Muomaladagi tovarlar garovi (4/6)
Iii Bo‘Lim
288-modda. Muomaladagi tovarlar garovi
Tovarlarni garovga qo‘yib, ularni garovga qo‘yuvchida qoldirish va ularning umumiy qiymati garov to‘g‘risidagi shartnomada ko‘rsatilganidan kamaymasligini shart qilib qo‘ygan holda garovga qo‘yuvchiga garovga qo‘yilgan mol-mulkning tarkibi va asl shaklini (tovar zaxiralari, xom ashyo, materiallar, yarim tayyor mahsulotlar, tayyor mahsulot va shu kabilar) o‘zgartirish huquqining berilishi muomaladagi tovarlar garovi hisoblanadi.
Garovga qo‘yilgan muomaladagi tovarlar qiymatining kamayishiga, agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, garov bilan ta’minlangan majburiyatning bajarilgan qismiga mos keladigan darajada yo‘l qo‘yiladi.
Garovga qo‘yuvchi tomonidan boshqa shaxslarga berilgan muomaladagi tovarlar egallovchining mulkiga yoki operativ boshqaruviga o‘tgan paytdan boshlab garov narsasi bo‘lmay qoladi, garovga qo‘yuvchi tomonidan olingan, garov to‘g‘risidagi shartnomada ko‘rsatilgan tovarlar esa — garovga qo‘yuvchida ularga nisbatan mulk huquqi vujudga kelgan paytdan e’tiboran garov narsasiga aylanadi.
Garovga qo‘yuvchi muomaladagi tovarlar garovi shartlarini buzgan taqdirda, garovga oluvchi garovga qo‘yilgan tovarlarga o‘z belgilari va muhrlarini (muhrlar mavjud bo‘lgan taqdirda) bosib, tartibni buzish bartaraf qilingunga qadar ular bilan amalga oshiriladigan operatsiyalarni to‘xtatib turishga haqli.
289-modda. Ashyolarning lombardda garovga qo‘yilishi
Fuqarolardan shaxsiy iste’molga mo‘ljallangan ko‘char mol-mulkni qisqa muddatli mikroqarzlarni ta’minlash uchun garovga qabul qilish ixtisoslashgan tashkilotlar — faoliyatini xabardor qilish tartibida amalga oshiradigan lombardlar tomonidan tadbirkorlik faoliyati sifatida amalga oshirilishi mumkin.
Lombardda ashyolarni garovga qo‘yish haqidagi shartnoma lombard tomonidan garov pattasi berish yo‘li bilan rasmiylashtiriladi.
Garovga qo‘yilayotgan ashyolar lombardga topshiriladi.
Lombard garovga qabul qilingan ashyolarni garovga qabul qilish paytida shunga o‘xshash va shunday sifatli ashyolarning narxlariga mos bahodagi to‘liq summasida o‘z hisobidan garovga qo‘yuvchi foydasiga sug‘urtalashi shart.
Lombard garovga qo‘yilgan ashyolardan foydalanishga va ularni tasarruf etishga haqli emas.
Lombard ashyolarning yo‘qolishi yoki shikastlanishi yengib bo‘lmas kuch oqibatida yuz berganligini isbotlay olmasa, garovga qo‘yilgan ashyolarning yo‘qolganligi yoki shikastlanganligi uchun javobgar bo‘ladi.
Basharti, lombardda ashyolar garovi bilan ta’minlangan kredit summasi belgilangan muddatda qaytarib berilmagan taqdirda, lombard notariusning ijro yozuvi asosida imtiyozli bir oylik muddat o‘tganidan keyin garovga qo‘yilgan mol-mulkni sotish uchun belgilab qo‘yilgan tartibda (ushbu Kodeksning 281-moddasi) ushbu mol-mulkni sotishga haqli. Shundan keyin hatto garovga qo‘yilgan mol-mulkni sotishdan tushgan summa talablarni to‘liq qanoatlantirish uchun yetarli bo‘lmasa ham, lombardning garovga qo‘yuvchiga (qarzdorga) talablari bekor bo‘ladi.
