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi kerak.

Ko‘chmas mol-mulk xususida tuzilgan bitimlarni ro‘yxatdan o‘tkazish va tegishli reyestrlarni yuritish tartibi qonunchilik bilan belgilanadi.

Qonunchilikda muayyan turdagi ko‘char mol-mulk xususida tuziladigan bitimlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish belgilab qo‘yilishi mumkin.

112-modda. Bitimning notarial shakliga va uni ro‘yxatdan o‘tkazish talabiga rioya qilmaslikning oqibatlari

Bitimning notarial shakliga yoki uni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish talabiga rioya qilmaslik bitimning haqiqiy emasligini keltirib chiqaradi. Bunday bitim o‘z-o‘zidan haqiqiy bo‘lmaydi.

Agar taraflardan biri notarial tasdiqlash talab qilinadigan bitimni to‘la yoki qisman bajargan bo‘lsa, ikkinchi taraf esa — bitimni notarial rasmiylashtirishdan bosh tortsa, sud bitimni bajargan tarafning talabi bo‘yicha uni haqiqiy deb hisoblashga haqlidir. Bu holda bitimni keyinchalik notarial rasmiylashtirish talab qilinmaydi.

Agar davlat ro‘yxatidan o‘tkazish talab qilinadigan bitim kerakli shaklda tuzilgan bo‘lib, ammo taraflardan biri uni ro‘yxatdan o‘tkazishdan bosh tortsa, sud boshqa tarafning talabi bilan bitimni ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risida qaror chiqarishga haqli. Bunday holda bitim sud qaroriga muvofiq ro‘yxatdan o‘tkaziladi.

Ushbu moddaning ikkinchi va uchinchi qismlarida nazarda tutilgan hollarda bitimni notarial tasdiqlash yoki davlat ro‘yxatidan o‘tkazishdan asossiz bosh tortayotgan taraf bitimni tuzish kechiktirilganligi tufayli yetkazilgan zararni ikkinchi tarafga to‘lashi lozim.

2-§. Bitimlarning haqiqiy emasligi

113-modda. Nizoli va o‘z-o‘zidan haqiqiy bo‘lmagan bitimlar

Bitim ushbu Kodeksda va boshqa qonunlarda belgilab qo‘yilgan asoslarga ko‘ra, sud haqiqiy emas deb topganligi sababli (nizoli bitim) yoki bunday deb topilishidan qat’i nazar, haqiqiy emas deb hisoblanadi (o‘z-o‘zidan haqiqiy bo‘lmagan bitim).

Nizoli bitimni haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi talabni ushbu Kodeksda ko‘rsatilgan shaxslar qo‘yishlari mumkin.

O‘z-o‘zidan haqiqiy bo‘lmagan bitim haqiqiy emasligining oqibatlarini qo‘llanish to‘g‘risidagi talabni har qanday manfaatdor shaxs qo‘yishi mumkin. Sud bunday oqibatlarni o‘z tashabbusi bilan qo‘llashga haqli.

114-modda. Bitimlar haqiqiy emasligining oqibatlari to‘g‘risidagi umumiy qoidalar

Haqiqiy bo‘lmagan bitim uning haqiqiy emasligi bilan bog‘liq bo‘lgan oqibatlardan tashqari boshqa yuridik oqibatlarga olib kelmaydi va u tuzilgan paytidan boshlab haqiqiy emasdir.

Bitim haqiqiy bo‘lmaganida taraflarning har biri boshqasiga bitim bo‘yicha olgan hamma narsani qaytarib berishi, olingan narsani aslicha (shu jumladan olingan narsa mol-mulkdan foydalanish, bajarilgan ish yoki ko‘rsatilgan xizmat bilan ifodalanganda) qaytarib berish mumkin bo‘lmaganida esa, agar bitim haqiqiy emasligining boshqa oqibatlari qonunda nazarda tutilgan bo‘lmasa, uning qiymatini pul bilan to‘lashi shart.

Manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilgan holda tuzilgan bitim haqiqiy emas deb topilgan taqdirda, ushbu bitimni tuzish natijasida olingan foyda bitim bo‘yicha olingan hamma narsani qaytarib berish to‘g‘risida talab qo‘yilmagan holda, sud tartibida davlat daromadiga o‘tkaziladi. Bunday bitimni ijro etish bilan bog‘liq xarajatlarning o‘rni manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ygan shaxsning hisobidan qoplanadi.

Korrupsiyaga yo‘l qo‘yilgan holda tuzilgan bitim haqiqiy emas deb topilgan taqdirda, bunday bitimni tuzish natijasida jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararning o‘rni aybdor shaxslar tomonidan sud tartibida qoplanadi.

