XotirAI logotipiXotirAI
⚖️ Fuqarolik kodeksi (I qism) · 373–381-m.

Aksept muddati ko‘rsatilmagan oferta asosida shartnoma tuzish (2/2)

Iii Bo‘Lim

373-modda. Aksept muddati ko‘rsatilmagan oferta asosida shartnoma tuzish

Yozma ofertada aksept muddati ko‘rsatilmagan aksept oferta yo‘llagan shaxs tomonidan qonunchilikda belgilab qo‘yilgan muddatlarda, agar bunday muddat belgilab qo‘yilgan bo‘lmasa — buning uchun normal zarur bo‘lgan vaqt mobaynida olinsa, shartnoma tuzilgan hisoblanadi.

Oferta aksept uchun muddat ko‘rsatmasdan og‘zaki tarzda qilinganida boshqa taraf uni akseptlaganini darhol aytgan bo‘lsa, shartnoma tuzilgan hisoblanadi.

374-modda. Kechikib olingan aksept

Aksept to‘g‘risida o‘z vaqtida yo‘llangan bildirish kechikib olingan hollarda oferta yo‘llagan taraf boshqa tarafga aksept kechikib olinganini darhol bildirib qo‘ymasa, aksept kechikkan hisoblanmaydi.

Agar oferta yo‘llagan taraf boshqa tarafga uning kechikib olingan akseptini qabul qilganini darhol ma’lum qilsa, shartnoma tuzilgan hisoblanadi.

375-modda. Boshqa shartlar asosidagi aksept

Ofertada taklif qilinganidan boshqacha shartlar asosida shartnoma tuzishga rozilik bildirish haqidagi javob aksept hisoblanmaydi. Bunday javob akseptdan bosh tortish va ayni vaqtda yangi oferta hisoblanadi.

376-modda. Shartnomaning tuzilgan joyi

Agar shartnomada uning tuzilgan joyi ko‘rsatilgan bo‘lmasa, shartnoma oferta yo‘llagan fuqaroning yashash joyida yoki yuridik shaxsning joylashgan yerida tuzilgan hisoblanadi.

377-modda. Majburiy tartibda shartnoma tuzish

Ushbu Kodeksga yoki boshqa qonunlarga muvofiq oferta (shartnoma loyihasi) yo‘llangan taraf uchun shartnoma tuzish majburiy bo‘lgan hollarda bu taraf oferta olingan kundan boshlab o‘ttiz kun mobaynida boshqa tarafga aksept to‘g‘risida yoki akseptdan bosh tortishi to‘g‘risida yoxud ofertani boshqa shartlarda akseptlashi to‘g‘risida (shartnoma loyihasiga kelishmovchiliklar bayonnomasi) bildirish yo‘llashi kerak.

Oferta yo‘llagan hamda shartnoma tuzishi majburiy bo‘lgan tarafdan ofertani boshqa shartlarda akseptlash to‘g‘risida bildirish (shartnoma loyihasiga kelishmovchiliklar bayonnomasi) olgan taraf bunday bildirish olingan yoki aksept uchun muddat tugagan kundan boshlab o‘ttiz kun mobaynida shartnoma tuzish chog‘ida yuz bergan kelishmovchiliklarni ko‘rib chiqish uchun sudga topshirishga haqli.

Ushbu Kodeksga yoki boshqa qonunlarga muvofiq shartnoma tuzish oferta (shartnoma loyihasi) yo‘llagan taraf uchun majburiy bo‘lgan va unga o‘ttiz kun mobaynida shartnoma loyihasiga kelishmovchiliklar bayonnomasi yuboriladigan hollarda bu taraf kelishmovchiliklar bayonnomasini olgan kundan boshlab o‘ttiz kun mobaynida boshqa tarafga shartnomani uning tahririda qabul qilishini yoki kelishmovchiliklar bayonnomasini rad etishini bildirishi shart.

Kelishmovchiliklar bayonnomasi rad etilganida yoki uni ko‘rib chiqish natijalari to‘g‘risidagi bildirish ko‘rsatilgan muddatda olinmaganida kelishmovchiliklar bayonnomasini yo‘llagan taraf shartnoma tuzish chog‘ida yuz bergan kelishmovchiliklarni ko‘rib chiqish uchun sudga topshirishga haqli.