289-modda. Ashyolarning lombardda garovga qo‘yilishi (davomi)
Lombardlar tomonidan fuqarolarga ularning ashyolarini garovga olib kredit berish qoidalari qonunchilik bilan belgilanadi.
Lombardda ashyolarni garovga qo‘yish to‘g‘risidagi shartnomaning garovga qo‘yuvchining huquqlarini ushbu Kodeks yoki boshqa qonunlar bilan unga beriladigan huquqlarga qaraganda cheklab qo‘yadigan shartlari o‘z-o‘zidan haqiqiy emas.
3-§. Ushlab qolish
290-modda. Ushlab qolish asoslari
Qarzdorga yoki qarzdor ko‘rsatgan shaxsga topshirilishi lozim bo‘lgan ashyoni saqlayotgan kreditor ushbu ashyo haqini yoki u bilan bog‘liq chiqimlar va boshqa zararni kreditorga to‘lash majburiyatlari qarzdor tomonidan muddatida bajarilmagan taqdirda uni tegishli majburiyat bajarilgunga qadar ushlab qolishga haqli.
Garchi ashyoning haqini to‘lash yoki uning chiqimlarini va boshqa zararni to‘lash bilan bog‘liq bo‘lmasa-da, biroq taraflari tadbirkorlar sifatida ish ko‘rayotgan majburiyatdan kelib chiqqan talablar ham ashyoni ushlab qolish bilan ta’minlanishi mumkin.
Ashyo kreditor egaligiga o‘tganidan keyin unga bo‘lgan huquqlar uchinchi shaxs tomonidan olinganligiga qaramasdan, kreditor o‘z qo‘lidagi bu ashyoni ushlab qolishi mumkin.
Agar shartnomada boshqa tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, ushbu moddaning qoidalari qo‘llaniladi.
291-modda. Talablarni ushlab qolingan ashyo hisobidan qondirish
Ashyoni ushlab qolgan kreditorning talablari uning qiymatidan garov bilan ta’minlangan talablarni qondirish uchun nazarda tutilgan hajmda va tartibda qondiriladi.
4-§. Kafillik
292-modda. Kafillik shartnomasi
Kafillik shartnomasi bo‘yicha kafil boshqa shaxs o‘z majburiyatini to‘la yoki qisman bajarishi uchun uning kreditori oldida javob berishni o‘z zimmasiga oladi.
Kafillik shartnomasi kelgusida vujudga keladigan majburiyatni ta’minlash uchun ham tuzilishi mumkin.
Kafillik shartnomasi yozma shaklda tuzilishi kerak. Yozma shaklga rioya qilmaslik kafillik shartnomasining haqiqiy bo‘lmasligiga olib keladi.
293-modda. Kafilning javobgarligi
Qarzdor kafillik bilan ta’minlangan majburiyatni bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan taqdirda kafil va qarzdor kreditor oldida solidar javob beradilar, basharti qonunda yoki kafillik shartnomasida kafilning subsidiar javobgar bo‘lishi nazarda tutilgan bo‘lmasa.
Basharti, kafillik shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, kafil kreditor oldida qarzdor bilan baravar hajmda javob beradi, shu jumladan foizlar to‘laydi, qarzni undirib olish bo‘yicha sud chiqimlarini va qarzdor majburiyatini bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi tufayli kreditor ko‘rgan boshqa zararlarni to‘laydi.
Agar kafillik shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, birgalashib kafil bo‘lgan shaxslar kreditor oldida solidar javob beradilar.
294-modda. Kafilga nisbatan da’vo qo‘zg‘atilgan taqdirda uning huquq va burchlari
Kafil kreditorning talabiga qarshi qarzdor bildirishi mumkin bo‘lgan hamma e’tirozlarni qo‘yishga haqli. Hatto qarzdor o‘z e’tirozlaridan voz kechgan yoki o‘z majburiyatini tan olgan taqdirda ham kafil ushbu e’tirozlarga bo‘lgan huquqini yo‘qotmaydi.
Agar kafilga nisbatan da’vo qo‘zg‘atilgan bo‘lsa, u qarzdorni ishda ishtirok etish uchun jalb qilishi shart. Aks holda qarzdor kreditorga qarshi o‘zining barcha e’tirozlarini kafilning qarshi talabiga qarama-qarshi qo‘yish huquqiga ega.
295-modda. Majburiyatni bajargan kafilning huquqlari
Majburiyatni bajargan kafilga kreditorning ushbu majburiyat bo‘yicha huquqlari hamda garovga oluvchi sifatida kreditorga tegishli bo‘lgan huquqlar kafil kreditorning talabini qancha hajmda qanoatlantirgan bo‘lsa, shuncha hajmda o‘tadi. Kafil kreditorga to‘langan summaga foizlar to‘lashni va qarzdor uchun javobgarlik munosabati bilan ko‘rgan boshqa zararini to‘lashni qarzdordan talab qilishga haqli.
Kafil majburiyatni bajarganidan keyin kreditor qarzdorga bo‘lgan talabni tasdiqlovchi hujjatlarni kafilga topshirishi va bu talabni ta’minlaydigan huquqlarni berishi shart.
Ushbu moddada belgilangan qoidalar agar qonunda yoki kafilning qarzdor bilan shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, qo‘llaniladi.
296-modda. Qarzdor majburiyatini bajarganligi haqida kafilni xabardor qilish
Kafillik bilan ta’minlangan majburiyatni bajargan qarzdor bu haqda kafilni darhol xabardor qilishi shart. Aks holda o‘z navbatida majburiyatni bajargan kafil asossiz olinganni kreditordan undirib olishga yoki qarzdorga regress talab qo‘yishga haqli. Regress talab qo‘yilgan taqdirda qarzdor asossiz olingannigina kreditordan undirib olishga haqli.
297-modda. Kafilning xizmatlariga haq to‘lash
Agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, kafil qarzdorga ko‘rsatgan xizmatlari uchun haq olish huquqiga ega.
Bilimingizni sinang
Fuqarolik kodeksi (I qism) — 288-modda qaysi masalani tartibga soladi?
- Ashyolarning lombardda garovga qo‘yilishi
- Garovga qo‘yilgan mol-mulkni majburiy ravishda olib qo‘yishning oqibatlari
- Muomaladagi tovarlar garovi
- Talablarni ushlab qolingan ashyo hisobidan qondirish
To‘g‘ri javob: Muomaladagi tovarlar garovi. 288-modda: Muomaladagi tovarlar garovi.
Fuqarolik kodeksi (I qism): «Muomaladagi tovarlar garovi» qaysi moddada belgilangan?
- 288-modda
- 291-modda
- 285-modda
- 289-modda
To‘g‘ri javob: 288-modda. 288-modda: Muomaladagi tovarlar garovi.
Fuqarolik kodeksiga ko‘ra muomaladagi tovarlar garovi nima?
- Tovarlarni garovga qo‘yib, garovga qo‘yuvchida qoldirish va ularning umumiy qiymati kamaymasligini shart qilib, tovarlar tarkibi va asl shaklini o‘zgartirish huquqini berish
- Tovarlarni garovga qo‘yib, garovga oluvchiga topshirish va ularning umumiy qiymati kamaymasligini shart qilib, tovarlar tarkibi va asl shaklini o‘zgartirishni taqiqlash
- Tovarlarni garovga qo‘yib, garovga qo‘yuvchida qoldirish va ularning umumiy qiymati kamayishi mumkinligini shart qilib, tovarlarni tarkibini erkin o‘zgartirish huquqini berish
- Tovarlarni garovga qo‘yib, garovga qo‘yuvchida qoldirish, tovarlarni sotish va tarkibini o‘zgartirishni butunlay taqiqlash, ularning umumiy qiymatidan qat’i nazar
To‘g‘ri javob: Tovarlarni garovga qo‘yib, garovga qo‘yuvchida qoldirish va ularning umumiy qiymati kamaymasligini shart qilib, tovarlar tarkibi va asl shaklini o‘zgartirish huquqini berish. 288-moddaga ko‘ra bunday shartli, tarkibni o‘zgartirish huquqi berilgan garov muomaladagi tovarlar garovi hisoblanadi.