115-modda. Bitimning qonun talab qiladigan shakliga rioya etmaslik

Bitimning qonun talab qiladigan shakliga rioya etmaslik qonunda to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘rsatilgan holdagina uning haqiqiy emasligiga sabab bo‘ladi.

116-modda. Qonunchilikning talablariga muvofiq bo‘lmagan bitimning haqiqiy emasligi

Qonunchilikning talablariga muvofiq kelmaydigan mazmundagi bitim, shuningdek huquq-tartibot yoki axloq asoslariga atayin qarshi maqsadda tuzilgan bitim o‘z-o‘zidan haqiqiy emasdir. Bunday bitimga nisbatan ushbu Kodeks 114-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan qoidalar qo‘llaniladi.

Korrupsiyaga, shu jumladan manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilgan holda tuzilgan bitim sud tartibida haqiqiy emas deb topiladi.

117-modda. O‘n to‘rt yoshga to‘lmagan shaxs tomonidan tuzilgan bitimning haqiqiy emasligi

O‘n to‘rt yoshga to‘lmagan shaxs tomonidan tuzilgan bitim o‘z-o‘zidan haqiqiy emas, ushbu Kodeks 29-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan bitimlar bundan mustasno.

Bunday bitimdagi taraflarning har biri bitim bo‘yicha olgan hamma narsani ikkinchi tarafga qaytarib berishi, olingan narsani asl holida qaytarib berish mumkin bo‘lmaganida esa — uning qiymatini pul bilan to‘lashi shart. Bundan tashqari, muomalaga layoqatli taraf, agar ikkinchi tarafning muomalaga layoqatsizligini bilgan yoki bilishi lozim bo‘lgan bo‘lsa, ikkinchi tarafga u ko‘rgan haqiqiy zararni to‘lashi shart.

118-modda. O‘n to‘rt yoshdan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan voyaga yetmagan shaxs tomonidan tuzilgan bitimning haqiqiy emasligi

O‘n to‘rt yoshdan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan voyaga yetmagan shaxs tomonidan ushbu Kodeksning 27-moddasiga muvofiq uning ota-onasi, farzandlikka oluvchilari yoki homiysining roziligi talab qilinadigan hollarda ularning roziligisiz tuzilgan bitim ota-onasi, farzandlikka oluvchilari yoki homiysining da’vosi bo‘yicha sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin. Agar bunday bitim haqiqiy emas deb topilsa, ushbu Kodeks 117-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan qoidalar qo‘llaniladi.

Bu moddaning qoidalari ushbu Kodeks 22-moddasining ikkinchi qismi va 28-moddasida nazarda tutilgan hollarda to‘la muomala layoqatiga ega bo‘lgan voyaga yetmaganlarga nisbatan tadbiq etilmaydi.

119-modda. Muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqaro tomonidan tuzilgan bitimning haqiqiy emasligi

Ruhiy kasalligi yoki aqli zaifligi sababli muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqaro tomonidan tuzilgan bitim o‘z-o‘zidan haqiqiy emas. Bunday bitimga nisbatan ushbu Kodeks 117-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan qoidalar qo‘llaniladi.

120-modda. Muomala layoqati cheklangan fuqaro tomonidan tuzilgan bitimning haqiqiy emasligi

Spirtli ichimliklarni yoki giyohvand vositalarni suiiste’mol qilish oqibatida muomala layoqati cheklangan fuqaro tomonidan homiysining roziligisiz tuzilgan bitimni sud haqiqiy emas deb topishi mumkin. Agar bunday bitim haqiqiy emas deb topilsa, ushbu Kodeks 117-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan qoidalar qo‘llaniladi.

Bu moddaning qoidalari ushbu Kodeks 29-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq tuzilgan vaqtning o‘zidayoq bajariladigan mayda maishiy bitimlarga taalluqli bo‘lmaydi.

Bilimingizni sinang

Fuqarolik kodeksi (I qism) — 111-modda qaysi masalani tartibga soladi?
  1. Nizoli va o‘z-o‘zidan haqiqiy bo‘lmagan bitimlar
  2. Qonunchilikning talablariga muvofiq bo‘lmagan bitimning haqiqiy emasligi
  3. Bitimlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish
  4. Bitimlarni notarial tasdiqlash

To‘g‘ri javob: Bitimlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish. 111-modda: Bitimlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish.