377-modda. Majburiy tartibda shartnoma tuzish (davomi)

Ushbu moddaning birinchi, ikkinchi, uchinchi va to‘rtinchi qismlarida nazarda tutilgan muddatlar to‘g‘risidagi qoidalar, agar qonunchilikda boshqa muddatlar belgilangan bo‘lmasa yoki taraflar ularni kelishib olgan bo‘lmasalar, qo‘llaniladi.

Agar ushbu Kodeksga yoki boshqa qonunlarga muvofiq shartnoma tuzishi majburiy bo‘lgan taraf uni tuzishdan bosh tortsa, ikkinchi taraf uni shartnoma tuzishga majbur qilish talabi bilan sudga murojaat qilishga haqli.

Shartnoma tuzishdan asossiz bo‘yin tovlayotgan taraf shu tufayli yetkazilgan zararlarni boshqa tarafga to‘lashi kerak.

378-modda. Shartnoma oldidan bo‘ladigan nizolar

Shartnoma tuzish chog‘ida yuz bergan kelishmovchiliklar ushbu Kodeksning 377-moddasiga muvofiq qarab chiqish uchun sudga berilgan hollarda shartnomaning taraflar o‘rtasida kelishmovchiliklar chiqishiga sabab bo‘lgan shartlari sud qaroriga muvofiq belgilanadi.

379-modda. Kimoshdi savdosida shartnoma tuzish

Agar shartnomaning mazmunidan boshqacha tartib anglashilmasa, u kim oshdi savdosini o‘tkazish yo‘li bilan tuzilishi mumkin. Shartnoma kimoshdi savdosida g‘olib chiqqan shaxs bilan tuziladi.

Ashyoning mulkdori yoki mulkiy huquq egasi yoxud ixtisoslashgan tashkilot kimoshdi savdosining tashkilotchisi bo‘lishi mumkin. Ixtisoslashgan tashkilot ashyoning mulkdori yoki mulkiy huquq egasi bilan shartnoma tuzish asosida ish olib boradi va ular nomidan yoki o‘z nomidan harakat qiladi.

Ushbu Kodeksda yoki boshqa qonunda ko‘rsatilgan hollarda ashyoni yoki mulkiy huquqni sotish to‘g‘risidagi shartnomalar faqat kimoshdi savdosi o‘tkazish yo‘li bilan tuzilishi mumkin.

Kimoshdi savdosi auksion yoki tanlov shaklida o‘tkaziladi.

Kimoshdi savdosining shakli, agar qonunda boshqacha tartib belgilangan bo‘lmasa, sotiladigan ashyoning mulkdori yoki sotiladigan mulkiy huquqning egasi tomonidan belgilanadi.

Faqat bitta ishtirokchi qatnashgan auksion va tanlov o‘tkazilmagan hisoblanadi.

Ushbu Kodeksning 380 va 381-moddalarida nazarda tutilgan qoidalar, agar qonunchilikda boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, sud qarorini ijro etish tartibida o‘tkaziladigan kimoshdi savdosiga nisbatan ham qo‘llaniladi.

380-modda. Kimoshdi savdosini tashkil etish va uni o‘tkazish tartibi

Auksionlar va tanlovlar ochiq va yopiq bo‘lishi mumkin. Ochiq auksionda va ochiq tanlovda xohlagan shaxs qatnashishi mumkin. Yopiq auksion va yopiq tanlovda shu maqsad uchun maxsus taklif etilgan shaxslargina qatnashadilar.

Agar qonunda boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, tashkilotchi kimoshdi savdosi o‘tkazilishi to‘g‘risida kamida o‘ttiz kun oldin xabar qilishi kerak. Xabarda, har qanday holda ham, kimoshdi savdosining vaqti, joyi va shakli, kimoshdi savdosiga nima qo‘yilayotgani va uni o‘tkazish tartibi, shu jumladan kim oshdi savdosida qatnashishni rasmiylashtirish to‘g‘risidagi, shuningdek boshlang‘ich narx to‘g‘risidagi ma’lumotlar bo‘lishi kerak.

Agar kimoshdi savdosiga faqat shartnoma tuzish huquqi qo‘yilayotgan bo‘lsa, bo‘lajak kimoshdi savdosi to‘g‘risidagi xabarda bunga beriladigan muddat ko‘rsatilishi kerak.

Agar qonunda yoki kimoshdi savdosi o‘tkazilishi haqidagi xabarda boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, xabar bergan kimoshdi savdosining tashkilotchisi auksion o‘tkazishdan xohlagan vaqtida, lekin u o‘tkaziladigan kundan kamida uch kun oldin, tanlov o‘tkazishdan esa — tanlov o‘tkaziladigan kundan kamida o‘ttiz kun oldin bosh tortishga haqli.

Kimoshdi savdosining tashkilotchisi uni o‘tkazishdan mazkur muddatlarni buzib bosh tortgan hollarda ishtirokchilarning ko‘rgan haqiqiy zararlarini to‘lashi shart.

Yopiq auksion yoki yopiq tanlov tashkilotchisi xabar yuborilganidan keyin aynan qancha muddatda kimoshdi savdosidan bosh tortganligidan qat’i nazar, o‘zi taklif etgan ishtirokchilarning real zararini to‘lashi shart.

380-modda. Kimoshdi savdosini tashkil etish va uni o‘tkazish tartibi (davomi)

Kimoshdi savdosining qatnashchilari kimoshdi savdosi o‘tkazilishi to‘g‘risidagi xabarda ko‘rsatilgan miqdorda, muddatlarda va tartibda zakalat puli to‘laydilar. Agar kimoshdi savdosi o‘tkazilmasa, zakalat qaytarib berilishi kerak. Zakalat kimoshdi savdosida qatnashgan, lekin unda g‘olib chiqmagan shaxslarga ham qaytarib beriladi.

Kimoshdi savdosida g‘olib chiqqan shaxs bilan shartnoma tuzishda u to‘lagan zakalat summasi tuzilgan shartnoma bo‘yicha majburiyatlarni bajarishda hisobga olinadi.

Kimoshdi savdosida g‘olib chiqqan shaxs va kimoshdi savdosining tashkilotchisi auksion yoki tanlov o‘tkazilgan kuni kim oshdi savdosining natijalari to‘g‘risida bayonnoma imzolaydilar, bu bayonnoma shartnoma kuchiga ega bo‘ladi. Kimoshdi savdosida g‘olib chiqqan shaxs bayonnomani imzolashdan bosh tortsa, to‘lagan zakalatidan mahrum bo‘ladi. Bayonnomani imzolashdan bosh tortgan kimoshdi savdosining tashkilotchisi zakalatni ikki hissa qilib qaytarishi, shuningdek kimoshdi savdosida g‘olib chiqqan shaxsga kimoshdi savdosida qatnashish tufayli o‘ziga yetkazilgan zararning zakalat pulidan ortiq bo‘lgan qismini to‘lashi shart.

Agar kimoshdi savdosiga faqat shartnoma tuzish huquqi qo‘yilgan bo‘lsa, bunday shartnomani taraflar kimoshdi savdosi tamom bo‘lganidan hamda bayonnoma rasmiylashtirilganidan keyin kechi bilan yigirma kunda yoki xabarda e’lon qilingan boshqa muddatda imzolashlari kerak. Ulardan biri shartnoma tuzishdan bosh tortgan taqdirda, ikkinchi taraf sudga murojaat qilib, shartnoma tuzishga majbur etishni, shuningdek uni tuzishdan bosh tortish natijasida yetkazilgan zararni to‘lashni talab qilishga haqli.

381-modda. Kimoshdi savdosini o‘tkazish qoidalarini buzish oqibatlari

Qonunda belgilangan qoidalar buzib o‘tkazilgan kimoshdi savdosi manfaatdor shaxs talabi bilan sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin.

Kimoshdi savdosini haqiqiy emas deb topish kimoshdi savdosida g‘olib chiqqan shaxs bilan tuzilgan shartnomaning haqiqiy emasligiga sababchi bo‘ladi.

Bilimingizni sinang

Fuqarolik kodeksi (I qism) — 373-modda qaysi masalani tartibga soladi?
  1. Aksept muddati ko‘rsatilmagan oferta asosida shartnoma tuzish
  2. Kimoshdi savdosida shartnoma tuzish
  3. Kechikib olingan aksept
  4. Akseptni chaqirib olish

To‘g‘ri javob: Aksept muddati ko‘rsatilmagan oferta asosida shartnoma tuzish. 373-modda: Aksept muddati ko‘rsatilmagan oferta asosida shartnoma tuzish.

Fuqarolik kodeksi (I qism): «Aksept muddati ko‘rsatilmagan oferta asosida shartnoma tuzish» qaysi moddada belgilangan?
  1. 373-modda
  2. 371-modda
  3. 374-modda
  4. 379-modda

To‘g‘ri javob: 373-modda. 373-modda: Aksept muddati ko‘rsatilmagan oferta asosida shartnoma tuzish.

Yozma oferta aksept muddati ko‘rsatilmagan, qonunchilikda ham muddat belgilanmagan bo‘lsa, shartnoma qachon tuzilgan hisoblanadi?
  1. Aksept buning uchun normal zarur bo‘lgan vaqt mobaynida olinsa
  2. Aksept oferta yuborilgandan keyingi uch kun ichida olinsa
  3. Aksept faqat oferta olingan kunning o‘zida olinsa
  4. Aksept bir yil ichida olinsa

To‘g‘ri javob: Aksept buning uchun normal zarur bo‘lgan vaqt mobaynida olinsa. Yozma ofertada muddat bo‘lmasa, buning uchun normal zarur vaqt mobaynida aksept olinsa shartnoma tuzilgan hisoblanadi (373-modda).

Rustam Dilorom bilan telefon orqali og‘zaki gaplashib, aksept muddatini ko‘rsatmasdan o‘z mashinasini sotishni taklif qildi. Dilorom shu zahoti «Roziman» dedi. Qaysi xulosa to‘g‘ri?
  1. Shartnoma faqat yozma tasdiqlangandan keyin tuzilgan hisoblanadi
  2. Shartnoma tuzilmagan, chunki muddat ko‘rsatilmagan
  3. Shartnoma faqat uch kundan keyin tuzilgan hisoblanadi
  4. Shartnoma tuzilgan hisoblanadi

To‘g‘ri javob: Shartnoma tuzilgan hisoblanadi. Muddat ko‘rsatilmagan og‘zaki ofertada boshqa taraf darhol akseptlaganini aytsa, shartnoma tuzilgan hisoblanadi (373-modda).

Fuqarolik kodeksi (I qism) — 374-modda qaysi masalani tartibga soladi?
  1. Boshqa shartlar asosidagi aksept
  2. Ofertaning chaqirib olinmasligi
  3. Shartnomaning tuzilgan joyi
  4. Kechikib olingan aksept

To‘g‘ri javob: Kechikib olingan aksept. 374-modda: Kechikib olingan aksept.

Fuqarolik kodeksi (I qism): «Kechikib olingan aksept» qaysi moddada belgilangan?
  1. 374-modda
  2. 375-modda
  3. 368-modda
  4. 376-modda

To‘g‘ri javob: 374-modda. 374-modda: Kechikib olingan aksept.

«Olmos» firmasi ofertaga o‘z vaqtida aksept yo‘lladi, ammo aksept kechikib olindi. Oferta yo‘llagan «Zargar» MChJ akseptning kechikib olinganini darhol bildirmadi. Qaysi xulosa to‘g‘ri?
  1. Aksept kechikkan hisoblanadi va shartnoma tuzilmagan
  2. Aksept faqat sud qarori bilan kuchga kiradi
  3. Aksept kechikkan hisoblanmaydi
  4. Aksept ikkinchi marta yuborilishi shart

To‘g‘ri javob: Aksept kechikkan hisoblanmaydi. Aksept o‘z vaqtida yo‘llangan, kechikib olingan va ofertachi darhol bildirmasa, aksept kechikkan hisoblanmaydi (374-modda).

Oferta yo‘llagan taraf boshqa tarafning kechikib olingan akseptini qabul qilganini darhol ma’lum qilsa, nima bo‘ladi?
  1. Shartnoma tuzilmagan hisoblanadi
  2. Shartnoma tuzilgan hisoblanadi
  3. Oferta yangidan yo‘llanishi kerak bo‘ladi
  4. Shartnoma faqat ikki oydan keyin kuchga kiradi

To‘g‘ri javob: Shartnoma tuzilgan hisoblanadi. Ofertachi kechikib olingan akseptni qabul qilganini darhol ma’lum qilsa, shartnoma tuzilgan hisoblanadi (374-modda).

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiShartnoma tuzish to‘g‘risidagi asosiy qoidalar (1/2)Keyingi →Shartnomani o‘zgartirish va bekor qilish asoslari