Garovga qo‘yilgan muomaladagi tovarlar qiymatining kamayishiga, shartnomada boshqacha tartib bo‘lmasa, qanday darajada yo‘l qo‘yiladi?
- Garov bilan ta’minlangan majburiyatning to‘liq bajarilishidan keyingina, har qanday darajada
- Garov bilan ta’minlangan majburiyatning bajarilgan qismiga mos keladigan darajada
- Garov bilan ta’minlangan majburiyatning bajarilmagan qismiga mos keladigan darajada
- Hech qanday darajada yo‘l qo‘yilmaydi, majburiyat bajarilganidan qat’i nazar
To‘g‘ri javob: Garov bilan ta’minlangan majburiyatning bajarilgan qismiga mos keladigan darajada. 288-moddaga ko‘ra kamayish majburiyatning bajarilgan qismiga mos darajada mumkin.
Garovga qo‘yuvchi «Orzu» MCHJ muomaladagi tovarlar garovi doirasidagi tovarni Davronga sotdi va tovar Davronning mulkiga o‘tdi. Tovarning garovdagi holati haqida qaysi xulosa to‘g‘ri?
- Davronning mulkiga o‘tgan paytdan boshlab tovar garov narsasi bo‘lib qolaveradi
- Tovar garovdan sudning ruxsati bilan chiqqandan keyingina garov narsasi bo‘lmay qoladi
- Davronning mulkiga o‘tgan paytdan boshlab tovar garov narsasi bo‘lmay qoladi
- Davron tovar haqini to‘lagan paytdan boshlab tovar garov narsasi bo‘lmay qoladi
To‘g‘ri javob: Davronning mulkiga o‘tgan paytdan boshlab tovar garov narsasi bo‘lmay qoladi. 288-moddaga ko‘ra bunday tovar egallovchining mulkiga o‘tgan paytdan garov narsasi bo‘lmay qoladi.
Garovga qo‘yuvchi muomaladagi tovarlar garovi shartlarini buzdi. Garovga oluvchi nima qilishga haqli?
- Tovarlarni garovga qo‘yuvchidan olib qo‘yib, o‘z omborida tartibni buzish bartaraf qilingunga qadar saqlashga
- O‘z belgilari va muhrlarini bosib, tovarlar bilan operatsiyalarni sud ruxsatisiz butunlay to‘xtatib, garovni bekor qilishga
- Tovarlarni darhol sotib yuborib, tushumdan tartibni buzish bartaraf qilingunga qadar talabini qondirishga
- O‘z belgilari va muhrlarini bosib, tartibni buzish bartaraf qilingunga qadar tovarlar bilan operatsiyalarni to‘xtatib turishga
To‘g‘ri javob: O‘z belgilari va muhrlarini bosib, tartibni buzish bartaraf qilingunga qadar tovarlar bilan operatsiyalarni to‘xtatib turishga. 288-moddaga ko‘ra garovga oluvchi belgi va muhr bosib, operatsiyalarni to‘xtatib turishga haqli.
Lombardda ashyolar garovi bilan ta’minlangan kredit muddatida qaytarilmasa, lombard notariusning ijro yozuvi asosida qanday imtiyozli muddat o‘tgach mol-mulkni sotishga haqli?
- olti oylik
- uch oylik
- bir oylik
- o‘n kunlik
To‘g‘ri javob: bir oylik. Lombard notariusning ijro yozuvi asosida imtiyozli bir oylik muddat o‘tgach, garovga qo‘yilgan mol-mulkni sotishga haqli.
Fuqarolik kodeksi (I qism) — 289-modda qaysi masalani tartibga soladi?
- Garovning bekor bo‘lishi
- Ashyolarning lombardda garovga qo‘yilishi
- Garovga qo‘yilgan mol-mulkka bo‘lgan huquq boshqa shaxsga o‘tganida garovning saqlanishi
- Garov bilan ta’minlangan majburiyat bo‘yicha qarzni boshqa shaxsga o‘tkazish
To‘g‘ri javob: Ashyolarning lombardda garovga qo‘yilishi. 289-modda: Ashyolarning lombardda garovga qo‘yilishi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash