Shartnoma tuzish to‘g‘risidagi asosiy qoidalar (1/2)
Iii Bo‘Lim
364-modda. Shartnoma tuzish to‘g‘risidagi asosiy qoidalar
Agar taraflar o‘rtasida shartnomaning barcha muhim shartlari yuzasidan shunday hollarda talab qilinadigan shaklda kelishuvga erishilgan bo‘lsa, shartnoma tuzilgan hisoblanadi.
Shartnomaning narsasi to‘g‘risidagi shartlar, qonunchilikda bunday turdagi shartnomalar uchun muhim yoki zarur deb hisoblangan shartlar, shuningdek taraflardan birining arizasiga ko‘ra kelishib olinishi zarur bo‘lgan hamma shartlar muhim shartlar hisoblanadi.
Shartnoma taraflardan birining oferta (shartnoma tuzish haqida taklif) yo‘llashi va ikkinchi taraf uni akseptlashi (taklifni qabul qilishi) yo‘li bilan tuziladi.
365-modda. Shartnomaning tuzilish payti
Oferta yo‘llagan shaxs uning akseptini olgan paytda shartnoma tuzilgan hisoblanadi.
Agar qonunga muvofiq shartnoma tuzish uchun mol-mulkni topshirish ham zarur bo‘lsa, shartnoma tegishli mol-mulk topshirilgan paytdan boshlab tuzilgan hisoblanadi (ushbu Kodeksning 185-moddasi).
366-modda. Shartnomaning shakli
Agar qonunda muayyan turdagi shartnomalar uchun ma’lum bir shakl belgilab qo‘yilgan bo‘lmasa, shartnoma bitimlar tuzish uchun nazarda tutilgan har qanday shaklda tuzilishi mumkin.
Notarial tasdiqlanishi yoki davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi shart bo‘lgan shartnoma notarial tasdiqlangan yoki ro‘yxatdan o‘tkazilgan paytdan e’tiboran, notarial tasdiqlanishi va ro‘yxatdan o‘tkazilishi zarur bo‘lganda esa — shartnoma ro‘yxatdan o‘tkazilgan paytdan e’tiboran shartnoma tuzilgan hisoblanadi.
Agar taraflar shartnomani muayyan shaklda tuzishga kelishgan bo‘lsalar, garchi qonunda bu turdagi shartnomalar uchun bunday shakl talab qilingan bo‘lmasa-da, shartnoma belgilangan shaklga keltirilganidan keyin tuzilgan hisoblanadi.
Yozma shartnoma taraflar imzolagan bitta hujjatni tuzish yo‘li bilan, shuningdek pochta, telegraf, teletayp, telefon, elektron aloqa yoki hujjat shartnomadagi tarafdan chiqqanligini ishonchli suratda aniqlash imkonini beradigan boshqa aloqa yordamida hujjatlar almashish yo‘li bilan tuzilishi mumkin.
Agar shartnoma tuzish haqidagi yozma taklif ushbu Kodeks 370-moddasining to‘rtinchi qismida nazarda tutilgan tartibda olingan bo‘lsa, shartnomaning yozma shakliga rioya qilingan hisoblanadi.
367-modda. Oferta
Bir yoki bir necha muayyan shaxsga yuborilgan, yetarli darajada aniq bo‘lgan va taklifni kiritgan shaxsning o‘zini taklif yo‘llangan va uni qabul qiladigan shaxs bilan shartnoma tuzgan deb hisoblash niyatini ifoda etadigan taklif oferta hisoblanadi.
Ofertada shartnomaning muhim shartlari ifoda qilingan bo‘lishi kerak.
Oferta uni yo‘llagan shaxsni oferta yo‘llangan shaxs bilan u ofertani olgan paytdan boshlab bog‘laydi.
Agar ofertani chaqirib olish to‘g‘risidagi bildirish ofertaning o‘zidan oldin yoki u bilan bir vaqtda kelgan bo‘lsa, oferta olinmagan hisoblanadi.
368-modda. Ofertaning chaqirib olinmasligi
Qabul qiluvchi taraf olgan oferta uni akseptlash uchun belgilab qo‘yilgan muddat mobaynida chaqirib olinishi mumkin emas, basharti boshqacha tartib ofertaning o‘zida shart qilib qo‘yilgan bo‘lmasa yoki taklifning mohiyatidan yoxud u yo‘llangan paytdagi vaziyatdan anglashilmasa.
369-modda. Ofertaga taklif etish. Ommaviy oferta
Nomuayyan shaxslar doirasiga yo‘llangan reklama va boshqa takliflar, agar taklifda boshqacha hol to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘rsatilgan bo‘lmasa, ofertaga taklif etish deb qaraladi.
Shartnomaning barcha asosiy shartlarini o‘z ichiga olgan, taklif kiritayotgan shaxsning javob qaytargan har qanday shaxs bilan taklifda ko‘rsatilgan shartlar asosida shartnoma tuzishga bo‘lgan xohish-irodasi bilinib turgan taklif oferta (ommaviy oferta) hisoblanadi.
370-modda. Aksept
Oferta yuborilgan shaxsning uni qabul qilganligi haqidagi javobi aksept hisoblanadi.
Aksept to‘liq va pisandasiz bo‘lishi kerak.
Agar qonundan, ish muomalasi odatidan yoki taraflarning ish bo‘yicha avvalgi munosabatlaridan boshqacha ma’no kelib chiqmasa, sukut saqlash aksept bo‘lmaydi.