Fuqarolik kodeksi (I qism): «Bitimlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish» qaysi moddada belgilangan?
  1. 111-modda
  2. 113-modda
  3. 116-modda
  4. 110-modda

To‘g‘ri javob: 111-modda. 111-modda: Bitimlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish.

Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, yer uchastkalari va boshqa ko‘chmas mol-mulk bilan bog‘liq bitimlar bilan nima qilinishi kerak?
  1. Faqat e’lon qilinishi kerak
  2. Davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi kerak
  3. Faqat soliq organiga xabar berilishi kerak
  4. Faqat guvohlar oldida tuzilishi kerak

To‘g‘ri javob: Davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi kerak. 111-modda birinchi qismi.

Quyidagi bitimlardan qaysi biri ko‘chmas mol-mulk bilan bog‘liq bo‘lib, davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi kerak?
  1. Tuzilgan zahoti bajariladigan maishiy bitim
  2. Pulni qarzga berish haqidagi og‘zaki kelishuv
  3. Kitob sotib olish haqidagi bitim
  4. Ipoteka va uzoq muddatli ijara

To‘g‘ri javob: Ipoteka va uzoq muddatli ijara. 111-modda: boshqa shaxsga berish, ipoteka, uzoq muddatli ijara, merosni qabul qilish.

Fuqarolik kodeksi (I qism) — 112-modda qaysi masalani tartibga soladi?
  1. Muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqaro tomonidan tuzilgan bitimning haqiqiy emasligi
  2. Bitimlarning shakli
  3. Bitimning og‘zaki shakli
  4. Bitimning notarial shakliga va uni ro‘yxatdan o‘tkazish talabiga rioya qilmaslikning oqibatlari

To‘g‘ri javob: Bitimning notarial shakliga va uni ro‘yxatdan o‘tkazish talabiga rioya qilmaslikning oqibatlari. 112-modda: Bitimning notarial shakliga va uni ro‘yxatdan o‘tkazish talabiga rioya qilmaslikning oqibatlari.

Fuqarolik kodeksi (I qism): «Bitimning notarial shakliga va uni ro‘yxatdan o‘tkazish talabiga rioya qilmaslikning oqibatlari» qaysi moddada belgilangan?
  1. 119-modda
  2. 106-modda
  3. 112-modda
  4. 105-modda

To‘g‘ri javob: 112-modda. 112-modda: Bitimning notarial shakliga va uni ro‘yxatdan o‘tkazish talabiga rioya qilmaslikning oqibatlari.

Bitimning notarial shakliga yoki uni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish talabiga rioya qilmaslik qanday oqibatga olib keladi?
  1. Bitimning haqiqiy emasligiga; bunday bitim o‘z-o‘zidan haqiqiy bo‘lmaydi
  2. Bitim haqiqiy bo‘lib qoladi; sud qarori bilan haqiqiy emas deb topilishi mumkin
  3. Bitimni qayta rasmiylashtirish majburiyatiga; bitim shu vaqtgacha to‘xtatiladi
  4. Taraflarning ma’muriy javobgarligiga; bunday bitim haqiqiy bo‘lib qolaveradi

To‘g‘ri javob: Bitimning haqiqiy emasligiga; bunday bitim o‘z-o‘zidan haqiqiy bo‘lmaydi. 112-modda birinchi qismi.

Taraflardan biri notarial tasdiq talab qilinadigan bitimni to‘la yoki qisman bajargan, ikkinchi taraf esa notarial rasmiylashtirishdan bosh tortsa, sud nima qilishga haqli?
  1. Bajarmagan tarafning talabi bo‘yicha bitimni haqiqiy emas deb topishga haqli; keyin taraflar rasmiylashtirishni qayta boshlashi shart
  2. Faqat ikkala tarafning kelishuvi bilan bitimni haqiqiy deb hisoblashga haqli; keyin notarial rasmiylashtirish baribir talab etiladi
  3. Bajargan tarafning talabi bo‘yicha bitimni haqiqiy deb hisoblashga haqli; keyin notarial rasmiylashtirish talab qilinmaydi
  4. Bitimni haqiqiy deb hisoblashga haqli emas, faqat bajarilgan qismini qaytarishga; notarial rasmiylashtirish esa majburiy qoladi

To‘g‘ri javob: Bajargan tarafning talabi bo‘yicha bitimni haqiqiy deb hisoblashga haqli; keyin notarial rasmiylashtirish talab qilinmaydi. 112-modda ikkinchi qismi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiBitimlar tushunchasi (1/3)Keyingi →O‘z harakatlarining ahamiyatini tushuna olmaydigan yoki ularni boshqar … (3/3)