Ofertani akseptlash uchun belgilangan muddatda olgan shaxsning unda ko‘rsatilgan shartnoma shartlarini bajarish yuzasidan qilgan harakatlari (tovarlarni jo‘natish, xizmatlar ko‘rsatish, ishlar bajarish, tegishli summani to‘lash va h. k.), agar qonunchilikda yoki ofertada boshqacha tartib nazarda tutilmagan yoki ko‘rsatilmagan bo‘lsa, aksept hisoblanadi.
371-modda. Akseptni chaqirib olish
Agar akseptni chaqirib olish haqidagi bildirish oferta yuborgan shaxsga akseptdan oldinroq yoki u bilan bir vaqtda yetib kelgan bo‘lsa, aksept olinmagan hisoblanadi.
372-modda. Aksept muddati ko‘rsatilgan oferta asosida shartnoma tuzish
Ofertada aksept muddati ko‘rsatilgan bo‘lsa, aksept oferta yo‘llagan shaxs tomonidan unda ko‘rsatilgan muddat mobaynida olinsa, shartnoma tuzilgan hisoblanadi.
Bilimingizni sinang
Fuqarolik kodeksi (I qism) — 364-modda qaysi masalani tartibga soladi?
- Shartnomaning shakli
- Shartnoma tuzish to‘g‘risidagi asosiy qoidalar
- Shartnomani sharhlash
- Qo‘shilish shartnomasi
To‘g‘ri javob: Shartnoma tuzish to‘g‘risidagi asosiy qoidalar. 364-modda: Shartnoma tuzish to‘g‘risidagi asosiy qoidalar.
Fuqarolik kodeksi (I qism): «Shartnoma tuzish to‘g‘risidagi asosiy qoidalar» qaysi moddada belgilangan?
- 363-modda
- 364-modda
- 366-modda
- 360-modda
To‘g‘ri javob: 364-modda. 364-modda: Shartnoma tuzish to‘g‘risidagi asosiy qoidalar.
Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, shartnoma qanday holatda tuzilgan hisoblanadi?
- Taraflar o‘rtasida barcha muhim shartlar yuzasidan talab qilinadigan shaklda kelishuvga erishilganda
- Taraflardan biri shartnoma loyihasini tayyorlab, ikkinchi tarafga yuborganida, shaklidan qat’i nazar
- Taraflar o‘rtasida faqat narx yuzasidan og‘zaki kelishuvga erishilib, boshqa shartlar qoldirilganda
- Taraflar o‘rtasida kelishuvga erishilib, davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgandan keyingina, shartlardan qat’i nazar
To‘g‘ri javob: Taraflar o‘rtasida barcha muhim shartlar yuzasidan talab qilinadigan shaklda kelishuvga erishilganda. Barcha muhim shartlar bo‘yicha talab qilinadigan shaklda kelishuvga erishilsa, shartnoma tuzilgan hisoblanadi (364-modda).
Quyidagilardan qaysi biri shartnomaning muhim sharti hisoblanadi?
- Shartnoma tuzilgan kun haftaning qaysi kuniga to‘g‘ri kelishi
- Shartnoma matnini bosib chiqargan tashkilot nomi
- Shartnomaning nusxalari soni
- Shartnomaning narsasi to‘g‘risidagi shartlar
To‘g‘ri javob: Shartnomaning narsasi to‘g‘risidagi shartlar. Shartnomaning narsasi haqidagi shartlar, qonunda muhim deb hisoblangan shartlar va taraf arizasiga ko‘ra zarur shartlar muhim hisoblanadi (364-modda).
Fuqarolik kodeksi (I qism) — 365-modda qaysi masalani tartibga soladi?
- Shartnomaning amal qilishi
- Ofertaning chaqirib olinmasligi
- Ofertaga taklif etish. Ommaviy oferta
- Shartnomaning tuzilish payti
To‘g‘ri javob: Shartnomaning tuzilish payti. 365-modda: Shartnomaning tuzilish payti.
Fuqarolik kodeksi (I qism): «Shartnomaning tuzilish payti» qaysi moddada belgilangan?
- 368-modda
- 365-modda
- 357-modda
- 369-modda
To‘g‘ri javob: 365-modda. 365-modda: Shartnomaning tuzilish payti.
«Orzu» MChJ «Mehr» firmasiga tovar yetkazish haqida oferta yubordi, «Mehr» uni akseptladi. Shartnoma qonunga ko‘ra tuzilishi uchun mol-mulkni topshirish ham zarur. Shartnoma qachondan tuzilgan hisoblanadi?
- Oferta yuborilgan paytdan boshlab
- Aksept yuborilgan paytdan boshlab
- Tegishli mol-mulk topshirilgan paytdan boshlab
- Shartnoma sudda ko‘rilgan paytdan boshlab
To‘g‘ri javob: Tegishli mol-mulk topshirilgan paytdan boshlab. Qonunga ko‘ra shartnoma tuzish uchun mol-mulkni topshirish zarur bo‘lsa, shartnoma mol-mulk topshirilgan paytdan tuzilgan hisoblanadi (365-modda).
Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, oddiy holatda shartnoma qaysi paytda tuzilgan hisoblanadi?
- Akseptni yo‘llagan shaxs uni jo‘natib yuborgan paytda
- Oferta yo‘llagan shaxs uning akseptini olgan paytda
- Oferta yo‘llangan kundan keyingi uchinchi kunda
- Taraflar notarius oldida kelishuvni tasdiqlagan paytda
To‘g‘ri javob: Oferta yo‘llagan shaxs uning akseptini olgan paytda. Oferta yo‘llagan shaxs akseptni olgan paytda shartnoma tuzilgan hisoblanadi (365-modda).
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash